O‘zbekiston: Adabiyot muzeyi boshpanasiz qoldimi va yo Yangi Toshkentga ko‘chirilayotgan ko‘hna qo‘lyozmalar taqdiri haqida nimalar ma’lum?

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining hozirgi binosi
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi binoda faoliyatini davom ettiradi va hozirgi tarixiy binoga qaytmaydi.

Bu haqda muzey direktori Shahnoza Nazarova BBC O‘zbekka ma’lum qildi.

Uning aytishicha, muzey yopilayotgani yo‘q, balki yangi binoga ko‘chishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

"Muzey yopilayotgani yo‘q. Muzey yana ham yaxshiroq sharoitga o‘tishga tayyorgarlik ko‘ryapti".

Nazarovaning aytishicha, muzey fondidagi barcha qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, arxiv hujjatlari va boshqa eksponatlar Yangi Toshkentdagi yangi muzeyga ko‘chiriladi. Hozircha ular vaqtincha boshqa muassasalarda saqlanmoqda.

Shuningdek, u yangi muzey binosi qurilishi sur’atiga qarab 2027–2028 yillarda foydalanishga topshirilishi mumkinligini bildirdi.

Biroq shu kunlarda muzey taqdiri ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Jamoatchilikni nima xavotirga solmoqda?

Facebookdan olingan skrinshot
Surat tagso‘zi, Facebookdagi fikrlar

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tasarrufidagi muzey taqdiri ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

Yozuvchi Shukur Jabbor Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaatida muzey uchun yangi joy ajratilmaganini, "70 mingga yaqin noyob eksponatlar taqdiri noma’lumligicha qolayotgani"ni aytib, bu holatni "o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi eng katta fojialardan biri" deb atadi.

U, shuningdek, muzey eksponatlarining bir qismi vaqtincha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yerto‘lasiga joylashtirilganini yozdi.

Bu murojaat ortidan yuzlab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muzeyning kelajagi, noyob qo‘lyozmalar taqdiri va tarixiy binodan keyinchalik qanday foydalanilishi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Muhokamalarda turli qarashlar bildirildi.

Ayrimlar muzey aynan hozirgi tarixiy binoda saqlanib qolishi lozimligini ta’kidladi.

Shoira Go‘zal Begim shunday yozdi: "Muzey eskiligi bilan ham, nurayotganligi, to‘kilaetganligi bilan ham ajoyib edi. Joyiyam go‘zal. Devoriga ishlangan asarlar, haykallar, devorlari, qadimiy qo‘lyozmalari - har biri o‘ziga xos. Muzeyiga yaltiroq binoning keragi yo‘q. O‘z joyida saqlab qolish kerak".

Uning fikricha, muzeyga tashrif buyuruvchilar kamligi haqidagi qarash ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

"U yerga intellekt baland, uni aqlan va qalban his qiladigan tomoshabinlar boradi".

Foydalanuvchi To‘lqin Yorqulov esa binodan ko‘ra muzey fondini saqlab qolish muhimroq ekanini ta’kidladi.

"Bu muzeyning binosi saqlanmasa ham, muzey uchun munosib joy topish hamda undagi barcha osori-atiqalarni saqlab qolish kerak".

Shoira Go'zal Begim
Goʻzal Begim/Facebook
Muzeyiga yaltiroq binoning keragi yo‘q. O‘z joyida saqlab qolish kerak...
Go'zal Begim
Shoira (batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Ayrimlar masalani milliy madaniy meros nuqtai nazaridan baholadi.

"Bu masala faqat bir muzeyning joylashuvi yoki bir muassasaning ma’muriy taqdiri haqida emas. Bu xalqimizning adabiy xotirasi, ma’naviy merosi, milliy o‘zligi haqidagi masaladir", deb yozdi Rahimjon Sultanov.

Muzey asoschilaridan biri Hamid Sulaymonning qizi ekanini aytgan Zuhra Ashrabova ham xavotir bildirdi.

"Men muzeyni barpo etgan Hamid Sulaymonning qiziman. Charchadik muzeyni holiga qayg‘urishga. Nima qilay, kimga boray, muzey rahbariyati indamay tursa!"

Jurnalist va tarjimon A’zam Obidov esa jamoatchilikka tushuntirish kech berilganini tanqid qildi.

"Bu muzeyning direktori, xodimlari yo‘qmi? Nega ular jim?"

Shu bilan birga, muzeyning sobiq direktori Jabbor Eshonqul ijtimoiy tarmoqlarda muzey yopilayotgani haqidagi da’volarga qo‘shilmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bino 1968 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan bo‘lsa-da, eksponatlar mutaxassislar nazorati ostida saqlanmoqda va muzey faoliyati tugatilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Rasmiylar: muzey yopilmayapti

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining Toshkent markazida joylashgan tarixiy binosi. Muzey rahbariyatiga ko‘ra, muassasa Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi binoga ko‘chadi va hozirgi binoga qaytmaydi.
Surat tagso‘zi, Ayriliq oni yaqinmi?..

Jamoatchilikdagi muhokamalardan keyin O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirdi.

Akademiyaga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishlar muzey faoliyatini tugatish uchun emas, balki noyob qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa muzey boyliklarini xavfsiz saqlash, ularni raqamlashtirish hamda yangi muzey binosiga ko‘chirishga tayyorlash maqsadida olib borilmoqda.

Bayonotda aytilishicha, ishlar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 maydagi 234-F-sonli farmoyishi asosida amalga oshirilmoqda.

Fanlar akademiyasi ma’lum qilishicha, Yangi Toshkent shahrida muzey uchun yangi bino qurilmoqda. U foydalanishga topshirilgunga qadar muzey fondidagi qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa eksponatlar vaqtincha boshqa muassasalarga ko‘chirilmoqda.

Qo‘lyozmalar qayerga ko‘chirildi?

Muzey direktori Shahnoza Nazarova

Surat manbasi, Shahnozaxon Nazarova

Surat tagso‘zi, Muzey direktori Shahnoza Nazarova

BBC O‘zbekka bergan intervyusida muzey direktori Shahnoza Nazarova muzey fondidagi barcha qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, arxiv hujjatlari va boshqa eksponatlar keyinchalik Yangi Toshkentdagi yangi muzeyga ko‘chirilishini aytdi.

"Hammasi. Yangi Toshkentga hamma narsa ketadi. Muzeyning hisobida qanaqa qo‘lyozma, qanaqa toshbosma, qanaqa arxiv hujjat, qanaqa eksponat bo‘lsa, hammasi..."

Uning ta’kidlashicha, muzey yopilgani yo‘q, hozirgi ishlardan maqsad fondlarni yangi binoga ko‘chirilgunga qadar asrab qolishdir.

"Qo‘ldagi qo‘lyozmalar, toshbosmalar va arxiv materiallarini saqlashimiz kerak. Issiqda, sovuqda yo‘qolib ketmasligi kerak".

Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha:

847 ta noyob qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ko‘chirilgan;

1491 ta toshbosma manba xatlovdan o‘tkazilgan;

439 papka fotonusxa;

145 papka plyonka va negativ;

1 million 416 ming 512 ta hujjatdan iborat "O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi" fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazilgan.

Qolgan muzey eksponatlari esa, Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga ko‘chirilmoqda.

Shahnoza Nazarovaning qo‘shimcha qilishicha, muzey hozircha tomoshabinlar uchun yopiq bo‘lsa-da, xodimlar fondlarni xatlovdan o‘tkazish va ko‘chirish ishlarini davom ettirmoqda.

Tarixiy binoga nima bo‘ladi?

Muzeyning hozirgi binosi
Surat tagso‘zi, Taqdiri noma’lum

Muzey Yangi Toshkentga ko‘chgach, uning hozirgi tarixiy binosi taqdiri qanday bo‘lishi ham asosiy savollardan biri bo‘lib qolmoqda.

Muzey direktori Shahnoza Nazarova bu masala muzey rahbariyati vakolatiga kirmasligini aytdi.

"Bu Madaniy meros agentligining ro‘yxatidagi bino. O‘zlari ta’mirlaydi, o‘zlari muhofaza qiladi. Keyin nima bo‘lishini men bilmayman..."

BBC O‘zbek bu masala yuzasidan Madaniy meros agentligiga ham murojaat qildi.

Biroq agentlik vakili ham "muzey ham, uning hozirgi binosi ham agentlik balansida emas"ligini bildirdi.

Demak, muzeyning Yangi Toshkentga ko‘chishi tasdiqlandi. Ammo uning hozirgi tarixiy binosi taqdiriga oid savollar hozircha ochiq qolmoqda.