Sovet davri yo mustaqillik: O‘zbeklar fikri hamon ikkiga ajralganmi?

Orqa fonda Mustaqillik maydoni va O‘zbekiston bayroqlari. Oldinda esa toshkentlik Ziyoda.
Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda Sovet davri haqidagi fikrlar bir xil emas: kimdir o‘sha paytdagi narxlar va barqarorlikni eslaydi, boshqalar esa mustaqillikdan keyin erishilgan erkinlikni qadrlaydi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston mustaqillikka erishganida 35 yil to‘ldi. O‘zbekistonliklar mustaqillikdan oldingi davrni qanday eslaydi? Hozirgi va oldingi siyosatni qanday taqqoslaydi. BBC O‘zbek xizmati Sovet tuzimi davrini ham, mustaqillikdan keyingi vaqtni ham ko‘rgan o‘zbekistonliklardan shu haqda so‘radi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Narxlar va korruptsiya

Yoshlik yillari Sovet tuzimi zamonida o‘tgan otaxonning fikricha, oldingi davr hozirga qaraganda yaxshiroq bo‘lgan. Anonimlik sharti bilan gapirgan bu otaxon ikki davrni taqqoslar ekan, oldinlari narx-navolar barqaror tarzda ushlab turilganini, mustaqillikdan keyin esa ular faqat tepaga qarab o‘sayotganini aytdi.

U o‘sha paytdagi korruptsion sxemalar qanday ishlagani, o‘zi bilan bog‘liq ish prokuratura tomonidan tekshirilgani, shuning uchun ham Samarqand-Toshkent yo‘nalishida oylar davomida qatnashga majbur bo‘lgani haqida ham hikoya qildi. Biroq uning aytishicha, O‘zbekistondagi hozirgi korruptsion vaziyat oldingiga qaraganda ancha jiddiy.

Yolg‘onlarga to‘la davr?

BBC O‘zbek bilan gaplashgan toshkentlik Ziyoda ona esa Sovet davrini eslar ekan, mustaqillikdan keyin ruhiy ozodlikka erishganini, shuning uchun ham o‘sha davrdagi 1 tiynlik gugurtlarni ham qo‘msamasligini aytdi.

"Men sovet farzandiman, desam ham bo‘ladi, chunki men sovet paytida tug‘ilganman. Lekin u paytda shiorbozlik, har doim o‘zbeklarning kamsitilishiga guvoh bo‘lganman", deydi onaxon.

Ko‘p yolg‘onlarda katta bo‘lganini aytgan ayol bolalik yillarini, maktabda o‘qigan paytlarini shunday yodga oladi:

Toshkenlik Ziyoda ona
BBC O'zbek
Televizorda "o‘zbeklar ishi", "paxta ishi" deb butun SSSRga ko‘rsatilgan kinolar bo‘lardi. Shunaqa ruhan ezilardik. O‘sha paytni eslasam, hozirgi davrni hech narsaga alishmayman.
Ziyoda
Toshkent shahri (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

"Men maktabda o‘qiganimda millatim juda ko‘p kamsitilgan. Tanlovlarga borganda, shunaqa qo‘shiqlar aytishardi: "I vnovь prodoljaetsya boy, i Lenin takoy molodoy". ("Yana jang davom etadi, Lenin navqiron"). Tushunyapsizmi? Ko‘ring, tanlovlarda bunaqa siyosiy qo‘shiqlar... O‘zbekchada yo‘q edi unaqa qo‘shiqlar. Bizlar o‘zbek maktablaridan borardik-da, qaytib kelardik sig‘indidek, bir siqindidek bo‘lib", deydi onaxon Toshkentda o‘zi o‘qigan paytlarni eslab.

Ziyoda oldinlari gugurt bir tiyin turardi, deb Sovet davrini maqtaydiganlarni tanqid qilib, faqat iqtisodga taqagan taqdirda ham odamlar u paytda yaxshi yashamaganini ta’kidlaydi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Mustaqillikdan keyin ruhiyatimda juda ham yengillik bo‘ldi. Chunki men ishlayotgan paytim, yoshlik paytim "o‘zbeklar ishi", "paxta ishi" paytiga to‘g‘ri kelgan. Ishxonada shunaqangi asabbuzarlik... Televizorda "o‘zbeklar ishi", "paxta ishi" deb butun SSSRga ko‘rsatilgan kinolar bo‘lardi, hujjatli filmlar. Shunaqa ruhan ezilardik. O‘sha paytni eslasam, hozirgi davrni men hech narsaga alishmayman", deydi u.

Onaxon bugungi O‘zbekiston ham muammolardan holi emasligini tan oladi, lekin ularning yechimi ham ichkaridan chiqishi kerak, deb hisoblaydi.

"Mayli, bizlarda korruptsiyadir, boshqadir, sekin-sekin hammasi joyiga tushadi. Lekin men ruhiy ozodligimni hech narsaga alishmayman. O‘shaning uchun Sovet davrini qo‘msamayman.

Lekin hozirgi kamchiliklar, boshqalar — bu alohida masala. Nima deydi, haligi "uyimizdagi narsalarni o‘zimiz joyiga qo‘yib olamiz" deydi-ku, shunaqa narsa".

Mustaqillik maydoni
BBC O'zbek
Mayli, bizlarda korrupsiyadir, sekin-sekin hammasi joyiga tushadi. Lekin men ruhiy ozodligimni hech narsaga alishmayman. Shuning uchun Sovet davrini qo‘msamayman.
Ziyoda
Toshkent shahri (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Toshkentlik onaxonning aytishicha, O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin yo‘l qo‘yilgan bir kamchilik shundan iborat bo‘lganki, yaqin tarix hammaga yetkazilmagan.

"Mening shaxsiy fikrimcha, bizlar yaqin tarixni hammaga yetkaza olmadik. Mana, ateistik tuzumda o‘sib, o‘sha yerda ulg‘aygan bo‘lsak ham, o‘zligimizni tanidik. Shu yaqin tarixni maktablarda o‘rgatish kerak. Mana o‘shanda odam qadri bo‘ladi", deydi u.