Siz ko‘rmagan Quyosh: Eng kuchli teleskop nimalarni tasvirga oldi? Video
- Author, Viktoriya Gill
- Role, Ilm-fan muxbiri
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Dunyodagi eng kuchli Inoue teleskopi Quyosh yuzasidan misli ko‘rilmagan tasvirlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Xususan, Quyoshdagi plazma quyunlari yoki uyurma tizimlarining video hamda fotosuratlari olindi. Ularning mavjudligi ma’lum edi, lekin hech qachon ko‘rish imkoni bo‘lmagan.
Quyoshdagi plazmalar harakati magnit maydonini o‘zgartiradi va aylanish yuzaga keladi.
Bu - Quyoshdagi energiyaning keskin oshishini ta’minlovchi kuch.
Koinotdagi ob-havo Yerdagi energiya tizimlari hamda sun’iy yo‘ldoshlar faoliyatini buzishi va fazogirlarga zarar yetkazishi mumkin.
"Quyosh - ayni energiya va butun koinot ob-havosining manbai" - deydi AQSh Davlat quyoshni kuzatish rasadxonasi olimi David Boboltz.
Uning aytishicha, so‘nggi batafsil tasvirlar yordamida biz koinotda yuzaga keladigan ob-havo oldida qanday qilib samaraliroq yo‘l tutishimiz mumkinligini anglaymiz.
"Koinot ob-havosini bashorat qilish uchun biz Quyosh fizikasini eng mayda tafsilotlariga qadar tushunishimiz kerak" - deydi olim.

Surat manbasi, NSF/NSO/AURA/MPS
Tasvirlar va tadqiqot natijalari Nature jurnalida chop etilgan.
Bu akslarni olishga qodir bo‘lgan Inoue teleskopi dunyodagi eng kuchli quyosh teleskopi sanaladi.
U Gavayidagi baland tog‘ ustiga o‘rnatilgan. Bu yerdan osmon juda tiniq ko‘rinadi va atrofda hech qanday chang yo‘q.
Olimlar Quyosh yuzasida buralib tepaga o‘rlayotgan quyun yo uyurmalarni batafsil tasvirga tushirganlar.
"Bu aylanma harakatlar magnit energiyasini yaratadi va ushbu quvvat to‘planib, keyin yirik portlashlarni yuzaga keltirishi mumkin" - deydi astronom David Kuridze.

Surat manbasi, NASA/SDO
Quyoshdagi portlashlar

Surat manbasi, NASA
Koinot ob-havosini bashorat qilish uchun biz Quyosh fizikasini eng mayda tafsilotlariga qadar tushunishimiz kerak.
Olimlar o‘rgangan hodisa Kelvin-Gelmgols beqarorligi, deb ataladi.
U gaz qatlamlari yo suyuqlik (bu o‘rinda plazmalar) o‘zaro muloqotda bo‘lganida yuzaga keladi. Atrof muhit junbushga keladi va tepaga o‘rlovchi quyunlar paydo bo‘ladi.
Rasadxona xodimi olim Fridrix Vyogerning aytishicha, Quyosh yuzasida bu holatning aniqlanishi nafaqat koinot ob-havosi dinamikasini, balki Quyosh yuzasi nega bunchalik issiq ekanini ham tushunishishga yordam beradi.
U quvvat qanday yuqoriga o‘rlashini ko‘rsatadi.
"Yuqori qatlamlarda yetarli quvvat yig‘ilgach, u quyosh chaqnashi yoki koronal massa otilishi ko‘rinishida ajralib chiqishi mumkin".
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Surat manbasi, NSF National Solar Observatory
Olimlarga ko‘ra, so‘nggi tasvirlar va tadqiqotlar bizning hayotimizda juda qo‘l keladigan bilim.
Shu qatorda, Quyosh qanchalik betakror laboratoriya ekanligini ham eslatib turadi.
"U (Quyosh) bizga eng yaqin yulduz" - deydi David Boboltz - "Va u bizga fizikaning asosiy qonunlarni tushunishimiz uchun yordam beradi".
Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi ilk tajribaviy dalili ham quyosh tutilishini kuzatish natijasida qo‘lga kiritilgan" - deydi u.
"Insoniyat o‘z bilimlarini oshirishi uchun ham bunday tajribalarni davom ettirishimiz shart".






























