Bir og‘iz "o‘zbekcha gapiring"dan boshlangan mojaro qanday tugadi?

Surat manbasi, komiljon_vlogs
O‘zbekistonning xususiy aviatashuvchisi Centrum Air va bloger Komiljon o‘rtasida o‘zbek tili masalasi ortidan kelib chiqqan mojaro yarashuv bilan yakunlandi. Aviakompaniya vakillari yo‘lovchi bilan uchrashdi, yetkazilgan zararlar qoplangani ma’lum qilindi.
Mojaro 5 oktyabr kuni Samara-Toshkent reysi vaqtida yuzaga kelgan edi. Bloger Komiljon (komil_vlogs) ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida bort kuzatuvchisidan unga o‘zbek tilida murojaat qilishni so‘raganini, shundan so‘ng esa reysga qo‘yilmaganini aytgan edi.
Dastlab Centrum Air tarqatgan rasmiy bayonotda yo‘lovchi bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgani, xodimni haqorat qilgani va uning ishiga xalaqit bergani sababli samolyot komandiri uni parvozga qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgani bildirilgan edi.
Biroq keyinchalik aviakompaniya bosh direktori o‘rinbosari Ma’murjon Mamadaliev X ijtimoiy tarmog‘ida vaziyat yuzasidan boshqacha ma’lumot berdi.
"Umuman olganda bort kuzatuvchi nohaq, u aybini tan olgan. Bugun yo‘lovchi bilan uchrashuv tashkil qilganmiz", deb yozdi u.
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post, 1
Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya vaziyatni har tomonlama o‘rgangan va mojaro sabab yo‘lovchiga tegishli barcha transfer xarajatlarini qoplashga qaror qilgan.
Mamadaliev boshqa bir izohida bort kuzatuvchisi o‘zbek tilini yaxshi bilishi, ko‘p yillar davomida O‘zbekistondagi boshqa aviakompaniyalarda ishlagani va shu vaqtgacha uning faoliyati bo‘yicha shikoyatlar bo‘lmaganini ta’kidladi. Shuningdek, u ham, aviakompaniya ham sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanini bildirdi.
Keyinroq bloger e’lon qilgan videoda mojaro ishtirokchilaridan biri bo‘lgan bort kuzatuvchisi Anjela o‘zbek tilida uzr so‘radi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Sizdan uzr so‘rayman. Oramizda tushunmovchilik o‘tgan bo‘lsa uzr. Mendan ayb o‘tgan. Ko‘nglingizni og‘ritganim uchun uzr. Bu holat men uchun saboq bo‘ldi. Takrorlanmaydi. Biz mijozlarimizni hurmat qilamiz", dedi u.
Bort kuzatuvchisi o‘z murojaatida aviakompaniya nomidan ham kechirim so‘radi.
Videoda bloger gapini "opa, mendan o‘tgan bo‘lsa uzr", deb boshlagan.
Shundan so‘ng bloger Komiljon alohida video e’lon qilib, mojaro bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar qoplangan, bort kuzatuvchisi o‘z xatosini tan olgan va aviakompaniya ham uzr so‘ragan.
"Barcha zararlarim qoplandi. Centrum Air'ga katta rahmat, tezkorlik bilan munosabat bildirgani uchun", dedi bloger.
Shu tariqa, bir necha kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan mojaro tomonlarning yarashuvi bilan yakunlandi.
Biroq voqea O‘zbekistonda davlat tilining xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘rni, mijozlar huquqlari va kompaniyalarning inqirozli vaziyatlardagi kommunikatsiyasi haqidagi muhokamalarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bahslar
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post, 2
Mojaro O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlari segmentida keng muhokama qilindi. Ayniqsa, X, Facebook va Telegram platformalarida bahslar davlat tilining maqomi va xizmat ko‘rsatish madaniyati masalasiga ko‘chdi.
Komiljonni qo‘llab-quvvatlagan foydalanuvchilar O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi milliy aviakompaniya xodimlari yo‘lovchilarga, birinchi navbatda, davlat tilida xizmat ko‘rsatishi lozimligini ta’kidladilar. Ularga ko‘ra, yo‘lovchining o‘zbek tilida muloqot qilishni so‘rashi g‘ayrioddiy yoki haqoratli talab emas.
Boshqa foydalanuvchilar esa til masalasidan qat’i nazar, parvoz xavfsizligi aviatashuvchi uchun ustuvor ekanini ta’kidlab, voqeaga bir tomonlama baho berishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdilar. Ularning fikricha, hodisaga oid to‘liq video va xizmat tekshiruvi materiallari jamoatchilikka taqdim etilmaguncha qat’iy xulosa chiqarish qiyin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Muhokamalarda yana bir fikr tez-tez uchradi: ayrim foydalanuvchilar mazkur voqeani O‘zbekistonda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik amalda qay darajada ishlayotgani haqidagi navbatdagi sinov sifatida baholadilar.
Shu bilan birga, bloger va aviakompaniya o‘rtasidagi kelishuvdan keyin ayrim kuzatuvchilar mojaro keskinlashtirilmasdan hal etilganini ijobiy baholadilar. Ularga ko‘ra, aviakompaniya tomonidan uzr so‘ralgani va yetkazilgan zarar qoplangani nizoning murosali yechim topganidan dalolat beradi.
































