O‘zbekistonning Yevropa bilan iqtisodiy hamkorligi kengaymoqda

Surat manbasi, SAIDA MIRZIYOYEVA / TELEGRAM
O‘zbekiston Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniyaga tashrif buyurib, London fond birjasida (LSE) mamlakatning yirik kompaniyalari ilk IPO joylashuvida ishtirok etdi. Bu haqda 18 may kuni uning Telegram kanalida xabar qilindi.
"Tariximizda ilk bor xalqaro ommaviy aktsiyalar taklifi amalga oshirildi. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) Franklin Templeton bilan birgalikda aktsiyalarni bir vaqtning o‘zida London va Toshkent fond birjalarida joylashtirdi. Tizimli va izchil islohotlar tufayli iqtisodiyotimiz uch barobarga o‘sdi, davlat institutlarining samaradorligi oshdi va investorlar uchun kafolatlar mustahkamlandi. Natijada O‘zbekiston global kapital bozorida yanada ochiq va ishonchli sherikka aylandi", dedi Saida Mirziyoyeva.
"BlackRock, Franklin Resources, Redwheel va boshqa ko‘plab yetakchi xalqaro investorlarning IPOda ishtirok etishi xalqaro hamjamiyatning yo‘nalishimiz, salohiyatimiz va kelajagimizga bo‘lgan ishonchi kuchli ekanini ko‘rsatadi", deb ta’kidladi u.
Shu kunigi yana bir Telegram xabarda Mirziyoyeva Franklin Templeton bosh direktori Jenni Jonson bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi.
"Biz O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, moliyaviy boshqaruv qonunchiligini takomillashtirish, xalqaro kliring tizimlari bilan integratsiya va Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalalarini muhokama qildik. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldik. Jonson xonim IPO tayyorgarligi juda qisqa muddatda amalga oshirilganini, aktsiyalar sotuvi esa yuqori natijalar ko‘rsatayotganini qayd etdi", dedi u.
Tashrif doirasida Mirziyoyeva LSE bosh direktori Juliya Xoggett bilan ham uchrashib, UzNIFning "muvaffaqiyatli listingi", barqaror moliya, ESG standartlari, "yashil" obligatsiyalar va o‘zbek kompaniyalarini global bozorlarga chiqarish masalalarini muhokama qildi.
"Xoggett xonimning aytishicha, bu so‘nggi besh yilda LSEdagi eng yirik IPO hisoblanadi va O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganining yaqqol ko‘rsatkichidir. Bu muvaffaqiyat global investorlar Prezidentimiz islohotlari natijalarini ko‘rayotgani va mamlakat iqtisodiyotiga ishonayotganining eng yaxshi tasdig‘idir", deb ta’kidladi Mirziyoyeva.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiya nimadan xavotirda?
Chiroyli shiorlar ortida tarixiy aloqalarni buzish istagi yaqqol ko‘rinmoqda.
O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyo davlatlari G‘arb moliyaviy bozorlari va xalqaro investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirayotgan bir paytda, Rossiya bu jarayonni geosiyosiy raqobat nuqtai nazaridan baholamoqda.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin AQSh va Yevropa Ittifoqini Markaziy Osiyoda ta’sirini kuchaytirishga urinayotganlikda aybladi. Uning fikricha, G‘arb mamlakatlari mintaqadagi strategik resurslar va transport yo‘laklarini nazoratga olishni maqsad qilgan.
"Biz AQSh va Yevropa Ittifoqining mintaqadagi asosiy transport yo‘laklari va tabiiy resurslarni o‘z nazoratiga olishga intilayotganini kuzatmoqdamiz", dedi Galuzin "Izvestiya"ga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Vashingtonning nodir yer metallari va muhim minerallar bo‘yicha bitimlarga qiziqishi oddiy iqtisodiy hamkorlik emas, balki Rossiyani mintaqadan siqib chiqarishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismi.
Galuzin G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga "iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish" va "xavflarga qarshi himoya" kabi tashabbuslarni taklif qilayotganini, biroq bu ortida siyosiy maqsadlar yotganini aytdi.
"Chiroyli shiorlar ortida tarixiy aloqalarni buzish istagi yaqqol ko‘rinmoqda", dedi u.
Shu bilan birga, u G‘arb "Rossiya tahdidi"ni sun’iy ravishda kuchaytirayotganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, bu orqali mintaqa davlatlari Moskva bilan yaqin hamkorlikdan voz kechishga undalmoqda.
Rossiya tomoni bunday jarayonlarni o‘z xavfsizligi uchun tahdid sifatida ko‘rmoqda va ularni G‘arb infratuzilmasini Rossiya chegaralariga yaqinlashtirishga qaratilgan harakatlar deb baholamoqda.
Bunga qaramasdan, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatda ko‘pvektorli yondashuvni saqlab qolishga intilmoqda. Avvalroq O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Kamilov "Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni davom ettiradi", deb ta’kidlagan edi.

























