"Siyosiy zilzila": Germaniyada AfDning tarixiy g‘alabasi nimadan darak?

Shtatdagi AfD rahbari Ulrix Zigmund saylov tadbirida bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib, ma’qullash ishorasini qildi.

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Katya Adler
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

"Zilzila", "ijtimoiy-siyosiy zilzila", "Germaniya uchun burilish nuqtasi".

Siyosiy tahlilchilar va qator ommaviy axborot vositalari yakshanba kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda migratsiyaga qarshi "Germaniya uchun muqobil" — AfD partiyasining kutilmagan g‘alabasini shunday ta’rifladi.

Xo‘sh, bu baholar bo‘rttirilganmi?

Saksoniya-Anhalt Germaniyaning 16 federal yeridan biri bo‘lib, mamlakatning nisbatan kichik hududlaridan hisoblanadi. Unda mamlakat bo‘yicha saylov huquqiga ega 59 million kishining atigi 1,7 millioni yashaydi.

Ayniqsa, AfD mutlaq ko‘pchilik ovozni olishga sal qolganini hisobga olsak, bu hududdagi siyosiy kayfiyatlar qanchalik muhim bo‘lishi mumkin?

Javob: juda muhim.

Avvalo, Germaniyaning o‘zi uchun.

Ovoz berish mintaqaviy darajada o‘tkazilgan bo‘lsa-da, uning ta’siri milliy siyosatga ham yetib boradi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

AfDning katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishi Berlinda allaqachon og‘ir ahvolga tushib qolgan markazchi hukumat koalitsiyasiga bosimni yanada kuchaytiradi.

Bu Germaniyaning jamoatchilik orasida juda mashhur bo‘lmagan konservativ kantsleri Fridrix Mertsning siyosiy faoliyatiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. U AfDning ommabopligini pasaytirishga va’da bergan edi.

Bu siyosiy muammolar Yevropa Ittifoqidagi eng qudratli davlat bo‘lgan Germaniyani yanada zaiflashtirishi va uning diqqatini chalg‘itishi mumkin.

Bu esa Yevropa Rossiya tajovuzini jilovlashga, AQSh prezidenti Donald Trampning tarif siyosati bosimiga va Xitoydan kelayotgan iqtisodiy tahdidga qarshi kurashayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Saksoniya-Anhaltdagi natija Germaniya bo‘ylab o‘z-o‘zini tahlil qilishga ham turtki bermoqda. Mamlakatning natsistik o‘tmishi hanuz juda og‘riqli mavzu bo‘lib qolmoqda.

Bu 1945 yilda Uchinchi reyx qulaganidan beri o‘ta o‘ng millatchi partiyaning saylovdagi birinchi yirik g‘alabasi bo‘lib, unga hukumatni boshqarish — bu holatda mintaqaviy darajada bo‘lsa-da — uchun real imkoniyat bermoqda.

Germaniya rasmiylari AfDni qisman antidemokratik deb baholagan. Partiyaning ayrim mintaqaviy bo‘limlari, jumladan Saksoniya-Anhaltdagi bo‘limi esa o‘ta o‘ng ekstremistik tashkilot sifatida tasniflangan.

AfD Germaniyaning sharqiy qismida ayniqsa mashhur ekani ma’lum. Ammo endi u mamlakat miqyosida ham eng katta siyosiy kuch sifatida so‘rovnomalarda birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Ko‘rinishidan, Germaniyadagi an’anaviy siyosiy kuchlar saylovchilarning ishonchini oqlay olmadi.

Xo‘sh, Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti va Rossiyani hisobga olmaganda aholisi eng ko‘p bo‘lgan davlati endi nima qiladi?

Trampning AfDga qiziqishi

Kichik Saksoniya-Anhaltdagi saylov natijalari Germaniyadan tashqarida ham aks-sado berdi.

Yakshanba kuni AQSh prezidentining o‘zi saylovdan keyingi ekzitpol natijalarini o‘zining Truth Social platformasida tezda e’lon qildi.

AfDning migratsiyaga qarshi, "vouk" madaniyatiga qarshi va "Germaniya — nemislar uchun" degan shiorlari Donald Trampning MAGA — "Amerikani yana buyuk qilamiz" — harakati g‘oyalariga yaqin.

Yevropadagi boshqa qator millatchi partiyalar singari AfD ham Trampning siyosiy uslubidan ko‘p narsa olgan: an’anaviy ommaviy axborot vositalarining obro‘siga shubha uyg‘otish, sudyalarning xolisligiga savol qo‘yish va "Germaniyani yana buyuk qilamiz" deb va’da berish.

Shu bilan birga, qiziq jihati shundaki, Yevropadagi saylov kampaniyalari vaqtida AQSh prezidentining nomi kamdan-kam tilga olinadi.

Siyosatchilar uning saylovchilar orasida qanchalik mashhur emasligini yaxshi tushunadilar.

Yakshanba kechqurun Trampning ijtimoiy tarmoqdagi posti ortidan Rossiyalik nufuzli tadbirkor Kirill Dmitriev ham o‘z munosabatini bildirdi.

Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Dmitriev AfD natijasini "tarixiy" deb atadi, Germaniya milliy hukumatini "obro‘sizlangan", kantsler Fridrix Mertsni esa "xorlangan" deb baholadi.

U Mertsni shu yozda iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan Britaniyaning sobiq bosh vaziri Kir Starmerga qiyosladi.

Rossiyaning qanday manfaati bor?

"Rossiyaning Germaniyadagi mintaqaviy saylovlarga qanday manfaati bor?" deb so‘rash mumkin.

Dmitrievning Britaniya haqidagi gaplari-chi, ular nima bilan bog‘liq?

Germaniya hukumati Ukrainaga eng ko‘p moliyaviy yordam ko‘rsatayotgan davlatlardan biri bo‘lib, Britaniya esa Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishda qo‘llanilgan raketalarni Kievga yetkazib bergan.

Bu Moskvada qattiq norozilik uyg‘otgan.

AfDning Rossiyaga munosabati esa ancha yumshoq.

Partiya Ukrainaga harbiy yordam yuborishni to‘xtatish, Moskvaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va yana arzon Rossiya energiyasini xarid qilishni boshlash tarafdori.

Rossiya 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan keyin Germaniya Rossiya energiya resurslarini import qilishni to‘xtatgan edi. Bu energiyaga qaram Germaniya sanoatiga katta iqtisodiy zarba berdi.

Saylov uchastkalari yopilganidan so‘ng, saylov tadbirida yig‘ilganlar Germaniya bayroqlarini hilpiratishdi. Tadbirda AfDning "hamma narsa mumkin" shiori namoyish etildi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Saylov uchastkalari yopilganidan so‘ng, saylov tadbirida yig‘ilganlar Germaniya bayroqlarini hilpiratishdi. Tadbirda AfDning "hamma narsa mumkin" shiori namoyish etildi.

AfDning Rossiyaga nisbatan yumshoq yondashuvi Germaniyaning sharqiy hududlarida yana bir sabab bilan jozibador bo‘lishi mumkin.

Bu hududlar mamlakat g‘arbiga nisbatan hanuz ancha kambag‘al.

Germaniya 1989 yilda Berlin devori qulaganidan keyin sobiq kommunistik hududlarni mamlakatga integratsiya qilish uchun turli hisob-kitoblarga ko‘ra, inflyatsiya hisobga olingan yoki olinmaganiga qarab, 2,3 trilliondan 3 trillion yevrogacha mablag‘ sarflagan.

Saksoniya-Anhalt Germaniyaning eng kambag‘al hududi hisoblanadi.

Bu yerda va umuman mamlakat sharqida saylovchilar orasida "Ostalgiya" deb ataladigan kayfiyatni tez-tez uchratish mumkin. Ya’ni kommunistik tuzum davridagi nisbatan barqaror hayotga bo‘lgan sog‘inch.

Yevropa partiyalari qanday munosabatda?

Saksoniya-Anhaltdagi saylovni Yevropa Ittifoqi ham diqqat bilan kuzatdi.

Kelasi 12 oy Yevropa Ittifoqida saylovlarga boy davr bo‘ladi. Frantsiya, Italiya, Ispaniya va Polsha kabi muhim davlatlarda saylovlar kutilmoqda.

Bryusselda siyosiy spektrning so‘l, ayniqsa o‘ng qanotidagi "ekstremistik" partiyalar bu saylovlarda omad qozonishidan xavotir bor.

Ispaniyadagi millatchi Vox partiyasi rahbari Santyago Abaskal yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AfDning Saksoniya-Anhaltdagi g‘alabasi "Germaniya va Yevropa uchun katta umid" ekanini yozdi.

Frantsiyaning Yevropa ishlari vaziri, markazchi prezident Emmanuel Makronning ittifoqchisi Benjamen Haddad esa aksincha, "Germaniyadagi mintaqaviy saylovda o‘ta o‘ng partiya g‘alaba qozongani Yevropada jiddiy vaziyat yuzaga kelganini" aytdi.

AfD ham, Yevropa davlatlarida "o‘ta o‘ng" yoki "qattiq o‘ng" deb tasniflanadigan boshqa partiyalar ham bu ta’rifni qabul qilmaydi.

Ularning uslubi va siyosiy dasturlari ham bir-biridan farq qiladi.

Masalan, Marin Le Pen boshchiligidagi Frantsiyaning "Milliy birlashuv" partiyasi ikki yil oldin AfDni Yevropa parlamentidagi o‘z siyosiy guruhidan chiqarib yuborgan. Sabab — AfDni haddan tashqari "radikal" deb hisoblagani edi.

Biroq bu partiyalarning umumiy jihati ham bor: ularning aksariyati migratsiyaga qarshi siyosat va kuchli millatchilik ruhidagi shiorlarni ilgari suradi.

Aynan shu jihat Yevropa Ittifoqini xavotirga solmoqda.

"Avvalo Germaniya", "Avvalo Italiya" yoki "Frantsiya — frantsuzlar uchun!" kabi shiorlar kuchayishi Bryusselda jiddiy savol tug‘dirmoqda: millatchilik partiyalarining o‘sishi Yevropa birdamligini zaiflashtirib qo‘ymaydimi?

Ayni paytda tashqi xavflarga qarshi Yevropaga har qachongidan ham ko‘proq birdamlik kerak.

AfD yoki Italiyaning "Liga" partiyasi kabi millatchi kuchlar, odatda, Yevropa Ittifoqiga nisbatan shubha bilan qaraydi.

Bryussel esa Yevropa Donald Trampning bosimiga qarshi turish yoki Xitoydan arzon mahsulotlarning Yevropa bozoriga oqib kirishidan yevropalik ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun birlashishi zarurligini ta’kidlamoqda.

Yevropaning mudofaa sohasidagi rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha Yevropa davlatlari o‘rtasidagi ixtiloflar yoki NATO a’zoligiga nisbatan ehtiyotkor munosabat Moskvaga faqat dalda berishini aytmoqda.

Mudofaa va xavfsizlik sohasi rahbarlariga ko‘ra, Rossiyani Ukrainada to‘xtatish uchun Yevropa davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Aks holda Kreml NATO hududiga, masalan, Boltiqbo‘yi davlatlariga hujum qilishga jur’at etishi mumkin.

Saylovchilar nimani o‘ylayapti?

Ammo masalaning yana bir tomoni bor.

Yevropa saylovchilari tashqi tahdidlar va ularning o‘z mamlakatlaridagi hayotga ta’sirini yaxshi his qilmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Ular Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarning oqibatlaridan, o‘z mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimi yemirilayotganidan va o‘zlari hamda oilalarining iqtisodiy xavfsizligi pasayib borayotganidan xavotirda.

Nazoratsiz migratsiya va ko‘chalardagi xavfsizlik masalasi ham ularni jiddiy tashvishga solmoqda.

Aynan shu nuqtada Saksoniya-Anhaltdagi ovoz berish natijasining ahamiyati yaqqol ko‘rinadi.

Bu an’anaviy siyosiy partiyalar uchun, shuningdek, sud tizimi va xavfsizlik xizmatlari kabi Yevropa institutlari uchun ham jiddiy ogohlantirishdir.

AfD esa ularning barchasini o‘z manfaatlarini ko‘zlaydigan "Establishment" deb rad etadi.

Yevropa qit’asidagi saylovchilar o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygandek va o‘nlab yillar davomida qayta-qayta qo‘llab kelgan partiyalari tomonidan aldangandek his qilmoqda.

Shuning uchun saylov vaqtida o‘ng yoki so‘l tomonga qarash ularning barchasi birdaniga ekstremistga aylanganini anglatmaydi.

AfDning Saksoniya-Anhaltdagi saylov shiori ko‘tarinki ruhda edi: "Hamma narsa mumkin!"

Partiya, shuningdek, nemislarni o‘z mamlakati bilan yana faxrlanadigan qilishga va’da berdi.

Hozirgacha hukumat boshqaruvida sinab ko‘rilmagan AfDga saylovchilar tobora ko‘proq imkoniyat berishga tayyordek ko‘rinmoqda.