Merts kutilmaganda Kievga keldi, Rossiya droni ko‘prikka yana zarba berdi

Kievdagi Pivnichniy (Shimoliy) ko‘prigida trolleybuslarning havodagi elektr simlarini ta’mirlayotgan texnik xodimlar. Surat: 2026 yil 3 oktyabr.
Surat tagso‘zi, Pivnichniy ko‘prigiga ketma-ket ikkinchi kun zarba berildi. Surat shanba kuni olingan
    • Author, Ella Kipling
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya Kievdagi yirik ko‘priklarga ketma-ket to‘rt kundan beri hujum qilmoqda. Moskva Ukraina poytaxtidagi muhim infratuzilma ob’ektlariga hujumlarni kuchaytirgan.

Pivnichniy (Shimoliy) ko‘prigi yakshanba kuni ertalab ketma-ket ikkinchi kun nishonga olindi. Pivdenniy (Janubiy) ko‘prigiga esa shu hafta avvalroq bir necha bor zarba berilgan edi.

So‘nggi hujum Germaniya kantsleri Fridrix Merts yakshanba kuni kutilmaganda Kievga tashrif buyurgan paytda sodir bo‘ldi.

Ayni paytda Rossiya mudofaa vazirligi Kiev va Ukrainaning boshqa hududlariga zarbalarni kuchaytirishini bildirdi.

BBC tekshirgan videoda Pivnichniy ko‘prigida avtomobillar harakatlanayotgan paytda dron unga urilib, portlagani aks etgan. Katta alanga ko‘tarilib, so‘ng ko‘prik tepasida qora tutun paydo bo‘lgan.

Yakshanba kungi bu hujumda jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Fridrix Merts poezd oldida bir guruh odamlar o‘rtasida turibdi. Ular unga qarab turishibdi, orqa tomondagi bir erkak esa uni suratga olmoqda.
Surat tagso‘zi, Merts Kievga poezdda yetib keldi.

Kiev meri Vitaliy Klichko Telegram'da: "Pivnichniy ko‘prigidagi qatnov qismiga zarba berildi. Tezkor xizmatlar voqea joyiga bormoqda", deb yozdi.

Uning aytishicha, hujum oqibatida issiqlik quvuri shikastlangan. Shu sababli shaharning shimoli-sharqidagi Desnyanskiy tumanida vaqtincha issiq suv ta’minoti uziladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni ertalab Rossiya dronlari Sumidagi omborga ham hujum qilganini, bir kishi halok bo‘lganini bildirdi.

Uning aytishicha, Dnipro shahrida aloqa ob’ektiga zarba berilishi oqibatida olti kishi jarohatlangan.

Tezkor xizmatlar hujumlar sodir bo‘lgan joylarda ish olib borayotgan paytda Germaniya kantsleri Merts Kievda Zelenskiy bilan uchrashdi. Ular urushda halok bo‘lgan ukrainalik harbiylar xotirasiga gulchambarlar qo‘ydi.

Merts Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlab, X tarmog‘ida shunday yozdi: "Kelgusi haftalar Ukraina uchun hal qiluvchi bo‘ladi. Shuning uchun bugun Kievga bizga ishonishlari mumkinligini aytish uchun keldim".

Germaniyaning xavfsizligi ham bu urush qanday yakunlanishiga bog‘liq. Shu bois biz o‘z manfaatlarimizni ko‘zlab ham yordam bermoqdamiz".

Merts va Zelenskiy tiz cho‘kib, gul qo‘ymoqda. Ularning oldida qizil, oq, sariq va ko‘k gullar terib qo‘yilgan. Ikkalasi ham to‘q rangli kiyimda.
Surat tagso‘zi, Merts Zelenskiy bilan birga halok bo‘lgan ukrainalik harbiylar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikka bordi.

Merts 2025 yil mayida kantsler bo‘lganidan beri Germaniya Ukrainaga yordam berish bo‘yicha alohida davlatlar orasida birinchi o‘ringa chiqqan.

U "Ukraina kelgusi haftalarda bizning to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizga muhtoj", dedi.

"Agar Rossiya to‘xtatilmasa, uning urush mashinasi ertami-kechmi bizga qarshi ham yo‘naladi", deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy Ukraina va Germaniya o‘rtasida "muhim kelishuvlar" tuzilishini aytdi.

Ukraina prezidenti G‘arbdagi ittifoqchilarini mamlakatga ko‘proq harbiy yordam berishga bir necha bor chaqirgan. Jumladan, u Rossiyaning reaktiv dvigatelli yangi dronlarini urib tushirishga mo‘ljallangan zamonaviy vositalar yetkazib berishni so‘ragan.

Fridrix Mers poyezd oldida bir guruh odamlar o‘rtasida turibdi. Ular unga qarab turishibdi, orqa tomondagi bir erkak esa uni suratga olmoqda.
Reuters
Agar Rossiya to‘xtatilmasa, uning urush mashinasi ertami-kechmi bizga qarshi ham yo‘naladi.
Fridrix Mers
Germaniya kansleri (Batafsil: bbc.com/uzbek)
Rossiya droni Kievdagi Pivdenniy (Janubiy) ko‘prigining kabellariga urilib, portladi. Surat: 2026 yil 2 oktyabr.
Surat tagso‘zi, Juma kungi hujumda Rossiya droni Kievdagi Pivdenniy (Janubiy) ko‘prigining kabellariga urildi.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Kievdagi yirik ko‘priklarga hujumlar Moskvaning yangi strategiyasi bo‘lishi mumkin.

Klichkoning aytishicha, Pivnichniy (Shimoliy) ko‘prigiga birinchi zarba shanba kuni berilgan. Hujumda ikki kishi jarohatlangan, yo‘l qoplamasi va trolleybuslarning havodagi elektr simlari shikastlangan.

Bundan bir necha kun oldin Rossiya dronlari Pivdenniy (Janubiy) ko‘prigiga bir necha bor zarba bergan edi.

Dnepr daryosi ustidan o‘tgan Pivdenniy va Pivnichniy ko‘priklari Kievning g‘arbiy va sharqiy qismlarini bog‘laydi. Payshanbaga qadar ularga zarba berilmagan edi.

Rossiya o‘z dronlari har ikki ko‘prikka zarba berganini bildirdi. Uning da’vosicha, bu ko‘priklardan Ukraina qo‘shinlari va harbiy yuklarni tashishda foydalanilgan.

Moskva xorijiy fuqarolarni, jumladan diplomatlarni yana bir bor Kievni tark etishga chaqirdi.

Bunga javoban Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi elchisi Katarina Maternova yakshanba kuni X tarmog‘ida shunday yozdi: "Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi qoladi. Bizga tahdid qilish Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini to‘xtata olmaydi. Bu faqat ushbu qo‘llab-quvvatlash nega muhimligini yana bir bor eslatadi!"

Germaniyaning Ukrainadagi elchisi Boris Ruge Maternovaning postiga: "Gapingizga qo‘shilaman, biz ham qolamiz", deb javob berdi.

Pivdenniy ko‘prigiga avval qilingan hujumlar sababli Kiev mudofaa kengashi juma kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.

Klichko shahardagi vaziyat "o‘ta og‘ir" ekanidan ogohlantirdi. Uning aytishicha, Moskva shaharning "muhim infratuzilmasi, logistika tizimi, turar joylari" va boshqa muhim ob’ektlariga shiddatli zarbalar bermoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

Ukrainaning Kiev shahrida odamlar yo‘lak bo‘ylab ketmoqda. Yo‘lda esa Rossiyaning tungi hujumlari oqibatida yuzaga kelgan katta tirbandlikda qolgan avtomobillar ko‘rinadi. Surat: 2026 yil 2 oktyabr.
Surat tagso‘zi, Rossiyaning Pivdenniy ko‘prigiga dronlar bilan bergan zarbalari juma kuni Kiev bo‘ylab tirbandliklarga sabab bo‘ldi.

Mutaxassislarning aytishicha, Rossiya dronlari ko‘priklarni qulatishi ehtimoli kam. Biroq takroriy hujumlar sabab ularni qatnov uchun yopishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ko‘priklar konstruktsiyasi zaiflashib, foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu zarbalar Ukrainaning Rossiya energetika ob’ektlariga qilgan hujumlariga javob ekanini aytgan. Biroq bunday hujumlarni birinchi bo‘lib Moskvaning o‘zi boshlagan edi.

Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni boshlagan.