Qirg‘iziston: Tashievga chiqarilgan hukm nega prezident saylovi bilan bog‘lanmoqda?

Oq ko‘ylak kiygan Qamchibek Tashiev maktablarning biridagi sinfning holatini tekshirmoqda.

Surat manbasi, Rasmiy/Erkin Saliev

Surat tagso‘zi, Qamchibek Tashiev davlat xavfsizligi sohasidan tashqari tibbiyot, qurilish, ta’lim yo‘nalishlar dagi ishlarini ham ochiq nazorat qilgan. Arxiv.
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘izistonda sobiq amaldor va siyosatchi Qamchibek Tashievga chiqarilgan navbatdagi sud hukmi to‘rt oydan keyin o‘tishi kerak bo‘lgan prezident saylovi bilan ham bog‘lanmoqda.

Davlat rahbari Sadir Japarovning yaqin siyosiy hamkori sanalgan Tashiev va yana yetti sobiq amaldorga qarshi jinoyat ishi muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazish tashabbusi ortidan ochilgan edi.

10 sentyabr kuni Bishkek shahar sudi ularni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi. Biroq ikki yillik probatsiya tayinlangani sababli jazo ozodlikda o‘taladi. 2 iyulda Birinchi may tuman sudi ham ularni to‘rt yilga qamoq jazosiga hukm qilib, uch yillik probatsiya belgilagan edi. Advokatlar bu qaror ustidan shikoyat qilgan.

Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra, tuman sudi qaroridan farqli o‘laroq, ikkinchi instantsiya hukmi darhol kuchga kiradi.

Sobiq amaldorlar Jinoyat kodeksining 326-moddasi - "Konstitutsiyani buzgan holda hokimiyatni kuch ishlatib egallab olish yoki kuch bilan saqlab turish, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni kuch ishlatish orqali o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar" bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Tashievning himoyachisi Ikramidin Aytqulov sud qaroridan norozi ekanini bildirdi.

"Bu mutlaqo asossiz va qonunga zid qaror. Albatta, uni ustidan shikoyat qilamiz", dedi u.

Keyingi instantsiya - Oliy sud.

Hukm o‘qilayotgan paytda jurnalistlar sud zaliga kiritilmadi. Himoyachilar buni ham qonunbuzarlik deb baholab, sud qarori ochiq tarzda e’lon qilinishi kerakligini aytdi.

Tashiev ishi qanday boshlangan?

57 yoshli Qamchibek Tashiev 2020 yil oktyabridagi hokimiyat almashinuvidan keyin besh yil davomida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.

Tashiev 10 fevral kuni kutilmaganda lavozimidan ozod etildi. Bundan bir kun oldin 75 nafar sobiq amaldor va siyosatchi prezident va parlamentga muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan. Ularning aksari Tashievga yaqin shaxslar sifatida ko‘rilgan.

Shundan so‘ng jinoyat ishi ochilib, bu voqea jamoatchilikda "75chilar maktubi" nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Tashiev ayblovlarni rad etdi. U bir muddat xorijda bo‘lib, keyin mamlakatga qaytdi. Unga yaqin deb hisoblangan bir qator amaldorlar lavozimidan ketdi, o‘nga yaqin deputat esa mandatidan voz kechdi.

Qamchibek Tashiev va bir nechta sobiq amaldor sud zalida o‘tiribdi.
Surat tagso‘zi, Tashiev va u bilan birga sudlanayotgan ayrim siyosatchilar hamda himoyachi (arxiv).

Prezident Japarov Tashievni ishdan bo‘shatish qarorini "davlat va xalq tinchligi uchun" qabul qilganini aytgan.

O‘sha paytda Tashiev kelajakda prezidentlikka da’vo qilishi mumkinligi haqida taxminlar ham tarqalgan. Tashiev esa Japarov siyosatini qo‘llab-quvvatlashini va sudda oqlanishiga ishonayotganini, saylovda ishtirok etish niyati yo‘qligini aytgan.

Boshqa sudlanuvchilar ham muddatidan avval saylov o‘tkazish taklifi Konstitutsiya doirasida bo‘lganini ta’kidlagan.

Bu voqealar fonida Konstitutsiyaviy sud navbatdagi prezidentlik saylovini 2027 yil yanvar oyiga belgilagan.

Japarov esa Tashievga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga huquqiy baho berish sud vakolatiga kirishini bildirgan. U Tashievni o‘zining yaqin do‘sti ekanini ham bir necha bor qayd etgan.

Prezident Japarov va Tashiev lavozimga yangi kirishgan paytlar. 2021 yil.

Surat manbasi, Rasmiy/Sultan Dosaliev

Surat tagso‘zi, Prezident Japarov va Tashiev lavozimga yangi kirishgan paytlar. 2021 yil.

Saylovga ta’siri qanday bo‘ladi?

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shunga qaramay, siyosiy tahlilchilar Tashiev bilan bog‘liq vaziyatni prezidentlik saylovi bilan bog‘lamoqda.

Ekspert Quban Abdimenning fikricha, sud qarori mahkum etilganlar uchun ma’lum ma’noda yengillik bo‘lsa ham, ularning saylovda qatnashish imkoniyatiga ta’sir qiladi.

"Sudlanganlarning birortasi ham saylovda qatnashish huquqiga ega bo‘lmaydi. Natijada kuchli nomzodlar qatoridan Kamchibek Tashiev va uning atrofidagi shaxslarni ko‘rmasligimiz mumkin".

Shu bilan birga, tahlilchi qaror hali yakuniy emasligini aytdi. Agar advokatlar apellyatsiya bersa, ishni Oliy sud ko‘rib chiqadi.

Prezident Japarov esa Tashievning ishiga nuqtani sud qo‘yishini bildirib kelmoqda. U bir oy avval bergan intervyusida Tashievni qaytadan lavozimga olib kelmasligini aytgan. Shu bilan birga, bir vaqtlar uni o‘zidan keyin prezident sifatida ko‘rish rejasi bo‘lganini ma’lum qilgan.

"2027 yilda o‘zim saylovga bormay, agar shu vaqtga kelib u tayyor bo‘lib qolsa, yaxshi ishlab, tajriba to‘plab, tayyor bo‘lsa, Qamchi nomzodini qo‘ysa, men saylovda qatnashmay, Qamchini prezident qilib, nafaqaga chiqsammi, degan o‘z rejam bor edi. Bu haqda unga ikki-uch yil oldin aytganman. "Tayyor bo‘l, atrofingdagilarni tozala, tarbiyala", deb kelganman. Keyin qarasam, u hali tayyor emas ekan. Xalq endi birlashib, yagona Qirg‘iziston bo‘lib borayotgan bir paytda "sen u tarafdamisan yoki bu tarafdami?" degan gap bo‘lmasligi kerak. "Shuning uchun seni lavozimdan olyapman, xafa bo‘lma. Keyingi saylovda qatnashmoqchi bo‘lsang, senga sharoit yaratib beraman", deb aytganman", - degan prezident.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

Tashiev atrofidagi boshqa ishlar

Tashiev bilan bog‘liq jinoyat ishi Qirg‘izistondagi eng ko‘p muhokama qilingan siyosiy jarayonlardan biriga aylandi. Mavzu qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston mediasida ham keng yoritildi.

Tashiev davlat xavfsizligi sohasidan tashqari tibbiyot, qurilish va boshqa yo‘nalishlardagi ishlarga ham aralashib, nazorat qilib kelgani bilan tanilgan.

Inson huquqlari tashkilotlari uning rahbarligi davrida tanqidchilarga bosim kuchayganini aytgan. Tarafdorlari esa uni korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda, shuningdek O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalarini hal etishda muhim rol o‘ynaganini ta’kidlaydi.

Tashiev lavozimdan ketganidan so‘ng ayrim tadbirkorlar biznesga bosim o‘tkazilgani haqida da’volarni ilgari sura boshladi.

Mart oyida esa "Qirg‘izneftegaz"dagi ehtimoliy korruptsiya holatlari bo‘yicha surishtiruv boshlandi. Davlatga 3 milliard somdan ortiq zarar yetkazilgani aytildi. Bu ish doirasida Tashievning ukasi Shairbek Tashiev qamoqqa olingan.

Ayni paytda International Partnership for Human Rights (IPHR) tashkiloti 2 sentyabrь kuni e’lon qilgan hisobotida Qirg‘izistonda fuqarolik erkinliklari cheklanayotganini qayd etdi. Tashkilot, Qamchibek Tashiev lavozimidan olinganidan keyin ham hokimiyatni tanqid qiluvchilarga bosim davom etayotganiga e’tibor qaratgan.