Karimov davri qaytyaptimi? Boshga kiyilgan plastik xalta, tishlari tushib ketgan bloger va matbuotga javob bermayotgan Ichki ishlar vazirligi

Surat manbasi, Sirojiddin Media
O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyatining ikki faoli – bir mustaqil advokat va bir bloger, huquq-tartibot organlari faoliyatidagi ko‘plab noqonuniy amallar da’volariga qaramay, panjara ortida qolishmoqda.
Qashqadaryoda huquq organlarining faoliyati, xususan, sud ishlarida soxta jabrlanuvchilar qo‘llanishi ustidan arz qilib kelgan inson huquqlari faoli Javohir Mo‘minov o‘ziga qarshi qiynoqlar qo‘llanayotganini aytgan. 5 iyunda tovlamachilikda ayblanib hibsga olingan 34 yoshli Mo‘minovning advokatiga ko‘ra, Ichki ish xodimlari uning boshiga plastik xalta kiydirib nafasini qisganlar va urganlar.
Bu ish haqida xabar tarqatgan Human Rights Watch tashkilotining bayonotida aytilishicha, "Javohir Mo‘minovga qarshi ochilgan jinoiy ish va uning tahqirlanishi haqidagi da’volar O‘zbekiston tarixidagi ancha qorong‘iroq davrlarni eslatyapti".
"O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosalarida Javohirga dastlabki so‘roq paytida noinsoniy qiynoq qo‘llanilgani qayd qilingan, hatto uning badanidagi jarohatlar tufayli tergov izolyatri ham uni qabul qilmagan. Hozirda Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlangan", - deydi O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.
Hozirga kelib Mo‘minov 25 kundirki Qarshi shahar Shayxali qo‘rg‘onidagi 5-sonli tergov izolyatorida saqlanmoqda. Uning advokatlaridan biri ham u bilan uchrashish uchun borganida do‘pposlanganini da’vo qilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Ezgulik" jamiyati faoli Javohir Mo‘minovning hibsga olinishiga u himoya qilayotgan shaxsning ishi sabab bo‘lgan.
Avvalroq viloyat prokuraturasi qoshidagi MIB xodimlari Jo‘ra Akbarov ismli fuqaroni aliment to‘lamagani uchun do‘pposlaganlari va qo‘lini sindirganlari aytiladi. Akbarov shikoyati ortidan xodimlardan biri hibsga olinib, 2 yillik ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

Surat manbasi, Human Rights Watch
Ammo, Akbarovning payi uzilgan bilagini Samarqandda operatsiya qildirish uchun MIBchidan 50 million so‘m pul so‘ragani va buni olgani tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ishga asos bo‘ldi. Uni himoya qilib kelgan faol Javohir Mo‘minov ham shu tovlamachilikka aloqador deya hibsga olingan.
Tashanovning Bi-bi-siga aytishicha, hamkasbi o‘z faoliyati uchun ta’qib qilinmoqda va undan qiynoqlar yordamida tovlamachilikka oid iqrornoma yozdirib olishga urinishmoqda.
"Qashqadaryo viloyati huquqni muhofaza qilish organlari, xususan, viloyat IIBning terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari Javohirga anchadan beri tuzoq qo‘yib kelishayotgandi. 3 oy avval uni ushlashmoqchi bo‘lganida operatsiya barbod bo‘lib, Mo‘minov bu xodimlar ustidan Bosh prokuratura va Prezident Administratsiyasiga yozib yurgandi. Afsuski, ogohlantirishlarimga qaramay Javohir vaziyatga beparvo bo‘ldi, qonunga ishondi", - deydi Tashanov.
Tashanov o‘z hamkasbi Qashqadaryo huquq-tartibot idoralaridagi qing‘ir ishlarni fosh qilishi butun mamlakatda aks-sado bergan.
"U soxta jabrlanuvchilar masalasidagi materiallarni bizga yetkazib, nafaqat Qashqadaryo viloyatida, balki mamlakatdagi bu illatni fosh etgandi. Biz soxta jabrlanuvchilar masalasini ko‘targanimizdan so‘ng butun mintaqalardan yuzlab jinoyat ishlari ortidagi soxtakorliklar bizga oqib kela boshladi. Bundan Oliy sudning ham, Bosh prokurorning ham, Ichki ishlar vaziri-yu, DXXning ham yaxshigina xabari bor», - deydi u.
«Javohir Mo‘minov kasbiy professional faoliyati uchun ta’qibga olindi. Unga qo‘yilgan ayblov soxta, huquqiy jihatdan absurddir. U korruptsiya va uyushgan jinoyatchilik qurboni — bunga qo‘limizda yetarli dalillar mavjud. Erta-indin unga nisbatan qoralov kampaniyasiga start berilsa, ajabmas", - deya qo‘shimcha qildi Tashanov.
Sirojiddin Adilovning "ahvoli yomon"
"Ezgulik" jamiyatining tovlamachilik va firibgarlikda ayblanib hibsga olingan yana bir faoli - bloger Sirojiddin Adilovning ishi 25 iyunda Jizzax viloyati jinoiy sudiga yuborilgan.
Tashanovning aytishicha, keltirilgani taxmin qilinayotgan zarar miqdori qoplangani, garov puli va kafillik mavjudligi, hamda uning qamoqqa olinishiga asos bo‘lgan pora berish jinoyati tergov davrida tasdig‘ini topmaganiga qaramay qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilmagan.
"Sirojiddin Media" YouTube kanali muallifi Adilov mart oyida moliyaviy bahsni hal qilib berishni va’da qilish bilan pora olganlikda ayblanib Samarqandda hibsga olingandi.

Surat manbasi, Sirojiddin Media
Blogerning hibsga olinishi ham uning faoliyatiga bog‘liqligi haqidagi kuchli taxminlarni yuzaga chiqardi. Sirojiddin Adilov Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi maktab direktori Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlaridan tomonidan tahqirlanish ishini faol yoritib kelayotgandi. Qosimovaning IIB xodimlari tomonidan majburlab yechintirilgani va suratga olingani haqidagi da’volari sudda tasdig‘ini topib, Furqat IIB rahbari va yordamchisi aybdor deb topilgan. Ammo, Qosimova bu ishga aloqador deya yana to‘qqiz nafar xodimning jazolanishini talab qilib kelmoqda.
Adilovga ochilgan jinoiy ish uning Qosimova ishini faol yoritgani uchun IIB tomonidan olinayotgan qasos degan farazlarni o‘rtaga chiqardi.
"Uni Pastdarg‘om sudi dastlab JKning 211-moddasi (Pora berish) bilan qamagandi, bu modda tergov davomida tasdiqlanmadi, olib tashlandi. Tergov organi esa uni qamoqda olib qolish uchun unga JKning 165-moddasi (Tovlamachilik)ni qo‘shdi. Sirojiddin ishida mutlaqo tarkib bermaydigan mazkur ayblov uning noqonuniy ushlab turilishiga asos bo‘lmoqda. Holbuki, 11 iyunь kuni Sirojiddinning qamoqqa olinganiga 90 kun to‘ldi, u hozirda noqonuniy ravishda qamoqda qolmoqda», - deydi Tashanov.
Tashanovning aytishicha, Adilovning ahvoli yomon: «u 40 kilogacha ozib ketgan, tishlari to‘kilgani bois sutkasiga bittagina tuxum yutolyapti, xolos».
«Men Karimov davrida siyosiy mahbuslar ishi bilan shug‘ullanganman, keyinchalik Mirziyoyev davriga kelib, ularning ozod qilinishida ishtirok etganman. O‘sha paytda ko‘pgina faollar, hususan, jurnalistlar, huquq faollari kasbiy professional faoliyati tufayli qamaldi, quvg‘in qilindi. Hozirgi jarayonlarning starti ham xuddi o‘sha voqealarni eslatmoqda: huquqiy nigilizm, so‘z erkinligining dushmani bo‘lgan amaldorlar Karimovni diktatorga "aylantirishgan". Masalaning qo‘rqinchli tomoni — tarixning takrorlanishi, Prezident siyosatining sabotaj qilinishidir. Bu o‘rinda siyosiy iroda kerak, voqealar rivoji shunday kechsa, davlat mashinasi ruli istasa-istamasa, Mirziyoyev ta’biridagi qo‘rqinchli davrlarga burilib ketishi mumkin», - deydi Tashanov.
Yozma yozing
BBC ushbu ikki ish bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Javohir Mo‘minovga qarshi qiynoqlar bo‘yicha prokuratura IIB xodimlariga nisbatan tekshiruv tayinlangan yo tayinlanmagani haqida ma’lumot berishini aytdi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov esa VVS muxbiri unga telegram orqali yozma ravishda murojaat qilganiga qaramasdan, "OAV to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasiga muvofiq so‘rovingizni o‘rganib chiqish uchun yozma ravishda kiritishingizni so‘raymiz", deya javob berdi.





























