Rossiya qanday qilib yaralangan askarlarni yana frontga jo‘natyapti?

Fonda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qora-ko‘k rangli pidjak va oq ko‘ylakda qo‘l silkitayotgani aks etgan yaqindan olingan surati ko‘rinadi. Oldingi planda esa oq, ko‘k va qizil gorizontal chiziqlardan iborat Rossiyaning kichik bayrog‘i atrofini o‘nta to‘q yashil o‘yinchoq askar qurshab olgan.

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi "Fuqaro. Armiya. Huquq" tashkiloti rahbari Sergey Krivenkoning aytishicha, ko‘plab sobiq mahkumlar amalda armiyadan chiqa olmay qolgan.
    • Author, BBC Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Minani bosib qo‘yganidan so‘ng Oleg Shikin bosh suyagiga parchalar kirishi, yuzi va qo‘li kuyishi, chap ko‘zi, ko‘kragi, qo‘llari va oyoqlari jarohatlanishi oqibatida shifoxonaga yotqizildi. Jarrohlar uning bosh suyagining bir qismini olib tashlashga majbur bo‘ldi.

Shikin jazoni ijro etish koloniyasidan ozod etilishi evaziga armiya bilan shartnoma imzolagandi. So‘nggi to‘rt yil davomida Rossiya Ukrainaga qarshi urush uchun ko‘proq askar yollashga intilar ekan, o‘n minglab mahkumlar ham xuddi shunday qaror qabul qilgan.

Davolangach, Shikin harbiy-tibbiy komissiyaga yuborildi. Komissiya uning "harbiy xizmatga yaroqsiz" yoki yo‘qligini aniqlashi kerak edi. Urush vaqtida aynan shu maqom askarni xizmatdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi.

Shifokorlar unga bir oylik mehnatga layoqatsizlik ta’tilidan so‘ng qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tishni tavsiya qildi. Ammo buning o‘rniga, boshiga titan plastina o‘rnatilgan holda Shikin yana frontga qaytarildi.

Rossiya davlat axborot agentligi Sputnik tarqatgan suratda Vladimir Putin oq ko‘ylak, ko‘k kostyum va galstukda gospital palatasida turgani aks etgan. U ko‘k pijama kiygan, karavotda yotgan bemorning atrofida saf tortgan besh nafar harbiy xizmatchi bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda. Bemor Rossiya prezidentiga yarim tabassum bilan qarab yotibdi. Fonda och krem rangli pardalar ilingan katta deraza va oq rangli isitish batareyasi ko‘rinadi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil oktyabr oyida Moskvadagi harbiy gospitalga tashrif buyurib, Ukrainadagi urushda jarohatlangan askarlar bilan uchrashdi.

Shikinning ishi BBC Rus xizmati aniqlagan o‘nlab shunday holatlardan biri, xolos. Ommaviy foydalanish mumkin bo‘lgan sud hujjatlarida komandirlar yaralangan askarlarni qonunda belgilangan majburiy tibbiy ko‘rikka yuborish o‘rniga yana jang maydoniga qaytargani haqidagi takroriy da’volar keltirilgan.

Rossiyaning "Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi qonuni"ga muvofiq, "harbiy xizmatga yaroqsiz" yoki "qisman yaroqli" deb topilgan harbiy xizmatchilar muddatidan avval xizmatdan bo‘shatilishi mumkin. Bu maqomni terapevt, jarroh, nevropatolog, psixiatr, oftalmolog, quloq-burun-tomoq shifokori, stomatolog va zaruratga qarab boshqa mutaxassislardan iborat harbiy-tibbiy komissiya belgilaydi.

To‘liq tarkibdagi harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tkazilmagan Shikin buni qonunga zid deb hisoblab, Nijniy Novgorod harbiy sudiga shikoyat qildi. Sud, ko‘rinishicha, uning da’vosini asosli deb topib, komandiriga Shikinni tegishli tibbiy komissiyadan o‘tkazishni ta’minlashni buyurgan.

Biroq hujjatlar shu yerda tugaydi. Shundan keyin internetda Shikin haqida boshqa hech qanday ma’lumot uchramaydi. U qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tgan-o‘tmagani, hatto hozir tirikmi yoki halok bo‘lganmi noma’lum qolmoqda.

2026 yil 9 may kuni Moskvada Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining navbatdagi yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan G‘alaba kuni paradida yashil harbiy forma kiygan, qurollangan bir guruh askar saf tortib o‘tmoqda. Ularning chap oyoqlari bir vaqtning o‘zida oldinga tashlangan. O‘rtadagi askar oldinga qarab keng tabassum qilmoqda, qolganlari esa jiddiy qiyofada yon tomonga, kamera tomon nazar tashlagan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tibbiy ko‘riklardan norozi bo‘layotganlar faqat sobiq mahkumlar emas.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi "Fuqaro. Armiya. Huquq" tashkiloti rahbari Sergey Krivenkoning aytishicha, ko‘plab sobiq mahkumlar amalda armiyadan chiqa olmay qolgan va bu holat ularni urushda «bepisandlik bilan qurbon qilish»ga imkoniyat yaratmoqda.

Masalan, Janubiy hududiy harbiy sud Rustam Farzalievning jinoiy o‘tmishi uning armiyadan bo‘shatilishiga to‘sqinlik qiladi, degan qaror chiqargan. Holbuki, u "ijtimoiy ahamiyatga ega kasallik" sababli «qisman harbiy xizmatga yaroqli» deb topilgan edi.

Yana bir sobiq mahkum Vitaliy Kamenyuk esa uni harbiy xizmatga yaroqli deb topish uchun faqat bir nafar nevropatologning xulosasiga tayanilganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, "og‘ir jarohat" olgani qayd etilgan dastlabki tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lishiga qaramay, uni to‘liq harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tkazish rad etilgan.

Shu bilan birga, barmoqlarini yo‘qotgan yoki inson immunitet tanqisligi virusi (OIV), sil, saraton yoki ruhiy kasalliklar kabi xastaliklarga chalingan oddiy ko‘ngillilar "qisman harbiy xizmatga yaroqli" deb topilib, xizmatdan bo‘shatilgan.

Biroq harbiy-tibbiy ko‘riklardan norozi bo‘layotganlar faqat sobiq mahkumlar emas.

Sankt-Peterburgdagi yollash plakatida boshiga kaska kiygan, yuzining quyi qismi yopilgan harbiy xizmatchi tasvirlangan. Qizil fonda rus tilidagi yozuvlar, raqamlar, telefon raqami va QR-kod joylashtirilgan bo‘lib, ular shartnoma asosida xizmat qiladigan harbiylarga yiliga 7 million rublgacha, yoki oyiga 210 ming rubl maosh va’da qiladi. Plakat atrofidagi qora oynada esa ko‘cha manzarasining aksini ko‘rish mumkin.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Sankt-Peterburgdagi yollash plakatida shartnoma asosida xizmat qiladigan harbiylarga yiliga 7 million rublgacha (taxminan 90 ming AQSh dollari) yoki oyiga 210 ming rubl maosh va’da qilingan.

2022 yilda yuz minglab zaxiradagi harbiylar safarbar etilgan paytda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi urush davri uchun maxsus ko‘rsatma chiqardi. Unga ko‘ra, safarbar qilinganlar harbiy qismga yetib kelgach, "yuqumli kasalliklar, shuningdek, safarbarlikka to‘sqinlik qiluvchi jarohatlar va kasalliklarni aniqlash maqsadida" dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak edi. Faqat ushbu ko‘rik davomida «harbiy xizmatga yaroqsiz» deb topilgan taqdirdagina ular to‘liq harbiy-tibbiy komissiyaga yuborilishi belgilangan.

Sud hujjatlarida zaxiradagi harbiy Dmitriy Yolkin o‘zini harbiy xizmatga yaroqli deb topishda faqat 11 yil avvalgi tibbiy hujjatlariga tayanilganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, hozirgi salomatligi umuman to‘liq baholanmagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

2023 yil iyun oyida o‘sha paytdagi Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov imzolagan yana bir ko‘rsatmaga muvofiq, gospitaldan chiqqan yoki kasallik ta’tilidan qaytgan harbiy xizmatchilarning xizmatga yaroqliligi, yaroqsizligi yoki qisman yaroqliligi to‘liq harbiy-tibbiy komissiya emas, balki harbiy qismning navbatchi shifokori yoki hatto feldsheri tomonidan baholanishi mumkin.

Bugungi kunda mahkumlar, talabalar va xorijdan ko‘ngillilarni yollash bo‘yicha keng qamrovli kampaniyalar olib borilayotgani hamda yuqori maoshlar taklif qilinayotganiga qaramay, Rossiyaning bir qator mustaqil nashrlari shartnoma asosida harbiy xizmatga kirishni istovchilar soni kamayib borayotganini xabar qilmoqda.

Ayni paytda frontda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni esa o‘sishda davom etmoqda.

2026 yil 9 may kuni Moskvada Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining navbatdagi yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan G‘alaba kuni paradi mashqlarida ishtirok etayotgan 15–20 nafar harbiy xizmatchining bosh va yelka qismi orqa tomondan tasvirlangan. Ular tepasida oq, ko‘k va qizil gorizontal chiziqlardan iborat Rossiya bayrog‘i hilpirab turibdi.

Surat manbasi, SOPA Images/LightRocket via Getty Images

Surat tagso‘zi, Buyuk Britaniya razvedkasiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri qariyb yarim million rossiyalik harbiy halok bo‘lgan.

BBC Rus xizmati hozirga qadar urush davomida halok bo‘lgan 233200 nafar rossiyalik harbiyning shaxsini aniqlab, ism-sharifini tasdiqlagan.

2026 yil may oyida esa Buyuk Britaniyaning Hukumat aloqa razvedkasi markazi (GCHQ) rahbari Rossiya 2022 yil fevralda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon qariyb 500 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ayni paytda jarohatlangan harbiylarning sudga murojaatlari ko‘payib borar ekan, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi urush davri uchun qabul qilingan ko‘rsatmalarni doimiy qonunchilikka aylantirishni taklif qildi.

Chaqiruvchilar, shartnoma asosida xizmat qilayotganlar va safarbar etilgan harbiylarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi "Vijdonga chaqiriq" koalitsiyasi advokatlaridan biri bu haqda shunday deydi:

"Aslida ular harbiy-tibbiy komissiyani oddiy tibbiy ko‘rik bilan almashtirmoqchi".

SOPA Images/LightRocket via Getty Images
Bu endi vaqtinchalik choralar sifatida ko‘rilmayotganini anglatadi. Ular shu tarzda o‘nlab yillar davomida urush olib borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ismini oshkor etmaslik sharti bilan BBCga gapirgan "Vijdonga chaqiriq" koalitsiyasi advokati
(Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Uning fikricha, bu Rossiya o‘z armiyasini uzoq muddatli asosda to‘ldirishga tayyorlanayotganidan dalolat beradi.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan BBC Rus xizmatiga gapirgan advokat shunday dedi:

"Bu endi vaqtinchalik choralar sifatida ko‘rilmayotganini anglatadi. Ular shu tarzda o‘nlab yillar davomida urush olib borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda".

BBC Rus xizmati Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligidan taklif etilayotgan qonunchilik o‘zgarishlari va harbiy xizmatchilarga to‘liq tibbiy ko‘rik o‘tkazilmagani haqidagi shikoyatlar yuzasidan izoh so‘ragan. Biroq vazirlik bu so‘rovga javob bermagan.