Fedin o‘rmoni - qushlar migratsiyasidagi muhim bekat

Surat manbasi, Surxondaryo viloyat Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmasi
Ilgari yaroqsiz yer bo‘lgan maydonda Aleksandr Fedin barpo etgan 101 gektarlik o‘rmon bugunga kelib tabiatda kamayib ketayotgan noyob qushlarning to‘xtab o‘tish joyiga aylangan.
Buni ham o‘zbekistonlik, ham xorijiy olimlar, yovvoyi tabiat kuzatuvchilari tasdiqlaganlar.
Qushlar qishda issiq o‘lkalarga uchib ketishlari, kunlar isigach o‘zlarining yashaydigan joylariga qaytib kelishlari maktab o‘quvchisiga ham ma’lum narsa.
Norvegiyadan parvoz qilib, Hindistonga uchib o‘tayotgan qushlar Fedin o‘rmoniga qo‘nib o‘tganlarini kuzatish uchun xorijlik mutaxassislar kelganlar.
Surxondaryo viloyatida, Afg‘on chegarasi biqinida, Amudaryodan to‘ldiriladigan "Oqtepa" suv ombori atrofida Aleksandr Fedin 1989 yili 4 gektar yerni olib daraxt ekishni boshlagan.
Yer qattiqligi, ba’zi joylari qumlik, sho‘r, muntazam sug‘orish imkonsiz bo‘lgani uchun dastlabki yillarda Fedin do‘stlari bilan ekkan nihollar qurib ketgan.
Buning ustiga yer tekis emas, 45 daraja qiyalagan, "shu yerda ham biror narsa ekib bo‘ladimi, deb ustimizdan odamlar kulishardi", deb eslaydi Aleksandr Fedin.
Keyin yana 80 gektar yaroqsiz maydon "Oqtepa" ovchilar jamiyatiga rasmiylashtirildi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Hozirga kelib tuproq erroziyasiga qarshi suv ombori chetlarini mustahkamlash uchun barpo etilgan to‘qayzorlarni ham qo‘shib hisoblaganda Fedin o‘rmoni 101 gektarga yetdi.
Bugungi kunda o‘rmonda 500dan ziyod turdagi daraxtlar o‘sadi, qaerdadir daraxt o‘tqazishni istagan kishilar bu yerdan kelib bepul ko‘chatlarni olib ketadilar.
Aleksandr Fedin o‘rmoni kengayib, qalinlashib borgan 37 yil mobaynida yovvoyi hayvonlarning turlari ham ko‘payganini kuzatganini aytadi.

Surat manbasi, Surxondaryo viloyat Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmasi
O‘rmon hududiga shoqollar qaytgan.
Amudaryo yaqin emasmi, o‘sha tomonlardan kelgan uch bosh to‘ng‘iz Fedin o‘rmoni changalakzorlarida qo‘nim topgan, ularning soni 70 taga yetgan.
O‘rmon tashkil etilgan vaqtda "O‘zbekistonda silovsin qolmadi", deb hisoblanardi, Fedin hozir bu yerda silovsin yashayotganini aytadi.
Bu joy hozir 30 ga yaqin turdagi yovvoyi jonivorning, 15 ga yaqin turdagi qushlarning vatani.
"Qushlarning migratsiya yo‘li bizdan o‘tadi. Norvegiya, Finlandiya, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston. Qushlar o‘sha yerda tuxum qo‘yib, jo‘jalarini ko‘paytirib, yana ortga qaytadi", deydi Aleksandr Fedin.
Markaziy Osiyo parvoz yo‘li

Surat manbasi, gazeta.uz
Dunyoda qushlarning to‘qqizta asosiy parvoz yo‘li bor.
Ulardan biri Markaziy Osiyo parvoz yo‘li (Central Asian Flyway - CAF) deb ataladi.
CAF dunyodagi asosiy qushlar "supermagistrallari"dan biri bo‘lib, Arktikadan boshlanib Hind okeanigacha cho‘zilgan keng geografik hududni qamrab oladi.
U millionlab qushlar, ayniqsa suv qushlari, shimoliy in qo‘yadigan hududlaridan janubiy qishlov joylariga safar qilayotganda foydalanadigan muhim va murakkab migratsiya yo‘llari tarmog‘idir.
Bu parvoz yo‘li Markaziy va Janubiy Osiyodagi 30 ta mamlakatni, shuningdek Kavkaz orti va Yaqin Sharqning ayrim qismlarini o‘z ichiga oladi.
Uning eng shimoliy chekka hududi Rossiya Federatsiyasida, aniqrog‘i Sibirning keng va aholi kam yashaydigan tundralari hamda botqoq yerlaridan boshlanadi.
Bu hududlar qushlarning in qo‘yadigan joylaridir.
Qisqa Arktika yozida millionlab qushlar shu yerda ko‘payadi.
Markaziy Osiyo parvoz yo‘lining janubiy chekka hududi, ya’ni qushlarnng qishlov joylari Janubiy Osiyoda, asosan Hindiston, Bangladesh va Pokistonda, Maldiv orollari, Yaqin Sharqning ayrim qismlari (masalan, Eron) va Hind okeanidagi Chagos arxipelagida joylashgan.
Bu yo‘lning markaziy tranzit zonasi Markaziy Osiyo mamlakatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston hisoblanadi, mintaqa hududi muhim geografik "ko‘prik" vazifasini bajaradi.
Termiz yaqinidagi Amudaryo havzasi Hindiston, Yaqin Sharq hamda Afrikaning ayrim qismlaridagi qishlov joylari o‘rtasida shimoldan janubga ko‘chib yuradigan qushlar uchun juda muhim to‘xtash nuqtalari hisoblanadi.

Tabiatni asrash tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, bu parvoz yo‘lidan kamida 307 turdagi ko‘chib yuruvchi qushlar foydalanadi, ularning qariyb 30 tasi global miqyosda yo‘qolib ketish xavfi ostida deb ko‘riladigan qushlardir.
Suv qushlari va sohil qushlari: Himolay tog‘i ustidan to‘g‘ridan‑to‘g‘ri uchib o‘tishi bilan mashhur bo‘lgan Oqbosh yoki Tog‘ g‘ozi(Anser indicus), keskin yo‘qolib ketish xavfi ostidagi Sibir turnasi, katta flamingo, shuningdek turli xil o‘rdaklar, laylaklar.
Yirtqich qushlar: Oltun burgutlar, dasht burgutlari va lochinlar ham ushbu yo‘lakdan foydalanadilar, tog‘ tizmalari ustidan havo oqimlarida parvoz qilib o‘tadilar.
Yaqinda Saudiya Arabistonining davlat nazoratidagi Saudi Falcons Clubi Qozog‘istonda 34 ta lochinni ochiq tabiatga qo‘yib yubordi, klub Vitse-prezidenti Ahmad Fahd al-Hababiy nega Qozog‘iston tanlangani sababini mamlakatning lochinlar migratsiyasi va yashab qolishi uchun qator qulay sharoitlarga ega ekani bilan tushuntirdi.
"Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘iston hududi lochinlarning uya qo‘yadigan juda muhim joylaridan biridir. Lochinlar bevosita shu yerga in qo‘yadilar, shuningdek, yana bir necha omillar lochinlarning Qozoq ekotizimida tirik qolib yashab ketishlariga hissa qo‘shadi", dedi Ahmad Fahd al-Hababiy.

Surat manbasi, Reuters
CAF bo‘ylab harakatlanayotgan qushlar uchun Markaziy Osiyoning katta masofaga cho‘zilgan cho‘llari, (masalan, Qizilqum) va baland tog‘ tizmalari (Tyan-Shan va Pomir) uchib o‘tish qiyinlik qiladigan hudud hisoblanadi.
Bu joylardan uchib o‘tish katta energiya talab qiladi, shuning uchun botqoq va suvli to‘xtash nuqtalari hayot-mamot masalasiga aylanadi.
Aynan shu joyda Termiz atrofidagi Amudaryo havzasiga o‘xshash nuqtalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Daryo vodiylari va ular bilan bog‘liq ko‘llar qurg‘oqchil yerlar orasida yashil yashash chiziqlarini hosil qiladi. Qushlar bu yerlarda dam oladilar, hasharotlar va baliqlar bilan oziqlanib quvvat to‘playdilar va Hindukush hamda Himolay tog‘larini kesib o‘tishdan oldin himoyalanadilar.
Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonning eng janubiy chekka qismidagi suv omborlari va ko‘llar bahor va kuz migratsiya davrlarida bir vaqtning o‘zida juda ko‘p sonda ko‘chib o‘tadigan suv qushlari to‘planadigan tor nuqtalar sifatida xizmat qiladi.
Aleksandr Fedin ko‘chib yuruvchi qushlardan ayrimlari shu yerda tuxum qo‘yib qolib ketganlarini aytadi.





























