"Manchester Siti" sovrinlaridan mahrum qilinib, premьer ligadan tushib ketadimi?

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi o‘n yarim yilda Angliya futbolida eng ko‘p sovrinni qo‘lga kiritgan klub ko‘plab moliyaviy qoidalarni buzganlikda aybdor deb topildi. Bunday qarorga Angliya Premьer-ligasi tomonidan tuzilgan mustaqil komissiya keldi. Endi klub jazolanadi — biroq hozircha bu qanday va qachon amalga oshirilishi noma’lum.
Tergov 2019 yilda boshlangan. Keyin, 2023 yil fevral oyida Premьer-liga "Manchester Siti"ga ayblovlar qo‘ydi, yana 1327 kun o‘tib, mustaqil komissiya muhokamalarni yakunlaganidan so‘ng qaror chiqarildi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, klub ko‘rib chiqilgan 115 ta qoidabuzarlikning 114 tasida aybdor deb topilgan.
"Manchester Siti" nimada ayblanmoqda?
Komissiya ko‘rib chiqqan barcha qoidabuzarliklar 2009/10 mavsumidan 2017/18 mavsumigacha bo‘lgan davrga taalluqli. Ular moliyaviy qoidalarning turli jihatlariga daxl qiladi:
- aniq moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etmagan 54 ta holat;
- futbolchilar va murabbiylarga to‘lovlar haqida aniq ma’lumot bermagan 14 ta holat;
- 2013/14–2017/18 mavsumlari oralig‘ida UEFA qoidalari, jumladan, moliyaviy feyr-pley (FFP) talablariga rioya qilinmagan 5 ta holat;
- Premьer-liganing daromadlilik va moliyaviy barqarorlik qoidalarini buzishning 7 ta holati;
- 2018 yil dekabridan 2023 yil fevraligacha Premьer-liga tergovi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortilgan 35 ta holat.
- Qat’iy moliyaviy qoidalar klublarning barqarorligini ta’minlash maqsadida 2010-yillar boshida joriy etilgan. Asosiy talablardan biri hisobot davridagi zarar belgilangan me’yordan oshib ketmasligi edi.
Bir tomondan, bu qoida klublarni qisqa muddatli maqsadlarga erishish uchun haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflamaslikka va keyinchalik bankrot bo‘lib qolmaslikka undardi. Boshqa tomondan esa, bu cheklovlar boy mulkdorlarning barcha kuchli futbolchilarni birdaniga sotib olib, darhol titullarni qo‘lga kiritish imkoniyatini rasman cheklardi.
Biroq ikkinchi cheklov amalda ishlamayapti: jumladan, bu va o‘tgan yozda Angliya futboli grandlari, birinchi navbatda "Manchester Siti", "Arsenal" va "Liverpul" yangi transferlar uchun yana yuzlab million funt sarfladi. "Manchester Siti" misolida gap 458 million funt haqida ketmoqda.

Surat manbasi, Manchester City
2018 yil noyabrь oyida Germaniyaning _Der Spiegel_ gazetasi "Manchester Siti"ning yuqori lavozimdagi rahbarlari o‘rtasidagi yozishmalar sizib chiqqanini e’lon qildi. Bu ma’lumotlar klubni 2008 yilda Abu-Dabi investorlari sotib olganidan keyingi bir nechta mavsumga taalluqli edi.
Jumladan, klub Amirliklarning davlat aviakompaniyasi Etihad va davlat telekommunikatsiya kompaniyasi Etisalatdan tushgan sponsorlik daromadlarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgani haqida da’volar ilgari surildi.
Keyinchalik ayblovlarda ta’kidlanganidek, "Manchester Siti" o‘z egasi — shayx Mansur tomonidan kiritilgan mablag‘larni sponsorlik daromadlari sifatida niqoblagan. Aslida esa bu mulkdorning bir cho‘ntagidan ikkinchi cho‘ntagiga pul o‘tkazishdan iborat bo‘lgan, degan da’vo qilindi.
Premьer-liga va UEFA qoidalariga ko‘ra, klub egasi tomonidan kiritilgan mablag‘lar daromad hisoblanmaydi. Bu esa ular transferlar va maoshlarga sarflangan mablag‘lar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni qoplamasligini anglatadi.
Cheklovlarni chetlab o‘tishning boshqa usullari ham bo‘lgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, "Manchester Siti"ning 2009–2013 yillardagi bosh murabbiyi Roberto Manchini maoshidan tashqari "maslahatchi" sifatida yashirin, norasmiy to‘lovlar ham olgan.
Bundan tashqari, klub futbolchilarga buxgalteriya hisobotlarida rasman ko‘rsatilganidan ko‘proq pul to‘lagani aytilgan. Shu sababli hisobotlarda qayd etilgan xarajatlar amaldagi xarajatlardan kam bo‘lgan.
"Manchester Siti", shuningdek, bu jarayonga aloqador bo‘lgan mulkdorlar va kompaniyalar vakillari har qanday moliyaviy qoidalar buzilganini qat’iyan rad etdi. Biroq bu UEFA va Premьer-liga tomonidan tergovlar boshlanishiga to‘sqinlik qilmadi.

Surat manbasi, Getty Images
Endi nima bo‘ladi?
"Manchester Siti" moliyaviy qoidalarni buzganlikda ayblangan birinchi Angliya klubi emas. Yaqinda "Nottingem Forest" va "Everton" ham jazolangan.
2023/24 mavsumida har ikki klub ham 2020/21–2022/23 mavsumlarini qamrab olgan uch yillik davrda xarajatlari ruxsat etilgan me’yordan oshib ketgani uchun ochkolaridan mahrum qilindi.
Barcha apellyatsiyalardan so‘ng "Everton" turnir jadvalida 6 ochkodan, "Nottingem Forest" esa 4 ochkodan mahrum qilindi.
Biroq "Manchester Siti" ishida muhim farq bor. Ikkala klub ham faqat bitta band — daromadlilik va moliyaviy barqarorlik qoidasini buzganlik bo‘yicha ayblangan. Manchester klubiga nisbatan esa ancha jiddiy, eng muhimi, tizimli va ko‘p sonli qoidabuzarliklar haqida gap ketmoqda.
Agar ish nihoyat sanksiyalar bosqichiga yetib borsa, "Manchester Siti"ga quyidagi jazolardan biri yoki bir nechtasi qo‘llanishi mumkin:
- ochkolarni olib tashlash (darhol yoki kechiktirilgan tarzda);
- moliyaviy jarimalar (darhol yoki kechiktirilgan tarzda);
- Premьer-ligadan chiqarish va bir pog‘ona pastdagi ligaga o‘tkazish.
- "Manchester Siti" shunchalik ko‘p ochkodan mahrum qilinishi ham istisno emaski, mavsum yakuniga ko‘ra klubning o‘zi Premьer-ligadan tushib ketishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayni paytda boshqa ko‘plab klublar ham maslahat olish uchun yuristlarga murojaat qilgan. Ular "Manchester Siti"dan ushbu qoidabuzarliklar uchun kompensatsiya talab qilishi mumkin. Chunki bu holatlar turnir jadvalidagi o‘rinlarga va, natijada, boshqa klublarning daromadlariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bunga oid pretsedent ham bor: "Bernli" "Everton"ga nisbatan qo‘llangan sanksiyalardan keyin undan millionlab funt miqdorida kompensatsiya undirgan.
Bundan tashqari, OAV yana bir og‘riqli variantni muhokama qilmoqda: "Manchester Siti"ni ushbu davrda qo‘lga kiritgan titullaridan mahrum qilish. 2010–2018 yillar oralig‘ida "Manchester Siti" Angliya chempionatining 3 ta, Angliya kubogining 2 ta va Angliya Liga kubogining 3 ta titulini qo‘lga kiritgan.
Ayni paytda "Manchester Siti" o‘zining aybdor deb topilgani yoki topilmagani haqida izoh berishdan bosh tortdi. Buning o‘rniga klub quyidagi bayonotni taqdim etdi:
"Premьer-ligadagi jarayon davom etmoqda, ko‘plab jihatlar hali yakuniga yetkazilishi kerak va jarayon qat’iy maxfiylikka amal qilgan holda o‘tkazilmoqda".
"Manchester Siti" ishi bo‘yicha tergov allaqachon ko‘p yillardan beri davom etmoqda, shuning uchun yaqin orada yakuniy natija chiqishini ham kutish qiyin.
Jazo haqida qaror qabul qilish uchun sanksiyalar masalasi bo‘yicha alohida eshituv o‘tkazilishi kerak. Bu hali amalga oshirilmagan va jarayon bir necha oy davom etishi mumkin.
Shundan keyin apellyatsiya berilishi mumkin. Shuning uchun jazo haqidagi qaror hatto bu bosqichgacha qabul qilinmasligi ham ehtimol.






























