Litva uzra NATO urib tushirgan dron qayerdan kelgan?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
NATO qiruvchi uchoqlari Litva havo hududiga kirgan dronni urib tushirdi. Bu haqda Litva prezidenti Gitanas Nauseda ma’lum qildi.
Rasmiylarning aytishicha, dron seshanba kuni tun yarmidan ko‘p o‘tmay Belarusdan Litvaning janubiy qismiga, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Kaunas yaqiniga kirgan bo‘lishi mumkin.
Litva prezidenti Gitanas Nauseda X ijtimoiy tarmog‘ida: «Hozirgina Litva havo hududiga kirgan dron NATO qiruvchi uchoqlari tomonidan yo‘q qilindi», deb yozdi.
Litva Milliy inqirozlarni boshqarish markazi vakili dronning kelib chiqishi hozircha aniqlanmaganini aytdi.
Seshanba kuni ertalab poytaxt Vilnyus va uning atrofida dron xavfi haqida ogohlantirish signallari yangradi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Mahalliy vaqt bilan tun yarmidan ko‘p o‘tmay, ya’ni Grinvich vaqti bilan soat 21:00 da hudud aholisining telefonlariga ehtimoliy dron bosqini haqida ogohlantirish xabarlari yuborildi. Ularda aholiga «xavfsiz joyga borish» va «xavf bartaraf etilgani haqida xabar berilguncha kutish» tavsiya qilindi.
Litva Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Litva Qurolli kuchlari hamda NATOning Havo mudofaasi missiyasi doirasida xizmat qilayotgan italiyalik uchuvchilar dronning havo hududiga kirishiga «tezkor va mas’uliyatli javob» qaytargan.
Nausedaning ijtimoiy tarmoqdagi postida yana shunday deyiladi: «Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tajovuzi kuchayib borayotgan bir paytda bunday tayyorgarlik mintaqamiz uchun juda muhim. NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda Litva o‘z havo hududini himoya qiladi».

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Moskva hozircha ushbu voqeaga izoh bermagan.
Litva janubiy va sharqiy chegarasining katta qismini Rossiyaning muhim ittifoqchisi bo‘lgan Belarus bilan bo‘lishadi.
Yakshanba kuni ham Litvada dronlar ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi. Inqirozlarni boshqarish markazi keyinroq bir ob’ekt «ehtimol» Belarusdan kirib, mamlakat hududi ustidan uchib o‘tganidan so‘ng Rossiya havo hududiga kirganini ma’lum qildi. 13 sentyabrdagi bu voqea havo xavfi haqida ogohlantirish signallarini keltirib chiqarmagan.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Yevropada harbiy dronlarning boshqa davlatlar havo hududiga kirib ketishi tobora ko‘paymoqda.
Polsha ham dushanbaga o‘tar kechasi o‘z havo hududida «aviatsiya operatsiyalari» o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bunga Ukraina hududiga zarbalar bergan Rossiya Federatsiyasining reaktiv dvigatelli uchuvchisiz apparatlari faoliyati sabab bo‘lgan.
Polsha tomoni bu harakatlar «profilaktik xususiyatga ega» ekanini, ular havo hududining xavfsizligini ta’minlash va uni himoya qilish, ayniqsa xavf mavjud bo‘lgan hududlarga tutash mintaqalarni muhofaza qilishga qaratilganini bildirdi.
May oyida Litva poytaxti aholisi Vilnyus bo‘ylab boshpanalarga berkinishga majbur bo‘lgan edi. Bunga dron xavfi haqidagi ogohlantirish sabab bo‘lib, qisqa vaqtga aviaqatnovlar va temiryo‘l harakati ham to‘xtatilgan.
Bu yil NATO qiruvchi uchoqlari Boltiqbo‘yi davlatlari — Estoniya va Latviya havo hududiga kirib ketgan Ukraina dronlarini urib tushirish uchun bir necha bor havoga ko‘tarilgan.
Ukraina bunday dronlarning yo‘ldan adashishida Rossiyaning elektron kurash vositalarini ayblagan. Bu texnologiya dronlarning uchish yo‘nalishini o‘zgartirish imkonini beradi.
Litva, Estoniya va Latviya 2004 yilda NATOga qo‘shilgan. Shu tariqa ular NATOning 5-moddasida belgilangan tamoyilga qo‘shilgan: «NATO a’zolaridan biriga qarshi qurolli hujum barcha a’zolarga qarshi hujum sifatida qaraladi».






























