Xitoy lageridan omon chiqqan uyg‘ur ayol: Ular uyg‘urlarni yo‘q qila olmaydi - video

Londonda Xitoyda qariyb uch yilni tutqunlikda o‘tkazgan uyg‘ur ayol Gulbahor Hayitivojining «Men Xitoyning qayta tarbiyalash lageridan qanday omon chiqdim» nomli avtobiografik kitobi taqdim qilindi.
Unda 10 yildan beri oilasi bilan Frantsiyada yashagan muallif 2016 yilda hiyla bilan Shinjonga chaqirib olingani va Xitoyda qamalgani hamda Xitoy qayta tarbiyalash lagerlari deb atovchi markazlaridan birida qanday jismoniy va ruhiy qiynoqlarga yuz tutganini so‘zlaydi.
U Frantsiya hukumati talabi bilan ozod qilingan va Parijdagi oilasi bag‘riga qaytgan. AQSh, Britaniya va qator Yevropa hukumatlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, bunday lagerlarda Xitoy 1 million uyg‘ur va boshqa musulmon aholi vakillarini panjara ortida saqlagan va jazolagan.
Xitoy bu ayblovlarni rad qilib keladi. Rasmiy Pekin bu lagerlarda uyg‘urlarga hunar o‘rgatilgani va ta’lim berilganini aytgan.
Kuchli xalqaro tanqidlar ortidan Xitoy bu lagerlarning aksarini yopgan, ammo uyg‘urlar ustidan kuchli nazorat va ta’qiblar davom etmoqda, deydi Human Rights Watch.

Surat manbasi, Canbury Press
Ibrat Safo: Kitobni 3–4 kunda o‘qib tugatdim. U juda ta’sirli yozilgan. Ba’zida u xuddi detektiv hikoyadek yoki Jorj Oruellning «1984» nomli romanidek o‘qiladi, lekin har-har zamonda esladim — bu ayol bo‘lgan voqealarni hikoya qilayotganini aytyapti, bu real hayot deyapti, ya’ni bu narsalarni u XXI asrda, hali yaqinda boshidan kechirganini aytyapti. Gulbahor, kitob uchun rahmat. Xitoydan Frantsiyaga qaytganingizga bir necha yil bo‘ldi. Avvalo, hozir ahvolingiz qanday?
Gulbahor Hayitivoji: Salom. Avvalambor, barchangizga katta hurmatimni izhor qilaman. Men Frantsiyaga 2019 yilda qaytib keldim. Qaytib kelgach, lagerdagi hayotimni unutish uchun qiyin davrni boshdan kechirdim. Keyin ikki nabirali bo‘lib, shularga asosiy e’tiborimni berdim. Band bo‘lish menga ruhan yordam berdi. Hozir, Xudoga shukur, ahvolim yaxshi. Mana, ikki yilki, yangi ishda ishlab kelyapman.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Safo: Sizni ozod qilish uchun Xitoyda ko‘plab majburiy tilxatlarga imzo chekdirishgan. Xitoydagi tutqunlik haqida gapirmaslik va’dasini bergansiz. Lekin qaytgach, nafaqat gapirdingiz, balki butun bir kitobni yozdingiz. Xitoyda bunga rasmiy va norasmiy qanday munosabat bo‘ldi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hayitivoji: To‘g‘ri, siz aytgandek, meni qo‘yib yuborishlaridan oldin Qoramoydagi lagerning boshlig‘i ozodlikka chiqqanimdan keyin bo‘lgan voqealarni umuman fosh qilmasligimni buyurgan va fosh qilsam, vatandagi qarindoshlarimga muammo bo‘lishini aytib tahdid qilgan. Men Frantsiyaga qaytgach, boshida chindan ham Xitoyning tahdididan qo‘rqdim. Chunki u yoqda yaqinlarim, akalarim, singillarim bor. O‘sha boshliq mening bir singlimning ismini tilga olib, «Shu singlingga juda yaqin ekansan», deya tahdid qilganidan keyin, men gapirsam, ularga bir balo bo‘lmasin deb qo‘rqardim. Lekin boshida oshkora gapirmasam-da, yashirin guvohliklar berdim. Keyin o‘ylasam, men bu voqealarni gapirmay o‘tirsam, faqat o‘z tug‘ishganlarimni himoya qilgan bo‘lar ekanman. Lekin u yerdagi lagerlarda azob chekayotgan begunoh ayollarni o‘ylab, o‘zim oshkora chiqishga qaror qildim va bu kitobni yozdim. Kitobim 2021 yil boshida nashrdan chiqdi. Kitob chiqishi bilanoq Xitoy hukumati meni «terrorchi» va «xulqi buzuq ayol» deb ayblab chiqdi. Shu kundan boshlab vatandagi barcha yaqinlarim bilan aloqalar uzildi. Hattoki, 2023 yilda onam olamdan o‘tganlarini men Kanadada yashaydigan bir qarindoshimdan bir hafta o‘tib eshitdim. Garchi vatandagi qarindoshlarimdan ayrilib qolsam-da, kitob nashrdan chiqqandan keyin u 14 ta tilga tarjima qilingani va men vatandagi zulmni dunyoga ovoza qilganim bunga arziydi, deb o‘ylayman.

Surat manbasi, Getty Images
Safo: Haqiqatan ham, bunday ikkilanish har bir uyg‘urning qarshisida bo‘lsa kerak. Kitobda yoziladiki, eringiz Karim va qizingiz Gulhumor Frantsiyadan turib sizni ozod qilish uchun bor kuchlarini ishga solganlar. Gulhumor jurnalistlarga yalingan, hukumatlarga xat yozgan, Shinjonda kimni tanisa, bariga murojaat qilgan va muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda onasi haqida jar solgan. Xitoyda esa, siz bilan so‘roqlar davom etayotgan vaqtda, sizga: «Qizingga ayt, sen uchun kurashishni to‘xtatsin va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha postlarini o‘chirsin. Shunda seni ozod etishimiz mumkin», — deb aytishgan. Va siz qizingizni tinchitishga majbur bo‘lgansiz. Lekin na sizda, na Frantsiyadagi oilasida sizning endi ozod etilishingizga ishonch bor edi. Balki endi sizni butkul unutishar, degan xavf ham mavjud edi. Bu katta dilemma. Va bu xorijdagi uyg‘urlar orasida muqim davom etyapti, shunday emasmi? Ular hatto bir-biri bilan ko‘rishishga, sirlarini aytishga, oilalari haqida gapirishga qo‘rqadilar.
Hayitivoji: Albatta, shunday. Chunki ular Xitoyning qanchalar razil usullarni qo‘llashini, uyg‘urlar ahvoli, o‘zlariga bo‘lgan zulm haqida xorijda gapirganlarning vatandagi qarindoshlaridan Xitoy qanday o‘ch olganini bilishadi.
Safo: Kitobda siz karavotga kishanlab qo‘yilganingiz, ovqatsiz qoldirilganingiz, qorda qoldirilganingiz va boshqa noinsoniy munosabatlarni tasvirlagansiz. Siz endi men sinamanmi, xotiramdan ayrilamanmi, o‘zimni yo‘qotamanmi, deb qo‘rqqansiz. Bir taqrizchi yozibdiki, Xitoyning bu qiynoqlar usuli «o‘ta samarali» bo‘lgan. Lekin aslida u samaralimidi? Chunki siz omon qoldingiz va butun dunyoga buni so‘zlab berdingiz. Demak, samara bermabdi ularga? Kimnidir qiynoqqa solib, uning qanday fikr yuritishini o‘zgartirib bo‘larmikan?
Hayitivoji: Xitoyning maqsadi — uyg‘urlarning miyasini yuvish. Madaniyatimiz, tilimiz, e’tiqodimizni, san’atimizni yo‘q qilish. Va oqibatda uyg‘urlarni urug‘i bilan yo‘q qilish. Men ular buning uddasidan chiqishiga ishonmayman. Eslayman, men lagerda o‘tirganimda, ortimda yotadigan bir ayol: «Chen Syuango bizni butkul yo‘q qilaman deya xato o‘ylabdi», — deya pichirladi. Bizga qayta-qayta ovoz kuchaytirgich karnaylardan Chen Syuangoning xitoycha va’zi o‘qilardi. O‘sha payt ortimdagi ayol pichirlab: «Xudoyim, senga mangu bola bermasin», — dedi. U Chen Syuango bizni osonlikcha bo‘ysundira olmasligini aytib, qarg‘adi. Bunday holatlar ko‘p, lekin Xitoy maqsadiga erishmaydi. Xitoyni bu maqsadiga yetkazmaymiz. Yetkazmaslik bizning majburiyatimiz va vazifamiz.

Surat manbasi, Getty Images
Safo: Bu qiynoqlar ish bermasligining yana bir isboti bo‘lsa kerak. Yana siz yozasizki, avval taqvodor musulmon bo‘lmagansiz. Lekin tutqunlikda bo‘lganingizda siz Ollohga sig‘inib, o‘z diningizga yaqinlasha boshlagansiz. Ya’ni sizni diningizdan ayirmoqchi bo‘layotgan usullar, aksincha, sizni diningizga yaqinlashtirgan. Demak, bu usullar butkul teskari samarani bergan. Mayli, bu insonning o‘ldirib bo‘lmas e’tiqodi, deylik. Lekin ayni damda ba’zi qiynoqlar keyin qayta tiklab bo‘lmaydigan shikastni ham yetkazganini yozgansiz. Masalan, ayollarning bichilishi va noma’lum vaktsinalar. Siz ularning nimaligini bilmagansiz va oxirida mag‘lub bo‘lib, ularga qo‘lingizni tutgansiz. Demak, qayta tiklanmaydigan shikast ham bor, shunday emasmi?
Hayitivoji: Shunday. Bizga yiliga ikki marta tumovga qarshi degan vaktsina urildi. Har safar urishdan oldin sizlarda tanlash huquqi bor, deyilardi. Har safar men yo‘q deb javob berdim. Lekin ular sizni majburlaydi. Menga: «Sen ellikka kirding, immuniteting yaxshi emas», — deya bosim qilishdi. Bu vaktsina ko‘plab hali turmushga chiqmagan qizlarga ham urildi. Vaktsina olgach, ularning hayz ko‘rishi to‘xtadi. Ba’zilari meni onadek ko‘rardi: «Gulbahor opa, men endi 20 ga kirdim, bu yerdan chiqqach turmushga chiqaman, farzand ko‘rmasam nima bo‘ladi?» — deya xavotir olishardi. Men ularni yupatishga urindim: «Balki bu yerdagi nochor sharoitlar, yomon oziq-ovqat tufayli hayzing kelmayotgandir. Bu yerdan chiqqaningdan keyin turmushing asliga qaytsa, badaning yaxshi oziqlansa, yana hayzing keladi», — deya ruhiy tasalli berardim. Ko‘p ayollarda hayz ko‘rish to‘xtadi u yerda. Lagerdan tashqarida ham ayollarning roziligini olmay turib, ularni bichish holatlari haqidagi ma’lumotlar tasdiqlangan.
Safo: Boshqa ko‘rsatmalarda shu kabi lagerlarda bo‘lgan ayollar o‘zlariga qarshi jinsiy jinoyatlar, jinsiy zo‘ravonlik qilinganini aytganlar. Bu BMT hujjatlarida ham bor. Siz o‘zingiz shu kabi holatlarga guvoh bo‘ldingizmi yo eshitdingizmi?

Surat manbasi, Getty Images
Hayitivoji: Sharqiy Turkistonning hamma joylarida bu kabi ko‘plab lagerlar qurilgan. Va bu lagerlardagi ahvol bir-biridan farq qiladi. Men Qoramoydagi lagerda saqlandim va bir-biridan farqli ikkita hibsxonada ham ushlandim. O‘zim turgan lagerda men unday hollarga duch kelmadim. Lekin boshqa lagerda bo‘lganlar guvohlik berishyapti. Masalan, Urumchi va G‘uljadagi jazo lagerlarida haqiqatan shunday jinsiy zo‘ravonlik qilingan.
Safo: Siz kitobda hibsxona va lagerlarda ishlagan uyg‘urlar haqida ham yozasiz. Va ular xan xitoylarga qo‘shilib tahqirlashlarga sherik bo‘lganini tasvirlaysiz. Soqchilar bo‘lsin, politsiyachilar, o‘qituvchilar va hokazo. Bir Mihray ismli tarbiyachingiz sizni so‘roq qilaverganida, o‘zi qayerdan kelgan ekan, oilasi qanday ekan, nega bunga rozi bo‘ldi ekan, deb o‘ylanasiz. Ular haqiqatan ham o‘sha mafkuraga ishonadilarmi yoki shunchaki omon qolish uchun bu ishni qilishyaptimi?
Hayitivoji: Bu ahvolga tushguncha, ularning barida miyasi yuvilgan, deya olmayman. Va ayni damda hammasi biz tomonda turdi, bizni himoya qildi, deb ham aytolmayman. Meni birinchi marta hibsxonadan jazo lageriga 2017 yil yozida ko‘chirishganida, Anvar ismli bir xodim bor edi. Bir xitoylik soqchi biz ayollarga shu qadar baqirib munosabat qilayotgan vaqtida, Anvar kelib: «Nega bu ayollarga qo‘pollik qilyapsan?» — deya qarshi chiqdi. O‘sha zahotiyoq uni sudrab olib chiqib ketishdi va shu-shu uni boshqa ko‘rmadik. U balki yo qamaldi, yo lagerga yuborildi. U yerdagi soqchilar o‘z vazifasini bajarishyapti. Ba’zilari bizning tarafimizni olishga urinsalar-da, bu ular uchun xavfli edi. Agar bizni himoya qilib, Xitoy hukumati siyosatiga qarshi chiqsa, yo ishidan ayrilardi, yo turmaga tashlanardi. Ochiqcha bo‘lmasa-da, meni qo‘llab-quvvatlab, tarafimni olgan soqchilar bor edi. Men hech qaerda, kitobimda ham ular haqida yozmadim, chunki ularga biron xatar bo‘lishini istamayman.
Suhbatni BBC Uzbek YouTube kanalida tomosha qiling.






























