O‘zbekistonda yoshlarning oliy ta’limga qiziqishi kamaydimi? Bunga sabab nima?

O‘zbekistondagi aksariyat davlat oliy ta’lim tashkilotlarida yangi o‘quv yili boshlandi. 1-kursga o‘qishga kirgan talabalar ham yangi o‘quv dargohlariga yetib kelmoqda. Talabalar qaytishi bilan yana turarjoy topish masalasi har doimgidek kun tartibiga chiqadi. Ammo yana bir masala borki, bu ayniqsa so‘nggi yillarda yoshlar orasida ommalashib bormoqda. Bu – talaba bo‘lish xohishining pasayib borayotgani. Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirayotgan abiturientlarning soni yildan-yilga kamaymoqda:
2020 yil – 1,4 mln
2021 yil – 948 ming
2022 yil – 1,2 mln
2023 yil – 1 mln
2024 yil – 894 ming
2025 yil – 732 ming
2026 yil – 678 ming
Shuningdek, diplomsiz ham yaxshi daromadli kasblarda ishlash mumkin, deb hisoblovchilari ko‘payib bormoqda. Bu oliy ta’limga bo‘lgan ishtiyoq pasayganini anglatadimi? BBC O‘zbek bilan gaplashgan o‘zbekistonliklar bu borada turlicha fikr bildirdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Oliygohda o‘qish qanchalik muhim?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"O‘qishga xohishi yo‘q inson bo‘ladigan bo‘lsa, hozirgi zamon talabiga javob beradigan sun’iy intellekt yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali har xil sohalarni o‘rganib ham daromadga chiqsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. O‘zim institutga topshirganman, lekin kira olmaganman. Shu bilan turmushga chiqqanman, 10 yil davomida uyda o‘tirganman, lekin hozirgi kunda mobilografiya sohasida ish yuritib boraman", dedi suhbatdoshlarimizdan biri.
"IT sohasini olaylik, odamlar IT, xususan dasturlashni mustaqil ravishda o‘rganib, keyinchalik biror kompaniyaga joylashadi. Masalan, stajor sifatida ishga kirib, o‘z sohasining professionaliga aylanishi mumkin. Shunchaki qaysi holatlarda oliy ma’lumot zarurligi va qaysi holatlarda u "muhim emasligi"ni hisobga olish kerak", dedi psixolog diplomiga ega bo‘lgan suhbatdoshimiz.
"Universitetda ta’lim juda muhim, sababi universitet faqat ta’lim bermaydi. Universitetda network bo‘ladi, tanish-bilish orttirish mumkin. Bundan tashqari, yaxshi vaqt o‘tkaziladi", dedi joriy yilda bakalavr diplomini olgan suhbatdoshimiz.
Oliygohlar ko‘payib ketsa, diplomli ishsizlar ko‘payib ketadi, degan bir qarash bor. Bu qarashdan voz kechishimiz kerak. Diplomsiz ishsizdan ko‘ra diplomli ishsiz yaxshiroq.
Ta’lim sohasi bo‘yicha ekspert Ulugbek Po‘latov esa oliy ta’lim tizimida muammolar borligini tan olsa-da, baribir universitetlarda o‘qish kerak deb hisoblaydi.
"Universitet bir yaxshi muhitda u. Masalan, abiturient yuridik yo‘nalishda o‘qimoqchi va yuridik yo‘nalishga topshirgandan keyin o‘ziga o‘xshagan, ya’ni qiziqishlari bir xil bo‘lgan, dunyoqarashi deyarli bir biriga yaqin bo‘lgan jamoaga borib qo‘shiladi. U yerda rivojlanadi, u yerda tanish orttiradi, ya’ni networking zo‘r shakllantirib beradigan joy bu, albatta, oliygoh", deydi u.
Ulug‘bek Po‘latovning fikricha, baribir oliy ta’lim diplomi mehnat bozorida ish topishni kafolatlaydigan muhim bir hujjat bo‘lib turibdi.
"Bizda bitta qo‘rquv bor-da, ya’ni oliygohlar ko‘payib ketsa, diplomli ishsizlar ko‘payib ketadi, degan bir qarash bor. Bu qarashdan voz kechishimiz kerak. Diplomsiz ishsizdan ko‘ra, diplomli ishsiz bo‘lgani yaxshiroq. Tasavvur qiling, qo‘lingizda hech qanday diplom yo‘q, lekin siz ishsizsiz, meni qo‘limda diplom bor va men ham ishsizman. Sizga qaraganda meni ish topish imkoniyatim yuqoriroq bo‘ladi. Baribir ham o‘sha ishsizlar, o‘sha ishsizlar qoladi. Ular hech qayerga yo‘q bo‘lib uchib ketmaydi. Ularni oliy ta’lim bilan qamrab olsak, ularga diplom bersak, ma’lum bir joyda, qaysidir jarayonda ular baribir o‘z yo‘lini topib ketishi mumkin bo‘ladi", dedi ekspert.
O‘qishda boshqa, ishda boshqa?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Ayni paytda oliy ta’lim dargohlarida o‘qitilayotgan bilimlar va mehnat bozorida talab qilinayotgan ko‘nikmalar o‘rtasida ham farq bordek.
"Endi universitetlar o‘zida bor ilmni beradi, lekin uni o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Talabaning o‘zi ham mustaqil o‘rganishi zarur. Ko‘proq ma’lumotlar yig‘ish kerak. Bundan tashqari, o‘sha o‘zini mutaxassisligini chuqur o‘rganmasa, uni foydasi yo‘q", deydi talaba suhbatdoshimiz.
"50-50 mos keladi, ya’ni mutaxassislik sal boshqacharoq bo‘lyapti va universitetda sal boshqacharoq ta’lim berilyapti. Hozirgi paytda o‘zimning boshimdan o‘tgani shunaqa bo‘lyapti. Universitet bilimlari bilan cheklanib qolmaslik kerak. Bundan tashqari, amaliy bilimlar ham muhim, amaliyotda o‘rganish kerak, qo‘shimcha repetitorlarga borish kerak", dedi bitiruvchi suhbatdoshimiz.
"Boshqa soha vakillari haqida to‘liq o‘zimdan kelib chiqib gapira olmayman, lekin, masalan, aynan pedagogikada (men xorijiy tili va adabiyotda ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldim) bizning universitetda professorlarimiz kuchli bilim berishadi. Aynan o‘zimning ustozlarim bergan bilim bilan ertaga men bemalol talabalarga o‘sha bilimim bilan yana ham aktuallashtirib, yana ham o‘zimni ustimda ishlab va hozirgi talabga to‘g‘rilagan holatda ertaga men bemalol dars jarayonida olgan nazariy bilimlarimni amaliyotda qo‘llay olishim mumkin", dedi magistatura bosqichini tamomlagan bitiruvchi.
50-50 mos keladi, ya’ni mutaxassislik sal boshqacharoq bo‘lyapti va universitetda sal boshqacharoq ta’lim berilyapti. Hozirgi paytda o‘zimning boshimdan o‘tgani shunaqa bo‘lyapti.
Ulug‘bek Po‘latov esa ta’lim va amaliyot orasida katta tafovut borligini aytadi.
"Bizda o‘quv dasturlari umumlashtirilib, markazlashgan holda tuziladi. Kamdan-kam ko‘raman qaysidir bir oliygoh o‘zi mehnat bozorini tahlil qilib, ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazganini. Shu sababli ham o‘ylaymanki, hozirgi oliygohlarda berilayotgan bilimlar, ya’ni o‘quv dasturlari mehnat bozori talablariga 100 foiz mos tushmaydi".
U buning uchun tadqiqotlar o‘tkazilishi, tahlillar olib borilishi kerakligini ta’kidlaydi.
"Hozirgi kunda tahlillar ham endi boshlandi, mana universitetlarda Karera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. O‘tgan yildan boshlab bu qadam qo‘yilishni boshladi va Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan hozirgi kunda ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilyapti. Tahlillar e’lon qilinsa kerak. Mana shu tahlillarni olib, o‘quv dasturlariga moslashtirishimiz kerak. Ana shundagina bizni bitiruvchilarimiz mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar bo‘lib yetishadi, deb o‘ylayman", deydi Po‘ltov.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Talaba bo‘lish endi ulkan yutuq emas. Nega?
Ko‘zga tashlanadigan jihatlardan biri shundaki, oldinlari ulkan yutuq sifatida qabul qilingan talaba bo‘lish, endilikda unchalik katta natija sifatida ko‘rilmayapti. Buning sababi nimada bo‘lishi mumkin?
"Abiturientlarni oldida tanlov kam edi va undan tashqari imtihon faqat bir kun edi. Bir kun hammasini hal qilgan. Masalan, 1 avgustda telefonlar o‘chardi, hamma narsa uzilardi, aloqalar yo‘q bo‘lardi, judayam bir xavotirli kun edi va abiturientlarni oldida tanlov ham kam edi. Ya’ni bir marta yiqilsa bo‘ldi – u yana bir yil umrini tayyorgarlikda o‘tkazishi kerak edi. Endi esa nima bo‘ldi? Endi esa mana yuqorida ta’kidlaganimdek, yo‘nalishlar soni, tanlov soni oshdi. Beshtagacha, oltitagacha yo‘nalishni tanlash mumkin", deydi Ulug‘bek Po‘latov.
U oliy ta’limga xususiy sektorning kirib kelganini ham mazkur holatga turtki bo‘lganini aytadi.
"Oliygohga kirish u darajadagi bir hayratlanarli voqea emasligini ko‘pchilik tushunib yetdi. Abiturientlar ham, umumiy jamiyatdagi odamlar shu narsani tushunib yetdiki, oliy ma’lumotsiz ham ish topish mumkin, qanaqadir kurslarda o‘qib, mana masalan, IT yo‘nalishida mana hozir rivojlanib ketdi. Mana shunaqa yo‘nalishlarda o‘qib ham oliy ma’lumot olmasdan ham ishli bo‘lish mumkinligini ko‘pchilik tushunib yetdi", deydi ekspert.
"Hozir yiqilganlarni oldida tanlov ko‘p. Masalan, abiturient yiqildi, qanaqadir bali kamroq bo‘ldi, uning bali qaysidir oliygohga yetadi. U o‘sha yerga yo‘naltirilishi mumkin. Bundan tashqari, uning oldida yana boshqa tanlovlar bor. Mana oktyabrgacha qabul jarayonlarida jarayonlari davom etadigan bo‘lsa, u davlat oliygohiga kira olmagan bo‘lsa, xususiy oliygohlarda tashkil etilgan imtihonlarda qatnashib, bemalol xususiy oliygohga ham kirishi mumkin. Ya’ni uning oldida tanlov ko‘p, bemalol harakat qilib, o‘qishga kirsa bo‘ladi. U darajadagi bir qiyin jarayon emas", deydi Po‘latov.
Xususiy universitetlarda ta’lim darajasi pastmi?
Oliy ta’lim haqida gap ketganda, albatta, xususiy universitetlar masalasi ham ko‘tariladi. O‘tgan o‘quv yili davomida mamlakatda 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, shundan 97 tasi xususiy universitet edi. O‘zbekistonda 2017-2018 yillarda xususiy universitetlar soni keskin ko‘paya boshlagandi. 2025 yilda hukumat nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun qat’iy litsenziya talablarini joriy qildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov esa ayni bugungi kunda yana yangi universitetlar ochish uchun ehtiyoj yo‘qligini aytmoqda.
"Hozirgi kundagi bor universitetlarimizni agar ko‘radigan bo‘lsak, mana mehnat bozoridagi barcha qo‘yilgan ehtiyojni qoplaydigan darajada kvotamiz bor. Endi uni nomiga ortiqcha universitetlarni ochavergan bilan bo‘lmaydi. Mana 56,7 dan yuqori ball olganlarning hammasi oliy ta’limga kiryapti hozir, to‘g‘rimi? Mana bugungi kundagi 256 mingdan ko‘proq yoshlarimiz (OTMga) kirib kelyapti. Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblayman. Chunki u endi sifatsiz ta’lim beradigan universitetlar bo‘lib qolishi mumkin. 56,7 dan past ball olgan yoshlarni majburlab o‘qitish uchun bizga universitet kerak emas", dedi vazir.
Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblayman. Chunki endi ular sifatsiz ta’lim beradigan universitetlar bo‘lib qolishi mumkin.
Biroq Ulug‘bek Po‘latov vazirning fikriga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, yangi universitetlarni ochaverish kerak, toki ularni yopilishini bozorning o‘zi hal qilsin, vazir yoki boshqa shaxs emas.
"Hali ochilmagan universitetni qay darajada sifatli yoki sifatsizligini ochilmasdan turib ayta olmaymiz", deydi u.
"Sifatsiz ta’lim berayotgan bo‘lsa, uni isboti qani? Asoslari qani? Biz qanaqadir tadqiqot o‘tkazib ko‘rdikmi, qanaqadir raqamlarni tahlil qildikmi yoki umumiy bir tahlil natijalari oldikmi, qo‘limizda bormi? Biz shunchaki, hozirgi kunda ko‘pchilik uzun-yulug‘ gaplardan, qanaqadir izohlarda yozilgan fikrlar, qaysidir abiturient, talabalarning fikrlari yoki bo‘lmasam aytaylik, davlat oliygohida faoliyat yuritayotgan ayrimlarning fikrlarini olib turib, xususiy sektor, xususiy oliygoh sifatsiz ta’lim beradi degan fikrni aytyapmiz-da. Lekin hamma fikrimiz shunchaki sub’ektiv fikr bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda, vazirning fikrini ham o‘zining shaxsiy sub’ektiv fikri deb qabul qildim. Chunki xususiy oliygohlar orasida sifatli ta’lim berayotganlari ko‘p", dedi ekspert.
Shuningdek, u ba’zi xususiy oliygohlarda kamchiliklar borligini inkor etmadi va bu holat endi faoliyatini boshlayotgan har qanday tashkilotd bo‘lishi mumkinligini aytdi.
"Hozirgi kunda bitta tendentsiyani kuzatyapmanki, davlat oliygohlaridagi professor-o‘qituvchilar xususiy oliygohlarga o‘tib ketish holati ko‘paymoqda. Chunki xususiy sektorda imtiyozlar, oylik maoshlari bir muncha yuqori, byurokratiya yo‘q, qog‘ozbozlik kamroq, nisbatan erkinroq bo‘ladi. Shu omillarni hisobiga davlat oliygohlaridagi eng kuchli kuchli mutaxassislar xususiy oliygohlarga o‘tib ketish holati kuzatilyapti".
Ulug‘bek Po‘latovga ko‘ra, bu o‘z-o‘zidan xususiy sektorda ta’lim sifatini oshishiga hissa qo‘shadi.
"Davlat oliygohlarini kerak bo‘lsa xususiylashtirish bo‘yicha ishlar olib borishimiz kerak. Davlat oliygohlari ham xususiylashsa, raqobat o‘z-o‘zidan kuchayib borgan bo‘lardi", deydi u.





























