Tolibon hukmronligi ostida o‘tgan 5 yil. Afg‘on ayollari: "Hayotimiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi"

Surat manbasi, SAMIULLAH POPAL/EPA
Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni qo‘lga olganiga besh yil to‘lar ekan, ayol va qizlar rejim boshqaruvi ostida ularning hayoti tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganini aytishadi.
Qattiq qo‘l islomiy guruh 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan buyon mamlakatdagi 22 million ayolning huquqlarini bosqichma-bosqich cheklab kelmoqda.
BBC Tolibon hokimiyatni egallaganidan so‘ng ham Afg‘onistonda faoliyat yuritish imkonini saqlab qolgan oz sonli ommaviy axborot vositalaridan biridir. BBC Kobul markazidan tortib turli qishloq hududlaridagi ayollar bilan suhbatlashdi.
Ular Tolibonning 12 yoshdan katta qizlarni maktab ta’limidan mahrum qilgani, erkak hamrohsiz safar qilishni cheklagani va balog‘at yoshiga yetmagan qizlar nikohiga huquqiy asos yaratadigan qonunni joriy etgani oqibatlarini boshdan kechirib kelishmoqda.

BBC Afg‘on xizmati ayollar duch kelayotgan cheklovlar haqida savol berganida, Tolibon tashqi ishlar vaziri shunday javob berdi:
"Ayollar hayoti barcha sohalarida to‘liq cheklangan emas".
Ammo ushbu cheklovlar ayollar hayotining deyarli har bir jabhasiga ta’sir ko‘rsatmoqda va ovozlarini eshitishni qiyinlashtirmoqda. Suhbatlashgan ko‘plab ayollar ehtimoliy ta’qiblardan qo‘rqqani uchun haqiqiy ismlarini oshkor qilmagan.
Kobullik Elaning aytishicha, odamlar qashshoqlik va kundalik qiyinchiliklardan shu qadar ezilganki, ko‘pchilik ta’limni, orzularini va kelajak haqidagi umidlarini bir chetga surishga majbur bo‘lgan.
"Bugun tirik qolish eng ustuvor vazifaga aylangan va ko‘pchiligimizda kelajak haqida o‘ylash uchun vaqt ham, kuch ham qolmagan", deydi Ela.
Ushbu maqolada ko‘ngilni xira qiluvchi tafsilotlar bor.
Uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan Shekibo

Surat manbasi, Getty Images/Ahmad Sahel Arman
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayni paytda Afg‘oniston qizlar o‘rta va oliy ta’lim olishdan rasman mahrum etilgan dunyodagi yagona mamlakat hisoblanadi.
Shekiboning aytishicha, 15 avgust, avvalgi hukumat qulagan kun, hayotidagi eng yomon va eng azobli kun bo‘lgan.
"Har yili shu sana kelganda, go‘yo eski yaram yana ochilayotgandek va qalbimni yangi mag‘lubiyat hissi qoplayotgandek bo‘ladi. O‘sha kuni ko‘p yillar davomida qalbimda asrab kelgan orzularimning ko‘pi bir lahzada tortib olinganini his qildim", deydi Shekibo.
Shekibo internet orqali o‘rta ta’limni tugallashga muvaffaq bo‘lgan. U buni "juda muhim g‘alaba", deb baholaydi. Ammo u butun umri davomida orzu qilgan uchuvchilik kasbiga erishish endilikda imkonsiz ekanligini anglashini aytadi.
"Har safar osmonga qaraganimda o‘zimni samolyot boshqarib, dunyoni yuqoridan tomosha qilayotgandek tasavvur qilardim. Men erkin parvoz qilishni va chegaralarsiz dunyoni his qilishni istardim", deydi u.
BBC Tolibon tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiydan Afg‘onistonda qizlar ta’limi haqida so‘raganda "ayollar uchun hamma narsa taqiqlangan, deyish to‘g‘ri emas. Hozir uch million qiz maktab va madrasalarda tahsil olmoqda", deya javob berdi.
Diniy ta’lim muassasalari mamlakat uchun qanday qilib shifokorlar tayyorlashi mumkinligi haqidagi savolga esa Muttaqiy "ayollar hayoti barcha sohalarida to‘liq cheklanmagan... Faqat ba’zi sohalarda kichik bir qismi lozim qarorlar qabul qilinguniga qadar cheklangan", deya aytdi.
Bomiyonlik jurnalist Zuhal hikoyasi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollarning atigi 7 foizi ish bilan ta’minlangan. Bunga ayollarning ko‘plab ish joylari va ta’lim sohalaridan chetlatilgani sabab bo‘lgan.
Teleboshlovchi Zuhal Tolibonning bir qator farmonlaridan keyin ishidan mahrum bo‘ldi.
"Men o‘z ishimni juda yaxshi ko‘rardim va uni mehr bilan bajarardim. Har safar kamera qarshisida o‘tirib, yangiliklarni o‘qiganimda o‘zimni g‘ururli va baxtli his qilardim. Bu mening shaxsiyatim va hayotimning ajralmas qismi edi.
Ertalab uyg‘onib, telekanalga borish uchun tayyorlanadigan kunlar endi ertalab uyg‘onib, butun kunni uyda o‘tkazishimni bilib boshlanadigan kunlarga aylandi", deydi Zuhal.

Tolibon Tashqi ishlar vazirining aytishicha, 2020 va 2021 yillarda Afg‘onistonda 30 minggacha ayol tadbirkor faoliyat yuritgan bo‘lsa, shundan buyon ularning soni 120 ming nafarga yetgan.
"Ayollar o‘qituvchi, davlat xizmatchisi va tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda. Ayollarning faoliyat va jamoat hayotidagi ishtirokining barcha shakllariga to‘liq taqiq joriy etilmagan", dedi Muttaqiy.
"Olomon o‘ngida 50 ta qamchi urishdi"
Tolibon omma o‘ngida jismoniy jazoni qo‘llash amaliyotini qayta tiklagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yildan buyon yuzlab kishi qamchi bilan jazolangan, ammo aslida bu raqam ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Shaymaning BBC ga aytishicha, uni 50 marta qamchi urish bilan jazolashgan. Bu jazo tanasida og‘ir jarohat izlarini qoldirgan va butun oilasini ruhiy zarbaga duchor etgan.
"Ular bir qog‘oz olib kelib, meni ayblarga iqror bo‘lishga majbur qilishdi. "Men dindan qaytgan ayolman. Kofirlar bilan hamkorlik qilyapman va mahram bo‘lmagan erkaklar bilan gaplashganman" degan ayblovlar edi", deydi Shayma.
"Atrofga taxminan 200 nafar mahalliy aholi to‘plandi. Ular orasida erkaklar, o‘smir bolalar va yosh bolalar ham bor edi. Ularning barchasi erkak edi. Men ovoz chiqarib "tavba qildim, deya aytishim kerak edi", deya xotirlaydi Shayma.
Shaymaning so‘zlariga ko‘ra, uning katta qizi hozir deyarli har kecha qo‘rqib uyg‘onib, "Onajon, sizni urishyaptimi?" yoki "Onajon, sizni o‘ldirishyaptimi?", deb so‘raydi.
"Meni eng ko‘p azobga soladigan narsa shu", deydi u.
"Yashashni istamay qoldim"
Manija erkak do‘sti bilan munosabatda bo‘lgani uchun omma oldida 39 marta qamchi bilan jazolangan va shundan keyin qamoqqa tashlangan.
"Biz turmush qurmoqchi edik, ammo afsuski, qo‘lga olindik. Tolibon josuslari bu haqda qanday bilganini yoki kimdir biz haqimizda xabar bergan-bermaganini bilmayman.
Qamoqda onamga ham hech qachon aytolmaydigan holatlarni boshdan kechirdim. Yashashni istamay qolgandim. Men qamoqdan chiqqach qiladigan birinchi ishim o‘z jonimga qasd qilish bo‘ladi, derdim."
"Men oilam va do‘stlarim uchun sharmandalikka aylangandim... Turmush qurish haqida o‘ylay olmasdim", deydi Manija.
Ona va bola salomatligi ham xavf ostida

Surat manbasi, Getty Images/NOORULLAH SHIRZADA
Afg‘oniston onalar o‘limi ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Erkak shifokorlar tomonidan davolanishga oid cheklovlar tufayli ko‘plab ayol va qizlar tibbiy xizmatdan foydalana olmaydi.
Doya-hamshira Marziyaning aytishicha, u olis tumandan klinikaga kelgan, olti farzandning onasi bo‘lgan 45 yoshli ayolning ko‘z o‘ngida vafot etganiga guvoh bo‘lgan.
"Biz chaqaloqning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo hozir ham doimo uning va qolgan olti farzandning kelajagi haqida o‘ylayman. Onasiz ularning ahvoli nima kechadi? Butun oilaga nima bo‘ladi?
Biz barchamiz qattiq qayg‘urdik. Bemorni yo‘qotish har doim ishimizning eng og‘ir qismi hisoblanadi. Bu bizni ham jismonan, ham ruhan charchatadi", deya hikoya qiladi Marziya.
Maryam esa qiz farzand kutayotganini va qizining kelajagi haqida xavotirda ekanini aytadi.
"Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, unga nima bo‘ladi? U hatto men kabi maktabni bitirish imkoniyatiga ham ega bo‘lmaydi, universitetda o‘qish haqida esa gap ham bo‘lishi mumkin emas.
Agar bir kuni turmushga chiqib, homilador bo‘lsa va tug‘ruq paytida ayol shifokorga muhtoj bo‘lsa-yu, bunday shifokor topilmasa-chi?"
"Ovozimizni eshiting, bizga quloq tuting"
Biz suhbatlashgan afg‘on ayollarining ayrimlari hali ham kelajakdan umidlarini uzmaganliklarini aytishdi.
24 yoshli Nuriyning aytishicha, u ayollarga ovoz berish va ularning huquqlarini himoya qilishni istagani uchun huquqshunoslik va siyosatshunoslik sohalarini tanlagandi.
Tolibon hokimiyatni egallagach, u oliy ta’limni tugallay olmadi. Biroq shunga qaramay, ayollarga yordam berish yo‘lini topishga muvaffaq bo‘lgan.
"Men umidni yo‘qotmadim. Ishlash va moliyaviy mustaqil bo‘lishga qaror qildim. Murabbo ishlab chiqaruvchi shirkatga ishga kirdim. Hozir u yerda ishlayotganimga uch yil bo‘ldi."
"Endi boshqa ayollar uchun ham ish o‘rinlari yaratish maqsadida o‘z shirkatimni tashkil etishga qaror qildim. Men ularning men kabi mustaqil, kuchli va muvaffaqiyatli ayollarga aylanishi, yaxshi kelajakka ega bo‘lishini istayman.
Hozirda shirkatimda 10 nafar jasur ayol ishlamoqda", deydi Nuriy.

13 yoshli Asma shifokor bo‘lishni orzu qiladi va bir kuni albatta bu maqsadiga yetishiga ishonadi.
"Bir kuni hamma narsa o‘zgaradi... ammo biz sabr qilishda davom etishimiz va umidni yo‘qotmasligimiz kerak", dedi u BBC ga.
Stomatologiya klinikasida yordamchi bo‘lib ishlaydigan Ela xalqaro hamjamiyatni afg‘on ayollari va qizlarini unutmaslikka chaqirdi.
"Afg‘on ayollari haqida gapiring, ularning ta’lim olish va ishlash huquqini qo‘llab-quvvatlang", deya iltijo qildi u.
"Dunyo e’tiborini ularning ahvoliga qaratib turing. Bizga sukut emas, hamkorlik va qo‘llov kerak", dedi Ela.





























