AQSh va Eron ikkinchi kecha ham zarbalar almashdi

Erondagi nishonga berilgan AQSh zarbasining qora-oq termal tasviridan olingan kadr.

Surat manbasi, CENTCOM

Surat tagso‘zi, AQSh ma’lum qilishicha, Eronga qarshi zarbalarning ikkinchi kechasida 90 ta nishonga hujum qilingan.
    • Author, Viki Vong
    • Author, Mett Spayvi va Tebbi Uilson
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh va Eron ketma-ket ikkinchi kecha o‘zaro zarbalar almashdi. Kuzatuvchilarning bildirishicha, harbiy harakatlar qayta boshlanganidan beri Hurmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalar soni keskin kamaygan.

AQSh harbiylari ma’lum qilishicha, ular 90 ga yaqin harbiy nishonga, jumladan, ba’zilari Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan ob’ektlarga zarba bergan. Eron rasmiylari esa so‘nggi ikki kunda 14 kishi halok bo‘lganini aytmoqda.

Eron mamlakatning bir nechta sohilbo‘yi hududlarida portlashlar sodir bo‘lganini ma’lum qildi hamda javob chorasi sifatida Kuvayt, Bahrayn va Qatardagi AQSh ob’ektlarini nishonga olganini bildirdi.

Mustaqil tanker egalari xalqaro tashkiloti - Intertankoning dengiz masalalari bo‘yicha direktori Fil Belcherning aytishicha, hozirda bo‘g‘ozning janubiy yo‘nalishi orqali harakatlanayotgan kemalar soni sanoqli darajaga tushib qolgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir hafta avval kuniga taxminan 70 ta kema o‘tgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich taxminan 30 taga tushgan. Bu esa yil boshida Erondagi urush boshlanishidan avval qayd etilgan 130 ta kema ko‘rsatkichidan ancha past.

"Ummon sohillari yaqinida AQSh tomonidan nazorat qilinadigan janubiy yo‘nalish orqali kechasi o‘tayotgan kemalar soni keskin kamaymoqda", dedi u BBC Radio 4'ning Today dasturiga bergan intervyusida. Shu bilan birga, Eron nazorat qiladigan shimoliy yo‘nalish orqali taxminan 20 ta kema harakatlangan.

Belcherning ta’kidlashicha, o‘tgan oy Eron va AQSh o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangach, mintaqadagi dengiz tashuvlari sohasida katta optimizm kuzatilgan edi, ammo hozir vaziyat o‘zgargan.

"Qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamayotgani va vaziyatning doimiy beqarorligi ham biznesga, ham dengizchilarning o‘ziga katta ta’sir ko‘rsatmoqda", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh zarbalarini "qo‘pol harbiy jinoyat" deb atadi va ular fuqarolik infratuzilmasi, jumladan temir yo‘l ko‘priklarini nishonga olganini bildirdi.

Vazirlik bayonotida AQSh ma’muriyati "yovuz va psixopatik" deb ta’riflandi hamda Tehronni Mashhad shahri bilan bog‘lovchi temir yo‘l yo‘nalishi va ko‘priklarga zarar yetkazgan hujumlar qoralandi. Mashhad shahrida marhum oliy rahbar Ali Xomanaiy payshanba kuni kechroq bo‘lib o‘tadigan janoza marosimidan so‘ng dafn etilishi kutilmoqda.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, janglarning so‘nggi bosqichida 14 kishi halok bo‘lgan.

Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rahbari Husayn Kermanpurning aytishicha, 8-9 iyul kunlari AQShning Eronning besh viloyatiga qilgan hujumlari oqibatida yana 78 kishi jarohatlangan, ularning 47 nafari hali ham shifoxonada qolmoqmoqda.

AQSh zarbalaridan so‘ng Fors ko‘rfazi davlatlari ham Eron hujumlari haqida xabar berdi. Bahrayn poytaxti Manomada portlashlar kuzatildi, Kuvayt raketalar va dronlarni to‘xtatdi, Qatar esa xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qildi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari Kuvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy bazalariga javob zarbalari berilganini tasdiqladi va bu harakatlarni "amerikalik bitim shartlarini buzuvchilarga qarshi jazolovchi choralarning birinchi bosqichi", deb atadi.

Eron parlamenti spikeri va mamlakatning AQSh bilan bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibof X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: "Amerika hali ham tahdid qilish va va’dalarni buzish javob choralarisiz qolmasligini anglab yetmadi".

"Ochig‘ini aytaman: agar zarba bersangiz, javob zarbasini olasiz", deb yozdi u. Shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozi faqat Eron belgilaydigan tartiblar asosida ochiq bo‘lishini, "Amerika tahdidlari"ga ko‘ra emasligini ta’kidladi.

CENTCOM
Qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamayotgani va vaziyatning doimiy beqarorligi ham biznesga, ham dengizchilarning o‘ziga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Fil Belcher
Intertankoning dengiz masalalari bo‘yicha direktori (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing )

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) so‘nggi zarbalar Eronning mazkur muhim suv yo‘lida "tijoriy kemalar va tinch fuqaro dengizchilariga hujum qilish imkoniyatlarini yanada cheklash" maqsadida amalga oshirilganini bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, Eronning 90 ta harbiy nishoniga zarba berilgan bo‘lib, ular orasida havo mudofaasi tizimlari va Eron sohillari bo‘ylab joylashgan harbiy logistika infratuzilmalari ham bo‘lgan.

"So‘nggi zarbalar bir kecha avval Eron hududida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli hujum harakatlarining davomi bo‘ldi", dedi CENTCOM.

Shuningdek, Eron sohillarining boshqa hududlarida, jumladan Konarak va Chobahor shaharlarida ham bir nechta portlashlar haqida xabar berildi.

Eron davlat televideniesi Bandar Abbosda sakkizta portlash sodir bo‘lganini xabar qildi va Eron janubida joylashgan Sirik hamda Jask portlariga ikkitadan raketa kelib tushganini aytdi.

Shuningdek, uzoq yillardan beri Eron va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida bahs mavzusi bo‘lib kelayotgan Abu Musa oroliga ham ikki snaryad tushgani aytildi.

Xabarlarga ko‘ra, Bandar Abbosda havo mudofaasi tizimlari ishga tushirilgan.

AQSh zarbalaridan kelib chiqqan zarar hajmi hozircha ma’lum emas. Biroq Eron ommaviy axborot vositalari Chobahorda elektr ta’minotida uzilishlar va Bushehr shahridagi Islom inqilobi qo‘riqchilari kazarmasida yong‘in chiqqanini xabar qildi.

Eron Talabalar axborot agentligi ma’lum qilishicha, Chobahorda ishdan chiqqan uchta elektr liniyalaridan ikkitasi tezda tiklangan, uchinchisi ham yaqin vaqtda ishga tushiriladi.

Chorshanba kuni avvalroq CENTCOM bayonot berib, Eronni "muhim xalqaro suv yo‘li orqali erkin harakatlanayotgan tijoriy kemalar va fuqaro ekipajlariga qarshi so‘nggi asossiz tajovuzlar" uchun javobgar deb atagan edi.

Chorshanba kechqurun Air Force One samolyotida jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, AQSh prezidenti Eron "bir oz avval qo‘ng‘iroq qilgani" va kelishuvga "juda qattiq intilyotgani"ni aytdi.

Jumladan Tramp shunday dedi: "Men ular kelishuvga loyiqmi-yo‘qmi, bilmayman. Ular kelishuvga amal qiladimi-yo‘qmi, muammo shunda".

Hurmuz bo‘g‘ozi xaritasida shimolda Eron sohillari, janubda esa Ummon va BAA sohillari ko‘rsatilgan. Bo‘g‘ozdagi bir nechta orollar, jumladan Hurmuz, Larak, Qeshm va Hengam (Eron yaqinida), shuningdek Katta Tunb, Kichik Tunb va Abu Musa orollari belgilangan. Kichik globus tasviri hududning jahondagi joylashuvini ko‘rsatadi.

Seshanba kuni AQSh harbiylari bo‘g‘ozdagi uchta tankerga qilingan hujumlarga javoban "kuchli" zarbalar berganini ma’lum qildi.

Seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi AQSh va Eron o‘rtasidagi anglashuv memorandumi 17 iyun kuni imzolanganidan beri eng og‘ir zarbalar almashinuvi kuzatildi.

Tramp chorshanba kuni o‘tgan oy Eron bilan imzolangan otashkesim kelishuvi "tugagani"ni aytib, AQSh "kecha qaqshatqich zarba bergani" va ehtimol "bugun kechasi ham qattiq zarba berishi"ni bildirdi.

U jurnalistlarga shunday dedi: "Men ular bilan boshqa muzokara qilishni istamayman. Ular razil kimsalar. Razil kimsalar qanday bo‘lishini bilasizmi? Ular aynan shunday kimsalar. Ular nosog‘lom odamlar".

Bunga javoban Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X tarmog‘ida shunday yozdi: "Biz haqoratga haqorat bilan emas, balki qo‘rqmasdan va katta jasorat bilan amal bilan javob beramiz".

AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv 14 banddan iborat bo‘lib, ular orasida 60 kunlik otashkesim davri, muzokaralarni davom ettirish, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash va AQShning Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi kabi masalalar bor edi.

Muzokaralar uchun ajratilgan 60 kunlik muddat hali tugamagan bo‘lsa-da, Tramp keyingi muzokaralarni "vaqtni behuda sarflash" deb atadi.

Bu anglashuv memorandumi imzolanganidan keyingi ilk zarbalar emas.

26 iyun kuni Hurmuz bo‘g‘ozida eronlik snaryad yuk kemasiga tegganidan keyin AQSh Eronga qarshi bir qator zarbalar bergan edi.

27 iyun kuni ham tankerga qilingan hujumdan so‘ng qo‘shimcha AQSh zarbalari amalga oshirildi. Biroq oy oxirida har ikki tomon ham "vaziyatni keskinlashtirmaslikka" kelishib olgan edi.