Markaziy Osiyo iqtisodiy markazga aylanmoqdami? O‘zbekiston bu jarayonda qanday o‘rin tutyapti?

Bir qarorda rasmiylar o‘tirishibdi. Qaror mrkazida esa Shavkat Mirziyoyev va Mishustin o‘tiribdi. TXIF‑2026 tadbirda ishtirok etgan jarayondan lavha.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Umumiy aktivlari taxminan 42 trillion dollarga teng kompaniyalar mazkur tadbirda ishtirok etganini hisobga olib, TXIF‑2026 nafaqat global qiziqish ko‘lamini, balki O‘zbekistonning barqaror energetika, sanoat ishlab chiqarishi va logistika aloqalari bo‘yicha mintaqaviy xabga aylanishga bo‘lgan intilishini ham namoyon etdi.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

TRASYeKA tranzit koridori: raqamli hab tashabbusi

Jasurbek Choriev tadbirda kresloda o‘tirib, kameraga qarayapti

Surat manbasi, ТХИФ матбуот маркази

Surat tagso‘zi, Choriev ta’kidlashicha, O‘rta koridor bugungi kunda O‘zbekiston ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan logistika tarmog‘iga aylangan.

TRASYeKA hukumatlararo dasturi O‘zbekistonda Transport koridorlariga raqamli transformatsiya va integratsiya markazini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda Transkaspiy (O‘rta) koridoriga bag‘ishlangan panel sessiyasida TRASYeKA bosh kotibi, O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur markaz yagona transport hujjatini joriy etish va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish uchun muhim platformaga aylanishi mumkin. TRASYeKA hozirda 14 ta davlatni birlashtirib, Yevropa va Osiyo o‘rtasida transport tizimini rivojlantirmoqda.

Choriev ta’kidlashicha, O‘rta koridor bugungi kunda O‘zbekiston ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan logistika tarmog‘iga aylangan.

«Bugun bu koridorni O‘zbekiston ishtirokisiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbekiston mamlakat ichida ham, uning tashqarisida ham yangi transport infratuzilmasini barpo etmoqda. Gap Xitoy chegarasidan boshlanib, barcha a’zo davlatlar, Kaspiy dengizi, keyin Qora dengiz orqali Yevropa Ittifoqigacha bo‘lgan yo‘nalish haqida ketmoqda», dedi u.

O‘zbekiston esa ichki va tashqi transport infratuzilmasini kengaytirish orqali ushbu tizimdagi rolini mustahkamlab bormoqda. Natijada, koridor bo‘ylab yuk tashish hajmi sezilarli darajada ortmoqda, ayniqsa konteyner va quruq yuk segmentlarida o‘sish qayd etilgan.

ТХИФ матбуот маркази
O‘zbekiston Xitoy chegarasidan boshlanib, Kaspiy dengizi, keyin Qora dengiz orqali Yevropa Ittifoqigacha yangi transport infratuzilmasini barpo etmoqda.
Jasurbek Choriyev
O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

So‘nggi yillarda logistik samaradorlik ham oshdi. Agar 2024-yilda Osiyo va Yevropa o‘rtasida yuk yetkazish muddati taxminan 18 kunni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 15 kun atrofida. Bu infratuzilma rivoji, investitsiyalar va transchegaraviy hamkorlikning kuchaygani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, yangi yuk turlari, jumladan don va o‘g‘itlar, koridor orqali faol tashilmoqda, bu esa yo‘nalishning iqtisodiy ahamiyatini kengaytirayotganini ko‘rsatadi.

Jasurbek Choriev loyihani zarur moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashi mumkin bo‘lgan xalqaro banklar va institutlar bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi.

Bu haqda gazeta.uz nashriyoti yozgan.

Jahon Bankining REMIT dasturi: mintaqaviy elektr energiyasi bozori

Suratda teelfonda Jahon Bankining nomi va logotipi ko‘rsatilgan. Orqa fonda esa yashil rangda har hir bankga oid belgilar.

Surat manbasi, Getty Images

2026-yilda Jahon banki Markaziy Osiyoda energiya o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan Mintaqaviy elektr energiyasi bozorini o‘zaro bog‘lash va savdo (REMIT) dasturini tasdiqladi. Dastur 10 yil davomida uch bosqichda amalga oshiriladi. U ko‘p bosqichli tashabbus sifatida Markaziy Osiyoda tarixda ilk bor mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, elektr energiyasi savdosini kengaytirish, uzatish quvvatlarini oshirish hamda yirik miqyosda qayta tiklanuvchi energiyani integratsiya qilish uchun poydevor yaratishni nazarda tutadi. Dastur elektr energiyasi uzatish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiya qilish uchun asos yaratadi.

Birinchi bosqich doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hamda mintaqaviy dispetcherlik markaziga jami 143,2 million dollar ajratiladi. Mablag‘larning asosiy qismi Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA) orqali, qolgan qismi esa Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari orqali taqdim etiladi. Ushbu moliyaviy ko‘mak mintaqada energetika infratuzilmasini mustahkamlash va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi hanuz cheklangan bo‘lib, umumiy elektr energiyasi talabining atigi taxminan 3 foizini tashkil etmoqda. O‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalari umumiy elektr ishlab chiqarishning faqat 4 foizini tashkil qiladi, garchi mintaqa boy va o‘zaro to‘ldiruvchi toza energiya resurslariga ega bo‘lsa-da, ulardan hali ham to‘liq foydalanilmayapti.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

REMIT dasturi mintaqadagi o‘zaro to‘ldiruvchi energiya aktivlaridan foydalanishni maqsad qiladi, ya’ni Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistonda gidroenergetika, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda issiqlik energetikasi, shuningdek Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida o‘sib borayotgan quyosh va shamol energetikasi ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi.

Kelgusi o‘n yil ichida REMIT dasturi yillik elektr energiyasi savdosini kamida 15 000 GVt·soatgacha oshirishni maqsad qiladi. Bu o‘z o‘rinda Markaziy Osiyo bo‘ylab millionlab insonlarning yillik ehtiyojlarini qondirishga yetarli bo‘ladi. Shu bilan birga, elektr uzatish quvvatini uch baravardan ziyod 16 GVtgacha oshirish va 9 GVtgacha bo‘lgan toza energiya resurslarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Loyiha mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror elektr tizimini yaratishga, uzilishlarni kamaytirishga hamda aholi va biznes uchun energiya xarajatlarini pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bu xabar Jahon Banki hisoboti asosida tayyorlangan.

AQSh tashabbuslari va TXIF‑2026 natijalari

Rasmda TXIF bo‘lib o‘tgan bino, kun yorug‘, katta bannerlarda tadbir nomlanishi O‘zbek va ingliz tillarida bitilgan

Surat manbasi, bbc.com/uzbek

Surat tagso‘zi, TXIF‑2026 bo‘yicha yakuniy kelishuvlar hajmi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lsa-da, uning ko‘lami ancha katta ekani qayd etilmoqda.

O‘zbekiston AQSh kompaniyalari uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan AQSh-O‘zbekiston biznes-forumida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu zona Markaziy Osiyoda Amerika investitsiyalari, texnologiyalari va ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun amaliy platformaga aylanishi kerak.

Vazir ta’kidlashicha, zona shunchaki ajratilgan hudud emas, balki AQSh kompaniyalari uchun qulay biznes muhitini yaratishi lozim. Bunga aniq qoidalar, zamonaviy infratuzilma, ishonchli kommunal xizmatlar, soddalashtirilgan ma’muriy tartiblar, logistika qulayligi va davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash kiradi.

Kudratov ushbu tashabbusni birgalikda rivojlantirish uchun AQSh va O‘zbekiston kompaniyalarini hamkorlikka chaqirdi. Ular kelajakdagi zona uchun ustuvor sohalar va loyihalarni taklif qilishlari mumkinligi aytiladi. Shuningdek, fevral oyida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya platformasi haqida ham ma’lum qilindi. Mazkur platforma amerikalik moliya institutlari va o‘zbek fondlari tomonidan moliyalashtiriladi hamda loyihalarni tanlash uchun alohida veb-sayt ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bu jarayonlar Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF‑2026) doirasidagi keng qamrovli iqtisodiy kun tartibi bilan ham uyg‘unlashadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent xalqaro investitsiya forumida minbarda so‘zlamoqda.

Surat manbasi, ТХИФ матбуот маркази

Surat tagso‘zi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan AQSh-O‘zbekiston biznes-forumida O‘zbekiston AQSh kompaniyalari uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etishni taklif qilganini ma’lum qildi.

Joriy yilgi forumda asosiy e’tibor muhim minerallar sohasidagi hamkorlikka qaratildi, ayniqsa global ta’minot zanjirlari o‘zgarib borayotgan sharoitda. O‘zbekiston - AQSh biznes forumida rekord darajada - 193 ta amerikalik kompaniya ishtirok etdi, bu esa ushbu sohaga qiziqishning tobora ortib borayotganini ko‘rsatdi, deya xabar beradi bir qator xalqaro nashrlar.

Ularga ko‘ra, muzokaralar geologik qidiruv, qayta ishlash va muhim xomashyoni global qiymat zanjirlariga integratsiya qilish masalalariga qaratildi. Bu yo‘nalishlar toza energiya hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning asosiy omillari sifatida qaralmoqda.

TXIF‑2026 bo‘yicha yakuniy kelishuvlar hajmi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lsa-da, uning ko‘lami ancha katta ekani qayd etilmoqda. Hukumat tomonidan taxminan 75 milliard yevro qiymatga ega investitsiya loyihalari taqdim etildi, bu esa xorijiy sarmoyalar uchun ochiq imkoniyatlar hajmini ko‘rsatadi.

Taqqoslash uchun, TXIF‑2025 natijasida 30,5 milliard dollardan ortiq kelishuvlar imzolangan edi. Bu esa forumning mintaqadagi yirik investitsion bitimlar maydoni sifatida ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatishi aytilmoqda.

O‘zbekiston hukumati forumdan investorlar uchun takliflarini yanada mustahkamlash maqsadida foydalandi deya yozadi globaltimes.cn nashri. Ochiq bozorlar, kuchaytirilgan huquqiy himoya va siyosatning barqarorligi, shuningdek mamlakatni global qiymat zanjirlariga integratsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarini bunga misol sifatida keltiriladi.

Xalqaro va mahally nashrlarga ko‘ra, umumiy aktivlari taxminan 42 trillion dollarga teng kompaniyalar mazkur tadbirda ishtirok etganini hisobga olib, TXIF‑2026 nafaqat global qiziqish ko‘lamini, balki O‘zbekistonning barqaror energetika, sanoat ishlab chiqarishi va logistika aloqalari bo‘yicha mintaqaviy xabga aylanishga bo‘lgan intilishini ham namoyon etdi.