Dunyo nigohi O‘zbekiston sukukiga qadalgan

Surat manbasi, BBC O'zbek
Xalqaro moliya yangiliklari orasida O‘zbekiston o‘zining sukukini chiqarishi haqidagi xabar Islomiy moliya ishtirokchilarining qiziqishini orttirdi. Ham mamlakat ichkarisida va ham xorijda O‘zbekistonning ilk islomiy obligatsiyalari muomalaga chiqarilishini va ularni xarid qilishni ko‘zlab turganlar juda ko‘p.
Qiziqish ortishiga O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi 29 iyul kuni «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani sabab bo‘ldi.
Loyiha hali ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqilishi talab qilinadi.
Shundan keyin rasman qabul qilinishi, Senat ma’qullovi va prezident imzolashidan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Bu sukuk chiqarilishi uchun O‘zbekistonda huquqiy asos yaratilishi bo‘ladi.
Sukuk nima?
O‘zbekistonda islomiy moliya savodxonligini oshirish bilan uzoq yillardan buyon shug‘ullanib "Islom moliyasi" veb-nashri Telegram kanalida sukukni shunday tushuntiradi:
"Sukuk qimmatli qog‘ozlarning islomiy tamoyillarga mos keluvchi turi bo‘lib, mablag‘larni jalb etishda va investitsiya kiritishda obligatsiyalarga ekvivalent sifatida foydalaniladi. G‘arb olim va mutaxassislari sukukni obligatsiyaning shariatga mos keluvchi bir turi sifatida talqin qilishadi. Yaqin sharq va Janubi-sharqiy Osiyoda uni qimmatli qog‘ozlarning alohida turi ekanligini ta’kidlashadi. Biz ham ushbu ikkinchi yondashuvni qo‘llab quvvatlagan holda fikrimizni davom ettiramiz.
Sukuk – ("sakk"ning ko‘pligi, arab tilidan akt, hujjat, chek) investitsion faoliyat yoki uning aktiviga nisbatan egalik huquqidagi ulushini ko‘rsatuvchi shariat tamoyillariga asoslangan emissiyaviy qimmatli qog‘oz bo‘lib, turiga ko‘ra foyda va zararga sherikchilikni ifodalaydi, qaytarilishi (to‘lanishi, so‘ndirilishi) va foyda darajasi loyiha xatariga asoslanadi.
Soddaroq qilib aytganda, sukuklar oddiy aktsiya va obligatsiyalarning ayrim jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan islom qimmatli qog‘ozi hisoblanadi. Sukuk chiqaruvchi uni sarmoyadorlarga sotadi va undan tushgan pul mablag‘larini ma’lum bir loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiradi. Sarmoyador va sukuk chiqaruvchi (emitent) ushbu loyiha foydasidan manfaatdor hisoblanadi va sof foyda avvaldan belgilangan ulushda taqsimlanadi".

O‘zbekiston sukukiga nega qiziqish kuchli?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hali O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq faqat islomiy moliya talablari asosida sarmoya kiritish istagidagi xorijlik puldorlar ko‘p bo‘lgan.
Ammo O‘zbekiston bank tizimi islomiy moliya talablariga javob bermas, islomiy moliya huquqiy asoslari yaratilmagan edi.
Shu yil boshidan bu yo‘nalishda sezilarli qadamlar qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini ochishga bag‘ishlangan qonunni imzoladi.
Iyul oyi boshidan kuchga kirgan qonunga muvofiq, 2026 yili O‘zbekistondaa kamida bitta tijorat bankida islomiy "darcha" faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.
"Kapital bozori to‘g‘risidagi" qonun qabul qilinishi bilan O‘zbekistonda sukuk chiqarish uchun alohida huquqiy asos zamini yaratiladi.
Shu vaqtgacha islomiy moliyasi tamoyillari asosida yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyati cheklangan, yangi qonun qabul qilinishi bilan, "Islom moliyasi" ekspertlariga ko‘ra:
- mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish imkoniyati kengayadi;
- Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari(GCC)dan sarmoya kirib kelishi tezlashadi;
- infratuzilma, energetika va transport sohalari uchun qo‘shimcha mablag‘ manbalari paydo bo‘ladi;
- O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi islom moliyasi markazlaridan biriga aylanishi mumkin.

Surat manbasi, Telegram/Islom moliyasi
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun zarur infratuzilmani yaratish haqidagi Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori 2018 yili e’lon qilingan, oxirgi yillarda bu maqsaddagi harakatlar sust borayotgani haqidagi tanqidlar ham bildirildi.
"Dunyoda 4 trillion dollarlik bozor ochiq turipti. Bu bozor O‘zbekiston ochilishini kutayapti, xolos", deyishdi soha bilimdonlari.
Dunyodagi halol moliyaviy mahsulotlarni solishtirish va tanlash uchun mo‘ljallangan platforma - HalalWalletning so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, jami islomiy moliya aktivlari 4,5 trillion dollardan oshgan.
Islomiy moliyaviy xizmatlar bo‘yicha xalqaro kengash (IFSB) ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda jahon islomiy moliya aktivlari 3,88 trillion dollarga yetgan, yillik o‘sish 14,9% ni tashkil qilgan.
Manbalardagi farq metodologiyalar turlichaligi bilan izohlanadi.
Ammo umumiy holat quyidagicha: islomiy moliya aktivlari 2024–2026 yillar oralig‘ida 3,9 – 4,5 trillion dollar atrofida o‘sgan.
Shuning uchun O‘zbekiston qanchalar tez islomiy moliya bozoriga ochilsa, shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor manfaatlaridan tezroq foyda ko‘radi.






























