O‘zbekiston aholisining kredit qarzlari keskin o‘sdi. Nimadan ehtiyot bo‘lish kerak?

Shu yilning 1 iyul holatiga, O‘zbekiston aholisi banklardan olgan va hali to‘lab bo‘lmagan kreditlarining umumiy qoldig‘i 235,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu raqamlarni Markaziy Bank tarqatgan jadvalda ko‘rish mumkin.
Bir yil oldin (2025 yil 1 iyul holatiga) bu ko‘rsatkich taxminan 196,4 trillion so‘m edi.
Demak, bir yil ichida aholining banklar oldidagi kredit qarzi 20 foizga ko‘payib, 39,5 trillion so‘mga chiqqan.
O‘zbekistonda aholining banklardan qarzdorligi yildan-yilga jadal oshib boryapti. Bu, albatta, "aholi qashshoqlashdi" yoki "hamma qarzga botdi" degani emas. Lekin, bir xavotir bor.
Ya’ni, agar kreditlar aholi daromadlariga nisbatan juda tez o‘ssa, bu moliyaviy xavflarni ham oshirishi mumkin. Shuning uchun iqtisodchilar bunday ma’lumotni tahlil qilganda ikkita muhim omilni hisobga oladilar:
- aholi daromadlari o‘sdimi?
- muddati o‘tgan kreditlar ulushi qancha?
Keling, aholi daromadlariga qaraylik. Agar odamlar kreditni uy-joy sotib olish, biznes ochish yoki ta’lim uchun olsa va daromadlari ham o‘sib borsa, bu iqtisodiyot uchun foydali bo‘lishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Ammo kreditlar aholi daromadlariga nisbatan juda tez o‘ssa, bu bir nechta moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi.
Agar insonning daromadi kredit to‘lovlariga nisbatan past bo‘lsa, uning byudjetida muammo paydo bo‘ladi. Aytaylik, oyligingiz 8 million so‘m, kredit to‘lovingiz 2 million so‘m. Bu holatda daromadingizning 25 foizi kreditga ketadi va yashashingiz uchun yetarlicha mablag‘ qoladi.
Ammo, daromadingiz 8 mln so‘m bo‘la turib, kredit to‘lovingiz 5 mln so‘m bo‘lsa, bu holda daromadning qariyb 63% kreditiga ketadi. Oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar, transport yoki davolanish uchun mablag‘ kam qoladi. Kutilmagan xarajat chiqsa, qarzni o‘z vaqtida to‘lash qiyinlashadi.

Aholi daromadining kredit o‘sishiga nomutanosibligi muddati o‘tgan kreditlar ko‘payishiga ham olib kelishi mumkin. Ya’ni, agar ko‘pchilik kreditlarni o‘z vaqtida to‘lay olmasa, kechiktirilgan to‘lovlar ko‘payadi va ayrim kreditlar umuman qaytmay qolishi mumkin. Bu banklar uchun ham xavfli.
O‘zbekistonda ko‘p odamlar maishiy texnika, telefon yoki avtomobilni kreditga sotib oladi. Bu qisqa muddatda savdo hajmini oshiradi va bozor qizigandek taassurot paydo bo‘ladi.
Ammo keyin odamlarning katta qismi oylik daromadini kredit to‘lashga sarflay boshlaydi va boshqa tovarlarga talab pasayadi.
Agar ularning daromadi pasaysa, muammo yanada kuchayadi. Aytaylik, iqtisodiyotda to‘satdan inqiroz yuz bersa yo Koviddek pandemiya bo‘lsa, ayrimlar ishini yo‘qotadi, maoshlar o‘smaydi va bizneslar daromadi kamayadi.
Lekin kredit to‘lovlari o‘zgarmaydi. Shunda ko‘pchilik qarzni to‘lashda qiynaladi.
O‘zbekistonda aholining daromadlari o‘syaptimi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Markaziy Bank ma’lumotiga ko‘ra, aholi qarzdorligi bir yilda 20 foizga o‘sgan bo‘lsa, bu xavfsiz deyish uchun aholi daromadlari ham taxminan 18-20%ga o‘sgan bo‘lishi kerak. Shunda buni barqaror holat deyish mumkin.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, aholi daromadlari ham o‘sgan, lekin kreditlar bilan solishtirishda muhim farqlar bor.
Statistika qo‘mitasining shu yilning yanvarь–mart oylari uchun tarqatgan raqamlariga qaralsa, aholining jami daromadlari (inflyatsiya hisobga olinganda) 7,8%ga o‘sgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromad esa (inflyatsiya hisobga olinganda) 5,8%ga o‘sgan.
Bu o‘sishlarni kreditlar bilan taqqoslasak, kreditlar hajmi aholining real daromadlariga qaraganda tezroq o‘sayotganini ko‘rish mumkin.
Lekin buning o‘zi hali xavf bor degani emas. Yakuniy xulosa chiqarish uchun yana quyidagi ko‘rsatkichlar ham kerak:
- muddati o‘tgan kreditlar ulushi (NPL - Non-Performing Loans);
- kreditlarning asosiy qismi ipotekami yoki iste’mol kreditlarimi;
Agar bu ko‘rsatkichlar ham yomonlashsa, unda kreditlar o‘sishi moliyaviy xavfni kuchaytirayotgani haqida ishonchliroq xulosa qilish mumkin. Agar kechiktirilgan kreditlar past bo‘lsa va o‘sish asosan ipoteka yoki daromad keltiradigan maqsadlarga to‘g‘ri kelsa, 20%lik kredit o‘sishi har doim ham salbiy holat emas.

Muddati o‘tgan kreditlar bo‘yicha yil boshida Markaziy Bank bergan raqamlar odamni biroz umidbaxsh qiladi, chunki 2025 yil oxiridagi hisobotda bu 0,3 bandiga kamaygani aytilgandi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, aksincha, muddati o‘tgan kreditlar ulushi bir yil ichida oshmagan, balki kamaygan. Ya’ni, muammoli kreditlar ulushi atishi 3% ekan.
Lekin qiziq bir holat bor. Markaziy bankning 2026 yil birinchi yarim yilligida o‘tkazgan so‘rovida qarzdorlarning 61 foizi kreditlarni o‘z vaqtida to‘lashda qiynalayotganini, qarzdorlarning katta qismi daromadining yarmidan ko‘prog‘ini qarz to‘lovlariga sarflayotganini bildirgan. Bu esa kelgusida kreditini to‘lolmaydigan odamlar soni oshishi xavfi borligini anglatadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga qaraganda, aholi kreditlarining tarkibida ipoteka eng katta ulushlardan biri, lekin so‘nggi davrda mikroqarzlar ham juda tez o‘sgan.
2026 yil 1 yanvarь holatida aholiga berilgan kreditlar tarkibi taxminan quyidagicha bo‘lgan:

Bu jadvaldagi xavfli nuqta – mikroqarzlar. U 48,9 trln so‘mga yetgan. Bu ipotekadan keyingi yirik segmentlardan biri.
Mikroqarzlar ko‘pincha tez olinadi va hujjat talablari kamroq bo‘lishi mumkin. Ular kichik biznes, kundalik ehtiyojlar yoki iste’mol uchun ishlatiladi.
Ammo xavfi shundaki, ularning muddati qisqa bo‘lishi mumkin, foiz yuki yuqoriroq bo‘la turib, daromadi past odamlarga og‘irlik qilishi mumkin.
Misol uchun, bir odamning oyligi 5 mln so‘m, deylik. Uning mikroqarz to‘lovi 2 mln so‘m bo‘lsa va ipoteka to‘lovi 1 mln so‘m bo‘lsa, jami 3 mln so‘m qarzga ketadi. Ya’ni oyligining 60 foizi. Bunday holatda kasallik yoki ishsiz qolish kabi holatlar to‘lovga ta’sir qilishi mumkin.
Iqtisodchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda asosiy kuzatilishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar — ipoteka emas, balki mikroqarzlar va aholining oylik daromadiga nisbatan qarz to‘lovlari qancha ekani.
Puch o‘sishmi?
Rasmiy ma’lumotlarga qaralsa, 2026 yil birinchi yarim yilligida O‘zbekisto iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bu yil O‘zbekistondagi yillik o‘sish 6,8% bo‘lishini bashorat qilgandi. Rivojlangan davlatlar bilan qiyoslasak, AQShda yilning ilk yarmida o‘sish 1,5-2% atrofida, Britaniyada 1% bo‘ldi.
Lekin, O‘zbekistondagidek kreditlarning tez o‘sishi ba’zan iqtisodiyot o‘sib borayotgandek sun’iy taassurot berishi mumkin. Bu yerda asosiy masala — kredit qayerga yo‘naltirilayotgani va u kelajakda daromad yaratadimi-yo‘qmi.
Keling, ikki xil holatni ko‘raylik.
- Kredit haqiqiy iqtisodiy o‘sishni yaratsa — bu yaxshi
Masalan, tadbirkor bankdan 1 mlrd so‘m kredit oldi. U yangi sex ochdi, 20 nafar odamni ishga oldi, mahsulot ishlab chiqara boshladi va soliq to‘lay boshladi.
Bu holatda kredit ishlab chiqarishni oshiradi, ish o‘rinlari yaratadi va aholi daromadini ko‘paytiradi. Ya’ni kredit kelajakda pul oqimini yaratadi.
- Kredit faqat iste’molni "shishirsa" — bu xavfli
Boshqa misol. Odamlar ommaviy ravishda telefon, mashina, maishiy texnika, ta’til va kundalik xarajatlar uchun kredit ola boshladi, deylik.
Natijada bugun do‘konlar ko‘proq sotadi, avtomobil savdosi o‘sadi, xizmatlar ko‘payadi va yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishi mumkin.
Tashqaridan qaraganda iqtisodiyot jadal o‘sayotgandek ko‘rinadi.
Lekin keyin odamlar oyligining katta qismini kredit to‘lashga beradi, yangi xaridlar kamayadi va qarzdorlik bosimi ortadi.
Ya’ni bu o‘sishning bir qismi kelajakdagi daromadni oldindan ishlatish hisobiga bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bir oilaning 2025 yildagi oylik daromadi 10 mln so‘m edi. U kredit olib 100 mln so‘mlik mashina sotib oldi. Uyda yangi mashina bor, xarajatlar ko‘paydi va hayot darajasi oshgandek ko‘rinadi.
Lekin 2026 yilda uning oylik daromadi hali ham 10 mln so‘m va har oy 5 mln so‘m kredit to‘lovi ketadi. Oila boyib ketdimi? Yo‘q. U faqat kelajak daromadining bir qismini bugun ishlatdi.
Mamlakat miqyosida ham xuddi shunday. Agar O‘zbekistonda kreditlar +20% o‘ssa va aholi real daromadlari +7–8% o‘ssa, bu savolni keltirib chiqaradi:
"Iqtisodiyot haqiqiy ishlab chiqarish hisobiga o‘sdimi yoki qarz hisobiga iste’mol oshdimi?"
Kreditlar qaysi sohalarga ketyapti? Agar yangi zavodlar, qishloq xo‘jaligi, eksport va biznesga ketayotgan bo‘lsa, bu yaxshi ishora.
Lekin agar faqat iste’mol, tezkor mikroqarzlar va daromad keltirmaydigan xaridlarga ketayotgan bo‘lsa – shubhali.
Qarzni kim va qanday to‘layotgani ham muhim. Agar odam biznes ochib, daromadini oshirib, kreditni oson to‘layotgan bo‘lsa, bu yaxshi.
Agar u yangi kredit olib eski kreditni yopsa va oylikning yarmidan ko‘pi qarzga ketsa, bu xavfli signal.
Xullas
O‘zbekistonda aholi kreditlari taxminan 20% o‘sgan, real aholi daromadlari esa taxminan 6–8% atrofida o‘sgan va muddati o‘tgan kreditlar hozircha keskin oshib ketmagan.
Bu hozircha "inqiroz" degani emas. Lekin yana bir muhim savol bor:
Kreditlar iqtisodiyotning ishlab chiqarish quvvatini oshiryaptimi yoki asosan iste’molni qo‘llab-quvvatlayaptimi?
Agar ikkinchi holat ustun bo‘lsa, bu ma’lum ma’noda qarz hisobiga o‘sish illyuziyasi bo‘lishi mumkin. Ya’ni, o‘sishning ichi puch bo‘lishi mumkin.
Qisqa qilib aytganda, kredit — iqtisodiyot uchun yoqilg‘i. Lekin u mashina ishlab chiqarish uchun yursa — taraqqiyot, faqat benzinni yoqib joyida tursa — vaqtinchalik harakat.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston uchun eng muhim raqam — kreditlar qancha o‘sgani emas, balki shu kreditlar qancha yangi ish o‘rni, eksport, mahsulot va daromadni yaratgani.





























