Suriyadagi o‘zbeklar hukumatni nimadan ogohlantirmoqda?

Bayonot o‘zbek va arab tillarida chiqarilgan

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

Surat tagso‘zi, Bayonot o‘zbek va arab tillarida chiqarilgan
O'qilish vaqti: 3 daq

IShIDga aloqardorligi aytilgan muhojir o‘zbeklar Suriyada "ta’lim va savdo bilan bandmiz", demoqda. Ular yuzlab muhojirlarni nishonga olish "nihoyatda xavfli yo‘l" ekanini aytib ogohlantirgan. Kuzatuvchilar bu voqealarni Suriyadagi xorijlik jangchilar masalasidagi yangi bosqich sifatida baholamoqda.

Arab va o‘zbek tillarida e’lon qilingan bayonot 10 may sanasi bilan tarqatilgan. BBC monitoring u "al-Muhojirin al-O‘zbek" ("O‘zbek muhojir") nomli Telegram kanali orqali yoyilganini yozgan. Kanal o‘zini Suriyadagi o‘zbeklar guruhi sifatida tanishtiradi va so‘nggi kunlarda hukumat bilan yuzaga kelgan taranglik haqida bir qator xabarlar e’lon qilib kelmoqda.

Kanal so‘nggi haftada Idlibda o‘zbek va tojik muhojirlari qo‘lga olingani haqida video ham tarqatgan edi.

Bu bayonot Suriya hukumati kuchlari va ayrim o‘zbek guruhlari o‘rtasida 5 may atrofida boshlangani aytilgan to‘qnashuvlar fonida paydo bo‘ldi. Internetdagi radikal guruhlar va IShID tarafdorlari bu voqealarni yaqindan kuzatib, muhojirlarga nisbatan bosim haqidagi iddaolarni faol tarqatmoqda.

Bayonotda nimalar deyilgan?

Facebook
Yuzlab muhojirlarni faqat vazirlikka tegishli bo‘lmagani uchun nishonga olish noqonuniy, zolimona va nihoyatda xavfli yo‘ldir. Eng qiyin paytlarda siz bilan birga turdik.
Suriyadagi o'zbek muhojirlari
Batafsil: bbc.com/uzbek

O‘zbek va arab tillarida yozilgan bayonotga ko‘ra, 9 may kuni Suriya Mudofaa vazirligiga aloqador o‘zbeklar hamda "mustaqil" deb ta’riflangan o‘zbeklar o‘rtasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Unda Suriya armiyasidagi "Abdul Aziz O‘zbekiy" nomli o‘zbek qo‘mondoni "hukumat bilan ishlamaydigan o‘zbeklar IShID a’zolari" ekanini aytgani va bunday shaxslar "qidirib topilib qamalishi" haqida ogohlantirgani iddao qilingan.

So‘nggi kunlarda o‘zbek va tojik muhojirlari qo‘lga olingani haqida bir necha da’volar tarqaldi. "O‘zbek muhojir" kanali tarqatgan videoda Suriya hukumati amalga oshirgan "kampaniya" davomida 23 muhojir hibsga olingani aytilgan.

Bayonotda "mustaqil" o‘zbeklar o‘zlarining IShID bilan bog‘liqligi haqidagi ayblovlarni rad etib, "Suriya Mudofaa vazirligiga bog‘liq bo‘lmagan muhojir bo‘lish jinoyat emas" deya ta’kidlaydi.

Shuningdek, ularning aksariyati ta’lim yoki savdo bilan shug‘ullanishi aytilgan. Bayonot mualliflari hukumatni o‘z siyosatini qo‘llab-quvvatlamagan muhojirlarga qarshi "ekstremizm" ayblovlaridan foydalanayotganlikda ayblab, bunday yondashuvni "noqonuniy, zolimona va nihoyatda xavfli" deb atagan. Bayonotdan bu kabi muhojirlar bzlab ekanligiga ishora berilgan.

"Yuzlab muhojirlarni faqat vazirlikka tegishli bo‘lmagani uchun nishonga olish noqonuniy, zolimona va nihoyatda xavfli yo‘ldir", deyiladi unda.

Bayonotda o‘zbek jangchilari va boshqa xorijlik qurolli guruhlar Bashar Asad hukumatiga qarshi urushda qatnashgani ham eslatilgan.

"Eng qiyin paytlarda siz bilan birga turdik. Bugun esa xavfsiz yashashni istaymiz", — deyiladi unda. Mualliflar "bu huquqimiz tortib olinishiga yo‘l qo‘ymaymiz" deya ogohlantirgan.

O‘zbeklar o‘rtasida bo‘linish haqida iddaolar

Bayonotda Suriyadagi o‘zbeklar o‘rtasidagi ehtimoliy ichki bo‘linishlar ham tilga olingan. Xususan, hukumat kuchlariga qo‘shilganlar va "mustaqil" qolganlar o‘rtasida ziddiyat kuchaygani aytilgan.

Mualliflar iddaosicha, Suriya hukumati qurolli kuchlarda xizmat qilayotgan ayrim o‘zbeklardan boshqa o‘zbeklar haqida ma’lumot to‘plash uchun foydalanmoqda.

Bayonotda bu ayrim hollarda shaxsiy adovat yoki imtiyozlar — unvonlar, uylar, pul va qimmatbaho mashinalar evaziga amalga oshirilayotgani aytilgan.

"Bugungi kunda esa ular rahbarlarining har qanday talabini, hatto eng zolimona buyruqlarini ham bajarishga tayyor bo‘lib qolganlar", — deyiladi matnda.

Munosabatlar qanday bo‘ldi?

Bayonot 11 may kuni internetdagi qator qattiqqo‘l diniy-siyosiy kanallar tomonidan tarqatildi. Ular orasida Hamid al-Qavsiy va Kanadada yashovchi Toriq Abdulhalim kabi shaxslar ham bor.

IShID tarafdori bo‘lgan ko‘plab akkauntlar esa voqealarni masxaraomuz tarzda sharhlab, o‘zbek muhojirlari "o‘z vaqtida IShIDga qo‘shilishi kerak edi" degan fikrlarni ilgari surdi.

Ayni paytda rus tilidagi IShID tarafdori kanallar Suriya hukumati muhojirlarga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgani haqidagi iddaolarni faol tarqatmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu Markaziy Osiyo auditoriyasi orasida Suriya hukumatiga qarshi kayfiyatni kuchaytirishga urinish bo‘lishi mumkin.

"Xorijlik jangchilarni ichidan parchalash"

11 may kuni "al-Muhojirin al-O‘zbek" kanali Turkiyada joylashganini aytgan "al-Rushd strategik tadqiqotlar markazi" tahlilini ham tarqatdi.

Unda so‘nggi voqealar "alohida hodisa emas, balki Suriya hukumatining xorijlik jangchilarga nisbatan yangi bosqichdagi siyosati" sifatida baholangan.

Markaz tahliliga ko‘ra, endi muhojirlarga munosabat ularning Asadga qarshi urushdagi o‘tmishidan emas, balki hozirgi paytda Mudofaa vazirligi bilan aloqasi bor-yo‘qligidan kelib chiqib belgilanmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Tahlilda "keyingi navbat kimga — frantsuzlargami yoki turkistonliklarga?" degan savol ham qo‘yilgan.

Mualliflar Suriya hukumati o‘zbeklarni bir-biriga qarshi qo‘yayotgani haqidagi iddaolarga ishora qilib, "agar bu rost bo‘lsa, biz oddiy bosim emas, balki muhojirlar jamoasini ichidan parchalash jarayoniga guvoh bo‘lmoqdamiz", degan xulosani keltirgan.

Avvalroq IShID tarafdori ayrim kanallar Suriyadagi o‘zbeklar keyinchalik Turkiya orqali O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ham ogohlantiruvchi xabarlar tarqatgan edi.