Putin yoqilg‘i taqchilligini tan oldi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston urush Belarusga yoyilishidan xavotirdami?

Surat manbasi, Tass
Qariyb ikki oy mobaynida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i omborlariga Ukraina hujumlarini tilga olmay kelgan Prezident Vladimir Putin butun mamlakatda yuzaga yoqilg‘i taqchilligi vaziyatiga izoh berdi.
28 iyun tunida Rossiya davlat telekanali Prezident Putin bilan video intervyuni namoyish etdi.
Bu suhbatdan oldin Rossiya prezidenti yoqilg‘i taqchilligi muammosiga bag‘ishlangan hukumat majlisini o‘tkazdi.
Televidenie muxbiri bilan suhbatda Prezident Putin aytishicha, Rossiyada "hozir biz ma’lum bir yoqilg‘i tanqisligini kuzatayapmiz", garchi u "tanqidiy bo‘lmasa-da", dedi.
U vaziyatni Ukrain dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari bilan bog‘ladi, Ukraina Qurolli kuchlar zarbalari «muammolar yaratayotgani, bu aniq» ekanini aytdi, "zarar bor", dedi.
Rossiya 2014 yili anneksiya qilgan Ukraina yarim oroli Qrim va Sevastopolda yoqilg‘i tanqisligi aholiga uni sotishni vaqt-incha to‘liq taqiqlashga, boshqa vaqtlarda esa cheklangan miqdorda hamda QR-kodlar va talonlar orqali sotishga olib kelgan joylarda «bir necha kunlik» yoqilg‘i zaxirasi borligini aytdi Putin.
Prezident Putin Qrimga yoqilg‘i ta’minoti "ham quruqlik, ham dengiz orqali" amalga oshirilishini va’da qildi, ammo benzovozlarga muntazam hujumlar, Qrim ko‘prigi orqali sisternalar harakati taqiqlangani va Kerch bo‘g‘ozida paromlar o‘tkazish qobiliyati cheklanganini hisobga olganda bu qanday amalga oshirilishini aniqlashtirmadi.
Putin va Lukashenko Valdayda uchrashdilar
Putin Rossiya televideniesi muxbiri Pavel Zarubin bilan suhbatda, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini ham tilga oldi.
26 iyun kuni Prezident Putin Valdaydagi prezident qarorgohida Lukashenkoni qabul qilgan (Putin bu rezidensiyada kamdan-kam mehmon qabul qiladi), bu uchrashuv natijalarini na Rossiya, na Belarus prezidenti izohladilar, matbuot xizmatlari faqat rasmiy xabarlar bilan cheklandilar.
Lukashenkonning Valdayga tashrifi G‘arb matbuotida Moskva Minskka bosimni kuchaytirib, Ukrainaga qarshi urushda mamlakat hududidan platsdarm sifatida foydalanishga rozilik olishga urinayotgani haqidagi xabarlar va Kievning Belarus hokimiyatiga nisbatan keskin bayonotlari manzarasida bo‘lib o‘tdi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 iyun kuni Minskni Ukraina bilan chegaradagi Belarus hududida Rossiya zarbalarini Ukraina shaharlariga yo‘naltirishga yordam berayotgan retranslyatsiya uskunalarini joylashganlikda aybladi va ularni olib tashlashni talab qildi.
Aks holda buni «o‘zimiz» amalga oshiramiz deb tahdid qildi. Bir necha kundan so‘ng Zelenskiy retranslyatorlar o‘chirib qo‘yilganini aytdi.
Lukashenkoning o‘zi esa Valdayga safar arafasida Minskda Rossiya elchisi Boris Grizlov bilan uchrashuvda Rossiya olib borayotgan Ukraina bilan urushiga Belarus «jalb qilinmasligi kerak», deb aytdi.
Prezident Putin so‘zlariga ko‘ra, Valdaydagi uchrashuvda ular Zelenskiy bayonotlarini batafsil muhokama qilmaganlar.
Putin aytishicha, Lukashenko Zelenskiyning «qattiq bayonotlari»dan «sarosimaga tushmaydi» va bu masalaga juda xotirjam qaraydi.
Rossiya prezidenti VGTRK muxbirining savoliga javob berarkan, na Zelenskiyning retranslyatorlar haqidagi so‘zlarini, na Lukashenkoning Ukraina bilan urushishni istamasligi haqidagi bayonotlarini esladi, muzokaralar iqtisodiy masalalarga bag‘ishlandi, deb aytdi.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston ODKBning Ukraina urushiga aralashishidan xavotirdamilar?
Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB)ning Ukraina urushiga ehtimoliy ishtiroki haqidagi bahslar belarus-ukraina chegarasida keskinlik ortishi haqidagi rasmiy ogohlantirishlar va Markaziy Osiyo a’zolarining aralashishni istamasliklari haqidagi bayonotlar ortidan kuchaygani kuzatildi.
Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotining hozirgi a’zolari — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston.
"Biz Kiev rejimi tomonidan Belarus haqida qilingan navbatdagi bayonotlarni eshitmoqdamiz. Ukraina-Belarus chegarasidagi vaziyat keskinlasha boshladi, Ukraina dronlarining Rossiya hududiga parvozlari esa deyarli har kuni kuzatilmoqda", — dedi ODKB Doimiy kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Viktor Vasilev.
Ana gu manzarada mashhur anonim Rossiya Telegram-kanali "NYeZЫGAR" Qozog‘iston va Qirg‘iziston mojaroga tortilishdan xavotirda ekanini xabar qildi.
«Qozog‘iston va Qirg‘iziston Ukraina mojarosiga tortilish ehtimolidan xavotir bildirdilar va ularning vakillari JXShT shartnomasidagi harbiy yordam moddasini faollashtirish haqidagi qarorlar parlamentlar tomonidan qabul qilinishini aytdilar, ammo bu parlament a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin», — deb yozdi Rossiya Telegram kanali 24 iyun kuni noma’lum qozoq hukumat manbasiga tayanib.
"Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining bir rasmiysiga ko‘ra, "Ukrainaning Belarusga qarshi tajovuzi BMT yoki Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasida qayd etilishi kerak; agar bunday qaror qabul qilinmasa, JXShTning vaziyatga javob berish huquqi yo‘q"», — deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Kanal ma’lumotiga ko‘ra, bir qancha harbiy ekspertlar Qozog‘iston va Qirg‘iziston Belarusni himoya qilish uchun harbiy qo‘shin yubormasligiga ishonadilar va bu masalani ko‘tarish tashkilotning parchalanishiga olib kelishi mumkin.
«Bizning taxminimizcha, Belarus harbiy yordam masalasini o‘zi ko‘tarmaydi», — deyiladi Telegram kanali iqtibos keltirgan ekspertlar.
Qozog‘istonning hukumatparast Pervыy jүz Telegram-kanali ham ana shu mavzuda material bosdi, Ostona va Bishkek jamoaviy mudofaa majburiyatlaridan «diplomatik kafolatlar» izlayotgani haqida yozdi.
Pervыy jүz Telegram-kanaliga ko‘ra, Qozoq yoki Qirg‘iz qo‘shinlarini Belarusga yuborishga urinish parlament qarshiligiga uchraydi va «Markaziy Osiyo poytaxtlari hali ham ODKBni mintaqaviy xavfsizlik "soyaboni" sifatida ko‘radi, ammo uni Kremlning g‘arbiy frontida hujum vositasiga aylantirishni qat’iyan rad etadilar».
Kremlga yaqin sharhlovchilar Rossiya ittifoqchilarining yetarli darajada sodiq emasligini tanqid qildilar.

«Agar Zelenskiy Belarusga qarshi urush boshlasa, bu avtomatik ravishda ODKB jamoaviy xavfsizlik kelishuvlarini ishga tushiradi. JXShT shartnomasiga ko‘ra, Belarusga bunday zarba hujum sifatida baholanadi va Qozog‘iston aralashishga majbur bo‘ladi», — deb yozdi RedKazakh Telegram-kanali.
Shuningdek, Staryy Shakhtyor Telegram-kanali 25 iyunь kuni shunday yozdi: «Qisqasi, ular unchalik ham ishonchli ittifoqchi emas. Rossiyadan imtiyozlar olishni yaxshi ko‘radilar, ammo muammo paydo bo‘lsa, chetga chiqib oladilar».
Shu bilan bir vaqtda, Kremlga yaqin Vslux news Telegram-kanali Qozog‘iston Senati ODKBning harbiy tashish jarayonlarini soddalashtiruvchi ikki protokolni ratifikatsiya qilganini xabar qildi. Ular orasida shoshilinch harbiy yuk tashish haqida xabar berish muddatini uch kundan bir kunga qisqartirish va qabul qiluvchi davlatlar tomonidan ko‘rsatiladigan logistik yordamni kengaytirish ham bor.
Qozog‘istonlik jurnalist Guljan Yerg‘alieva esa o‘zining tahliliy Elmedia Telegram-kanalida Belarus-Ukraina qarama-qarshiligi «yangi, tanqidiy bosqichga chiqqanini» aytib, bu holat «ikkinchi front ochilishi va Qozog‘istonning ODKB mexanizmlari orqali begona urushga tortilishiga» olib kelmasmikan, degan savolni o‘rtaga tashladi.






























