Netanyahu BMTda Isroilni himoya qildi. O‘zbekiston delegatsiyasi ham zalni tark etdimi? Video

Video tagso‘zi, O‘zbekiston delegatsiyasi ham zalni tark etdimi?
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Isroil bosh vaziri Binьyamin Netanyahu BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida mamlakatining Eron, G‘azo va Yaqin Sharqning boshqa hududlaridagi harbiy harakatlarini qat’iy himoya qildi.

U minbarga chiqqanda o‘nlab delegatlar norozilik bildirib zalni tark etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi ham ular orasida bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan. Netanьyahu esa jangni davom ettirishga va’da berdi: "Biz g‘alaba qozonamiz. Boshqa choramiz yo‘q".

Delegatlarning chiqib ketishiga javoban u: "Zalda ma’naviy jasorati yetmaydigan yana boshqa qo‘rqoqlar qolgan bo‘lsa, marhamat, hozir chiqib keting", dedi.

Isroil rahbari mamlakatini G‘azoda genotsid sodir etayotganlikda ayblashlarini ham rad etdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

Falastin prezidenti Mahmud Abbos BMTga yo‘llagan videomurojaatida Isroilning bosib olingan G‘arbiy sohilda yahudiylar uchun noqonuniy turar joylar qurishni kengaytirishi falastin xalqining kelajagiga va ikki davlat asosida tinchlik o‘rnatish imkoniyatiga tahdid solayotganini aytdi.

U, shuningdek, Isroil armiyasini G‘azoda falastinliklarni o‘ldirish, ochlikka mahkum etish va o‘z uylarini tark etishga majburlashda aybladi.

Abbos BMT yig‘ilishida video orqali so‘zladi, chunki unga AQShga kirish vizasi berilmagan.

G‘azo shahrida uyini tark etishga majbur bo‘lgan falastinlik ayol vayron bo‘lgan bino ichiga yoyilgan kirlarni yig‘moqda. 2026 yil 21 sentyabrь.
Surat tagso‘zi, O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganiga qariyb bir yil bo‘lsa-da, G‘azoda qayta qurish ishlari hali boshlanmadi.

Xalqaro jinoyat sudi harbiy jinoyatlar sodir etganlik gumoni bilan Netanyahuni hibsga olishga order chiqargan. U BMTdagi nutqida o‘zini tanqid qilgan davlatlar va rahbarlarga keskin javob qaytardi.

Isroilni mustamlakachilikda ayblagan Britaniya va Frantsiyadagi ayrimlarni tanqid qilib, "mustamlakachilik" atamasini ularning o‘zi o‘ylab topganini aytdi.

Netanyahu Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni "zolim" deb atab, uni HAMASni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Turkiya prezidenti ma’muriyati bu ayblovlarni asossiz deb rad etdi.

Netanyahu o‘zini hibsga olishga va’da bergan Nyu-York meri Zahron Mamdaniyni ham tanqid qildi. Mamdaniy ma’muriyati esa Netanьyahu nutqida falastinliklarga nisbatan genotsidni oqlash uchun asossiz gaplarni takrorlaganini bildirdi.

Netanyahu fevral oyida AQSh va Isroil Tehronga birgalikda havo zarbalari berganini eslatib, AQSh prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

Saylov kampaniyasi yaqinlashmoqda

Netanyahuning BMTdagi nutqi, avvalo, ikki auditoriyaga qaratilgan edi: kelasi oygi saylov oldidan isroilliklarga va Isroilni qo‘llab-quvvatlash susayib borayotgan AQSh jamoatchiligiga.

Bu Isroilda 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlardan keyingi birinchi saylov bo‘ladi. Netanyahuning "Xavfsizlik kafolatchisi" degan obro‘si savol ostida, so‘rovlarda esa u boshchilik qilayotgan koalitsiya raqiblaridan ortda qolmoqda.

Zalni tark etgan delegatlarni keskin tanqid qilishi unga o‘zini Isroilni tanqid qilayotgan xorijiy siyosatchilarga javob bera oladigan yagona isroillik siyosatchi sifatida ko‘rsatish imkonini berishi mumkin.

Netanyahu AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma zarbalarini eslab, Trampni ham maqtadi.

Vashington qurol yetkazib berishda davom etsa-da, so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklar orasida Isroilga dastak kamaymoqda.

Namoyishda qatnashgan mashhurlar ushlandi

Nyu-Yorkda Netanyahuning tashrifiga qarshi namoyish o‘tkazgan bir necha kishi ushlandi. Ular orasida "Oskar" sovrindori Syuzan Sarandon, "Emmi" sovrindori va Hacks seriali aktrisasi Hanna Aynbinder, Demokratlar partiyasidan Kongressga nomzod Darializa Avila Shevale hamda Nyu-York shahar kengashi a’zosi Chi Osse bor.

Nyu-York politsiyasi vakilining aytishicha, chorrahani to‘sib qo‘ygan "rejalashtirilmagan namoyish" haqida xabar tushgach, xodimlar voqea joyiga yetib borishgan.

Qizg‘ish sochlarini yig‘ib olgan Syuzan Sarandon ko‘zoynak, qora kapyushonli kurtka va oq futbolkada Nyu-Yorkda ikki politsiya xodimi yonida turibdi.
Surat tagso‘zi, BMT binosi yaqinida ushlangan namoyishchilar orasida aktrisa Syuzan Sarandon ham bor edi.

2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumida Isroilda taxminan 1 200 kishi halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan. Shundan so‘ng Isroil armiyasi G‘azoda quruqlikdan hujum boshlagan. G‘azodagi HAMAS boshqaruvidagi sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroilning harbiy amaliyotlari davomida 73 920 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

O‘tgan yili Xalqaro genotsid tadqiqotchilari uyushmasi Isroilning G‘azodagi harakatlari BMT konventsiyasidagi genotsid ta’rifiga mos kelishini bildirgan. Isroil buni rad etadi va harakatlarini o‘zini himoya qilish bilan izohlaydi.

28 fevralda AQSh va Isroil Eronga havo zarbalari bera boshladi. Ular Eron yashirincha yadro quroli yaratayotganidan shubhalangan, Tehron esa buni rad etgan. Eron Isroilga va AQSh harbiy bazalari joylashgan qo‘shni Fors ko‘rfazi arab davlatlariga raketa hamda dronlar bilan javob qaytardi.