Eron yutsinmi yo yo‘q? Islom Respublikasini rad etuvchi muxlislar qarshisidagi og‘ir tanlov

2026 yil 15 iyunь kuni Inglvud shahridagi Los-Anjeles stadionida Eron va Yangi Zelandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati–2026ning G guruhi bahsi oldidan bir eronlik muxlis inqilobdan oldingi Eron bayrog‘ini namoyish etmoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, FIFA tomonidan inqilobgacha bo‘lgan davr bayroqlari stadionlarga kiritilishi taqiqlangan bo‘lsa-da, Yangi Zelandiyaga qarshi kechgan o‘yinda ba’zi muxlislar ularni maydonga olib kirishgan.
Published
O'qilish vaqti: 7 daq

Eronni qo‘llab-quvvatlash kerakmi yoki yo‘q? Jahon chempionati muhiti qizib borar ekan, aynan shu savol mamlakatdan tashqaridagi eng yirik eronliklar jamoasini ikkilantirmoqda.

Los-Anjelesdagi SoFi stadionidan uncha uzoq bo‘lmagan, ko‘p sonli eronliklar yashaydigan "Tehranjeles" mahallasida Eronning uch rangli bayrog‘i deyarli har qadamda ko‘zga tashlanadi. Ammo bu Islom Respublikasining rasmiy bayrog‘i emas. Bu - inqilobgacha bo‘lgan Arslon va Quyosh tasvirli bayroq bo‘lib, u Eronning amaldagi hukumatiga qarshi qarshilik ramzi sifatida ko‘tariladi.

FIFA ushbu bayroqni siyosiy ramz deb baholab, uni Jahon chempionati o‘yinlari o‘tkaziladigan maydonlarga olib kirishni taqiqladi. Shunga qaramay, Eronning 16 iyun kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazgan ilk uchrashuvida ayrim muxlislar uni stadion ichiga olib kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Eron ishtirokidagi o‘yinlarni siyosiy tus olgan deb atashning o‘zi kamlik qiladi. Shuning uchun ham Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Belgiyaga qarshi ikkinchi bahsda ham his-tuyg‘ular yanada yuqori darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Xavfsizlik sabablari tufayli ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan Los-Anjeleslik amerikalik-eronlik ayol shunday dedi:

"Biz jamoamizni ko‘rishni va uning g‘alaba qozonishini istaymiz. Lekin shu bilan birga Eron Islom Respublikasi, uning hukumati va bosim siyosatidan nafratlanamiz".

Bu murakkab his-tuyg‘ularni yanada kuchaytirayotgan omil shundaki, musobaqa o‘yinlarining aksariyati fevral oyida Eronga qarshi urush e’lon qilgan mamlakatda o‘tkazilmoqda.

Janglarni tugatish bo‘yicha yangi kelishuv imzolanib, quroli mojaroga nuqta qo‘yishga harakat qilinayotgan bir paytda, fors tilida "milliy jamoa" ma’nosini anglatuvchi "Team Melli" o‘zining yettinchi Jahon chempionati ishtirokini boshlamoqda. Ammo ko‘plab eronliklar bu jarayonni ziddiyatli his-tuyg‘ular bilan kuzatmoqda.

2026 yil 15 iyun kuni Los-Anjeles stadionidagi Eron — Yangi Zelandiya o‘yini oldidan eronlik muxlis.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘plab eronliklar - ashaddiy futbol muxlislari, ammo ayrimlar milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qiynalmoqda.

"Bu mening jamoam emas", - dedi Tehranjelesdagi gilam do‘koni egasi Erik Saddit.

"U Eronni ifoda etmaydi va uni qo‘llab-quvvatlash Inqilobchilar gvardiyasini qo‘llab-quvvatlash bilan barobar", - deya qo‘shimcha qildi u. Bu bilan u Islomiy tuzumni himoya qiluvchi qudratli harbiy va siyosiy kuchni nazarda tutgan edi.

Ammo barcha ham terma jamoani davlat siyosati yoki amaldagi hukumatning davomi sifatida ko‘rmaydi.

Jamoaning 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvida Eron milliy madhiyasi yangraganda eshitilgan norozilik sadolari o‘yin boshlanishi bilan qo‘llab-quvvatlov qichqiriqlariga almashdi.

Los-Anjelesda yashovchi yana bir amerikalik-eronlik Elika 2020 yilda vafot etgan otasi bilan birga futbol o‘yinlarini tomosha qilib katta bo‘lgan.

"Otam xotirasi uchun, shuningdek, tinchlikni va shunday o‘yinlardan bahra olish imkonini istaydigan eronliklar hurmati uchun kelmay ilojim yo‘q edi", - dedi u.

Eron milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yini arafasida Los-Anjeles stadioni tashqarisida norozilar inqilobgacha bo‘lgan Eron bayroqlari va boshqa bayroqlarni ko‘targan holda Eron Islom Respublikasiga qarshi namoyish o‘tkazmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eronning Yangi Zelandiyaga qarshi birinchi o‘yini keskin his-tuyg‘ular ostida o‘tdi. Belgiyaga qarshi ikkinchi uchrashuvda ham shunga o‘xshash muhit bo‘lishi kutilmoqda.

"Dunyoning barcha burchaklaridagi eronliklar uchun o‘ynayapmiz"

Futbol jinnisi bo‘lgan Eronning ichkarisida esa urush tufayli bu Jahon chempionatiga nisbatan biron-bir ishtiyoq uyg‘otish qiyin bo‘lmoqda.

"Haftalab davom etgan har kungi bombardimonlar ostida yashash va hozirda inflatsiya sababli hayotning haddan tashqari qiyinlashib, qimmatlashib ketganidan so‘ng, Jahon chempionatini tomosha qilish va undan zavqlanish xuddi bir fantastika yoki xomxayoldek tuyulmoqda", - deydi xavfsizlik vajidan ismi o‘zgartirilishini so‘ragan Bafi ismli eronlik ayol Bi-Bi-Si Jahon xizmatiga bergan intervyusida.

Ismi sir qolishini xohlagan yana bir suhbatdosh ham "Team Melli"ni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z ichki qarashlari va his-tuyg‘ularini murosa qildirishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

"Men karaxt bo‘lib qolganman, - deydi u. Jamoaning xursand bo‘lganini yoki g‘alabani nishonlayotganini ko‘rish menga yoqadi, lekin o‘zim hech narsani his qilmayapman".

Eronlik futbolchilar esa, o‘z navbatida, birlashtiruvchi kuch bo‘lishni xohlashlarini ta’kidlashdi.

"Biz dunyoning barcha chekkalaridagi eronliklar uchun o‘ynayapmiz", - dedi hujumchi Mehdi Taremi jurnalistlarga.

Biroq, turli siyosiy kuchlar o‘z manfaatlari yo‘lida "Team Melli"dan ochko yig‘ish maqsadida foydalanishga urinayotgan bir paytda, bu juda qiyin vazifadir.

"Siyosiy qarashlardan qat’i nazar, jamoani chin dildan sevadigan haqiqiy muxlislar bazasi bor. Ammo bu muxlislar guruhini parchalash va eronliklarni o‘zaro bo‘lib tashlashga urinishlar ham bo‘lmoqda", - deydi Vashingtondagi Amerika Katolik universiteti media tadqiqotlari professori, eronlik-amerikalik Niki Axavan.

"Va, albatta, o‘zining siyosiy maqsadlariga ega bo‘lgan hamda Eron madaniyatining barcha ramzlariga egalik qilishni istaydigan davlat hokimiyati ham bor".

2026 yil 15 iyunь kuni Los-Anjeles stadionidagi Eron — Yangi Zelandiya o‘yini oldidan Mehdi Taremiy va Eron terma jamoasi futbolchilari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eronlik futbolchilar esa, o‘z navbatida, birlashtiruvchi kuch bo‘lishni xohlashlarini ta’kidlashdi.

Siyosiy ziddiyatlar jamoaning Jahon chempionatidagi tayyorgarligi va harakatlanish rejalariga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Viza va xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Eron terma jamoasi Arizona shtatidagi Tuson shahridagi bazasini tark etib, Meksikaning chegara yaqinidagi Tixuana shahriga ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Futbolchilar doimiy qatnovlardan norozilik bildirgan bo‘lsa, ayrim kuzatuvchilar bu vaziyatning qanchalik adolatli ekanini savol ostiga qo‘ydi.

19 iyun kuni tarqatilgan bayonotda Eron futbol federatsiyasi safarlarga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan FIFAga rasmiy shikoyat qilishini ma’lum qildi. Amaldagi viza shartlariga ko‘ra, jamoa AQShga o‘yindan atigi bir kun oldin kirishi va uchrashuv bo‘lib o‘tgan kuniyoq mamlakatni tark etishi lozim.

Federatsiya bu holatni:

"Musobaqada ishtirok etayotgan barcha jamoalar uchun teng sharoit yaratish tamoyiliga zid", - deya baholadi.

Oq uyning FIFA bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Juliani esa Eron o‘z o‘yinlari bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘lishini avvaldan bilganini ta’kidladi.

Beqaror vaziyatlar soyasida

"Eron doimo qandaydir siyosiy yoki ijtimoiy beqarorliklarni boshdan kechiradi. Futbol ham hech qachon uni o‘rab turgan geosiyosiy voqealardan alohida bo‘lmagan" - dedi professor Axavan

Eron 1978 yilda Jahon chempionatida ilk bor qatnashganidan buyon milliy jamoa ishtirokida siyosiy tus olgan ko‘plab voqealar kuzatilgan. Ular orasida Eron 1980 yilda diplomatik aloqalarni uzgan AQShga qarshi 1998 yilgi bahs ham bor.

Maydondan tashqarida esa har ikki jamoa xavfsizligi borasida xavotirlar mavjud edi. O‘yin arafasida AQSh prezidenti Bill Klinton murosaga chaqiruvchi nutq so‘zlab, shunday degan edi:

"Bugun amerikalik va eronlik sportchilar o‘rtasidagi o‘yinni kuzatar ekanmiz, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik uzoqlashuvga barham berish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘lishiga umid qilaman."

"Team Melli" AQShni 2:1 hisobida mag‘lub etib, uni Jahon chempionatidan chiqarib yuborganida, Eron shaharlarida minglab muxlislar ko‘chalarga chiqib, g‘alabani nishonlagan edi.

1998 yil 21 iyunь kuni Frantsiyaning Lion shahridagi “Park Olimpik” stadionida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining birinchi bosqich uchrashuvi oldidan Eron va AQSh terma jamoalari saf tortgan holda turibdi.

Surat manbasi, Anychance/Getty Images

Surat tagso‘zi, Avvalgi Jahon chempionatlari ham Eron uchun siyosiy tusga ega bo‘lgan edi. Bunga 1998 yilda AQShga qarshi o‘tkazilgan o‘yin misol bo‘la oladi.

2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati paytida Eronda Mahsa Aminining hibsxonada vafot etishi ortidan keng ko‘lamli hukumatga qarshi namoyishlar avj olgan edi. Amini qat’iy hijob qoidalarini buzganlikda gumon qilinib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan bo‘lgan.

Professor Axavanning fikricha, aynan o‘sha paytda, "Ayollar, hayot, ozodlik" harakati avj olgan davrda, milliy terma jamoani boykot qilish chaqiriqlari ancha kuchli edi. Ko‘pchilik: "Bu Eronning jamoasi emas, bu davlatning jamoasi", deb aytgan edi.

Ayollar huquqlari

Eronda ayollar uchun sport tomosha qilishning o‘zi ham uzoq vaqt davomida cheklanib kelingan.

1979 yilgi Islom inqilobidan keyin o‘nlab yillar davomida ayol muxlislarga erkaklar ishtirokidagi sport musobaqalarini stadionda tomosha qilish taqiqlangan edi.

2019 yilda bir ayol futbol stadioniga kirishga uringani uchun hibsga olindi. Sud jarayoni kechiktirilganidan so‘ng Sahar Xudoyariy o‘zini yoqib yubordi va bir haftadan keyin vafot etdi. Bu voqea keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lib, hukumatga mavjud cheklovlarni yengillashtirish borasidagi bosimni kuchaytirdi.

2022 yil avgust oyida eronlik ayollarga milliy futbol chempionati uchrashuvini tomosha qilishga ruxsat berildi. Biroq o‘sha yilning o‘zida, Human Rights Watch ma’lumotiga ko‘ra, Qatardagi Jahon chempionati saralash bahsini ko‘rish uchun kelgan ayol muxlislar Eronning sharqiy qismidagi bir stadionga kiritilmagan.

Human Rights Watch bu haqda shunday degan:

"Bu taqiq qonun yoki rasmiy me’yorlarda belgilanmagan bo‘lsa-da, hokimiyat uni o‘nlab yillar davomida muntazam ravishda qo‘llab kelgan".

2023 yilda rasmiylar esa: "Ayollar stadionlarga kelishi uchun zarur sharoitlar tayyorlanmoqda", - deb ma’lum qildi.

2022 yil 25 avgust kuni Tehrondagi Ozodiy stadionida bo‘lib o‘tgan “Estiqlol” va “Mes Kerman” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida “Estiqlol” klubining ayol muxlislari jamoani qo‘llab-quvvatlamoqda. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, shu kuni eronlik ayollarga 1979 yilgi Islom inqilobidan beri ilk bor milliy futbol chempionati uchrashuvini stadionda tomosha qilish imkoniyati berilgan va bu “tarixiy qadam” sifatida baholangan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Eronda ayollar futbol o‘yinlarini tomosha qilishda turli cheklovlarga duch keladi.

Eron ayollar terma jamoasi ham qator qiyin sinovlarga duch kelgan.

Yil boshida Avstraliyadagi Osiyo kubogi bahsi oldidan milliy madhiyani kuylashdan bosh tortgan futbolchilar Eronda tanqid ostida qoldi. Mamlakatdagi bir sharhlovchi ularni "urush paytidagi xiyonatkorlar" deb atagach, o‘yinchilarning uyga qaytgach xavfsizligiga oid xavotirlar kuchaydi.

Shundan so‘ng jamoaning besh nafar o‘yinchisi Avstraliyadan gumanitar viza oldi. Ularning ikki nafari mamlakatni tark etmaslikka qaror qildi.

Nega biz o‘yinlardan shunchaki zavq ololmaymiz?

Eronlik muxlislar milliy bayroqning markazidagi islomiy nishon o‘rniga “Eron” deb yozilgan yashil, oq va qizil bayroqlarni ko‘tarib turibdi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Los-Anjelesdagi SoFi stadionida ayrim eronlik muxlislar Jahon chempionatini birlashish va mushtarak madaniy o‘ziga xosligini nishonlash uchun noyob imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. Ular uchun futbol - urush va muhojirlar jamoasi orasidagi siyosiy ixtiloflarni bir lahzaga bo‘lsa-da unutish imkoni.

Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin durang bilan tugagach, amerikalik-eronlik muxlis Mahdis Keshavarz Bi-bi-sining Newsday dasturiga shunday dedi:

"O‘yin davomida bir narsa aniq sezilib turadi - biz bir-birimizni baribir yaxshi ko‘ramiz va buni inkor qilib bo‘lmaydi."

Uning aytishicha, futbol odamlarning dardu qayg‘ulariga qaramay, ularni birlashtirishi mumkin.

"Men chin dildan shuni istaymanki, bu o‘yinlar so‘nggi qirq yildan ziyod vaqt davomida ko‘pchiligimiz boshdan kechirgan og‘riq va alamlarga qaramay, odamlarni yaqinlashtiradigan ko‘prikka aylansin."

Yana bir muxlis Idin Dehdashtiy ham bu fikrga qo‘shildi.

U Los-Anjelesdagi stadion tashqarisida Newsday dasturiga bergan intervyusida shunday dedi:

"Urush boshlanishidan oldin ham, bugungi fojialardan oldin ham stadionda eronlik bo‘lish oson emasdi. Bu doimo qandaydir kurashdek tuyulardi."

So‘ng u qo‘shimcha qildi:

"Lekin buning ham bir cheki bo‘ladi. Inson charchaydi. Nega biz shundan shunchaki zavq ololmaymiz? Axir har bir mamlakat ham Jahon chempionatiga chiqa olmaydi-ku."