Germaniyada turmush qimmatlashuviga qarshi namoyishlar tartibsizliklarga aylandi, do‘konlar talon-toroj qilindi

Frankfurtda politsiya Betmen qiyofasidagi namoyishchini qo‘lga oldi.
Surat tagso‘zi, Frankfurtda politsiya Betmen qiyofasidagi namoyishchini qo‘lga oldi.
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Shanba kuni kechqurun Germaniyaning Frankfurt shahri markazida tartibsizliklar ishtirokchilari do‘konlarni talon-toroj qildi. Mamlakatning bir qator shaharlarida turmush qimmatlashuviga qarshi namoyishlar to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Germaniyaning moliyaviy markazi hisoblangan Frankfurtdan tashqari, Berlin, Kyoln va Hamburg shaharlarida ham zo‘ravonlik holatlari kuzatildi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, namoyishchilar favqulodda xizmat xodimlariga qarata mushaklar, toshlar va shishalar otgan. Ularni tarqatish uchun politsiya suv purkagichlardan foydalangan.

Shanba kuni kunduzi esa minglab odamlar asosan tinch o‘tgan namoyishlarda qatnashgan edi. Aktsiyalarni «Z avlodi boshqaruvni qo‘lga oladi» degan ma’noni anglatuvchi Gen Z regelt harakati tashkil etgan.

Namoyishchilar maktablarga yetarli mablag‘ ajratilmayotgani, turmush qimmatlashuvi, davlat xarajatlarining qisqartirilishi va harbiy xizmatga qarshi norozilik bildirgan.

Germaniyadagi tartibsizliklar Frantsiyada yoshlar boshchiligida o‘tgan shunga o‘xshash ommaviy namoyishlar ortidan yuz berdi. Frantsiyada ham shanba kuni 320 mingdan ortiq odam norozilik aktsiyalariga chiqqan.

Yakshanba kuni Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrind Bild gazetasiga bergan intervyusida politsiya tunda «so‘nggi haftalarda Parijda kuzatilgan zo‘ravonliklarga o‘xshash voqealar»ning oldini olganini aytdi. U tartibsizliklar va talonchilikda qatnashganlarga nisbatan qattiq jazo choralari qo‘llashga chaqirdi.

Tunda Frankfurtning asosiy savdo ko‘chasining katta qismi politsiya tomonidan yopib qo‘yildi. Politsiya vakili shaharda ko‘plab odamlar hibsga olinganini ma’lum qildi.

Frankfurt, Myunxen va Berlin rasmiylari namoyishlarda 18 minggacha odam qatnashganini bildirdi. Bu tashkilotchilar o‘z veb-saytida keltirgan raqamning taxminan yarmiga teng. Germaniya ommaviy axborot vositalari esa shanba kuni mamlakat shaharlarida o‘n minglab odamlar namoyishga chiqqanini xabar qilmoqda.

Gen Z regelt harakati matbuot kotibi Lina Fridrixning aytishicha, namoyishlardan maqsad «urush va majburlashga emas, tinchlik va erkinlikka erishish uchun kurashish»dir.

«Biz uchun eng muhimi — sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlash. Biz majburiy harbiy xizmatga qarshimiz va jamiyatdagi og‘irlik hamma o‘rtasida adolatliroq taqsimlanishi tarafdorimiz», — dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shanba kuni kechqurun Frankfurt politsiyasi shahar markazida «zo‘ravonlik bilan kechayotgan tartibsizliklar» yuz berayotganini va vaziyatni nazoratga olish uchun maxsus politsiya bo‘linmalari safarbar etilganini ma’lum qildi.

Politsiyaga ko‘ra, bir nechta do‘konning oynalari sindirilgan, favqulodda xizmat xodimlariga qarata «Molotov kokteyllari» — yondiruvchi suyuqlik solingan shishalar otilgan.

Rasmiylar qurol-yarog‘ do‘konining ham oynalari sindirilganini bildirdi. Gumonlanuvchilardan biri qo‘lga olingach, politsiya ikkita qurolni musodara qilgan. Ayrim odamlar boshqa do‘konlarga ham bostirib kirib, sport poyabzallari kabi mollarni o‘g‘irlagan.

Frankfurt joylashgan Hessen federal yeri ichki ishlar vaziri Roman Pozekning aytishicha, shahardagi namoyishchilar orasiga «so‘l qanotga mansubligi aniq bo‘lgan 100 nafarga yaqin ekstremist» qo‘shilgan.

Vazir namoyishlar bunday yakun topganini «sharmandalik» deb atadi.

«Frantsiyadagi manzaralar hali hammamizning ko‘z o‘ngimizda turibdi — talonchilik, uylarning yoqib yuborilishi, politsiya mashinalariga o‘t qo‘yilishi va politsiya xodimlariga hujumlar... Bu borada Frantsiyani namuna qilib ko‘rsatish mumkin emas», — dedi u.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yakshanbaga o‘tar kechasi Frankfurtda vaziyat tinchlangan.

Frankfurtda namoyishchilar qurol-yarog‘ do‘konining oynasini sindirib, ichkariga kirishga urinmoqda.
Surat tagso‘zi, Frankfurtda namoyishchilar qurol-yarog‘ do‘konining oynasini sindirib, ichkariga kirishga urinmoqda.

Asosan tinch o‘tgan namoyishlar ortidan Germaniyaning boshqa shaharlarida ham shunga o‘xshash tartibsizliklar yuz berdi.

Kyoln shahrida politsiya ma’lumotiga ko‘ra, markaziy temiryo‘l vokzali yaqinida politsiya xodimlariga hujum qilingan. Ularga qarata shishalar va hatto velosiped otilgan.

Kyoln politsiyasi rahbari Yoxannes Hermans bu voqealarga munosabat bildirib, shunday dedi:

«O‘z kelajagi uchun tinch yo‘l bilan namoyish o‘tkazmoqchi bo‘lgan yoshlar orasiga faqat zo‘ravonlikni ko‘zlagan ekstremistlar kirib olgani juda achinarli».

Berlinda kunduzi o‘tkazilgan yirik namoyishlar ortidan kechqurun kichikroq norozilik aktsiyasi bo‘lib o‘tdi. Berlin politsiyasiga ko‘ra, unda 27 nafar politsiya xodimi jarohat olgan, 56 nafargacha odam vaqtincha qo‘lga olingan.

Hamburgda esa qora kiyim kiygan odamlar mushaklar otib, ko‘chalarda o‘rnatilgan to‘siqlarga o‘t qo‘ygan. NDR jamoat teleradiokompaniyasi xabariga ko‘ra, 120 nafar odam hibsga olingan.

Germaniyadagi namoyishlar Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham yirik norozilik aktsiyalari o‘tkazilgan kunga to‘g‘ri keldi.

Frantsiyada ketma-ket uchinchi hafta oxirida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning turli shaharlarida asosan tinch kechgan aktsiyalarda 320 mingdan ortiq odam qatnashdi.

Namoyishchilar turmush qimmatlashuviga qarshi choralar ko‘rishni, davlat xizmatlari, ayniqsa ta’lim sohasidagi muammolarni hal qilishni talab qilmoqda.

Mamlakat bo‘ylab minglab politsiya xodimlari safarbar etildi. Ayrim shaharlarda politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi.

Tuluza, Lion va Marsel shaharlaridagi to‘qnashuvlar ortidan 500 dan ortiq odam hibsga olindi.

2026 yil 30 oktyabr kuni Frantsiya poytaxti Parijda turmush qimmatlashuviga qarshi Port-de-Banьoledan Port-de-Sharantongacha o‘tkazilgan norozilik namoyishi va yurish.
Surat tagso‘zi, 2026 yil 30 oktyabr kuni Frantsiya poytaxti Parijda turmush qimmatlashuviga qarshi Port-de-Banьoledan Port-de-Sharantongacha o‘tkazilgan norozilik namoyishi va yurish.

Frantsiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning aytishicha, politsiya xodimlaridan biri unga qarata otilgan «Molotov kokteyli» oqibatida jarohat olgan. Keyinroq Frantsiya prokuraturasi qasddan odam o‘ldirishga urinish moddasi bo‘yicha tergov boshladi.

Parij politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bir necha yuz nafar tartibsizlik ishtirokchisi xavfsizlik kuchlariga turli buyumlar otib, hujum qilgan.

Frantsiyadagi namoyishlar tashkilotchisi bo‘lgan «Sariq nimchalilar» (Gilets Jaunes) harakati so‘nggi paytlarda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan norozilik aktsiyalarida o‘nlab namoyishchilar og‘ir jarohat olganini bildirdi. Ularning ko‘pchiligi, harakatga ko‘ra, politsiya qo‘llagan «granatalar»dan jabrlangan.

Oktyabr oyi boshida 15 yoshli o‘smirning qo‘li portlash oqibatida uzilib ketganidan so‘ng, Frantsiya politsiyasi talabalar namoyishlarini nazorat qilishda shovqinli portlovchi granatalardan foydalanishni to‘xtatgan edi.

Italiyada ham norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Rim va Turin shaharlarida politsiya bilan namoyishchilar o‘rtasida ayrim to‘qnashuvlar yuz berdi.

Portugaliyada esa minglab odamlar ijara to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi namoyish o‘tkazdi. Namoyishchilar fikricha, yangi qonun mamlakatdagi uy-joy inqirozini yanada og‘irlashtirishi mumkin. Portugaliyada so‘nggi o‘n yil ichida uy-joy narxlari ikki baravardan ko‘proq oshgan.

Ommaviy yurishdan so‘ng o‘rnatilgan yangi chodirlar lageri ham politsiya tomonidan tarqatildi.

So‘nggi paytlarda Yevropaning qator mamlakatlari — Frantsiya, Belgiya, Irlandiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Gretsiya, Serbiya va Albaniyada asosan yoshlar ko‘chalarga chiqib, norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda.

Namoyishchilarning talablari mamlakatdan mamlakatga farq qilsa-da, ularni asosan turmush qimmatlashuvi bilan bog‘liq muammolar birlashtirmoqda. Xususan, uy-joyga ega bo‘lish imkoniyati, ta’lim sifati va davlat xizmatlariga ajratiladigan mablag‘larning qisqartirilishi noroziliklarning asosiy sabablari bo‘lib qolmoqda.