Donald Tramp nega va qayerga yashirindi?

Surat manbasi, Getty Images
AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, prezident Donald Tramp iyul oyi boshida Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan qaytar ekan, ehtimoliy Eron tahdidi tufayli puxta rejalashtirilgan maxfiy reja doirasida ortga qaytayotgan vaqti uchog‘ini yashirincha almashtirgan.
Washington Post gazetasining yozishicha, AQSh prezidenti televidenie kameralari ko‘z o‘ngida Air Force One samolyotiga chiqqan, keyin esa ovqat yetkazish uskunasi yordamida boshqa bir harbiy samolyotga o‘tkazilgan. Samolyotdagi jurnalistlar va Oq uy xodimlarining bir qismi prezidentning boshqa yo‘l bilan olib ketilganidan bexabar bo‘lishgan.
BBC ning AQShdagi hamkori CBS News manbalariga ko‘ra, AQSh rasmiylari Eron tomonidan samolyotga raketa otilishi mumkinligi haqida ishonchli tahdidni aniqlashgan. Oq uy esa samolyotning maxfiy almashtirilganini tasdiqlamagan.
Tramp bundan oldin Anqaradagi sammit davomida o‘zini Eronning "birinchi raqamli nishon"i deb atagan edi.
Maxfiy reja AQSh Vashington va Tehron o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lganidan keyin Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlaganining ertasi kuni amalga oshirilgan.
Tramp Turkiyaga Qatar tomonidan hadya qilingan yangi Boeing 747-8 samolyotida kelgan edi. Biroq u vatanga qaytishda "eski kunlarni eslash uchun" avvalgi Air Force One samolyotidan foydalanishini aytgan.
8 iyul kuni tarqalgan videolarda Trampning Anqara aeroportida prezident samolyotiga chiqayotganini ko‘rish mumkin. Ammo Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, u keyinchalik yashirincha kichikroq C-32A harbiy samolyotiga o‘tkazilgan.
Bu Boeing 757 samolyotining o‘zgartirilgan ko‘rinishi bo‘lib, odatda vitse-prezident tomonidan ishlatiladi.
Gazetaning yozishicha, Tramp ovqat yetkazish uskunasi orqali samolyotning u chiqqan tomoniga qarshi tarafdan C-32A'ga o‘tkazilgan. Mudofaa vaziri Pit Xegset esa parvoz odatiy ko‘rinishda davom etayotgandek taassurot uyg‘otish uchun C-32A samolyotiga tashqi zinapoyadan alohida chiqqan.
Jurnalistlar va Oq uy xodimlarining bir qismi Air Force One'ga chiqib, deraza pardalarini tushirish haqida ko‘rsatma olgan. Ular prezident samolyotda yo‘qligini bilishmagan.
Shundan keyin Tramp Buyuk Britaniyaga uchib borgan va AQShga qaytishda yana eski Air Force One'ga chiqqan. RAF Mildenhall harbiy havo bazasiga qo‘ngach, uning mazkur samolyotdan tushayotgani tasvirga tushirilgan. Uning C-32A'dan eski prezident samolyotiga qanday o‘tgani ma’lum emas.

Surat manbasi, Reuters
Shundan so‘ng prezident Tramp Vashingtonga qaytish uchun yana Qatar hadya qilgan yangi Air Force One'ga o‘tirgan.
Parvoz chog‘ida Tramp samolyotdagi muxbirlar bilan suhbatlashib, Erondan kelayotgan tahdidlarni tilga olgan, ammo samolyot almashtirish amaliyoti haqida gapirmagan.
Turkiyadan uchgan samolyotda nega jurnalistlarga deraza pardalarini yopish aytilgani haqidagi savolga Tramp shunday javob bergan:
"Chunki ehtimol bu xavfli parvoz bo‘lgan. Biz kurashayotgan pastkashlar sabab shunday", deya javob bergan.
Uning aytishicha, hayotiga nisbatan tahdid "doimiy" bo‘lib, Eronning ro‘yxatida "birinchi raqamli" shaxs hisoblanadi.
"Ammo men ketsam, siz ham ketardingiz, to‘g‘rimi?" degan Tramp.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Oq uyning aloqalar bo‘yicha rasmiysi Stiven Chung mazkur xabarlarni ochiqchasiga na tasdiqladi, na rad etdi. U yangi Air Force One'ni prezident va uning xodimlarini himoya qilish uchun zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan "eng ilg‘or samolyot", deb ta’riflagan.
CBS News'ning avvalgi xabarlariga ko‘ra, AQSh razvedkasi Trampning o‘ziga yoki uning samolyotiga nisbatan muayyan hujum tahdidi haqida oldindan ogohlantirgan.
The New York Times gazetasi avvalroq Qatar tomonidan taqdim etilgan samolyot yuzasidan xavfsizlik xavotirlari haqida yozgan edi. Unda Maxfiy xizmat (Secret Service) Trampga NATO sammitidan qaytishda samolyotni almashtirishni tavsiya qilgani aytilgan.
Shundan keyin nashrning bir nechta jurnalistlari qasamyod ostida ko‘rsatma berish uchun chaqirilgan. Keyinchalik AQSh Adliya vazirligi BBC ga qonunga xilof ma’lumotlar sizdirilishi bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan.
AQSh mazkur 400 million dollarlik Boeing 747-8 samolyotini prezident foydalanishiga tayyorlash uchun bir necha oy davomida qayta jihozlagan. CBS News manbalariga ko‘ra, avvalgi Air Force One samolyotlarida yaqinlashayotgan raketalarni ishdan chiqarish yoki chalg‘itish uchun lazer texnologiyalari mavjud. Qatar hadya qilgan samolyotda qanday tizimlar borligi esa ma’lum emas.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt CBS News'ga bergan bayonotida "Yangi Air Force One prezident safarlari uchun mutlaqo xavfsiz. Biroq kuz faslida unga qo‘shimcha takomillashtirish va modernizatsiya ishlari o‘tkaziladi. Bu jarayon taxminan bir oy davom etadi", deya aytgandi.
































