Qashqadaryodagi gaz quyish shoxobchasida portlash: olti kishi halok bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlardan portlash surati

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoqlar

Published
O'qilish vaqti: 1 daq

8 iyunь kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida joylashgan suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

FVV xabariga ko‘ra, hodisa 8 iyunь kuni soat 13:50 da Qarshi tumani "Chaman" mahallasida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yuz bergan. Voqea joyiga beshta qutqaruv bo‘linmasi yuborilgan. Yong‘in soat 14:05 da qurshab olinib, 14:55 da to‘liq o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida ikki dona Cobalt avtomobili, gaz tashishga mo‘ljallangan ikki transport vositasi hamda ikkita yer osti yoqilg‘i rezervuari zarar ko‘rgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiyaga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, portlash sabablarini aniqlash va bunday hodisalarning oldini olish choralarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

O‘zbekistonda "zapravka"lardagi portlashlar

Qashqadaryodagi hodisa O‘zbekistonda gaz va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yuz berayotgan yirik portlashlarning navbatdagisi bo‘ldi.

2024 yil dekabrida Farg‘ona shahridagi ko‘p yoqilg‘ili AYoQSh va AGQShda ham kuchli portlash yuz bergandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, suyultirilgan gazni sisternadan tushirish vaqtida texnologik jarayonlar va texnika xavfsizligi qoidalari buzilgani oqibatida chaqnash sodir bo‘lgan. Hodisada kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

O‘sha paytda mahalliy aholi vakillari portlash kuchidan uylarning oynalari singani, avtomobillar yonib ketgani va voqea joyi yaqinida uylar hamda bog‘cha joylashgani haqida gapirgandi. Ayrim fuqarolar mazkur "zapravka" shaharning aholi zich hududida qurilganidan oldin ham norozilik bo‘lganini aytgan.

2025 yil iyulida Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz "zapravka"sida yuz bergan portlashda to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida mahalliy nashrlar xabar qilgan.

So‘nggi yillarda hukumat gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatini raqamlashtirish va xavfsizlik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni qabul qilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yilgi qarorida AGTKShlarda texnologik jarayonlarni nazorat qilish va noqonuniy foydalanish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish choralarini kuchaytirish belgilangan.