Rossiya: Putin kimni o‘ziga ko‘proq yaqin oldi - O‘zbekiston yoki Qozog‘istonni?

Surat manbasi, Kremlin.ru
Prezident Putinning Moskvadagi G‘alaba bayramiga bu yil Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati – O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari borishdi.
Ayni paytda, bu ikki prezident bilan kechgan uchrashuv chog‘laridagi tasvirlar bir qadar farqli manzarani ham ko‘rsatdi.
Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan quchoqlashib, yuzni-yuzga berib, quyuq so‘rashdi.
Prezident Toqaev bilan ko‘rishish esa anchayin rasmiy bo‘lib, qo‘l berishish bilan cheklandi.
Prezidentlar Mirziyoyev va Toqaev G‘alaba kuni Rossiya poytaxtidagi xavfsizlik qanday bo‘lishi anchayin mavhumligiga qaramay, Moskvaga kelishgandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Putin uyushtiradigan yirik tadbirlarda G‘arb rahbarlari ancha kamnamo.
So‘nggi yillari esa Moskvaning MDHdagi davlatlar bilan ham aloqalari avvalgidek emas.
Bu o‘rinda, xususan, Ozarbayjon va Rossiyaning uzoq yillik hamkori bo‘lib kelgan Armanistonni ham qayd etish mumkin.
Biroq Markaziy Osiyo prezidentlari ayni masalada har doim yaqin munosabatlarni tutib kelishadi va G‘alaba paradlarida mintaqaning hechsa biron rahbari qatnashadi.
To‘g‘ri, bir yil oldin G‘alabaning 80 yilligi nishonlanganda, turli davlatlardan 27 nafar yetakchi, xususan, Xitoy va Braziliya prezidentlari ham Moskvaga borishgandi.
Bu safar esa Moskva qanchalik xavfsiz bo‘ladi, degan savollar o‘rtaga chiqdi.
Iqtisod yo siyosat?

Surat manbasi, PRESIDENT.UZ
Prezident Putin O‘zbekiston davlat rahbari bilan uchrashuvda iqtisodiy munosabatlarga va bu o‘rinda Shavkat Mirziyoyevning ishlariga alohida e’tibor qaratdi.
"Avvalo, sizning shaxsiy sa’y-harakatlaringiz tufayli oxirgi yillari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar eng zo‘r alfozda rivojlanib bormoqda" – dedi Vladimir Putin.
U, xususan, savdo hajmi ortib, iqtisodiy aloqalar kuchayganini, yirik loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Va Rossiya O‘zbekiston uchun eng ahamiyatli sarmoyadorlardan biri bo‘lib qolayotir, deya gapirdi.
Prezident Toqaevga ham Moskvaga kelgani uchun minnatdorchilik bildirgan Putin, Qozog‘iston davlat rahbarining safari Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlaring aslida qandayligini namoyish etishini ta’kidladi.
Va davlatlararo aloqalar rivojlanishida Toqaevning hissasi kattaligini aytdi.
Biroq bu safargi minnatdorchilik nutqi o‘ziga xos munosabatlardan ko‘ra, umumiy diplomatik jumlalarni eslatardi.
Qozog‘iston va Rossiya munosabatlari iliq, ammo oxirgi yillari qator rossiyalik siyosatchilarning Qozog‘istonga ishora qilib aytgan fikrlari bu mamlakatda bahs va noroziliklarga ham sabab bo‘lgan.
Putin Markaziy Osiyo rahbarlari bilan uchrashgan paytidagi nutqida iqtisodiy masalalarga e’tibor qaratgan bo‘lsa-da, G‘alaba kuni kimlar kelishi Rossiya uchun siyosiy ahamiyatga ham molik.
Zotan mehmonlar mavqei Putinning xalqaro miqyosda obro‘si qandayligini ko‘rsatuvchi me’yor hamdir.
Avvalo, sizning shaxsiy sa’y-harakatlaringiz tufayli oxirgi yillari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar eng zo‘r alfozda rivojlanib bormoqda
G‘alaba va Markaziy Osiyo
Shaksiz, Ikkinchi Jahon Urushida millionlab o‘zbek, qozoq yo tojiklar ham joni, ham moli bilan ishtirok etishgan.
Birgina O‘zbekiston nafaqat o‘zining bir yarim millionga yaqin farzandini urushga yuborgan, balki qariyb shuncha sondagi urush qochqinlarini ham qabul qilgan.
Front ortida odamlar o‘zlari qorni to‘yib ovqat yemasa ham, usti yupun bo‘lsa ham, urush uchun oziq-ovqat va kiyim-kechak jo‘natishgan.
Yuz minglab urush yetimlari qabul qilingan.
Biroq so‘nggi yillarda Rossiya nishonlaydigan G‘alaba kuni tantanalarida davlat rahbarlari ishtiroki yoki Markaziy Osiyoda o‘tkaziladigan ayrim tadbirlar mintaqada turli fikrlarni ham uyg‘otmay qolmagan.
Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda 9-may kuni rossiyalik san’atkorlar ishtirokida o‘tkazilgan kontsert turli bahslarga sabab bo‘lgan.
Bu o‘rinda ishtirokchilarning Ukraina urushi borasida tutgan mavqei hamda tadbir davomida qator ziddiyatli ramzlarning namoyish etilishi sabab bo‘lgani aytiladi.
Oxirgi yillarda mintaqa davlatlarida "O‘lmas polk" yurishlari ham qizg‘in bahs-munozaralarga yetaklamoqda.
Rossiya G‘alaba ramziga aylantirgan Georgiy tasmalari borasida ham mintaqadagi fikrlar bir xil emas.
Mintaqa rahbarlari ko‘pincha o‘z davlat bayroqlarini ramzlantiruvchi tasmalarni taqishadi.
O‘zbekistonda esa bu kun ancha yillardan beri Xotira va qadrlash kuniga aylantirilgan.
Ya’ni odamlar nafaqat Ikkinchi Jahon Urushida qozonilgan g‘alabani nishonlashadi yo urush qurbonlarini yodlashadi, balki hamma o‘tganlar haqiga duo qilib, barcha urush va qatag‘onlar qurbonlari xotirasini yodga olishadi.
Eslatma: Tashqi manba havolalaridagi fikrlar uchun BBC mas’ul emas.






























