You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Suriya: "O‘zbeklar hibsi" ortida nima bor? IShID tarafdorlari nega quvonmoqda? - Video
Suriyaning Idlib viloyatida hukumat kuchlari va Markaziy Osiyolik jangarilar o‘rtasida yuz bergani aytilgan voqealar ijtimoiy tarmoqlarda keskin bahslarga sabab bo‘ldi.
5 may kuni tarqalgan xabarlardan so‘ng IS tarafdorlari bu voqeadan mamnunligini yashirmadi. Ayrim islomchi akkauntlar esa Suriya hukumatini xorijiy jangarilarga qarshi kuch ishlatishda aybladi.
Hozircha voqealarning tafsilotlari noaniqligicha qolmoqda. Hukumat tarafdori bo‘lmish manbalar vaziyatni ahamiyatsizlashtirishga urinmoqda, boshqa akkauntlar esa xorijiy jangarilar, jumladan o‘zbeklarga qarshi "ommaviy hibslar" bo‘lganini iddao qilmoqda.
Nima sodir bo‘ldi?
Taranglik Idlib viloyatida bir o‘zbek jangarisi hibsga olinganidan keyin boshlangani aytilmoqda. Bu hodisa 2 may kuni o‘zbek jamoalari noroziligiga sabab bo‘lgan.
Keyinchalik "Suriyadagi o‘zbek muhojirlari" nomidan chiqish qilgan yangi Telegram kanali Suriya hukumati 5 may kuni Idlib bo‘ylab xorijiy jangarilarga qarshi "hibs kampaniyasi" boshlaganini da’vo qildi.
5 may kuni yaratilgan @OzbekMuhojir kanaliga ko‘ra, operatsiya Kafriya, Kafr Jalis, Harim, Idlib va al-Fu’a hududlarini qamrab olgan. Kanal ayrim joylarda qurolli to‘qnashuvlar bo‘lganini ko‘rsatuvchi videolarni ham tarqatdi.
Biroq hukumat tarafdori Telegram sahifalari bu voqealarni rad etib, faqat "qidiruvdagi shaxslar" ushlanganini bildirdi. Ular hukumatga qarshi kuchlarni "fitna" tarqatishda aybladi.
Hukumat tarafdori Syria TV telekanali ham Kafriya va al-Fu’a atrofida "xavfsizlik amaliyoti" bo‘lganini tasdiqladi. Telekanal xabarlariga ko‘ra, nishonga olinganlarning "ko‘pchiligi o‘zbek fuqarolari" bo‘lgan.
Xabarda yana bir tojikistonlik shaxs hibs vaqtida "hujumga uchragani" aytildi.
IShID tarafdorlari nima demoqda?
Arab tilli IShID tarafdorlari bu voqealarni ochiqchasiga mazax bilan qarshi oldi.
Facebook'dagi bir qator mashhur akkauntlar xorijiy jangarilar o‘z vaqtida IShID ga qo‘shilmagani uchun bugungi ahvolga tushganini aytdi.
"Bugun ular o‘zlari ekkan narsani o‘rmoqda", — deb yozdi IShID tarafdori hisoblangan Al-Battar al-Janubi.
Yana bir akkaunt — Amjad al-Hashimi — IShIDning sobiq matbuot kotibi Abu Muhammad al-Adnaniy o‘n yil avvalyoq "al-Jo‘loniy ularni yeyishi" haqida ogohlantirganini yozdi.
Ayrim IShID tarafdorlari hatto bu voqealarni xorijiy jangarilar uchun "so‘nggi imkoniyat" deb atab, ularni IShID safiga o‘tishga chaqirdi.
Rusiyzabon IShID tarafdorlari boshqacha yondashmoqda
Telegram'dagi rus tilli IShID tarafdori bo‘lmish kanallar esa nisbatan boshqacha pozitsiyani egalladi.
Age of War va Malhama Events kabi kanallar asosan o‘zbek muhojirlariga qarshi ehtimoliy zo‘ravonliklar haqida xabar tarqatdi.
Ular Suriya xavfsizlik kuchlari o‘zbeklarni kaltaklagani haqidagi iddaolarni, shuningdek jabrlanganlar guvohliklarini e’lon qildi.
Bu kabi kanallar avval ham Suriya hukumati Markaziy Osiyolik muhojirlarga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqidagi da’volarni tarqatib kelgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Age of War kanali Damashq hibslar sababini tushuntirmayotganini aytdi va bu harakat "Sharaaning xorijiy hamkorlari" talabi bilan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Ayrim xabarlarda "Turkiston"dan kelgan muhojirlar ham nishonga olinayotgani haqida xavotirlar bildirildi. IShID tarafdorlari bu atama bilan odatda uyg‘urlarga ishora qiladi.
Malhama Events tarqatgan videoda bir o‘zbek jangarisi vaziyat "keng ko‘lamli urush"ga aylanishi mumkinligini aytgan.
Dindorlar o‘rtasida ham yakdillik yo‘q
Suriya mavzusida yozadigan keskin qarashdagi dindor akkauntlar ham bir xil pozitsiyani egallamadi.
Ayrimlari Suriya hukumatini xorijiy jangarilardan "yuz o‘girganlikda" aybladi. Ular bu jangarilarning Bashar Asadga qarshi urushda muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.
Telegram'dagi Jihad Ahl al-Sham akkaunti:
"Muhojirlarni yaxshi ko‘rish — iymon belgisi, ulardan nafratlanish esa nifoq belgisi", — deb yozdi.
Bu akkaunt Damashq hukumati xalqaro jamoatchilikni rozi qilish uchun "jahon jihod harakati"ni parchalashga yordam berayotganini ham aytdi.
Boshqa ayrim qat’iy diniy qarashdagi guruhlar esa esa vazminlikka chaqirdi.
Abu Yahya al-Shami tarafdorlariga "so‘zlarni ehtiyot qilib tanlash" va IShID tarafdorlari vaziyatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikni tavsiya qildi.
Al-Suri al-Muhajir esa internetda tarqalayotgan har qanday ma’lumotga ishonmaslikka chaqirib, faqat Markaziy Osiyolik jangarilar rahbariyatidan chiqqan ma’lumotlarga ishonish kerakligini aytdi.
"Muhojirundan kelmagan hech qanday ma’lumotni tarqatmasligimiz kerak", — deb yozdi u.