O‘zbekiston: Ota-onalar vazirlik oldiga yig‘ildi. Qizamiqqa chalingan bolalar uchun umid bormi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida yig‘ilganlar orasida gazeta.uz muxbiri bilan suhbat qilayotgan ona

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, "Bu kasallik kundan-kun ko‘payib ketyapti. Lekin bunga hech kim e’tibor bermayapti."
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

9 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan bir guruh ota-onalar yig‘ildi. Ular Subo‘tkir sklerozlanuvchi panentsefalit (SSPE) kasalligiga chalingan bolalar uchun dori-darmon, tibbiy yordam va moddiy ko‘mak ajratilishini so‘ragan.

SSPE qizamiq virusining og‘ir asorati bo‘lib, kasallik belgilari qizamiqdan keyin darhol emas, odatda ikki yildan o‘n yilgacha bo‘lgan davrda namoyon bo‘ladi. Bu davr mobaynida virus bosh miya to‘qimalarida saqlanib, keyinchalik faollashishi mumkin.

Ota-onalarning aytishicha, hozir O‘zbekistonda mazkur kasallikka chalingan bolalar soni qariyb 350 nafarni tashkil etadi. Ulardan 60 nafarga yaqini vafot etgan. Ayrim ota-onalarning ta’kidlashicha, faqat Namangan viloyatining o‘zida joriy yil boshidan buyon sakkiz nafar bola kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Norozilik bildirgan ota-onalar kasallik asosan 2019 yilda tug‘ilgan va kichik yoshida qizamiq bilan og‘rigan bolalar orasida ko‘proq uchrayotganini aytgan. Ular, shuningdek, mamlakatda qizamiq kasalligi bo‘yicha rasmiy statistika qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi.

"Bu kasallik kundan-kun ko‘payib ketyapti. Lekin bunga hech kim e’tibor bermayapti. Mana, masalan, meni bolamga to‘rt yil bo‘ldi bu kasallik bilan kurashib kelayotganiga. Ba’zi oilalar bu kasallikdan moddiy tomonlama qiynalgani, charchagani uchun buzilib ketyapti. Masalan, chet ellarda xo‘jayinim ishlab, mana shu bolani davolatish uchun musofir yurtlarda qiynalib yuribdi, oilasini tashlab"dedi yig‘ilganlar orasidan bir ona.

"Bu kasallikni hech kimga ravo ko‘rmayman. Juda og‘ir kasal. Avvalgi vazirlar ham shunchalar va’dalar bergan, lekin dorilarimizni ta’minlab berdi-yu, lekin moddiy tomonlama, chet eldan professor, doktorlar olib kelib berishmadi bizga".

Ota-onalarning fikricha, SSPE tez rivojlanuvchi kasallik bo‘lgani sababli bolalar qimmat turdagi simptomatik va virusga qarshi terapiyaga muhtoj. Biroq zarur dorilarni xorijdan olib kelish va ular bilan uzluksiz ta’minlash katta muammoga aylangan.

gazeta.uz
Yig‘ilishdan maqsad, bolalarga dori masalasi birinchi o‘rinda, ikkinchi o‘rinda reabilitatsiya. Shu, bolalarni davolash kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida yig‘ilishga kelgan ota
(Batafsil:BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Ayrim oilalar farzandlarini davolatish uchun o‘n minglab dollar sarflaganini aytmoqda. Ularga ko‘ra, xorijlik mutaxassislarni jalb qilish, tahlillar va dori vositalari katta mablag‘ni talab qilyapti. Bu esa ko‘plab oilalarning iqtisodiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Norozilik aktsiyasi davomida ota-onalar Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan uchrashganini va muammolarni hal qilish bo‘yicha va’dalar berilganini ma’lum qildi. Biroq material tayyorlangan vaqtga qadar vazirlik mazkur holat yuzasidan joyda bo‘lgan mahalliy jurnalistlarga rasmiy izoh bermagan.

Bu haqda gazeta.uz nashri reportaj chop etdi.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mazkur yig‘ilish haqida hech qanday ma’lumot topilmadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

"Hozirgacha bizga birorta ham tabletka berilmadi"

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Sog‘liqni saqlash vazirligi
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

podrobno.uz nashrining qayd etishicha, yig‘ilganlarning barchasi muzokaralar uchun vazirlik binosiga kiritilgan, ammo jurnalistlarga kirishga ruxsat berilmagan.

Nashr ma’lum qilishicha, o‘z-o‘zidan yuz bergan ushbu yig‘ilishga bolalar markaziy asab tizimining og‘ir shikastlanishi sabab bo‘lgan.

Norozilik aktsiyasida qatnashgan otalardan biri nashrga aytishicha, uning yetti yoshli o‘g‘li taxminan bir yil avval tez-tez yiqila boshlagan, keyinchalik esa yurish va gapirish qobiliyatini yo‘qotgan. Jizzax viloyatida va Milliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng shifokorlar bolaga oldin o‘tkazilgan qizamiq kasalligining asorati bo‘lgan subo‘tkir sklerozlanuvchi panentsefalit (SSPE) tashxisini qo‘ygan.

Uning aytishicha, o‘g‘li Jizzax viloyatining Zomin tumanida qizamiqqa qarshi emlangan.

"Emlash to‘g‘ri o‘tkazilganmi yoki bu holatga ta’sir qilganmi, bilmayman, lekin bizga bu dorilar juda zarur", dedi u.

Ota-onalarning aytishicha, ularning oilalari qariyb uch yildan buyon turli davlat idoralariga murojaat qilib kelmoqda, ammo haligacha sezilarli yordam olmagan.

"Biz yillar davomida Sog‘liqni saqlash vazirligiga va boshqa tegishli idoralarga murojaatlar yozdik. Nodir kasalliklar ro‘yxatini kengaytirish haqidagi qaror qabul qilinganidan keyin, 2026 yil 1 yanvardan vaziyat keskin o‘zgaradi va bolalar davolanadi, degan umid paydo bo‘lgan edi. Ammo hozirgacha bizga birorta ham tabletka berilmadi", deydi ota-onalar, nashr keltirgan iqtibosda.

Ota-onalarning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi oldidagi ko‘cha tasviri

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida yuz bergan mazkur yig‘ilish jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida farzandini qo‘lida ko‘tarib turgan ona mahalliy jurnalist bilan suhbatlashadi. Uning aytishicha, farzandini ko‘rsatmagan shifokori va murojaat qilmagan idorasi qolmagan.

"Ikki nafar farzandim bor. Bor topganim mana shundan. Iltimos qilib keldim, yordam qilinglar deb. Mana shu bolamni ko‘rsatmagan yerim qolmadi, to‘g‘risi. Aytaveraman, oxiri ko‘tarib ketishga majbur bo‘laman. Ajralishib ketganman shu bolam bilan. Qizim bor hozir bir yashar. Shunga endi yordan beringlar deb keldim. O‘zimning sharoitim yo‘q".

TikTok'dagi iMediacomkz sahifasida tarqalgan yana bir videoda bir nechta erkak qo‘llarida O‘zbekiston prezidenti surati va turli murojaatlar yozilgan plakatlarni ushlab turganini ko‘rish mumkin.

Batafsil.uz nashri ham bu hodisa haqida maqola chop etdi. Unda vazirlik binosi oldida to‘xtab turgan bir qator oq rangli avtobuslar, to‘plangan ota-onalar va ular bilan suhbatlashayotgan jurnalistlar aks etgan fotosurat chop etilgan.

Vazir bilan uchrashuvda nima va’da qilindi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida yig‘ilganlar orasida gazeta.uz muxbiri bilan suhbat qilayotgan ota.

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, "Yig‘ilishdan maqsad, bolalarga dori masalasi birinchi o‘rinda, ikkinchi o‘rinda reabilitatsiya. Shu, bolalarni davolash kerak", dedi bu ota.

Yig‘ilish ishtirokchilaridan birining podrobno.uz nashriga aytishicha, uchrashuvda sog‘liqni saqlash vaziri va vazirlikning mas’ul xodimlari shaxsan ishtirok etgan.

"Biz duch kelayotgan barcha muammolar haqida gapirdik. Murojaatimizda zarur dori-darmonlar va preparatlar, bizga biriktirilgan shifokorlar guruhi, shuningdek, SSPEni davolash uchun alohida shifoxona yoki bo‘lim ajratish masalasi ko‘rsatilgan. Shuningdek, hududlardagi oilalar duch kelayotgan muammolar, jumladan, bolalar uchun tibbiy xizmatlarning sifati va imkoniyatlari haqida ham gapirdik. Bu kasallik juda xavfli bo‘lgani uchun unga jiddiyroq munosabatda bo‘lishni so‘radik. Biz ta’lim, reabilitatsiya zarurati, shuningdek, bolalar orasida o‘lim holatlari ortib borayotgani haqida ham gapirdik. Bu haqda farzandlari va nabiralari vafot etgan ota-onalar ham so‘zlab berishdi".

Nashr bilan suhbatlashgan kishining aytishicha, vazirlik rahbari ishchi guruh tuzishga va’da bergan. Unga ota-onalar hamjamiyatidan to‘rt nafar vakil kiritilib, ular har kuni respublika bo‘ylab oilalarni qo‘shma ishlar borishi haqida xabardor qilib boradi. Muzokaralarda dori-darmonlarni yetkazib berish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ularni O‘zbekistonga olib kelish olti oydan to‘qqiz oygacha vaqt oladi. Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning bir qismi psixotrop vositalar qatoriga kirishi va alohida nazorat ostida bo‘lishini hisobga olganda, 2027 yil uchun buyurtmalarni hozirdanoq shakllantirish zarurligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonda bunday ommaviy yig‘ilishlar nisbatan kam uchraydi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida yuz bergan mazkur yig‘ilish jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi.

Mutaxassislarga ko‘ra, SSPE kasalligi kam uchrasa-da, uning oqibatlari juda og‘ir bo‘lishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan uchrashuvdan keyin ota-onalar muayyan va’dalar berilganini aytmoqda.