Saida Mirziyoyeva Google bilan YouTube monetizatsiyasini muhokama qildi: O‘zbekistonliklar qancha pul ishlashi mumkin?

Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan

Surat manbasi, TELEGRAM/MIRZIYOEVA

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan uchrashib, mamlakatda YouTube monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini muhokama qildi.

Uchrashuv Nyu-Yorkda, Mirziyoyevaning BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShga tashrifi doirasida o‘tkazildi.

Saida Mirziyoyevaning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlarga oid qonunchilik takomillashtirilgan. U bu o‘zgarishlar xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekistonda ishlashi uchun imkoniyat yaratayotganini aytdi.

Hozir YouTube'ning mualliflarga reklama orqali daromad olish imkonini beruvchi hamkorlik dasturi, YouTube Partner Program, O‘zbekistonda to‘liq ishlamaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida dastur Qozog‘istonda mavjud.

O‘zbekistonlik ayrim kontent yaratuvchilar xorijiy auditoriya orqali daromad olishi mumkin. Ammo O‘zbekistondagi auditoriya uchun YouTube reklamasi va unga bog‘liq to‘liq monetizatsiya tizimi ishlamayapti. Shu sababli mahalliy videoblogerlar asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama, maxsus loyihalar va mahsulotlarni kontentga integratsiya qilish orqali daromad topib keladi.

Monetizatsiyaga nima to‘sqinlik qilgan?

YouTube

Surat manbasi, EPA/ADAM

YouTube monetizatsiyasining O‘zbekistonda ishga tushmaganiga bir nechta huquqiy va texnik omillar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Asosiy masalalardan biri O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududidagi serverlarda saqlash talabi edi. Bunday talab Google kabi faoliyati global server infratuzilmasiga tayanadigan kompaniyalar uchun qiyinchilik tug‘dirgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik 2025 yil dekabrida amerikalik texnologiya kompaniyalarining O‘zbekistonda monetizatsiya xizmatlarini kengaytirishiga shaxsiy ma’lumotlarni mahalliy serverlarda saqlash talabi bilan birga intellektual mulk himoyasi, to‘lov tizimlarini tartibga solish va til bilan bog‘liq texnik masalalar ham ta’sir qilayotganini aytgan edi.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ammo 2026 yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev "Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartishlarni tasdiqladi. Yangi tartibga ko‘ra, ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida saqlash bo‘yicha majburiy talab asosan biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga oid ma’lumotlar uchun saqlab qolindi.

Boshqa turdagi shaxsiy ma’lumotlarni esa qonunda belgilangan himoya talablariga rioya qilingan taqdirda xorijda saqlash va qayta ishlash mumkin bo‘ldi.

2026 yil yozida O‘zbekiston hukumati shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qiladi deb tan olingan 49 mamlakat va hudud ro‘yxatini tasdiqladi. Ular orasida AQSh, Britaniya, Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yaponiya ham bor.

Bu o‘zgarishlar avval Google kabi xalqaro texnologiya kompaniyalari uchun qiyinchilik tug‘dirgan asosiy huquqiy to‘siqlardan birini yumshatdi.

Biroq YouTube monetizatsiyasining ochilishi faqat shaxsiy ma’lumotlarga oid qonunchilikka bog‘liq emas.

O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanishdagi cheklovlar, mualliflik huquqini himoya qilish bilan bog‘liq muammolar va o‘zbek tilidagi kontentni avtomatik aniqlash hamda moderatsiya qilish imkoniyatlari ham to‘siqlar qatorida sanab o‘tilgan.

Shuning uchun hozirgi muzokaralar YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda darhol ishga tushadi degani emas. Google hozircha bunday xizmat qachon ochilishi mumkinligi haqida rasmiy sana e’lon qilgani yo‘q.

O‘zbekistonlik blogerlar qancha daromad olishi mumkin?

YouTube monetizatsiyasining ochilishi O‘zbekistonning o‘sib borayotgan kreativ industriyasi uchun sezilarli iqtisodiy imkoniyat yaratishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq faol videobloger bor. Ularning qariyb ming nafarida 100 mingdan ziyod, besh ming nafarida 10 mingdan 100 minggacha obunachi bor.

Markaz O‘zbekistondagi YouTube videolarining yillik ko‘rishlar soni va reklama narxlariga asoslanib, monetizatsiyadan olinadigan umumiy daromadni yiliga 28,8 mln dollardan 50,4 mln dollargacha baholagan.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, monetizatsiyaning ishga tushishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotiga 0,05-0,1 foizgacha qo‘shimcha hissa qo‘shishi mumkin. Bu raqamlar prognoz bo‘lib, amaldagi daromad auditoriya hajmi, reklama narxi va videolarning ko‘rilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Monetizatsiya joriy etilsa, o‘zbekistonlik mualliflar mahalliy va xorijiy auditoriya tomosha qiladigan videolarida ko‘rsatiladigan reklamadan bevosita daromad olish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu esa faqat blogerlar emas, balki video ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa kasblar, jumladan montajchilar, dizaynerlar, prodyuserlar va raqamli reklama mutaxassislari uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube monetizatsiyasi yoshlarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilish va kontent yaratish industriyasiga sarmoya jalb etishga turtki berishi mumkinligini aytgan.

Shu bilan birga, monetizatsiya o‘zbek tilida sifatli kontent ishlab chiqarishni tijoriy jihatdan jozibadorroq qilishi va kontent yaratuvchilarning reklama beruvchilarga bevosita bog‘liqligini kamaytirishi mumkin.

Hozircha esa Google va O‘zbekiston tomoni muzokaralarning keyingi bosqichlari yoki YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish muddati haqida ma’lumot bermagan.