Bouen: Tramp urush tugashini istayapti, ammo Eron chekinmayapti

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeremi Bouen
- Role, BBC News xalqaro mavzular bo‘yicha muharriri
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
AQSh ham, Eron ham 8 aprel kuni otashkesim e’lon qilinganidan beri to‘xtab turgan urushga qaytishni istamasliklariga ishora qilishmoqda.
Muntazam harbiy to‘qnashuvlarga qaramay, Pokiston, Qatar va boshqalar vositachilik qilayotgan muzokaralar to‘xtagani yo‘q.
AQSh hanuz Eronga zarba bera oladigan masofada qudratli harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini saqlab turibdi.
Eron rejimi esa o‘z kuchlarini yuqori jangovar shaylikda ushlab turgani va otashkesimdan kuchlarni qayta tashkil etish hamda AQSh va Isroil hujumlari oqibatida yetgan zararni bartaraf etish uchun foydalanayotganini taxmin qilish mumkin.
Ko‘rfaz va uning atrofidagi hududlarda saqlanayotgan harbiy taranglik har ikki tomon uchun ham vaziyatni noto‘g‘ri baholash yoki bir-birining niyatlarini xato tushunish xavfini oshirmoqda.
AQSh o‘z kuchlari Eron yaqinida joylashgani va katta zarar yetkazish imkoniyatiga ega ekanini namoyish etish orqali Tehron rejimiga bosimni saqlab qolish hamda uni yon berishga undashga urinmoqda.
Eron tomoni esa qarshilik ko‘rsatish irodasi susaymaganini va zarurat tug‘ilsa, Amerika bazalariga hamda arab ko‘rfazi davlatlari infratuzilmasiga zarba berishi mumkinligini eslatmoqda.
AQSh va Eron o‘rtasida kengroq kelishuvga erishish yo‘li uzoq va ehtimol, umuman yetib bo‘lmas darajada murakkab bo‘lishi mumkin. Bu yo‘ldagi dastlabki maqsadlar esa otashkesimni saqlab qolish va keyingi muzokaralar kun tartibi bo‘yicha "o‘zaro anglashuv memorandumi"ga erishishdan iborat.
Biroq buning o‘zi ham oson kechmayapti.
Isroilning qiruvchi uchoqlari Bayrutga yana qaytishi haqidagi bayonoti Donald Trampning imkoniyatlarini yanada cheklab qo‘ydi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livandagi yangi harbiy amaliyotlar AQShning Eron bilan kelishuvga erishishini qiyinlashtirib qo‘yishidan xavotir olayotgan ko‘rinmaydi. U boshidanoq Tehron rejimi bilan tuzilgan otashkesimni qo‘llab-quvvatlamagan. Uning nazarida, Amerika va Eron o‘rtasidagi har qanday kelishuv - yomon kelishuv.
Eron tomoni Livandagi ittifoqchisi va vakili hisoblangan Hizbullohni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Tehron kengroq kelishuv AQSh bilan birga Isroil harbiy amaliyotlariga ham barham berilishini o‘z ichiga olishi kerakligini bildirgan. Prezident Tramp esa hozircha Isroilni tiyib turishga urinayotgandek ko‘rinmoqda.
Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kelsak, Eron hukumati uni qayta ochish evaziga ma’lum bir badal talab qilishi mumkin. Bu sanksiyalarni yumshatish yoki muzlatilgan aktivlarni qaytarish shaklida bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bo‘g‘ozning qayta ochilishi esa jiddiy muzokaralar boshlanishining muhim sharti bo‘lib ko‘rinmoqda.
Bir vaqtlar hayotiy ahamiyatga ega va gavjum bo‘lgan ushbu suv yo‘lidan hozir faqat oz sonli kemalar o‘tmoqda.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini 28 fevral kuni AQSh va Isroil hujumidan keyin yopib qo‘ygan edi.

Surat manbasi, Reuters
Saudiya Arabistoni neftning bir qismini Qizil dengiz bo‘yidagi portlariga quvurlar orqali yetkazib bermoqda. Birlashgan Arab Amirliklari esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tashqarida, Ummon ko‘rfaziga qaragan sohilidagi terminallarga tutashgan quvurga ega.
Biroq dunyoning qolgan qismi hali ham neft va gazning odatiy ta’minotining qariyb 20 foizidan, shuningdek boshqa muhim eksport mahsulotlaridan mahrum bo‘lib turibdi.
Bo‘g‘ozning yopiq qolishi jahon iqtisodiyotining katta qismi uchun halokatli bo‘lishi mumkin.
AQSh endi Ko‘rfaz neftiga qaram emas, ammo Amerikadagi benzin narxi baribir jahon neft bozori tomonidan belgilanadi.
Donald Tramp qiyin ahvolda qoldi. U oson g‘alabaga erishish mumkin, degan hisob bilan urushga kirib yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatosining oqibatlari bilan yuzlashmoqda.
AQSh prezidenti va uning yaqin ittifoqchisi – Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanьyaxu islomiy rejimning ularning hujumlariga qarshilik ko‘rsatish va dosh berishga qanchalik tayyor ekanini mutlaqo chamalay olishmagan ko‘rinadi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Trampda vaziyatdan chiqishning oson yo‘li yo‘q, Eron rejimi esa vaziyat shunday qolishini xohlaydi.
Tramga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish zarur. Eronga qarshi urush Amerikada ko‘pchilik tomonidan ma’qullanmayapti va uning yana avj olishi yanada ko‘proq amerikaliklarni unga qarshi qilishi mumkin.
Trampning muammosi shundaki, Eronning bo‘g‘ozni ochish evaziga qo‘yadigan shartlariga uning o‘z Respublikachilar partiyasidagi "lochinlar" (qattiqqo‘l siyosat tarafdorlari) qarshi chiqmoqda, qolaversa, Trampning o‘zi ham bu mojaroda zafar quchgandek ko‘rinishni istaydi.
Donald Tramp Eron bilan tuzadigan har qanday bitimi, hatto muzokaralarni davom ettirish uchun o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi kelishuv ham 2015 yilda Barak Obama davrida imzolangan yadroviy kelishuv bilan solishtirilishini sira hazm qilolmaydi.
Tramp ushbu kelishuvni qoralagan va Oq uydagi birinchi muddatida AQShni undan olib chiqqan edi.
Eron rahbarlari o‘z rejimi mavjudligi uchun kurashayotganlariga ishonishadi va bunda ma’lum ma’noda asos ham bor.
Shu narsa aniqki, AQShning Isroil bilan yoki usiz beradigan yangi zarbalari ularni bu pozitsiyasidan qaytara olmaydi.
Улар Эрон режими табиатини нотўғри баҳолашди. Энди бунинг оқибатлари билан нафақат АҚШ ва Исроил, балки бутун дунё юзлашмоқда.

Surat manbasi, EPA
Tramp va uning mahkamasining yuqori martabali a’zolari siyosiy oqibatlardan qochish uchun urushni tezroq tugatish bilan bir paytda Tehrondan yon berishlarni talab qilish o‘rtasida muvozanat topishga harakat qilmoqdalar.
Ko‘rfazning boy Arab neft davlatlari uzoq muddatli iqtisodiy zarar ko‘rdi va endi ortiq jabr tortishni istamaydi.
Ularning biznes va mamlakatlarini uzoq muddat rivojlantirish modeli Ko‘rfazning global iqtisodiyot uchun barqaror markaz va xorijiy investitsiyalar uchun xavfsiz makon bo‘lishiga asoslanadi.
Urush bu davlatlarga qattiq zarba berdi va ularning barqarorlik qiyofasini tiklash uchun yillar kerak bo‘ladi.
Qatar Pokiston bilan bir qatorda muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha diplomatik urinishlarda to‘laqonli vositachi sherik hisoblanadi.
Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni Eronga turli pozitsiyalardan turib munosabat bildirishdi.
Amirliklar isroilliklar bilan strategik munosabatlarini yanada mustahkamladi, Isroil esa BAAga "Temir gumbaz" raketaga qarshi mudofaa tizimini va uni boshqarish uchun Isroil Mudofaa Kuchlari askarlarini joylashtirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, saudiyaliklar Eron hujumlariga javoban unga zarba bergan. Ammo e’tiborli jihati, Saudiyadagi yuqori martabali manbalarning bildirishicha, ular Tehronga AQSh-Isroil koalitsiyasi tarkibida emas, balki mustaqil ravishda harakat qilayotganlarini aniq tushuntirishgan.
Donald Tramp va Benyamin Netanьyahu Eronga qarshi urush boshlaganida, har ikki rahbar ham o‘z mamlakatlarining ulkan harbiy-havo qudrati Tehrondagi islomiy rejimni ag‘darish uchun yetarli bo‘lishini aytgan edi.
Ular yanglishdilar.
Ular urush, sanksiyalar va yakkalanish kabi og‘ir sinovlarga qaramay, deyarli yarim asr davomida yashab kelayotgan rejimning tabiatini noto‘g‘ri tushunishdi.
Endi AQSh va Isroil, shuningdek, butun dunyo bu xatoning oqibatlari bilan yashashga majbur bo‘lmoqda.
































