Wildberries omborlaridagi yong‘in: Markaziy Osiyo tadbirkorlari millionlab dollar zarar ko‘rganini aytmoqda

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq
Rossiyaning eng yirik onlayn savdo platformasi sanalgan Wildberries'ning Moskva viloyatidagi Elektrostal va Tambov viloyatidagi Kotovsk logistika markazlariga qilingan dron hujumlari ortidan yuzaga kelgan yong‘inlar minglab tadbirkorlar va ombor xodimlariga ta’sir ko‘rsatdi.
Hujumlar oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 80 nafardan ortiq kishi jarohat oldi. Yong‘inga uchragan ob’ektlar nafaqat Wildberries logistika tarmog‘ining eng muhim markazlari, balki Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyoliklar, jumladan ko‘plab o‘zbekistonlik va qirg‘izistonliklar ishlaydigan yirik ish o‘rinlari ham hisoblanadi.
Kompaniya rahbari va Rossiyaning eng boy ayoli hisoblangan Tatyana Kim tovarlarini yo‘qotgan sotuvchilarga kompensatsiya to‘lash imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Biroq hozircha kompaniya tomonidan aniq mexanizm yoki kafolatlar e’lon qilinmagan.
Hodisadan keyin O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Qirg‘iziston rasmiylari o‘z fuqarolariga murojaat qilib, jabrlanganlar haqida ma’lumot to‘plashga kirishdi.
Sakkiz kishi halok bo‘ldi
18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Elektrostal va Kotovskda joylashgan Wildberries omborlariga zarba berdi.
Tambov viloyati gubernatori Yevgeniy Pervishov ma’lum qilishicha, Kotovskdagi omborda tungi smenada ishlayotgan yetti kishi halok bo‘lgan. Moskva viloyatida esa Elektrostal ombori xodimlaridan biri olgan jarohatlari oqibatida keyinroq shifoxonada vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki hududda turli darajada jarohat olganlar soni 80 nafardan oshgan.
Pervishov ushbu voqeani "tinch aholiga qarshi rejalashtirilgan terrorchilik akti" deb atadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining "Kiev rejimi jinoyatlari bo‘yicha" maxsus vakili Rodion Miroshnik esa Ukraina armiyasi ataylab fuqarolik ob’ektiga zarba berganini, hujum yaqinida harbiy nishonlar bo‘lmaganini da’vo qildi.
Biroq Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy nishonga olingan ob’ektlar dronlar va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan, sanksiyalar ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berish zanjiriga xizmat qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga berib kelayotgan zarbalariga javob sifatida amalga oshirilgan.
Wildberries saytida haqiqatan ham bronejiletlar, optik tola mahsulotlari, FPV-dronlar uchun yuk tashlash qurilmalari va boshqa aniq harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tovarlarga oid o‘n minglab takliflarni topish mumkin.

Surat manbasi, Wildberries.ru
Elektrostal yaqinida joylashgan Noginsk shahridagi neft bazasi ham zarbaga uchradi. Yong‘inlar oqibatida hudud osmonida o‘nlab kilometrlarga cho‘zilgan ulkan tutun buluti paydo bo‘ldi. Moskva viloyatidagi yong‘inni o‘chirish ishlari shanba kuni tushdan keyin ham davom etdi.
"Dahshatli tun, kompaniyamiz va mamlakatimiz uchun dahshatli voqealar. Bu so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan og‘riq. Halok bo‘lganlarning barcha yaqinlariga hamdardlik bildiraman", - deb yozdi Tatyana Kim hujumdan so‘ng o‘zining Telegram-kanalida.
Keyinroq kompaniya halok bo‘lgan xodimlarning oilalariga 2 million rubldan, og‘ir jarohatlanganlarga esa 1 million rubldan to‘lashini ma’lum qildi.
Elektrostal - markaziy osiyoliklar ko‘p ishlaydigan omborlardan biri
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hujumga uchragan Elektrostal logistika markazi Wildberries'ning eng yirik ob’ektlaridan biri hisoblanadi.
Markaz qurilishi boshlanganida uning maydoni 250 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi va 20 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi ma’lum qilingan edi. Kotovskdagi markaz esa o‘tgan yili qurilib bitgan bo‘lib, uning maydoni 108 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Rossiyadagi migrantlar va tadbirkorlar vakillarining aytishicha, Wildberries omborlarida minglab markaziy osiyoliklar, jumladan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari mehnat qiladi.
Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Elektrostal shahrida ko‘plab qirg‘iz fuqarolari ishlab kelgan. Hujumdan keyin ayrim fuqarolar yong‘in oqibatida hujjatlarini yo‘qotgani haqida elchixonaga murojaat qilgan.
Qirg‘iz rasmiylari halok bo‘lganlar orasida mamlakat fuqarolari yo‘qligini bildirgan. Shu bilan birga, bir qirg‘izistonlik fuqaro jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
Avvalroq bir qirg‘iz mehnat muhojiri bedarak qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinroq uning qarindoshlari bilan aloqaga chiqqan va hujumdan oldin ish joyini tark etgani ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi ham Rossiyadagi vatandoshlarga murojaat qilib, xavfli hududlarda ehtiyotkor bo‘lishni hamda jabrlanganlar bo‘lsa, vakolatxona bilan aloqaga chiqishni tavsiya qildi.
Millionlab tovarlar saqlangan omborlar
Hozircha Wildberries vayron bo‘lgan yoki yonib ketgan tovarlar hajmi bo‘yicha rasmiy raqamlarni e’lon qilmagan.
Biroq omborlarning ko‘lami yo‘qotishlar juda katta bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Mustaqil ko‘chmas mulk konsultantlarining bahosiga ko‘ra, zarar ko‘rgan Elektrostal va Kotovsk markazlari Wildberries'ning Rossiyadagi umumiy ombor maydonining taxminan 7 foizini tashkil etadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Kotovsk omborida 22 million donagacha tovar saqlangan. Har kuni bu yerdan Rossiya bo‘ylab qariyb 650 mingta buyurtma jo‘natilgan.
Elektrostal markazi esa Wildberries tarmog‘idagi asosiy taqsimlash nuqtalaridan biri hisoblangan. Shu sababli ko‘plab sotuvchilar mahsulotlarining katta qismini aynan shu omborga yuborgan.
Kompaniya umumiy logistika tarmog‘i odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ta’kidladi. Bi-bi-si Rus xizmati bilan suhbatlashgan kompaniya manbasining aytishicha, sotuvchilarga tovar partiyalarini boshqa omborlarga yo‘naltirish mumkinligi haqida xabar berilgan.
Qirg‘izistonda 700 dan ortiq tadbirkor zararni hisoblamoqda
Hodisadan keyin Telegram tarmog‘ida zarar ko‘rgan tadbirkorlar guruhlari tashkil etildi.
"Ozodlik" radiosining Qirg‘iz xizmati ma’lumotiga ko‘ra, faqat bir guruhning o‘zida 700 dan ortiq qirg‘izistonlik sotuvchi jamlangan. Ular yuristlar bilan ishlab, zararni baholash va ehtimoliy kompensatsiya masalalarini muhokama qilmoqda.
"Azattiq" suhbatlashgan tadbirkorlar guruhida zarar hajmi 100 million rublga yaqinlashayotgani aytilmoqda, ammo aniq hisob-kitoblar hali yakunlanmagan.
Qirg‘iziston Marketpleys sotuvchilari assotsiatsiyasi ham Wildberries rahbariyatiga murojaat qilib, yong‘in oqibatlari, zarar hajmi va kompensatsiya tartibi bo‘yicha rasmiy tushuntirish berishni talab qildi.
Qirg‘iziston Tikuvchilar assotsiatsiyasi esa mamlakat hukumati va Iqtisodiyot vazirligidan mahalliy eksportchilar manfaatlarini himoya qilishni so‘ragan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ishlab chiqaruvchilarning yo‘qotishlari 1 million rubldan 100 million rublgacha yetishi mumkin.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar ham zarar ko‘rgan
Wildberries bilan besh yildan beri ishlab kelayotgan qirg‘izistonlik tadbirkor Ahmadillo Maripjonov ham Bi-bi-si O‘zbek bilan suhbatda katta yo‘qotishlar haqida gapirdi.
"Mening o‘zimga va men xizmat ko‘rsatadigan akkauntlarga tegishli tovarlardan taxminan yetti ming dollarlik mahsulot yonib ketdi. Sotuv qiymatida hisoblasak, bu qariyb 18 ming dollar bo‘ladi", — deydi u.
Uning aytishicha, o‘zi bilgan holatlar ichida birgina sport kiyimlaridan iborat partiyaning tannarxi 600 ming dollarga teng bo‘lgan.
"Tanishlarimdan biri 50 ming dollarlik, yana biri 130 ming dollarlik mahsulot yo‘qotganini aytdi. Yana bir tadbirkor esa bir yarim million dollarlik tovarlari bo‘lganini aytmoqda", — deydi Maripjonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yongan omborlarda o‘zbekistonliklarga tegishli mahsulotlar ham bo‘lgan.
Tanishlarimdan biri 50 ming dollarlik, yana biri 130 ming dollarlik mahsulot yo‘qotganini aytdi. Yana bir tadbirkor esa bir yarim million dollarlik tovarlari bo‘lganini aytmoqda
Ammo Maripjonovning tushuntirishicha, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo emasligi sababli mahalliy tadbirkorlar mahsulotlarini Wildberries tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtira olmaydilar.
Shu bois ko‘pchilik Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar orqali Rossiya marketpleyslarida savdo qiladi.
"Men bilan hamkorlik qiladigan o‘zbekistonliklar ham bor. Aynan shu yongan omborlarda ularning ham mahsulotlari bo‘lgan", — deydi u.
So‘nggi yillarda Rossiya marketpleyslari O‘zbekiston tadbirkorlari uchun muhim savdo maydoniga aylangan. Kiyim-kechak, maishiy mahsulotlar va boshqa turdagi tovarlarni sotayotgan yuzlab kompaniyalar ushbu platforma orqali Rossiya bozoriga chiqmoqda.
Kompensatsiya bo‘ladimi?
Hozir asosiy savol, zararni kim va qay darajada qoplab berishi.
Bu masala ayniqsa iyul boshida Wildberries ofertasini o‘zgartirganidan keyin dolzarblashdi. Kompaniya «engib bo‘lmaydigan holatlar» tufayli zarar ko‘rgan tovarlar uchun javobgarlikdan o‘zini ozod qildi. Bunga dron hujumlari va harbiy harakatlar oqibatidagi vayronagarchiliklar ham kiritilgan. Rossiyaning yana bir yirik marketpleysi, Ozon ham shunga o‘xshash yondashuvni qabul qilgan.
Qirg‘izistonlik tadbirkorlar vakillari bu o‘zgarishlarga qaramay, mahsulotlarning katta qismi avvalgi shartlar asosida omborlarga joylashtirilganini ta’kidlamoqda.
Maripjonov ham qandaydir ko‘rinishda kompensatsiya bo‘lishiga umid qilmoqda.
"Internetda kompensatsiya bo‘lmaydi degan gaplar yuribdi. Men bunga ishonmayman. Kompensatsiya beriladi deb o‘ylayman. Chunki ombordagi mahsulotlar uchun ma’lum ma’noda mas’uliyat Wildberries zimmasida. Balki hamma zarar qoplanmas. Lekin bu qadar yo‘qotish bilan qolib ketmaymiz deb o‘ylayman", — deydi u.
Tatyana Kim esa hozircha aniq va’da bermagan bo‘lsa-da, kompaniya sotuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqayotganini aytdi.
"Barcha hamkorlarimizni omborlarimizda saqlangan tovar uchun kompensatsiya masalasi qiziqtiryapti. Favqulodda vaziyat yuzaga kelganiga va biz yo‘q qilingan tovar uchun kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘lmasak ham, tadbirkorlarga beriladigan to‘lovlar hajmi hamda ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralarini ishlab chiqmoqdamiz", - deb yozdi u.
19 iyul kuni kompaniya dastlabki amaliy choralarni e’lon qildi. Jumladan, zarar ko‘rgan ayrim omborlarga yetkazilgan tovarlarni saqlash uchun 45 kunlik imtiyozli shartlar joriy qilindi, boshqa omborlarga tranzit orqali yuboriladigan yuklar uchun esa to‘lovlar bekor qilindi. Shuningdek, hali omborlarga yetib bormagan tovar partiyalarini jarimalarsiz bekor qilish imkoniyati yaratildi.
Shushari tajribasi takrorlanadimi?
Wildberries uchun bu turdagi birinchi yirik yo‘qotish emas.
2024 yil yanvarda Leningrad viloyatidagi Shushari shahrida kompaniyaning yana bir ulkan omborida yong‘in chiqqan va u qariyb 35 milliard rubllik zararga sabab bo‘lgan.
O‘shanda Tatyana Kim Wildberries sotuvchilarga yo‘qotilgan tovarlar qiymatining 95 foizini qoplab berganini ma’lum qilgan edi.
Biroq Shusharidagi yong‘in yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi bilan izohlangan bo‘lib, harbiy harakatlar bilan bog‘liq emas edi. Demak, u holatda kompaniya fors-majordan emas, oddiy xo‘jalik xavfidan kelib chiqqan zarar bilan to‘qnash kelgan.
Shu sababli bu voqea bugungi kunda o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari uchun ham umid, ham xavotir manbai bo‘lib turibdi: bir tomondan, Wildberries avval katta hajmda kompensatsiya to‘lagan; ikkinchi tomondan esa, hozirgi ofertada kompaniya o‘zini aynan shunday hujumlar oqibatlari uchun javobgarlikdan ozod qilib qo‘ygan.
Hozircha asosiy savollar ochiq qolmoqda: omborlarda aslida qancha tovar yo‘qolgan, zararning haqiqiy hajmi qancha va Wildberries minglab sotuvchilarning yo‘qotishlarini qay darajada qoplab beradi? Bu savollarga javob kompaniyaning keyingi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi.





























