Rossiya-Tolibon kelishuvi: O‘zbekiston va mintaqa xavotirlanishi kerakmi? Video

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images/BBC/RASMIY

Surat manbasi, AFP
Rossiya yana hech kim qilmagan ishni qildi.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan harbiy hamkorlikka ham bordi.
Dunyoning e’tiborini yana o‘ziga qaratdi.
Ammo hech bir tomon yangi kelishuv tafsilotlarini ochiqlamadi.
Moskva nimaning rejasida?
Tolibon-chi, bundan nimani ko‘zlayapti?
Bu ikkovlon o‘rtasidagi yangi bitim O‘zbekiston va mintaqa uchun nimani anglatadi?
Bunga G‘arbning javobi qanday bo‘ladi:
Afg‘onistonda ikki global yadroviy qudrat manfaatlari to‘qnashadimi?
O‘zbekiston, mintaqaga ham chegaradosh Afg‘oniston yana beqarorlashadimi?
Mavzu tahlili DIQQAT BBC dasturimizning maxsus sonida.
Videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Yangi rejami?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Rossiya ustma-ust kutilmagan qadamga bordi.
Afg‘onistondagi hukumatini tan olishidan bir yil o‘tmay, rasman Tolibonning harbiy hamkoriga ham aylandi.
Yana dunyodagi hech bir davlat qilmagan ishni qildi.
Rossiya global yadroviy va harbiy qudratlardan biri.
Shu kunlarda Tolibon Afg‘onistonda qudratga qaytganiga roppa-rosa besh yil to‘ladi.
Ammo shu vaqt oralig‘ida Afg‘onistonda uning hukumatini faqat va aynan Rossiyagina rasman tan olgan, xolos.
Tolibon esa yaqin-yaqingacha mintaqadagi eng yirik jangari guruh sanalgan.
Jangarilari va tarafdorlari soni bir necha yuz mingga nisbat berilgan.
Harakat "Al-Qoida" kabi global jangari tarmoqlar bilan ham ittifoqchilik qilgan.
O‘z vaqtida ildizlari Farg‘ona vodiysiga borib taqaluvchi O‘zbekiston Islomiy harakatining ham yaqin ittifoqchisi bo‘lgan.
Markaziy osiyoliklar IShIDning Xuroson qanoti bo‘ladimi yoki boshqa, Afg‘onistondagi turli jangari guruhlar saflarida ham jang qilishgan.
Shunday ekan, Moskva bugun nimaning rejasida?
Avvalo, mintaqadagi vaziyatdan kelib chiqib, buning geosiyosiy jihatlari bor. Bu o‘ziga xos uch tomonlama qadam yoki istang, tashabbus.
Alisher Ilhomov
Xalqaro tahlilchi, London
Alisher Ilhomov: Menimcha, bu yerda kamida ikki xil jihatni inobatga olish kerak. Xo‘sh, avvalo, mintaqadagi vaziyatdan kelib chiqib, buning geosiyosiy jihatlari bor. Bu o‘ziga xos uch tomonlama qadam yoki istang, tashabbus.
Hindiston omili
Alisher Ilhomov: Bir tomondan, Afg‘onistonning Pokiston bilan ziddiyatda ekanligini bilasiz. Rossiya tomonining qurollari esa Afg‘onistonga bu mojaroni davom ettirish yoki unga dosh berishida yordam berishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, Pokiston manfaatlariga zid keladi. Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar esa tang. Xuddi shu narsa hisobga olinsa, bu, ma’lum ma’noda, Hindistonning manfaatlarini qoniqtiradi. Ya’ni, bilvosita aytganda, Hindistonga qo‘l keladi. Bu asosiysi bo‘lmasa-da, aftidan, ko‘zda tutilgan, o‘z o‘rniga ega omil va jihatlardan biri bo‘lishi mumkin.
Eron omili
Alisher Ilhomov: Ikkinchi jihati Eron bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. U ehtimoliy harbiy hamkorlik niqobi ostida kechmoqda. Ko‘rinishidan, qandaydir kanal – masalan, harbiy texnikani o‘zaro yetkazib berish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni paytda Eron bunga ko‘proq ehtiyoj sezayotgan bo‘lishi mumkin. Rossiya "Shahid" dronlari ta’minoti masalasida Erondan qarzdor. Bundan muhim ittifoqchini yo‘qotmaslik uchun bu qarzni qandaydir tarzda qaytarishi kerak. Bu esa, o‘z navbatida, Amerika Qo‘shma Shtatlariga bosim o‘tkazish uchun o‘ziga xos richag, ya’ni dastak vazifasini ham o‘taydi. Rasman olganda, Rossiya qandaydir betaraflikni saqlab turibdi. Biroq, umuman olganda, unga Tramp ma’muriyatiga nisbatan qandaydir ta’sir o‘tkazish vositalari kerak.
Markaziy Osiyo omili
Alisher Ilhomov: Bu yerda e’tibor qaratilayotgan uchinchi yo‘nalish – Markaziy Osiyo ham bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Ma’lumki, O‘zbekiston hozirda Afg‘oniston hududi orqali o‘tadigan va dengizga chiqish imkonini beruvchi janubga yo‘naltirilgan logistika yo‘lagini yaratishga faol harakat qilmoqda. Albatta, Pokiston bilan bog‘liq mojaro tufayli hozirda bu ishlar ma’lum darajada sekinlashgan. Ma’lum ma’noda bu ham Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazish vositasiga aylanishi mumkin. Chunki ular parda ortida turib, Tolibon rahbariyatini bu ishga shoshmaslikka undashlari yoki shunday qilishga urinib ko‘rishlari mumkin. Bundan maqsad esa, Markaziy Osiyoning Rossiya ishtirokidagi yo‘nalishlarga ko‘proq tayanishini ta’minlash, ularning o‘zlari bilan munosabatlarini ko‘proq qadrlashlariga erishish bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Boshqacha aytganda, ushbu siyosat Markaziy Osiyoni amalda o‘z burchagiga qamab qo‘yish — uning jahon bozorlari yoki dengizga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik — va shu tariqa uni o‘zlariga qaram holda saqlab qolishdan iborat. Bu, ta’bir joiz, uchta geosiyosiy jihat.
Yana ikki muhim omil
Alisher Ilhomov: Masalaning mohiyatan boshqa yana bir jihati bor. Rossiya hozir xalqaro sahnada nisbatan ihotalanib qolgan. Shu bois, qanday qilib bo‘lmasin, xalqaro maydonda o‘zini namoyon etishni, o‘z o‘rniga ega bo‘lishni istaydi. Hozir yuzaga kelgan vaziyat shundayki, Afg‘onistonda urush tugagan. Endi bu mamlakat iqtisodiy yordamga, masalan, Qo‘shtepa kanalini qurish ishlarida ko‘makka o‘ta muhtoj. Gap shunchaki kanalni qazish haqida ketayotgani yo‘q. Chunki bunga pul topilishi mumkin. Kanal qurishda, odatda, uning tubi betonlanadi. Biroq hozir mablag‘ yetishmaydi. Shu bois bunday qilinmayapti. Holbuki, bu suvni ma’lum darajada tejashi, ikki, uch yildan so‘ng Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Turkmaniston muqarrar yuz tutishi mumkin bo‘lgan inqiroz oqibatlarini qisman yumshatishi mumkin. Rossiya esa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar jiddiy yordam bermayotgan, aktivlari muzlatilgan, o‘ta muhtoj ahvoldagi rivojlanmagan davlatni biror bir tarzda qo‘llaydi. Shu tariqa xalqaro maydonda o‘zini "global uchinchi dunyo" yoki "global janub" tomonida namoyon etadi. Bu esa, xalqaro maydonda o‘ziga nisbatan ishonch va e’tirof (legitimlik) qozonish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Menimcha, bu yerda aynan shu ikki omil ham muhim rol o‘ynagan.
Tolibon nimaning ilinjida?

Surat manbasi, Anadolu Agency via Getty Images
Rossiya bilan harbiy hamkorlikka oid bitim imzolangan so‘nggi Xalqaro Xavfsizlik forumida Tolibon hukumatini Mudofaa vazirining shaxsan o‘zi namoyon etgan.
Moskva mezbonlik qilgan shu yil may oyidagi forum Rossiya hukumatini tan olishi ortidan bir Tolibon mulozimi qatnashgan eng oliy darajadagi yig‘in bo‘lgan.
Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid ilk bor Rossiyaga borgan.
U Afg‘oniston Tolibon harakati hamasoschisi va hozirda marhum ilk yetakchisi Mulla Umarning o‘g‘li.
Mazkur omil ham o‘shanda ushbu shov-shuvli xabarlar ahamiyatini yanada bo‘rttirgan.
Tolibon vaziri hali Moskvada ekan, yana Rossiyani "muhim global qudrat", deb ham atagan.
Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid yangi bitimning "o‘ta muhim"ligini ta’kidlagan.
Afg‘oniston hozir yana Islomiy Amirlik.
Besh yildirki, uni Tolibonning yakka o‘zi boshqaradi.
Amirlikka siyosiy, diniy va harbiy masalalar bo‘yicha Oliy rahbari boshchilik qiladi.
Harakat Afg‘onistondagi qolgan siyosiy muxolif guruhlar bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqargan.
Afg‘oniston mintaqaning ko‘pmillatli davlatlaridan biri.
Bungacha mamlakat siyosiy sahnasida o‘z millatlari manfaatlarini ifoda etgan siyosiy partiyalarning soni esa oz bo‘lmagan.
Hatto qanchalik turfa va muxolifatda ekani bilan mintaqada xos e’tibor ham topib kelgan.
O‘zbekistondan keyin eng katta sondagi O‘zbeklarning ham aynan Afg‘onistonda yashashi aytiladi.
Shunday ekan, Rossiya bilan harbiy hamkorlikka oid bitim aynan hozir Tolibonga nega kerak?
Rossiya va Afg‘onistondagi Tolibon hukumati imzolagan harbiy-texnik hamkorlikka oid bitimning to‘liq tafsilotlari va matni jamoatchilikka e’lon qilinmadi.
Dovud A’zamiy
Xalqaro ekspert, BBC
Dovud A’zamiy: Rossiya va Afg‘onistondagi Tolibon hukumati imzolagan harbiy-texnik hamkorlikka oid bitimning to‘liq tafsilotlari va matni jamoatchilikka e’lon qilinmadi. Biroq har ikki tomonning chiqishlari va bayonotlariga tayanilsa, gap Tolibon ixtiyoridagi Sovet davridan qolgan harbiy texnikani ta’mirlash haqida bormoqda. Sho‘rolar Ittifoqi Afg‘onistonda o‘n yil – 1979 yildan 1989 yilgacha jang qilgan. Keyin mag‘lubiyatga uchrab, Afg‘onistonni tark etgan. Ular o‘sha paytda Afg‘onistonda ko‘plab qurol-yarog‘ va harbiy texnika qoldirgan. Tolibon hukumati endi yengil va og‘ir qurollar, zirhli texnika, tikucharlarni ta’mirlash va tiklash uchun Rossiyaning yordami va tajribasiga muhtoj. Afg‘onistonda AQSh va NATOdan ham ko‘plab qurol-aslaha qolgan. Bu harbiy texnika Sho‘rolarnikiga qaraganda ancha zamonaviy. Biroq ulardan foydalanish ko‘lami tobora kamayib bormoqda. AQSh va NATOning esa, ularga texnik xizmat ko‘rsatishi, ehtiyot qismlari va o‘q-dorilar bilan ta’minlashi ehtimoldan yiroq. Shu sababli, AQSh yoki NATO tomonidan ishlab chiqarilgan texnikani qayta tiklab bo‘lmasligi mumkin. Ikkinchidan, Tolibon harakati Afg‘onistonda besh yildan buyon hokimiyatda. Guruh o‘z jangarilarini muntazam Armiyaga aylantirish harakatida. Buning uchun ular o‘z askarlari va zirhli bo‘linmalarini duch kelayotgan tahdidlarga qarshi samarali kurashishga mos tarzda jihozlantirishlari kerak. Xabarlarga ko‘ra, kelishuv, shuningdek, qo‘shinlarni tayyorlash va josuslik sohasidagi hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi. Bu Tolibon harbiy kuchlarining mahoratini, shuningdek, umumiy tahdidlarga qarshi kurashish, ham Rossiya va ham Tolibon tahdid deb hisoblovchi guruhlar, ayniqsa, IShIDni zaiflashtirish va yo‘q qilish salohiyatini oshiradi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Tomonlar nimaning ilinjida?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Rossiya Ukrainaga urush ochgan, besh yildirki, Ukraina bilan urushib keladi.
Pokiston esa Tolibon hukumatiga, uni yakson etmoqchi.
Hozir yana Rossiyaning Afg‘onistonga chegaradosh an’anaviy ittifoqchisi Eron ham notinch. AQSh va Isroilning hujumiga uchragan.
Rossiya va Tolibon hukumati o‘rtasidagi yangi bitim chetda shunisi bilan ham alohida e’tibor tortgan.
Yangi harbiy hamkorlar endi bir-birlarini kuchaytirishlari mumkin, degan xavotirlarni paydo qildi.
Ayni mazmundagi savollar G‘arbda sarlavhalarga ham chiqib bo‘ldi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushga xorijliklarni yollashga urinayotgani allaqachon noodatiyligini yo‘qotgan mavzulardan biri.
Yon-atroflaridagi bu ikki urushga Markaziy Osiyo davlatlari ham befarq emas, xavotirdalar.
Ularga tinch yo‘l bilan yechim topishga chaqirib kelishadi.
Bu mojarolarning mintaqa uchun oqibatlari allaqachon alohida tahlil mavzuiga ham aylanib bo‘lgan.
Bu davlatlar Markaziy Osiyo uchun ham siyosiy, ham geosiyosiy, ham iqtisodiy va ham xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim.
Tolibon bu orada mintaqadagi eng yirik Qurolli kuchlarga ega bo‘lish istagini ham oshkora izhor etgan.
Harakatning ayni mazmundagi bayonoti yana qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay yangragan.
Shunday ekan, Rossiya toliblarga qurol-yarog‘ berishi, Tolibon esa o‘z jangchilarini Ukrainaga yuborishi mumkinmi?
Ikkovlon o‘rtasidagi harbiy, harbiy-texnik hamkorlikka oid yangi bitim manzarasida bu kabi savollar qanchalik asosliyu o‘rinli?
Kelishuv vaqti muhimmi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Dovud A’zamiy: Kelishuvning vaqti muhim ahamiyatga ega. Chunki bitim Tolibon va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar tangligicha qolayotgan, har ikki tomon bir-birini o‘z raqiblariga boshpana berish va ularni qo‘llab-quvvatlashda ayblayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Pokiston Afg‘oniston ichkarisiga bir necha bor havo zarbalari berdi. Afg‘onistonning faqat o‘zlariga chegaradosh viloyatlari emas, poytaxt Kobulni ham nishonga oldi. Tolibon bunga Pokiston chegara postlariga hujum qilish bilan javob qaytardi. Chegara osha oddiy dronlarini ham ishga soldi. Ikki o‘rtadagi bu kabi qurolli hodisalar mintaqaviy barqarorlik borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Tolibon hukumati Afg‘onistonning Pokistonga nisbatan mavqeini mustahkamlashga urinmoqda. Tolibon hukumati havo hujumidan mudofaa tizimlariga o‘ta muhtoj. Tolibon hukumati Rossiyadan ayrim qurollarni sotib olishga ham qiziqish bildirmoqda. Biroq ushbu kelishuv salmoqli harbiy yordamga aylanishi haqidagi umidlar, hech bo‘lmaganda hozircha, real emasdek ko‘rinadi. Ushbu kelishuv, aftidan, dolzarb xavfsizlik va siyosiy masalalarni hal etishga qaratilgan. Ya’ni, chuqur strategik sheriklik hisoblanmaydi. Shu sababli ham, uning amaliy foydasi har ikki tomon uchun ham cheklangan bo‘ladi.
Tolibon endi kuchayadimi?
Ramziy ma’noda bu — bir davlatning Amirlikka rasman harbiy, harbiy xususiyatga ega yoki xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatayotgan ilk holatdir.
Antonio Justotstsi
Xalqaro ekspert, London
Antonio Justotstsi: Ramziy ma’noda bu — bir davlatning Amirlikka rasman harbiy, harbiy xususiyatga ega yoki xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatayotgan ilk holatdir. Bitim amalda ko‘p narasani o‘zgartirmas. Ammo, masalan, IShIDning chegaralar bo‘ylab faoliyat yuritishini biroz qiyinlashtira oladi. Chunki IShID hamon Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaradan faol foydalanadi. O‘zaro chegarada serqatnov. Demak, bitim qandaydir ta’sirga ega bo‘ladi. Ammo, shunda ham, menimcha, u asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi. Menimcha, Rossiya Tolibon Qurolli kuchlarini harbiy jihatdan kuchaytirish niyatida emas. Albatta, Rossiya istasa, buni qila oladi. Rossiya hozir Ukraina urushi bilan band. Ammo bu urushga yaramasa-da, Tolibonga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan qurol-aslaha zaxirasiga ega. Tolibon ham Rossiyadan shunday qurol-aslahalarni so‘ragan. Deylik, uchoqlarga qarshi ko‘chma raketalarga umid qilgan. Chunki ularni dronlarga qarshi ham qo‘llash mumkin. Toliblarga eng zamonaviy uskunalar kerak emas. Hatto 20 yil oldingi texnika ham ular uchun hech narsadan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi. Ammo ruslarda bunday jihozlarni taqdim etish niyati bor deb o‘ylamayman. Rossiyaliklar, chamasi, mavjud texnikani — asosan yuk mashinalarini — ta’mirlamoqchi. Chunki Afg‘onistonda hozir ham katta sondagi "Kamaz"lar bor. Ularga ehtiyot qismlari va ta’mir kerakligi aniq. Shuningdek, cheklangan sondagi zirhli ulovlarni. Aytaylik, ehtimol, bir necha o‘nlab zirhli texnikani. Ular Afg‘onistonda juda uzoq vaqtdan beri bor va allaqachon eskirib qolgan. Bu zirxli ulovlar Pokistonga qarshi urushda ish bermas. Ammo Tolibonga qandaydir foydasi tegishi mumkin. Menimcha, toliblar tikucharlarni ta’mirlashda ham yordam so‘rashadi. Ularda hali ham Rossiyada ishlab chiqarilgan tikucharlar bor. Biroq Rossiyaning katta miqdorda yangi harbiy texnika yetkazib berishi dargumon. Lekin, nazarimda, Tolibon xosan so‘ramagan esa-da, Rossiya Afg‘oniston chegara qo‘shinlarini zamonaviylashtirish va uni tayyorgarlikdan o‘tkazishni maqsad qilgan. Ya’ni, aftidan, foydali, shu bilan birga, pokistonliklarning g‘ashiga tegmaydigan bir ish qilmoqchi. Eng avvalo isyonchi guruhlar, bu o‘rinda, katta ehtimol bilan, IShID ning chegara orqali kirib kelishining oldini olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan chegara qo‘shinlarini tayyorlab, jihozlantirmoqchi. Bu esa Pokiston uchun harbiy jihatdan katta o‘zgarish yasamaydigan, aytaylik, maxsus libos, tayyorgarlik va chegaralarni nazorat qilishda qo‘llaniladigan jihozlar, yengil qurollarni anglatishi mumkin. Pokistonliklarning jang usuliga kelsak, ular asosan havo zarbalari yoki dron hujumlariga tayanishadi. To‘g‘ri, chegarada ham ayrim to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Ammo ularni yirik harbiy to‘qnashuv, deb atab bo‘lmaydi. Shunday ekan, aslida Tolibon Pokistonning havodagi ustunligiga qarshi tura oladigan vositaga ega bo‘lishni istagan. Chunki hozirda Tolibon yoki Afg‘onistonda havo hujumidan mudofaa tizimi mutlaqo yo‘q. Ular hatto o‘z havo hududlarini qo‘riqlash va kuzatish imkoniyatiga ega emaslar. Ammo bu ham ular hozircha ololmaydigan narsalardan biri.
Tolibon-chi, Rossiyani qo‘llaydimi?

Surat manbasi, EPA
Antonio Justotstsi: Yo‘q, menimcha, buning biror bir ehtimoli yo‘q. Tolibonning kimnidir qayergadir yuborish niyati borligiga ishonmayman. Rossiyaning ham Afg‘onistondan afg‘onlarni yollashga alohida ehtiyoji bor, degan fikrdan yiroqman. To‘g‘ri, masalan, Erondagi afg‘on qochqinlarini yollashga urinishlar bo‘ldi. Ayrimlar yollandi ham. Ammo umumiy hisobda ular kamchilikni tashkil etdi. Reja muvaffaqiyatli amalga oshmadi. Rossiyaliklarning xorijiy ko‘ngillilar bilan bog‘liq bunga o‘xshash tajribalari aslida sezilarli natija bermayapti. Bunga qisman yollanayotganlar sonining unchalik ham ko‘p emasligi sabab bo‘lmoqda. Yana, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘nlab turli davlatdan kelgan yollanma askarlar bo‘linmalarini tasavvur qilib ko‘ring. Amaliy nuqtai nazardan qaraganda, ulardan jang maydonida foydalanish unchalik oson emas. Bunday yollash ishlarini asosan xususiy harbiy kompaniyalar bajaradi. Chunki ular jalb qilinganlar soniga qarab haq olishadi. Ammo gap jangovar harakatlarga kelganda, bu usul unchalik samara bermaydi. Nazarimda, hozir bu ishlarga rossiyaliklar o‘zlarining ham qiziqishlari bir qadar so‘nib bormoqda. Negaki bu sonlar yuqori harbiy salohiyatga aylanmayapti. Bu samarali harbiy bo‘linmalarni shakllantirishning maqbul yo‘li emas. Chunki ularga hujumkor bo‘linmalar kerak. Xorijliklarni logistika ishlari uchun jalb qilishmaydi. Aksincha, ularning harbiy amaliyotlarning oldingi qatorida, hujumchi bo‘linmalar saflarida bo‘lishlari uchun olib kelishadi. Shu bois, turli tillarda so‘zlashadigan, har xil muhitdan kelgan va tegishli harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lmagan shaxslardan iborat bunday tarqoq bo‘linmalar esa, samarali emasdek ko‘rinadi.
Yangi bitim mintaqa uchun nima degani?

Agardaki, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonga qandaydir g‘arazli maqsadi bo‘layotgan bo‘lsa, Rossiyaning bunga qanchalik salohiyati bo‘ladi, bu - bir...
Rossiya ham, Afg‘oniston ham Markaziy Osiyoga chegaradosh.
Rossiya mintaqa davlatlarining ham eng yirik harbiy va harbiy texnik hamkori bo‘ladi.
Yana eng muhim strategik sherigi va ittifoqchilaridan biri.
Ikkita eng yirik savdo-iqtisodiy sherigidan ham bittasi.
Markaziy Osiyoda Rossiyaning eng ko‘p harbiy inshootlari ham joylashgan.
Ammo Rossiya va Tolibon hukumati o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka oid bitimga ularning rasmiy munosabatlari noayon qolgan.
Boshqa tomondan, aynan Afg‘oniston tahdidi, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining bosimini o‘tkazishida Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘riladi.
Yana hali Afg‘onistondagi hukumatini birinchi bo‘lib tan olishining o‘ziyoq Rossiya Tolibonni mintaqaga qarshi qo‘llashi mumkin, degan xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagandi.
Shunday ekan, yangi bitim O‘zbekiston, mintaqa uchun nimani anglatishi mumkin?
Farhod Tolipov
Siyosiy tahlilchi, Toshkent
Farhod Tolipov: Agardaki, biz taxmin qilib, faraz qilib, buning ketidan Markaziy Osiyogami yoki boshqa davlatlargami qandaydir bir ishora, chellenj deymiz yoki bir bosim qilish maqsadida qilinayotgan bo‘lsa, buning ham jiddiy o‘lchamlari bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, darrov bitim imzolandiyu uning Markaziy Osiyoga zarari, salbiy oqibati bo‘ladi, deyish ham hozircha juda erta. Agardaki, Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekistonga qandaydir g‘arazli maqsadi bo‘layotgan bo‘lsa, Rossiyaning bunga qanchalik salohiyati bo‘ladi, bu - bir. Talafotga uchraganini Ukrainadagi urushning o‘zi ko‘rsatib yotibdi. Ikkinchidan, Rossiyaga na O‘zbekiston, na boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hech qanday bir shubhalanish uchun sabablarni ko‘rsatgani yo‘q, bergani yo‘q. Bu ikki davlat rahbari orasida ham aktiv muloqot davom etayapti. Rossiyaning biznesi, katta biznesi bo‘lsinu, Rossiya atom elektr stantsiyasining O‘zbekistonda qurilishi yoki boshqa loyihalar judayam aktiv tarzda davom etayapti. Yevropa va AQSh bilan hamkorligimiz orqali hech qanday Rossiyaga nisbatan bir qarshi harakat bo‘layapti degan bir belgilarni ham berganimiz yo‘q, ko‘rsatganimiz yo‘q. Shunig uchun ham savolingizga "yo‘q", bunday shubhalanish yoki bosim bo‘lishining ehtimoli juda past. Rossiya va O‘zbekiston orasida ham strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma mavjud, ham ittifoqdoshlik munosabatlari to‘g‘risida degan bitim ham mavjud. Afg‘oniston tomonidan qaralganda ham, Afg‘oniston biz bilan, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bilan baholi qudrat yaxshi munosabatlarni o‘rnatib, kuni-kecha O‘zbekistondan katta hay’at Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Va bunday tashriflar oxirgi paytlarda ko‘paygan. Bu tashrif savdo forumi degan anjumanda qatnashish uchun amalga oshirilgan. Demak, hamkorlikning qandaydir bir kelajagi yoki shu rejalari Afg‘oniston bilan ham jiddiy, normal ketayotgan, deb hisoblanadi. Shuning uchun ham, na Afg‘oniston tomonidan va na Rossiya tomonidan O‘zbekistonga qarshi qandaydir bir, nima deymiz, g‘arazli maqsadlarni reja qilish mavjud bo‘lmasa kerak.
Afg‘onistondan munosabat
Dovud A’zamiy: Rossiya G‘arb bilan munosabatlardagi keskinlik tufayli ko‘plab muammolarga duch kelayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo mintaqasi va Afg‘oniston bilan chegaradosh yo‘lak Moskva uchun yanada nozik ahamiyat kasb etmoqda. Jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan, Afg‘oniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi muhim tranzit nuqtasi hisoblanadi. Bu Eron va Pokistondagi bandargohlar orqali dengiz savdo yo‘llariga kattaroq yo‘l ochadi. Shu bois, Afg‘onistondagi barqarorlik Rossiya va Markaziy Osiyoning strategik va iqtisodiy manfaatlariga mos keladi. Shu bilan birga, so‘nggi bir necha yil ichida Tolibonning Markaziy Osiyo respublikalari, xususan, O‘zbekiston bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlari sezilarli darajada yaxshilandi. Boshqa tomondan, mintaqa davlatlari bilan chegaradosh hududlarda Tolibon postlarining kuchaytirilishi zo‘ravon ekstremistik guruhlar va giyohvand moddalar kontrabandachilarining Markaziy Osiyo, u yerdan esa Rossiyaga kirib kelishining oldini olishda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu geostrategik nuqtai nazardan ham muhimdir. Rossiya Markaziy Osiyodagi an’anaviy ta’sirini saqlab qolishnigina emas, balki kengroq mintaqada o‘z nufuzini oshirishni hamda Afg‘onistondagi vaziyat rivoji ustidan nazoratni saqlab turishni maqsad qilgan.
Mintaqaviy ziddiyatlar nima bo‘ladi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarining Tolibon hukumati bilan munosabatlari yaxshi, faol diplomatik muloqotda, savdo-iqtisodiy aloqalarini ham jadal kuchaytirish harakatida.
Tolibon qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay, Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalgan O‘zbekiston prezidenti xavotir olishga hojat yo‘qligi, mudofaa qudratlari har qanday vaziyatga tayyor ekanini aytgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston toliblar bilan hali ikki yil oldin muloqotni yo‘lga qo‘yganini ma’lum qilgan.
"O‘zbekiston tomonga birorta o‘q otilmasligi uchun har qanday muloqotga tayyor"ligini bildirgan.
"Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Kim bo‘lishidan qat’i nazar ular bilan muloqot qilaman. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar gaplashaman", — deya ta’kidlagan.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston orada Afg‘oniston Tolibon harakatini "faoliyati taqiqlangan tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqarishga ham borgan.
Rasmiy Toshkent yaqinda Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan harbiy hamkorlik niyatidan ham so‘z ochgan.
Ammo hech bir mintaqa davlati Tolibonning hukumatini halicha rasman tan olmagan.
Qo‘shtepa kanalining qurilishi bo‘ladimi, mintaqada qolayotgan AQSh harbiy aviatexnikasining taqdiri – tomonlar o‘rtasida hali to‘liq yechimini topmagan ziddiyatli masalalar ham yo‘q emas.
Tolibon tomoni orada yana o‘zaro chegaralar mavzusini ham tilga olgan.
O‘zbekiston ilova uch Markaziy Osiyo davlati bilan chegaralari suv toshqinlari tufayli yuvilib ketganligini aytgan.
Tolibon rasmiysi chegaralarni tiklash bo‘yicha yangi strategiyani e’lon qilgan, biroq u nimalarni qamrab olishi haqida to‘xtalmagan.
Mintaqa so‘nggi yillarda Afg‘onistondan hujumga ham uchrab turibdi.
Shunday ekan, Rossiya bilan yangi bitim bularning barchasi uchun nimani anglatishi mumkin?
Farhod Tolipov: Agarda, demoqchimanki, Markaziy Osiyo bilan Tolibon orasida ziddiyatli holatlar bo‘lsa, nima uchun Rossiya shu ziddiyatli holatlarda Afg‘oniston tarafini tanlashi kerak-da, Markaziy Osiyo davlatlarining tarafini emas, degan qo‘shimcha savol ham tug‘iladi. Axir, o‘zi ham jabr ko‘radi-ku, agar, Markaziy Osiyoda vaziyat yana izdan chiqib ketsa va keskinlashib ketsa. Rossiya buning misollarini oldin ham ko‘p ko‘rdi. Shuning uchun bu Rossiyaning ham manfaatlariga javob bermaydi. Shunday vaziyatlarda vaziyatga, haligi nima deymiz, "olovga somon tashlash"dan ko‘ra, diplomatik yo‘llar bilan bartaraf etishga va turlicha, turlicha ziddiyatli vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishga, qaytanga, harakat qilishi kerak. Va shu orqali Rossiya agarda "buyuk davlat" degan maqomiga da’vogarlik qilayotgan bo‘lsa, mana shunda ko‘rsatishi, menimcha, ko‘proq maqsadga muvofiq.
G‘arbning milliardlab dollarlik qurol-yarog‘iga nima bo‘ladi?

Surat manbasi, WAKIL KOHSAR/AFP via Getty Images/ARXIV
Afg‘oniston uzoq yillik urushlardan endi chiqayotgan davlat.
Uzoq yillik urushlar girdobidagi, so‘nggi chorak asrning o‘zida Afg‘oniston Tolibon harakati misolida bir jangari guruh ikki bor hokimiyatni egallagan yagona mintaqa mamlakati.
Afg‘onistondan O‘zbeklarniki ilova turli jangari guruhlar ham boshpana topib kelgan.
So‘nggi bir necha o‘n yillikda Afg‘onistonda yakuniy so‘zni aynan G‘arb aytgan.
Yangi bitim manzarasida ular Afg‘onistonda qoldirgan milliardlab dollarlik ilg‘or harbiy texnika yana bir e’tiborga molik masala bo‘lmoqda.
AQSh Afg‘onistonda qiymati $7 milliard dollarga teng harbiy texnika qoldirgan bo‘lsa, ularning 70 foizi Tolibon nazoratiga o‘tgani aytiladi.
So‘nggi yillarda bu harbiy texnika Afg‘onistonni ulkan qurol-yarog‘ omboriga aylantirganiga oid xavotirlar ham kuchaygan.
Agar BBC o‘rgangan ma’lumotlar va ayrim G‘arb nashrlaridagi xabarlarga tayanilsa, ularning orasida harbiy samolyotlar, o‘nlab qiruvchi vertolyotlar, katta sondagi zirhli mashinalar, kichik yuk ulovlari, tanklar, tanklarga qarshi raketalar, o‘n minglab himoyaviy qurollar, o‘n mingdan ortiq havo-er tasnifidagilari ilova millionlab o‘q-dori va raketalar, aloqa vositalari, o‘q o‘tmas bronijeletlar, ko‘zni chalg‘ituvchi harbiy liboslargacha bor.
Aynan Afg‘onistondagisi Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixidagi eng uzoq urush bo‘lgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘tgan yil fevral oyidagi hisobotida ta’kidlanishicha esa, "al-Qoida"ning O‘zbekiston Islomiy harakati kabi hamkorlari ham Tolibon qo‘liga o‘tgan qurol-aslahaga imkonli bo‘lishgan yoki ularni qora bozordan xarid qilganlar.
Shunday ekan, Rossiya bilan yangi kelishuv hozir aksariyati Tolibon hukumati ixtiyorida ekani aytiluvchi bu harbiy texnika uchun nimani anglatishi mumkin?
Antonio Justotstsi: Avvalo shuni aytish kerakki, bu raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Amerika Afg‘onistonga hech qachon $85 milliard dollarlik harbiy texnika bermagan. Yetkazib berilgan jihozlarning umumiy qiymati, ehtimol, bir necha milliardni tashkil etadi. Agar, 2021 yildagi hisob-kitoblarga tayanilsa, Afg‘oniston armiyasi, politsiyasi va boshqa tuzilmalari ixtiyorida taxminan $7 milliard dollarlik yaroqli texnika va uskunalar bo‘lgan. Ammo bu 2021 yilgi raqamlar. Pokiston Harbiy-havo kuchlari Afg‘onistondagi harbiy omborlarni ko‘p urdi. Natijada u yerda saqlanayotgan texnikaning katta qismi yo‘q qilindi. Demak, hozirda bu summa, shubhasiz, $7 milliardni tashkil etmaydi. Buning ustiga, Tolibon bu texnikaga xizmat ko‘rsatish yoki uni ta’mirlashga qodir emas. Shuning uchun ularning aksariyati baribir yaroqsiz holatda bo‘ladi. Hatto 2021 yilda ham bu texnika va uskunalar amalda hisobdan chiqarilgan. AQSh Qurolli kuchlari tomonidan boshqa foydalanilmaydigan ikkinchi darajali texnika sifatida tasniflangan edi. Afg‘onistonda qoldirilgan turli zirxli ulovlar ham shu jumladan. Hali ham parvoz qila oladigan sanoqli tikucharlar qolgan. Ammo ular ham AQSh Qurolli kuchlari foydalanishni to‘xtatgan, ya’ni eskirib ketgan modellardir. Aslida, u yerda amerikaliklar uchun qimmatga ega hech narsa qolmagan. Albatta, qoldirilgan yengil qurollar ham bor, ammo ularning aksariyati ham eskirgan. Tungi ko‘rish uskunalari kabi qimmatliroq jihozlar ham mavjud bo‘lsa-da, ular allaqachon qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Ko‘pi "qora bozor"dan joy olgan. Shuning uchun, qoldirilgan $7 milliard dollarlik texnikaning hammasi "Tolibon" qo‘lida deb o‘ylamaslik kerak. Haqiqiy raqamlar ancha kam. Tolibonning Rossiyaga murojaat qilishiga sabab ham shunda. Toliblar o‘zlariga meros bo‘lib qolgan ko‘plab texnikaning juda oz qismidan foydalana olishlarini tushunib yetishdi. Rossiya standartlari nuqtai nazaridan qaraganda, Amerika harbiy texnikasi ancha murakkab va unga texnik xizmat ko‘rsatish qiyin. Tolibonning o‘zi esa bunga umuman qodir emas. Shu bois ham Rossiya harbiy texnikasini ishlatish yoki uni qayta ishga tushirish osonroq degan o‘yda. Chunki ular eski bo‘lsa-da, murakkab emas, ta’mirlanishi oson. Qolaversa, Tolibonning o‘zi ham zamonaviy jihozlarga ehtiyoj sezmasa kerak. Chunki katta ehtimol bilan undan qanday foydalanishni bilmaydi.
Buyog‘i nima bo‘ladi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Rossiya G‘arbning mintaqadagi harbiy hozirligiga keskin qarshi.
Buni Tolibon hukumati bilan yangi bitimni imzolagan paytda ham bayon qilgan.
Tramp boshchiligidagi yangi AQSh ma’muriyati Afg‘onistonga oid siyosatini halicha ochiqlamagan.
Ammo hali-hanuz Afg‘onistonda Tolibon hukumatini tan olmagan.
Ammo Tramp Bagramga qaytmoqchi. Tolibon bunga yo‘q degan.
AQShning orada o‘z bazalarini Markaziy Osiyoga qaytarish urinishlari esa ish bermagan.
Afg‘onistonning geostrategik joylashuvi muhim. Xitoyga ham chegaradosh.
Yana Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash potentsialiga ham ega.
AQSh prezidenti ham Bagram nazoratini yana o‘zlariga qaytarish istagini Xitoy omili bilan izohlagan.
Yana bir global yadroviy qudrat bo‘lgan Xitoy esa Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng asosiy geosiyosiy va geoiqtisodiy raqiblaridan biri sifatida ko‘riladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga hozir dunyoning eng yirik ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi.
2010 yillar boshlarida esa, Afg‘onistondan chiqishga hozirlik ko‘rayotgan AQSh va NATO kuchlarining ulkan miqdordagi harbiy texnikasining katta qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qoldirishni rejalayotganiga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatgan, o‘shanda bundan tashvish bildirgan tomon ham Rossiya ekani ko‘rilgan.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘shanda "terrorga qarshi urushi"da Amerika Qo‘shma Shtatlarining harbiy bazalariga o‘z hududlaridan joy bergan ikki Markaziy Osiyo davlati ham bo‘lishgan.
Yangi bitim mintaqaga chegaradosh Afg‘onistonda ikki global yadroviy qudrat manfaatlarining to‘qnashuviga yo‘l ochishi ehtimoli qanchalik?
Dovud A’zamiy: Rossiya Tolibon hukumatini tan olgan birinchi va yagona davlatdir. Moskva Tolibon hukumatini tan olishida boshqa sabablar qatorida xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni ham asos qilib ko‘rsatdi. Uni terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchi, deb e’lon qildi. Rossiyaning Afg‘onistondagi asosiy xavotiri — ekstremistik guruhlarning o‘z manfaatlariga tahdid solishining oldini olish va mintaqa bo‘ylab giyohvand moddalar oqimini kamaytirishdir. Biroq Rossiya Afg‘onistonning xavfsizlik salohiyatini qisqa muddatda sezilarli darajada o‘zgartirishga imkon beradigan darajada yordam berishga bormasa kerak. Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasidagi harbiy kelishuv kelajakda xavfsizlik sohasidagi chuqurroq hamkorlik uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanganidan so‘ng, Kremlning Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron bilan munosabatlari chuqurlashdi. Bu Rossiyaning Yevropadan tashqarida iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari bilan bir xil tarzda kechmoqda.
Xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishlari va Tolibonning qudratga qaytishiga esa, harakat va rasmiy Vashington o‘rtasida 2020 yilda imzolangan Doha bitimi yo‘l ochgan.
Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tashkil etish bo‘ladimi yoki xotin-qizlarning erkinlik va huquqlarining kafolati – Tolibon hukumatining tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surilgan asosiy shartlarni bajarmay keladi.
Harakat orada o‘zining muvaqqat hukumatini doimiy, deb e’lon qilgan.
Bu ishi bilan Afg‘onistonda qonuniy, demokratik va erkin saylovlar istiqbolini ham yo‘qqa chiqargan.
O‘tgan yili esa Tolibon o‘zi "tarixiy", deb atagan ana shu bitimning tugaganini e’lon qilganiga oid xabarlar ham olingan.
Tolibon shu paytgacha o‘zining Doha bitimiga sodiq qolishi, hech bir jangari guruhga afg‘on tuprog‘idan foydalanishiga izn bermasligini ta’kidlab kelgan.
Turli jangari guruhlarning qanchalik kuchaygani fonida 2001 yilning 11 sentyabr kuni Nyu-Yorku Vashingtonga qarshi uyushtirilgan va xuddi o‘sha paytda O‘zbekiston Islomiy harakatining ham yaqin ittifoqchisi ko‘rilgan "al-Qoida" amalga oshirgani da’vo qilingan qo‘shaloq hujumlar sabab, Tolibonning Afg‘onistondagi dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan tan olinmagan dastlabki tuzumi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tomonidan ag‘darilgan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga kelishgan.
Poytaxt Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini imzolashgan.
O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham aynan so‘nggi yillarda, yon-atroflaridagi urushlar manzarasida o‘zlarining harbiy salohiyatini kuchaytirish, harbiy hamkorlarini turfalashtirish harakatidalar.
Shu kunlarda Rossiyaning mintaqaning ikki yirik davlati - Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikka oid kelishuvlarini qayta ko‘rish chiqish istagida ekaniga oid xabarlar olingan.
Ammo xabarlar mazmunidan buning aynan nimalarni ko‘zda tutishi tafsilotlari noayon qolgan.
O‘zbekiston, yillarki, xalqaro reytinglarda mintaqada Qurolli kuchlari eng jangovarlaridan biri sifatida e’tirof etib kelinadi.
































