«Endi kuniga atigi bir marta ovqatlanyapmiz». Bashar Asad rejimi qulaganidan beri nega suriyaliklar tobora qashshoqlashmoqda?

Surat manbasi, NEHA SHARMA/BBC
- Author, Hugo Bachega
- Role, BBC muxbiri, Yaqin Sharq
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Sentyabr oyida Suriya shaharlarida norozilik namoyishlari avj oldi. Namoyishchilar maydonlar va ko‘chalarda avtomobil shinalarini yoqib, yo‘llarni to‘sdi va hukumatning yoqilg‘i narxlarini yana oshirish haqidagi qaroriga qarshi shiorlar aytdi. Bu ikki yil avval Ahmad ash-Shar’a mamlakatda hokimiyat tepasiga kelganidan beri hukumat qarorlariga nisbatan kuzatilgan eng yirik norozilik bo‘ldi.
Namoyish ishtirokchilaridan biri Suriya telekanali efirida hali ham hukumatni qo‘llab-quvvatlashini, ammo ahvoli shu qadar og‘irlashganidan endi hatto non sotib olishga ham puli qolmaganini aytdi.
«Ochig‘ini aytsam, ertaga tongda hukumat yana qanday yangi qaror chiqarishidan qo‘rqib qoldik», — dedi namoyishning boshqa bir ishtirokchisi.
Yoqilg‘i narxlarining navbatdagi oshirilishi — hukumatning aholini tobora qashshoqlashtirayotgan qarorlari zanjiridagi yana bir halqa.
Ash-Shar’a boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad rejimini ag‘darib, Asadlar oilasining ellik yillik shafqatsiz hukmronligiga va mamlakatni vayron qilgan o‘n uch yillik fuqarolar urushiga barham berganidan so‘ng, ko‘plab suriyaliklarning turmush darajasi sezilarli darajada yomonlashdi.
Prezident lavozimini egallagan ash-Shar’a uzoq yillik urush va sanksiyalardan qattiq zarar ko‘rgan iqtisodiyotni tiklashga kirishdi.
Bu o‘ta murakkab vazifa ekaniga hech kim shubha qilmasdi. Biroq Asad rejimining qulaganini nishonlagan suriyaliklar, ehtimol, haddan tashqari katta umid bilan hayot tez orada yaxshi tomonga o‘zgarishini kutgan edi.
Ammo yangi hukumat hokimiyatga kelganidan keyingi ikki yil davomida aholining turmushi yaxshilanmadi. Aksincha, aholining katta qismining moddiy ahvoli yomonlashishda davom etmoqda, hukumatning iqtisodiy siyosati esa ko‘pchilikning hafsalasini pir qilmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Deyarli hamma narsaning, jumladan, kommunal xizmatlar va kundalik ehtiyoj mollarining narxi oshdi. Yoqilg‘i narxining kutilmaganda yana qimmatlashishini esa ko‘pchilik hukumat xalqning haqiqiy ahvolidan bexabar ekanining belgisi sifatida qabul qildi.
«Bizga aylanma chorrahalar kerak emas! Har kuni yangi chorraha qurilyapti. Xalq sizni qo‘llab-quvvatladi va hozir ham sizning tarafingizda», — dedi namoyishchilardan yana biri ash-Shar’aga murojaat qilib. «Ammo bunday harakatlar xalqning sabr kosasini to‘ldirib, katta norozilik portlashiga olib kelishi mumkin».
Bir necha kundan so‘ng, yangi norozilik namoyishlariga chaqiriqlar kuchaygan bir paytda, narxlarni oshirish haqidagi qaror bekor qilindi.

Surat manbasi, NEHA SHARMA/BBC
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Damashq shahri atrofidagi hududlardan birida men Fotima Solih Eyd bilan uchrashdim. U bir haftalik oziq-ovqat xarid qilish uchun bozorga kelgan ekan. Fotima 50 yoshda. Oilasini boqishga yordam berish uchun farrosh bo‘lib ishlaydi.
«Juda og‘ir kunlarni boshimizdan kechirdik», — deydi u.
Uning eri yaqinda keramika zavodiga ishga kirgan. Bungacha bir yil davomida ishsiz yurgan. Hali uning omadi kelgan — tanishlarining ko‘pchiligi anchadan beri ish topolmaydi. Ayrim ko‘chalarda erkaklar biror kunlik ish chiqib qolishidan umid qilib to‘planadi. Ammo ko‘pincha ularning kutishi behuda ketadi.
Ash-Shar’a hukumati tejamkorlik siyosati doirasida Asad davrida ko‘p yillar davomida amal qilib kelgan davlat subsidiyalarini keskin qisqartirdi. Natijada Suriya aholisining asosiy oziq-ovqat mahsuloti bo‘lgan non narxi o‘n baravar oshdi.
Suriyada yoqilg‘i narxlari endi jahondagi o‘rtacha narxlar darajasiga yetgan. Yoqilg‘ining keskin qimmatlashishi fermerlarga qattiq zarba berdi. Barcha turdagi transport xarajatlari ham oshdi, ko‘plab korxonalar uchun elektr energiyasi tariflari esa bir necha yuz foizga ko‘tarildi.
Hukumat davlat sektori xodimlarining maoshlari va pensiyalarni oshirish orqali ijtimoiy keskinlikni yumshatishga urindi. Ammo narxlar tinimsiz oshib borayotgani sababli maosh va pensiyalarga qo‘shilgan pul deyarli sezilmayapti.
«Endi ancha kamtarona ovqatlanyapmiz. Tovuq go‘shti ham, boshqa go‘sht ham sotib olishga qurbimiz yetmaydi. Faqat sabzavot yeymiz, lekin ular ham qimmat, — deydi Fotima. — Xudo xohlasa, bir kun kelib narxlar tushar».
Biz suhbatlashayotganimizda atrofimizga turli yoshdagi o‘n ikki nafarga yaqin odam to‘plandi. Ularning hech biri Fotimaning gaplariga e’tiroz bildirmadi.
Keksa bir kishi ham endi go‘sht sotib olmay qo‘yganini tan oldi. Yigirma yoshlar atrofidagi boshqa bir yigit esa oilasi yurak xastaligiga chalingan otasi uchun dori-darmon sotib olishga qurbi yetmay qolganini aytdi.
Yosh ayollardan biri esa o‘zi va to‘rt nafar farzandi faqat ikki kunda bir marta to‘yib ovqatlanishga imkoni yetishini aytdi.
«Elektr energiyasi uchun keladigan to‘lov hisobidan qo‘rqaman»
68 yoshli nafaqaxo‘r Marvon Bashurning aytishicha, uning oylik daromadi taxminan 90 dollarni tashkil etadi. Bu davlat sektoridagi eng kam ish haqiga teng.
«Bu pul mutlaqo yetmaydi», — deydi u.
BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda suriyaliklarning 90 foizi qashshoqlikda yashagan.
Marvon Bashur menga oyiga 90 dollar bilan qanday qilib kun kechirayotganini so‘zlab berdi.
«Ba’zan qarz olaman, ba’zan uydagi buyumlarni sotaman. Masalan, eski qozonni, hech qachon ishlatmagan likopchalarimizni yoki qachonlardir bizga sovg‘a qilingan buyumlarni. Hatto uy jihozlarini ham sotishga to‘g‘ri keldi», — deydi u.
Boshqa qiyinchiliklar ham bor. Ko‘plab suriyaliklar qatori Marvon ham ilgari insonparvarlik yordami ko‘rsatuvchi tashkilotlar ko‘magiga tayanib yashardi. Ammo endi bu yordam to‘xtagan. Mablag‘lar qisqargani sababli tashkilotlar ko‘rsatilayotgan yordam hajmini kamaytirishga majbur bo‘lgan.

Surat manbasi, NEHA SHARMA/BBC
Suriya AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik oqibatlarini ham o‘z boshidan kechirdi. Hukumat bayonotiga ko‘ra, norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan yoqilg‘i narxlarining oshishiga qisman ushbu mojaro tufayli energetika bozorlarida yuzaga kelgan bosim ham sabab bo‘lgan.
Men yana bir nafaqaxo‘r — 63 yoshli Nabil al-Remxeyn bilan uchrashdim. Uning voyaga yetgan to‘rt nafar farzandidan birortasi ham ish topa olmagan.
«Endi kuniga atigi bir marta ovqatlanyapmiz. Bu haqiqiy fojia. Faqat men emas, butun xalq shunday yashayapti. Hammamiz ochlikdan qiynalyapmiz... Oshib borayotgan narxlar bizni bo‘g‘ib qo‘yyapti», — deydi u.
Uning yuzidan charchoq alomatlari yaqqol seziladi.
Nabil meni o‘z uyiga boshlab bordi. U tor ko‘chalar va oddiygina uylardan iborat kambag‘al mahallada yashaydi. Biz borganimizda xotini uy ishlari bilan band edi. Uy ichi qorong‘i bo‘lsa-da, ayol chiroqni yoqmagandi.
«Elektr energiyasi uchun keladigan hisobdan qo‘rqaman, — deydi Nabil. — Uyda chiroqni kamroq yoqadigan bo‘ldik. Muzlatkichni esa kuniga taxminan besh soatga o‘chirib qo‘yamiz».
Shunga qaramay, elektr energiyasi uchun oxirgi hisob oilaning oylik daromadining qariyb uchdan biriga teng bo‘lgan. Nabil bu pulni hali ham to‘lay olmagan.

Surat manbasi, NEHA SHARMA/BBC
Suriyalik publitsist va Londondagi Chatham House tahlil markazining taklif etilgan eksperti Haid Haidning ta’kidlashicha, «aholining katta qismi»ning ahvoli Asad rejimi qulaganidan oldingi davrga nisbatan yomonlashgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy inqiroz hukumat oldida turgan «eng xavfli muammolardan biri» bo‘lib, bu vaziyatning yuzaga kelishiga qisman hukumatning o‘zi ham sababchi.
«Inqiroz qisman moliyaviy mablag‘lar yetishmasligi va avvalgi rejimdan qolgan meros bilan bog‘liq, — deya tushuntirdi u. — Ammo bu, shuningdek, Suriyani erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishga qaratilgan yangi siyosatning bevosita oqibatidir. Bu siyosat islohotlar odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini mutlaqo hisobga olmaydi».
Suriya Iqtisodiyot va sanoat vazirligi vakili menga vazirlik xodimlaridan hech kim vaziyat yuzasidan izoh berolmasligi yoki intervyu bera olmasligini ma’lum qildi.

Surat manbasi, NEHA SHARMA/BBC
Albatta, Suriya rahbariyati muayyan muhim natijalarga erishganini ham e’tirof etish kerak.
Bashar Asad davrida joriy etilgan xalqaro sanksiyalar bekor qilindi, AQSh esa Suriyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi.
Mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat hali ham beqaror va xavotirli bo‘lib qolayotganiga qaramay, umumiy ahvol nisbatan tinchlangan.
Prezident o‘z hokimiyatini mustahkamlashda davom etmoqda. Xususan, joriy yil boshida u tabiiy boyliklarga boy shimoli-sharqiy hududlarni kurd qurolli tuzilmalarini siqib chiqarish orqali yana o‘z nazoratiga oldi.
Shu bilan birga, druzlar mamlakat janubidagi ayrim hududlarni hali ham o‘z nazoratida saqlab, u yerda muxtor tuzilma tashkil etishga intilmoqda. Isroil esa Suriyaning janubi-g‘arbidagi ayrim hududlarni bosib olgan.
Biroq iqtisodiyotning haqiqiy tiklanishi haqida gapirishga hali erta.
Yarim million odamning hayotiga zomin bo‘lgan va mamlakat aholisining yarmini o‘z uylarini tashlab ketishga majbur qilgan urushdan keyin Suriyaning katta qismi hamon vayrona holida yotibdi.
Ko‘plab oilalar uy ijarasiga pul topolmagani sababli qisman vayron bo‘lgan binolarda yashashga majbur.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatni qayta tiklash uchun 216 milliard dollar talab etiladi. Xorijiy yordam va sarmoyalarsiz suriyaliklar o‘z mamlakatini qayta qurolmaydi.
Parijda joylashgan «Arab iqtisodchilari doirasi» tahlil markazi eksperti, suriyalik iqtisodchi Samir Ayta hozirgi inqirozni hukumat yuritayotgan siyosat natijasi deb baholadi.
Uning fikricha, hukumat jamiyatda real vaziyatga mos kutilmalarni shakllantira olmagan va bu odamlarda amalga oshmaydigan umidlarni paydo qilgan.
Men undan mamlakat kelajagini qanday baholashini so‘radim.
«Vaziyat beqaror. Agar siyosat o‘zgarmasa, qo‘rqamanki, bizni tartibsizlik va boshboshdoqlik kutmoqda», — dedi Ayta.
Ko‘p yillik urushdan toliqqan va deyarli boshqa tanlovi qolmagan suriyaliklar shunga qaramay, hamon yaxshi kunlar kelishidan umidvor.
Taksi haydovchisi Abu Mahmud menga shunday dedi:
«Ularga mamlakat allaqachon bankrot ahvolda meros qolgan. Shuning uchun odamlar sabr qilishi kerak. Bunday ishlar bir kechada bitmaydi».
Lana Antaki, Samanta Granvill va Neha Sharma ishtirokida tayyorlandi.





























