Japarovga raqib chiqadimi? Qirg‘izistonda prezident saylovi sanasi aniqlandi

Sadir Japarov rafiqasi Aygul Japarova bilan samolyotdan tushib bormoqda.
Surat tagso‘zi, Sadir Japarov rafiqasi Aygul Japarova bilan.
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 2027 yil 27 yanvarda o‘tkaziladi. Bu qarorni parlament 24 sentyabr kuni qabul qildi.

Amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga jiddiy raqib chiqmaydi, degan taxminlar kuchaygan. Chunki raqobatchi bo‘lishi mumkin deb sanalgan taniqli siyosatchilarning aksari so‘nggi yillarda sudlandi.

Ammo saylov sanasi e’lon qilinishi bilan ayrim siyosatchilar prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyati borligini bildira boshladi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Japarov lavozimida turgan holda nomzod bo‘la oladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Olti yil avvalgi saylovda Japarovga raqib bo‘lgan siyosatchilarning ayrimlari keyinchalik turli jinoyat ishlari doirasida qamalgan. Aynan shu holat holat siyosiy raqobat masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi saylov qoidalari va siyosiy tizimlar bir xil bo‘lmasa-da, mintaqada amaldagi prezident qatnashgan holatlarda davlat rahbari o‘z lavozimini doimo saqlab qolgan.

2021 yilgi saylov tajribasi

Qirg‘izistonda 2021 yilgi prezidentlik saylovida 17 nafar nomzod qatnashgan.

Saylovni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylov yaxshi tashkil etilgani va asosiy erkinliklar ta’minlanganini qayd etgan. Biroq kuzatuvchilar nomzodlar uchun imkoniyatlar teng bo‘lmaganini, Sadir Japarov moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlari bilan boshqa nomzodlardan ancha ustun turganini ta’kidlagan.

2027 yilda kim nomzod bo‘la oladi?

Sadir Japarov avgust oyida MediaHub kanaliga bergan intervyuda barcha nomzodlar uchun teng sharoit yaratilishini va saylovlar toza o‘tishini aytgan.

"Hech kimga cheklov qo‘ymaymiz. Saylov top-toza o‘tadi. Saylov huquqini xalqqa berdik. Ilgari berilmas edi. Ilgari qog‘oz bilan byulletenni sanab, birinchisini ikkinchisiga qo‘shib qo‘yib, o‘tkazib yuborishardi. Hozir unday emas. Omonlik bo‘lsa, ko‘rasizlar. Hech kimga g‘ov bo‘lmaymiz. Hech kimni cheklamaymiz", - degan u.

Joriy yilda prezident Sadir Japarov mamlakatning turli hududlarida aholi bilan uchrashib, joylarda odamlar bilan bevosita muloqot qildi.

Taqdim
2021 yili 17 nafar nomzod qatnashgan edi. Shulardan sakkiz nafari keyinchalik ta’qibga uchrab, qamaldi.
Klara Sooronqulova, siyosatchi
Batafsil: bbc.com/uzbek

Raqiblar hozircha aniq emas

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Saylovga to‘rt oydan sal ko‘proq vaqt qoldi. Markaziy saylov komissiyasi bildirishicha, nomzod bo‘lishni istaganlarni ro‘yxatga olish 25 sentyabrdan boshlanadi.

Hozircha prezidentlikka kimlar nomzod bo‘lishi aniq emas. Ammo saylov sanasi e’lon qilingan kuni sobiq ichki ishlar vaziri O‘murbek Suvanaliev nomzod bo‘lish niyati borligini BBCga bildirdi.

"Arizani hali yozganimiz yo‘q. Lekin bu prezidentlik saylovida albatta qatnashamiz",- dedi u.

2021 yilgi saylovda nomzod bo‘lgan siyosatchi Klara Sooronqulova bu safar ham prezidentlik uchun kurashishi mumkinligini inkor qilmayapti.

U "Kampirobod" suv omborining yeri O‘zbekistonga berilishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sudlangan, ammo keyin oqlangan edi. U o‘ziga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini 2021 yilgi saylov paytida bildirgan tanqidiy fikrlari bilan bog‘laydi.

"2021 yili 17 nafar nomzod qatnashgan edi. Shulardan sakkiz nafari keyinchalik ta’qibga uchrab, qamaldi. "Saylovda ishtirok etinglar, hammasi demokratik ruhda o‘tadi", deyishgani bilan, keyingi oqibati nima bo‘ladi?" - dedi Sooronqulova BBC bilan suhbatda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

Qonun bo‘yicha nomzodlar soniga alohida cheklov yo‘q. Prezidentlikka da’vo qilgan shaxs kamida 35 yoshda, Qirg‘iziston fuqarosi, davlat tilini biluvchi va mamlakatda kamida 15 yil yashagan bo‘lishi, qirg‘iz tilini mukammal bilishini tasdiqlash uchun imtihondan o‘tishi kerak.

Bundan tashqari, nomzod o‘zini qo‘llab-quvvatlagan kamida 30 ming saylovchining imzosini to‘plashi lozim.

Sudlangan shaxs esa, hatto sudlanganligi olib tashlangan yoki tugallangan bo‘lsa ham, prezidentlikka nomzod bo‘la olmaydi.

Shuningdek, nomzod bir million som (11 ming 435 AQSh dollari atrofida) saylov badalini ham to‘laydi. Bu pul qaytarib berilmaydi. Markaziy saylov komissiyasi raisiga ko‘ra, bunday badal nomzodning mas’uliyatini oshiradi, degan ishonch bor.

Qirg‘iziston prezidentlikka nomzodlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘ziga xos tarixga ega.

Masalan, 2011 yilgi prezidentlik saylovida 83 kishi nomzod bo‘lish istagini bildirgan. Biroq bu odamlarning barchasi saylov byulleteniga kirmagan. Yakunda saylovda 16 nafar nomzod qatnashgan.

Tashiev masalasi ham yopildimi?

So‘nggi vaqtlari Davlat xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashievning ham prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘p gapirildi.

U Japarovning yaqin siyosiy hamkori bo‘lgan. Ammo Tashiev prezidentlik saylovida qatnashmasligini bir necha bor bildirgan.

Japarov esa avgust oyida bergan intervyusida avval boshqa rejasi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u birinchi prezidentlik muddatidan keyin saylovda qatnashmaslik va Tashievni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan.

Ammo keyinchalik Tashiev prezident bo‘lishga hali tayyor emas, degan xulosaga kelganini bildirgan.

Shunday qilib, hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Japarovning eng ko‘p tilga olingan ehtimoliy raqiblaridan biri bo‘lgan Tashiev saylovda qatnashmaydi.

Iqtisodiy omil

The New York Times nashrida 15 sentyabrda e’lon qilingan maqolada Qirg‘iziston iqtisodiyoti 2025 yilda 11 foiz o‘sgani, o‘sishning bir qismi esa Rossiyaga yo‘naltirilgan reeksport bilan bog‘liq ekani yozilgan. Nashr Osiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga tayanib, so‘nggi to‘rt yilda reeksport mamlakat iqtisodiy o‘sishining 30–40 foizini ta’minlaganini ta’kidlagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 11,1 foizga o‘sgan. 2026 yil yanvarь–avgust oylarida esa 11 foizni tashkil qilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu raqamlar hukumat uchun muhim siyosiy dalil bo‘lishi mumkin.

"Saylov xolis o‘tishiga menda hech qanday shubha yo‘q. Chunki bizda saylov tizimi rivojlanib qoldi, texnologiyalar taraqqiy etdi. Elektron saylov qutilari mavjud. Avvalgi saylov ham ochiq-oshkora o‘tgan edi. Bu safar ham shunday bo‘ladi. Davlat rivojlanmoqda. Iqtisod o‘syapti. Prezidentning xalq orasidagi reytingi yuqori", - deydi siyosatshunos Almazbek Akmataliev.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov kelishuv hujjatlarini almashmoqda.
Surat tagso‘zi, 2026 yili O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Sadir Japarov prezidentligi davrida Tojikiston bilan ko‘p yillardan beri mojaroli bo‘lib kelgan chegara muammolariga nuqta qo‘yilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida ham chegarani aniqlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. 2026 yil iyulida esa ikki davlat munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Bu davrda ikki davlat rahbarlari bir biriga kamida besh martadan tashrif qilishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,2 milliard dollarga yetgan.

Japarov hokimiyatga qanday kelgan?

Sobiq muxolifatchi Sadir Japarov 2020 yil oktyabrida siyosiy inqiroz natijasida hokimiyatga kelguniga qadar qamoqda edi. U 2017 yilda «garovga odam olish va ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish» kabi ayblar bo‘yicha qamalib, 11 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi. U aybini tan olmagan.

2020 yil oktyabrda o‘tgan parlament saylovlaridan keyin Qirg‘izistonda ommaviy namoyishlar boshlanib, saylov natijalari bekor qilingan. O‘sha paytdagi prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqqanidan so‘ng Japarov avval bosh vazir, keyin vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. U prezidentlik saylovida qatnashish uchun vaqtincha lavozimidan voz kechgan.

2021 yil 10 yanvardagi muddatidan oldingi prezidentlik saylovida Japarov g‘olib bo‘lgan.