'Qo‘l qo‘ymasang, o‘lasan'. Qirg‘iziston fuqarosi ikki yildan beri urushdan qayta olmayotganini aytmoqda

Harbiyning illyustrativ surati

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ

Surat tagso‘zi, Qirg‘iziston hukumati esa xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etish mamlakat qonunlariga ko‘ra jinoyat hisoblanishini eslatib kelmoqda.
    • Author, Meerim Dogdurbekova
    • Role, BBC Qirg‘iz xizmati muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ukrainada Rossiya armiyasi safida jang qilayotganini aytgan Qirg‘iziston fuqarosi BBC'ga murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ishlab yurgan vaqtida giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinib qo‘lga olingan, keyin esa urushga borishga majbur qilingan. Aytishicha, qariyb ikki yildan beri jang hududini tark eta olmayapti.

Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushga chet elliklar o‘z ixtiyori bilan va qonun doirasida jalb qilinayotganini ta’kidlab keladi. Qirg‘iziston hukumati esa xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etish mamlakat qonunlariga ko‘ra jinoyat hisoblanishini eslatib kelmoqda.

BBC muxbiri mazkur qirg‘izistonlik bilan videoaloqa orqali suhbatlashdi. 30 yoshga to‘lmagan bu fuqaro o‘z shaxsini hamda frontda ekanini tasdiqlovchi hujjat sifatida Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan muddatsiz guvohnomasini ko‘rsatdi. Hujjatda u "Veteranlar to‘g‘risida"gi federal qonunga muvofiq belgilangan huquq va imtiyozlarga ega ekani qayd etilgan.

Shuningdek, BBC muxbirlari uning Qirg‘iziston saylovchilari ro‘yxatida borligini aniqlagan va harbiy texnika fonida formada tushgan suratlarini ko‘rgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan uning shaxsi oshkor qilinmaydi.

"Qo‘l qo‘ymasang, sudlanasan, deyishdi"

Qirg‘izistonlikning aytishicha, u so‘nggi o‘n yil davomida Moskvada mehnat qilgan. 2024 yil may oyida Rossiya poytaxtida politsiya uni giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilib qo‘lga olgan. U o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblarni rad etadi.

"Moskvada haydovchi-kurьer bo‘lib ishlardim. Bir kishi bagajnikni, yana biri mashinaning ichiga qarayotgandi. Shu payt kimdir bardachokka oq kukunga o‘xshash narsani tashlab qo‘ygan bo‘lsa kerak.

Keyin uni ochib, "Bu kimniki?" deb so‘rashdi. Men "Meniki emas", dedim. Shundan keyin boshqa politsiyachilarni chaqirishdi va olti daqiqa ichida meni olib ketishdi.

Birinchi kundanoq qiynoq boshlandi. Aybni bo‘ynimga olmadim. Har kuni urishardi, har kuni qiynashardi. "Qo‘l qo‘yasan", deyishardi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Urushga borsang, o‘zingga yaxshi bo‘ladi. Bir yil xizmat qilib qaytasan, keyin pasport olib yashayverasan", deyishdi.

"Imzo qo‘ymayman", desam, "unda 228-modda bo‘yicha sudlanasan", deyishdi.

Advokat yollamoqchi bo‘ldim, lekin telefonni berishmadi. Qariyb bir oy shu ahvol davom etdi. Oxiri chorasiz qolib, qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim", deydi u.

BBC mazkur da’volarni mustaqil tarzda tekshirib tasdiqlay olmadi.

Suhbatdoshning aytishicha, u avval Rostov-na-Donu shahriga olib ketilgan, keyin esa tayyorgarlikdan o‘tish uchun Sevastopolga yuborilgan. Shundan so‘ng, Kursk viloyatining turli hududlarida jang qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yillik shartnomasi tugaganidan keyin ham armiyani tark etish imkoni berilmagan. Aytishicha, unga shartnomani uzaytirish yoki o‘lim xavfi bilan yuzlashish tanlovi qo‘yilgan.

"Shartnoma vaqti tugash arafasida yana kelishdi. "Yo imzo qo‘yasan, yoki seni o‘ldiramiz", deyishdi.

"Frontning oldingi chizig‘iga borasan", deyishdi. Bu yerda bu gap amalda "o‘limga ketasan" degan ma’noni anglatadi. Ilojsiz yana imzo qo‘ydim.

Agar biror kimsaga shikoyat qilsang, oldinda "obnulitellar", ya’ni yo‘q qiluvchilar kutib turadi, deyishdi.

"Sen rus emassan. O‘lib ketsang ham hech kim izlamaydi. Hech kimga kerak emassan", deyishdi.

Bu yerdan chiqib ketaman desang ham bo‘lmaydi. Rostdan ham o‘ldirib qo‘yishadi.

Mening ko‘z o‘ngimda olti kishini o‘ldirishdi.

Yangi odamlar kelganda, ratsiyada balandroq gapirib qo‘ysa ham olib ketishadi. Keyin ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga tushadi. Aslida esa olib borib o‘ldirishadi".

– Qirg‘izlar ham bo‘lganmi?

– Ikki qirg‘iz kelgandi. Ular dori-darmon yetkazib berishardi. Bir ketishdi-yu, qaytib kelishmadi. Ular bilan birga bo‘lgan rus yigit qaytdi, qirg‘izlar esa bedarak bo‘lib ketdi.

Bu ma’lumotlarni ham BBC mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.

Bundan avval ham o‘nlab qirg‘izistonliklar urushga ketgan yaqinlarini qidirib murojaat qilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Qurollarni o‘zimiz sotib olamiz"

Rossiya armiyasi safida jang qilayotganini aytgan qirg‘izistonlik frontdagi yo‘qotishlar haqida ham gapirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari orasida talafotlar ko‘p.

"Bu urushda odamlar shunchaki kamayib bormoqda. Oldingi pozitsiyalarda jasadlarni ko‘rib turibmiz. Ayrimlaridan faqat suyak qolgan. Ularni olib chiqishmaydi. Jasadlar dalada qolib ketyapti, ularni qushlar va yovvoyi hayvonlar parchalab tashlamoqda.

Maydonda 20 nafar rus harbiysi halok bo‘lgan bo‘lsa, ehtimol bir nafar ukrainalik bo‘ladi. Bir ukrainalikka sakkiz nafar askar to‘g‘ri kelyapti".

BBC bu raqamlarni ham mustaqil manbalar orqali tasdiqlay olmadi.

Shu bilan birga, ayrim mustaqil tahlilchilar Rossiya armiyasida yo‘qotishlar ko‘payib borayotgani va yangi harbiylar yetishmayotganini ta’kidlab keladi.

G‘arb ommaviy axborot vositalarida Rossiya armiyasiga yana 300 mingdan 500 minggacha yangi harbiy kerak bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan. Shu munosabat bilan yangi mobilizatsiya ehtimoli ham muhokama qilingan.

Vladimir Putin Bishkekka qilgan so‘nggi tashrifi chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Rossiyada yangi mobilizatsiya o‘tkazilmasligini aytgan edi.

BBC bilan suhbatlashgan qirg‘izistonlikning aytishicha, davlat tomonidan beriladigan mablag‘ ba’zan frontda zarur bo‘lgan texnika va qurollarni xarid qilish uchun yetarli emas.

"Yaqinda zambirak sotib oldik. Oldingisi yonib ketgandi. O‘rniga 1 million 200 ming rublga yangisini oldik. Pulni o‘zimiz yig‘dik.

Rossiya hukumati faqat kun kechirish va o‘q-dori ehtiyojlari uchun mablag‘ beradi. Qolganiga "qanday yashasanglar, shunday yashayveringlar" deydi. Ketamiz desang, o‘ldirish bilan qo‘rqitadi", deydi u.

"Qirg‘iz yigitlari, bu yerga kelmanglar"

Uning aytishicha, ikkinchi shartnomasi 2027 yil bahorida tugaydi. Ammo u yana shartnomani uzaytirishga majbur qilinib qolishidan xavotirda.

"Bu safar nima bo‘lishini bilmayman. Bir marta uzaytirilgandan keyin avtomatik tarzda yana uzaytirilar ekan. Qanday qilib bo‘lsa ham pul to‘plab, advokatlar yordamida sud orqali bu yerdan chiqib ketishim kerak.

"Men Qirg‘iziston fuqarosiman", desam ham hech kim quloq solmaydi. "Chegaradan chiqarmasmiz", deyishadi".

Ukrainadagi urushdan chiqa olmayotganini aytgan qirg‘izistonlik boshqa yurtdoshlarini Rossiyaning armiyasiga qo‘shilmaslikka chaqirdi.

"Bu yerga kelmanglar. Bundan ko‘ra qamoqda qolgan yaxshi, chidab. Bu yer oson emas. Moskvadan Qirg‘izistonga qaytib ketib qolgan ham yaxshi. O‘sha yerda ham tirikchilik qilish mumkin", dedi u.

Markaziy Osiyodan minglab odamlar Rossiya armiyasiga qo‘shilgan

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi 2022 yil fevral oyida boshlangan. Shundan beri Rossiyaning xorijlik fuqarolarni urushga jalb qilayotgani haqida xabarlar muntazam aytib kelinmoqda.

Ukrainadagi "Xochu jitь" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan 2026 yilgacha Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, armiya safiga qo‘shilgan xorijliklar soni 28 ming nafardan oshgan. Ularning qariyb 13 ming nafari Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridir.

GETTY
So‘nggi to‘rt yilda Rossiya armiyasiga 28 mingdan ortiq xorijlik qo‘shilgan bo‘lib, ularning qariyb yarmi Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari hisoblanadi.
"Xochu jit" loyihasi ma'lumoti
Batafsil: bbc.com/uzbek

2026 yilning fevralida Keniya parlamentida mamlakat razvedka xizmati Rossiya urushga mingdan ortiq keniyalikni jalb qilgani haqida hisobot taqdim etgan.

Mart oyi boshlarida esa Keniyada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Namoishchilar hukumatdan bedarak yo‘qolgan yaqinlarining taqdirini aniqlashni talab qilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Moskvada o‘tgan tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan keyin Keniya Rossiya keniyaliklarni urushga jalb qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu mavzu atrofidagi "jamoatchilik rezonansi"ni tan olgan bo‘lsa-da, barcha xorijliklar Rossiya qonunlariga muvofiq va o‘z ixtiyori bilan "maxsus harbiy operatsiya"da ishtirok etayotganini aytgan.

"Maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etish uchun shartnoma imzolagan keniyaliklar ham, boshqa davlatlar fuqarolari kabi, bu qarorni o‘z xohishi bilan qabul qilgan", degan Lavrov.

Qirg‘iziston hukumati nima demoqda?

Ukrainada jang qilayotgan qirg‘izistonliklarning aniq soni ma’lum emas. "Xochu jit" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 1474 nafar Qirg‘iziston fuqarosi Rossiya qo‘shinlari safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubaev joriy yilning yanvarida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu masalaga to‘xtalgan edi.

"Boshqa davlat hududidagi urushda ishtirok etishni taqiqlovchi qonunimiz bor. Shuning uchun ko‘pchilik fuqarolar urushga ketganini aytmaydi. Ammo qatnashib, o‘sha yerda halok bo‘lganlar ham bor. Ularning yaqinlari esa "migratsiyaga ketgan, boshqa ma’lumotim yo‘q" deb javob berishadi.

Agar fuqaro u yerda vafot etgani aniqlansa, vazirlik Ukrainadagi elchixona orqali yordam beradi. Biroq ko‘pchilik xavotir sabab bu haqda ochiq gapirishni istamaydi", degan Kulubaev.

Bundan avval Qirg‘iziston hukumati o‘z fuqarosini Rossiya qamoqxonasidan Ukrainadagi urushga yuborilayotgan vaqtda vatanga qaytarishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgan.

Jogorku Kenesh deputati Aysara Abdibaevaning aytishicha, bu fuqaro ikki davlatning qonun doirasida o‘zaro hamkorligi natijasida Qirg‘izistonga olib kelingan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, xorijdagi qurolli mojarolar yoki harbiy harakatlarda yollanma yoki ixtiyoriy asosda ishtirok etish og‘ir jinoyat hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 256-moddasiga muvofiq, bunday holatlar uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Bunga qadar Qirg‘iziston maxsus xizmatlari Ukrainadagi urushda ishtirok etganlikda gumon qilingan ikki nafar qirg‘iz fuqarosini javobgarlikka tortgan.

Ulardan biri sud tomonidan uch yillik probatsiya jazosi bilan ozod qilingan. Keyinroq uning Qozog‘iston orqali Rossiyaga ketib qolgani haqida xabarlar tarqalgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bundan avval Rossiya fuqaroligini olish uchun murojaat qilgan.