Tibbiy chiqindi yo mo‘’jizaviy davo: Chaqaloq yo‘ldoshi noqonuniy savdosi nega avj olmoqda?

Surat manbasi, Sebastian Kaulitzki/Science Photo Library
- Author, Asad Suhayb
- Author, Shahzod Malik
- Role, BBC News Urdu
- Published
- O'qilish vaqti: 7 daq
- Ogohlantirish: ushbu maqolada inson to‘qimalari aks etgan grafik tasvirlar mavjud.
Pokistonda shifoxonalardan inson platsentalarini olib chiqib, qarishga qarshi in’ektsiyalar tayyorlash uchun ishlatishda gumon qilinayotgan jinoiy guruh faoliyati yuzasidan tergov boshlandi.
Federal tergov agentligi (FIA) bu guruh har oy turli shifoxonalardan 200 kilogramm platsentani sotib olganini iddao qilmoqda.
FIA'ning BBC News Urdu'ga ma’lum qilishicha, ular platsentalarni quritib, qayta ishlov berganidan so‘ng xorijga jo‘natgan.
O‘tgan oy oxirida poytaxt Islomobodda o‘tkazilgan reyd vaqtida rasmiylar noqonuniy qayta ishlash korxonasida inson platsentasi ekani taxmin qilinayotgan 500 kilogramm mahsulotni aniqladi. Bu voqea besh kishining qo‘lga olinishiga sabab bo‘ldi.
Agentlik tarqatgan suratlarda «platsentani saqlash va qayta ishlash uchun moslashtirilgan korxona» deb ta’riflangan uy ichidagi aravachalarga joylangan patnislarda quritilgan platsentalar ko‘rsatilgan.

Surat manbasi, FIA
Pokiston Inson a’zolarini transplantatsiya qilish boshqarmasi xodimi Hina Kanval BBC News Urdu'ga ma’lum qilishicha, besh nafar gumonlanuvchi Islomobod va Ravalpindidagi shifoxonalarga har bir platsenta uchun taxminan 2,90 dollardan to‘lagan. Uning aytishicha, bu shifoxona ma’muriyatining hamkorligisiz amalga oshishi mumkin emas edi.
FIA ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu platsentalar xorijga olib chiqilib, qarishga qarshi in’ektsiyalar tayyorlash uchun ishlatilishi rejalashtirilgan. Har bir shunday in’ektsiyaning narxi 2530 dollarga baholangan.
Kanvalning aytishicha, kosmetik jarrohlik sohasida inson platsentasiga talab katta, ammo Pokistonda uni sotib olish yoki sotish noqonuniy hisoblanadi.
Tijoriy maqsadlarda inson a’zolarini olishda aybdor deb topilganlar 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi va 3600 dollargacha jarima to‘lashi mumkin.
FIA ma’lum qilishicha, mazkur jinoiy guruh faoliyati Lahor va Peshovar kabi boshqa yirik shaharlarga ham tarqalgan. Agentlik, shuningdek, ehtimoliy sheriklik holatlarini aniqlash maqsadida migratsiya xizmati xodimlari, chiqindilarni boshqarish kompaniyalari va shifoxonalar faoliyatini ham tekshirmoqda.

Surat manbasi, FIA
FIA rasmiysi BBC News Urdu'ga ma’lum qilishicha, agentlik avval ham «inson a’zolarini noqonuniy transplantatsiya qilishga qarshi bir qator choralar ko‘rgan», ammo bu inson platsentasi bilan shug‘ullanuvchi «uyushgan, xalqaro tarmoq»ga bog‘liq ilk ish hisoblanadi.
Rasmiylar aytishicha, besh nafar gumonlanuvchi dastlab qo‘y platsentasi bilan ishlayotganini aytgan, ammo qo‘shimcha so‘roqlardan so‘ng uning inson platsentasi ekanini tan olgan.
Shuningdek, FIA xodimlari Islomobod xalqaro aeroportida V’etnamga olib ketilayotgan 100 kilogramm inson platsentasini ushlab qolgan. V’etnamda bunday mahsulotlarni ishlatish taqiqlangan, garchi hayvon platsentasidan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lsa ham.
FIA hozirga qadar inson platsentasi savdosiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan jami to‘qqiz kishini hibsga olgan. Ularning barchasi hozircha hibsda saqlanmoqda.

Surat manbasi, FIA
Pokistonlik ginekolog Sadaf Tariqning aytishicha, "o‘ta yuqumli tibbiy chiqindi" hisoblanadigan platsentani yo‘q qilish qat’iy qoidalar asosida amalga oshiriladi.
U BBC News Urdu'ga ma’lum qilishicha, tug‘ruqdan so‘ng darhol platsenta alohida olinib, ichida platsenta borligi ko‘rsatilgan sariq rangli biologik xavfli chiqindilar xaltasiga mahkam yopiladi.
"Shundan so‘ng u chirib ketishi va yoqimsiz hid chiqarmasligi uchun tug‘ruq xonasi yoki operatsiya zalidan shifoxonaning markaziy sovitish xonasiga olib o‘tiladi», deydi u.
Tariqning aytishicha, platsentani ko‘pi bilan 24 soat saqlash mumkin.
"Shundan keyin platsenta kabi barcha patologik chiqindilar standart tibbiy tartib – yoqish usuli orqali yo‘q qilinadi. Bu davlat shifoxonasi bo‘ladimi yoki xususiy shifoxona - barchasida bir xil usul qo‘llanadi", deydi u.
Tariqning so‘zlariga ko‘ra, bu ishni hukumat tomonidan tasdiqlangan chiqindi shirkatlari amalga oshiradi. Har qanday shifoxona ularga bunday materiallarni topshirganda, muntazam hisob yuritiladi va bu qaydlar vakolatli organlar tomonidan doimiy ravishda tekshirib boriladi.
An’anaviy tabobatda qo‘llash
Platsenta – homiladorlik davrida bachadonda rivojlanadigan va ona qornidagi bolaning hayotini ta’minlaydigan vaqtinchalik a’zodir.
U kindik orqali bola bilan bog‘langan bo‘lib, unga kislorod va ozuqa moddalarini yetkazib beradi, shu bilan birga chiqindi moddalarni olib chiqadi.
Tabiiy tug‘ruqda platsenta bola tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay tug‘ruq yo‘li orqali chiqadi. Kesarevo kesish amaliyotida esa shifokorlar uni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlaydi.

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ammo ayrim odamlar oqsil, temir va yog‘ moddalariga boy bo‘lgan platsenta kattalar uchun ham foydali ozuqa deb hisoblaydi. Platsenta ekstraktlaridan asrlar davomida turli madaniyatlarda an’anaviy tibbiyotda foydalanib kelingan.
AQShda joylashgan Polaris bozor tadqiqotlari kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda jahon bo‘yicha qonuniy platsenta savdosi hajmi 700 million dollardan oshadi va 2034 yilga borib 1,4 milliard dollardan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Polaris ta’kidlashicha, bu o‘sish cho‘chqa, qo‘y, ot va inson platsentasi ekstraktlariga bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘liq.
"Platsenta nafaqat homiladorlik jarayonida muhim ahamiyatga ega – u tibbiyot va ilm-fanda ham muhim ob’ektga aylandi", deydi Polaris katta tahlilchisi Nitin Tambe.
"Chaqaloqlarni oziqlantirishdan tortib, yangi tibbiy davolash usullari va go‘zallik sohasidagi innovatsiyalarga turtki berishgacha bo‘lgan imkoniyatlari hali ham kengayib bormoqda", deya qo‘shimcha qiladi u.

Surat manbasi, Paola Tellez/Getty Images
Ajablanarlisi shundaki, platsentaning asosiy vazifasi – hayotning eng ilk bosqichlarida uni ta’minlash bo‘lganiga qaramay, undan olinadigan ko‘plab ekstraktlar qarish bilan bog‘liq holatlarni davolashga qaratilgan. Ular orasida:
- ajinlar;
- soch to‘kilishi;
- menopauza;
- bepushtlik;
- artrit bor.
Ammo tarkibida estrogen va progesteron kabi ko‘p miqdorda ayol gormonlari bo‘lgan platsenta ba’zi dorilar tayyorlashda ham qo‘llanadi. Ayrimlar bu dorilardan tug‘ruqdan keyingi depressiyani davolashda foydalanadi.
Shuningdek, u odatiy davolash usullari samarasi cheklangan ayrim holatlarda, jumladan, autoimmun va nevrologik kasalliklarda – insult, surunkali charchoq sindromi, Parkinson kasalligi mobaynida sklerozlar, mushak distrofiyasi, shuningdek jigar kasalliklari, Kron kasalligi va hatto saraton kabi holatlarda ham qo‘llanib kelingan.
"Tadqiqotlar shuni ham ko‘rsatadiki, platsenta temir miqdorini oshirish va tug‘ruqdan keyingi kamqonlikni davolashga mo‘ljallangan dorilarda foydali bo‘lishi mumkin", deydi Tariq.
Shuningdek, undan to‘qimalar tiklanishiga yordam berishi mumkinligi aytilgan tabletka va in’ektsiyalar ham tayyorlangan.
"Ayniqsa, platsentaning ichki qatlami o‘sish omillariga ega xususiyatlari bilan tanilgan. U chuqur jarohatlar, og‘ir kuyishlar, yaralar va ko‘z jarohatlari kabi holatlarda jarrohlik amaliyotlariga yordamchi davolash sifatida ham qo‘llanadi", deydi Tariq.
Biroq bu amaliyotlar ortidagi ilmiy dalillar darajasi turlicha, dunyo mamlakatlaridagi ularga oid qoidalar ham bir-biridan farq qiladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Yaponiyaning Japan Bio Products (JBP) kompaniyasi Osiyo bo‘ylab 100 foiz kukun holatiga keltirilgan platsentadan tayyorlangan kapsulalarni parhez qo‘shimchalari sifatida eksport qiladi. Mahsulot tarkibi ayrim bozorlarga qarab inson platsentasi, shuningdek, cho‘chqa yoki ot platsentasidan tayyorlanishi mumkin.
"Osiyoliklar platsenta asosidagi mahsulotlarga nisbatan ochiqroq munosabatda bo‘lishadi, chunki ayrim xalqlarda, masalan, xitoyliklarda platsentani iste’mol qilish an’anasi tarixan mavjud", dedi JBP kompaniyasining Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi bo‘yicha menejeri Uinston Ooy NutraIngredients yangiliklar saytiga.
"Internetda ma’lumotlar ko‘payib borayotgani sababli odamlar platsenta asosidagi mahsulotlar haqida ko‘proq xabardor bo‘lmoqda va ularga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda", deya qo‘shimcha qiladi u.
Xitoydagi noqonuniy savdo
Xitoyda inson platsentasini tijoriy maqsadlarda sotish taqiqlangan bo‘lsa-da, yangi platsenta hali ham yashirincha bozorlarda va turli nomlar ostida bir qator onlayn platformalarda sotilmoqda.
Onlayn savdogarlardan biri Global Times gazetasiga bitta inson platsentasini 50 dollardan ortiq narxga sotishini aytgan.
"Agar ko‘proq miqdorda sotib olsangiz, narxni 40 dollarga tushirishim mumkin", degan u davlat nazoratidagi nashrga. "Biz xomashyoni kilosi uchun 30 dollardan sotib olamiz".
Huquqshunos Chjan Boning nashrga ma’lum qilishicha, qonunbuzarlar odatda noqonuniy daromadlari miqdorining besh baravaridan kam bo‘lgan jarimaga tortiladi. "Agar jarima, masalan, noqonuniy daromad miqdorining 50 baravariga oshirilsa, qonunbuzarlar qilmishining oqibatlari va xarajatlari haqida o‘ylanishlari mumkin", deb qo‘shimcha qilgan u.
Xitoyning markaziy qismidagi Xunan viloyatidagi davlat shifoxonasida ishlovchi an’anaviy xitoy tibbiyoti farmatsevti Yaoning Global Times nashriga aytishicha, qadimgi Xitoy an’anaviy tibbiyotida inson platsentasi asosan immunitetni kuchaytirish yoki astma va bronxitni davolash uchun qo‘llangan.

Surat manbasi, Tribune News Service via Getty Images
Ammo Shanxay Xalq shifoxonasi ginekologi doktor Xuan Chenshengning aytishicha, sanitariya talablariga javob bermaydigan platsentalarni iste’mol qilish orqali ham infektsiya yuqishi mumkin.
"Bunday platsentalarda OIV, gepatit B va sifilis kabi viruslar bo‘lishi ehtimoli bor", deydi u.
Shunga qaramay, "ko‘plab yangi onalar platsentani yo‘q qilish o‘rniga, uni uyga olib ketish va iste’mol qilishni tanlaydi", deydi doktor Xuan.
Yangi ona bo‘lgan ayollardan biri nashrga uning onasi ham, qaynonasi ham platsentasini yeyishlari mumkinmi, deb so‘raganini aytgan. "Men ularning uni yeyishini xohlamayman. Bu jirkanch", degan u Global Times nashriga.
Shanxayda yashovchi yana bir ayol esa nashrga shifoxona yaqinidagi do‘konga taxminan 7 dollar to‘lab, platsentasini kukun holatiga keltirib, kapsulalarga joylatganini aytgan. "Bu sog‘lig‘i yomon bo‘lgan qaynotam uchun edi", deb qo‘shimcha qilgan u.
Xitoy sharqidagi Chjetszyan provintsiyasida xuddi shunday xizmatni uyga yetkazib berish orqali ko‘rsatadigan yana bir ayol nashrga uning biznesiga internetdagi reklama cheklovlari ta’sir qilganini, "ammo haqiqiy talab hali ham kuchliligini" aytgan.

























