Putin cheklangan ko‘lamda o‘tgan G‘alaba kuni paradidagi nutqida NATOni qoraladi

    • Author, Alis Davies
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Vladimir Putin Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan an’anaviy G‘alaba kuni nutqidan foydalanib, Ukrainadagi urushini oqladi va NATOni qoraladi.

Yuzlab harbiy xizmatchilar oldida va bir nechta jahon yetakchilari qurshovida so‘zlagan Rossiya prezidenti u "adolatli" urush olib borayotganini aytdi hamda Ukrainani "tajovuzkor kuch" deb atab, u "butun NATO bloki tomonidan qurollantirilayotgani va qo‘llab-quvvatlanayotgani"ni ta’kidladi.

Uning bu bayonotlari Rossiyaning eng katta milliy bayrami - Sovet Ittifoqining fashistlar Germaniyasi ustidan qozongan g‘alabasini yodga oluvchi sana munosabati bilan mamlakatning ayrim hududlarida ancha sokin o‘tayotgan tantanalar manzarasida yangradi.

Tantanalar oldidan Rossiya va Ukraina uch kunlik otashkesimga rozi bo‘ldi. Bu haqda juma kuni AQSh prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan edi.

Paradaddan so‘ng, Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainani otashkesim rejimini buzganlikda aybladi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Ukraina esa darhol izoh bermadi.

So‘nggi yillarda birinchi marta Moskvadagi G‘alaba kuni paradida harbiy texnika namoyish etilmadi.

Ammo kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga qaramay, harbiy xizmatchilar Qizil maydon bo‘ylab saf tortib yurish qildi.

Olomonga murojaat qilgan Putin nutqini Ikkinchi jahon urushi davrida SSSR askarlarining qurbonliklarini yodga olish bilan boshladi.

"G‘oliblar avlodining buyuk jasorati bugun maxsus harbiy amaliyot maqsadlarini amalga oshirayotgan askarlarni ilhomlantirmoqda", dedi u, Ukrainadagi urushni nazarda tutib.

"Ular butun NATO bloki tomonidan qurollantirilgan va qo‘llab-quvvatlanayotgan tajovuzkor kuchga qarshi turmoqda. Shunga qaramay, qahramonlarimiz oldinga intilmoqda".

Rossiya rahbari shuningdek mamlakat fuqarolarini ham maqtadi. U urush harakatlariga hissa qo‘shayotgan ishchilarni, jumladan olimlar, ixtirochilar, harbiy muxbirlar, shifokorlar va o‘qituvchilarni tilga oldi.

"Harbiy taktika qanday o‘zgarishidan qat’i nazar, mamlakat kelajagini aynan xalq ta’minlamoqda", dedi u.

Nutq tugashi bilan darhol to‘plardan ketma-ket o‘qlar uzildi, so‘ngra harbiy orkestr musiqa ijro etdi.

Putinning ortida Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko turardi.

Tadbirda Laos prezidenti Thongloun Sisoulith hamda Malayziya qiroli Sulton Ibrohim ham ishtirok etdi.

Slovakiya bosh vaziri RobertFitso ham parad oldidan Kreml saroyida Putin bilan uchrashgani suratlarda ko‘rindi.

O‘tgan yilgi 80 yillik yubiley paradiga nisbatan bu safar jahon yetakchilari ancha kam qatnashdi. O‘sha tadbirda 27 nafar yetakchi ishtirok etgan edi, jumladan Xitoy prezidenti Si Szinpin va Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva ham.

Putin nutqidan so‘ng Rossiya telekanallarida jabha chizig‘idagi askarlar tasvirlari ham namoyish etildi.

Marosimdan so‘ng, Qizil maydonda, Putin Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi, shundan keyin Kremlda o‘tkazilgan qabul marosimida qatnashdi.

G‘alaba kuni tadbirlari Rossiyaning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tdi, biroq ular avvalgi yillarga qaraganda kamroq miqyosda tashkil etildi.

Uzoq sharqdagi Vladivostok shahrida parad va "O‘lmas polk" yurishi urush faxriylarini sharafladi.

Davlat OAV xabariga ko‘ra, Sibirdagi Krasnoyarsk va Sankt-Peterburgni o‘z ichiga olgan yana bir qator shaharlarda ham yurishlar o‘tkazildi.

Boshqa ayrim paradlar esa butunlay bekor qilindi.

Ularning o‘rniga ayrim virtual tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq internet uzilishlari muammo keltirishi mumkinligi kutilgan.

Putin davrida G‘alaba kuni Rossiyaning harbiy qudratini namoyish etish uchun targ‘ibot vositasi sifatida ham ishlatib kelinadi.

Biroq bu kun, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi - Rossiyada "Ulug‘ Vatan urushi" deb ataladigan urush - paytida halok bo‘lgan 27 million sovet fuqarosi qurbonlarini yodga olish lahzasi sifatida ham qaraladi.

Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini 2022-yilda boshlagan va u to‘rt yildan ortiq vaqt davom etmoqda.

Qo‘shinlar va harbiy texnika frontga yuborilayotganiga qaramay, Rossiya shu paytgacha har yili Moskvada o‘tkaziladigan paradda tanklar, raketalar va boshqa qurollarni namoyish etib kelgan edi.

Ammo o‘tgan hafta rasmiylar "hozirgi operativ vaziyat"ni sabab qilib, bu yilgi parad cheklangan ko‘lamda o‘tkazilishini e’lon qildi.

"Bizning tanklarimiz hozir band", dedi Rossiya deputati Yevgeniy Popov bu hafta boshida Bi-bi-siga.

"Ular jang qilmoqda. Bizga ular Qizil maydondagidan ko‘ra jang maydonida ko‘proq kerak".

Xavfsizlik choralari ham kuchaytirildi, Ukraina dronlarining tahdidi esa bu yilgi parad ko‘lamining cheklantirilishini oqlash uchun sabab sifatida keltirildi.

Ko‘rinishidan, Rossiyaning ayrim hududlarida paradlar o‘tkazilayotgan paytda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi uch kunlik otashkesim kelishuvi amal qilayotgandek.

Ammo keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina otashkesimni buzganini da’vo qildi. Shuningdek, Rossiya otashkesim rejimiga rioya qilishda davom etishini ma’lum qildi.

Putin avvalroq 8-9 may kunlari uchun otashkesim e’lon qilgan edi, Kiev esa 6-maydan boshlab muddatsiz sulh bo‘lishini talab qilgan.

Shu e’lonlardan so‘ng ikki davlat bir-birini jabha chizig‘ida otashkesim kelishuvini keng ko‘lamda buzishda aybladi.