Yaqin Sharqdagi urush: Eron tashqi ishlar vaziri Putin bilan uchrashdi. OAV Tehronning Vashingtonga yangi taklifi haqida yozmoqda

Surat manbasi, Dmitry LOVETSKY/ POOL/AFP via Getty Images
- Author, Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Sankt-Peterburgga tashrif buyurib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bungacha Aroqchi Pokiston va Umonda — AQSh bilan tinchlik muzokaralarida vositachilik qilayotgan davlatlarda bo‘lgan edi. Bu orada OAV Tehron Vashingtonga Hormuz bo‘g‘ozini ochish va urushni tugatish evaziga yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni keyinga qoldirish taklifini bergani haqida xabar tarqatmoqda.
Aroqchi va Putin uchrashuvi
Vazirni "Pulkovo" aeroportida Rossiya rasmiylari va Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaliliy kutib oldi. Jaliliyning so‘zlariga ko‘ra, Aroqchi va Putin Yaqin Sharqdagi mojaro bilan bog‘liq so‘nggi voqealarni muhokama qilishni rejalashtirgan.
"Ko‘rib turganingizdek, bizning Rossiya bilan doimo keng ko‘lamli masalalar, ayniqsa, mintaqaviy masalalar bo‘yicha yaqin maslahatlashuvlarimiz bo‘lgan, doimiy ikki tomonlama muzokaralar olib borilgan", - dedi Aroqchi Peterburgga kelgach (TASS agentligi iqtibosi).
Putin Aroqchini Yeltsin nomidagi Prezident kutubxonasining Petrovskiy zalida qabul qildi. Uchrashuv avvalida u o‘tgan hafta Eronning yangi oliy rahnamosi oyatulloh Mojtaba Xomeyniydan maktub olganini aytdi. Biroq u ushbu maktub mazmunini oshkor qilmadi.
Putin, shuningdek, Eron xalqi yangi rahnamo boshchiligida "ushbu murakkab sinov davridan o‘tishiga" umid bildirdi, Rossiya esa Yaqin Sharqda tezroq tinchlik o‘rnatilishi uchun hamma narsani qilishini aytdi.
"O‘z navbatimizda, sizning manfaatlaringizga va mintaqadagi barcha xalqlar manfaatlariga javob beradigan ushbu tinchlikka imkon qadar tezroq erishish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz", - deya ishontirdi Putin ("RIA Novosti" iqtibosi).
Aroqchi javoban Eron xalqi "o‘z shijoati bilan Amerika hujumlariga qarshi tura olishini" butun dunyoga isbotlaganini aytdi. Shuningdek, u Mujtabo Xomeyniy va Eron prezidenti Masud Pezeshkionning "eng ezgu va issiq tilaklarini" yetkazdi.
"Mendan ushbu safar davomida Eron-Rossiya munosabatlari biz uchun eng yuqori darajadagi strategik sheriklikni anglatishini va biz shu yo‘ldan borishimizni tasdiqlashimni so‘rashdi", - dedi u.
Uchrashuvda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov ham ishtirok etdi. Eron delegatsiyasi tarkibida Aroqchidan tashqari uning o‘rinbosari Kozim Garib-Abodi va elchi Kozim Jaliliy bor edi.
Sankt-Peterburg — urushni tugatishning diplomatik yo‘lini izlayotgan Aroqchi uchun uchinchi to‘xtash joyi bo‘ldi. Juma kuni u Pokistonga uchgan edi, u yerga amerikalik muzokarachilar — AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham kelishi kerak edi.
Biroq shanba kuni Tramp o‘z vakillarining Islomobodga safarini bekor qilganini e’lon qildi. Fox News telekanaliga bergan intervyusida Oq uy rahbari: "Hech narsa haqida gaplashib o‘tirish uchun 18 soat uchishning keragi yo‘q", - deb aytdi.
Axios: Tehron Vashingtonga yangi taklif yubordi
Shanba kuni Aroqchi Pokistondan Umonga — Eron va AQSh o‘rtasida vositachilik qilayotgan yana bir davlatga yo‘l oldi. Masqatdan keyin u yana qisqa vaqtga Pokistonga qaytdi va so‘ng Rossiyaga yo‘l oldi.
Axios nashrining manbalariga tayanib yozishicha, Aroqchi Pokiston, Umon, Turkiya va Qatar vositachilariga Eron rahbariyatida AQShning uranni boyitishni 10 yilga to‘xtatish haqidagi talabiga qanday javob berish bo‘yicha yagona pozitsiya yo‘qligini tushuntirgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron vositachilar orqali Vashingtonga yangi taklif yuborgan: Hormuz bo‘g‘ozini ochish, portlar blokadasini bekor qilish va yoki uzoq muddatli sulhga kelishish yoki urushni butunlay tugatish, shundan keyingina Eronning yadroviy dasturi mavzusiga qaytish.
"Bu nozik diplomatik munozaralar va AQSh OAV orqali muzokara olib bormaydi", - dedi Oq uy matbuot kotibi Oliviya Ueyls Eronning pozitsiyasi haqidagi ma’lumotlarga izoh berarkan.
"Telefon degan narsa bor"
"Agar ular gaplashishni istashsa, oldimizga kelishlari yoki bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bilasizmi, telefonlar ham bor. Bizda ajoyib himoyalangan aloqa tarmoqlari mavjud", - dedi Tramp yakshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
"Ular kelishuv zarurligini bilishadi. Hammasi juda oddiy: ularda yadroviy qurol bo‘lishi mumkin emas; boshqa hech qanday holatda uchrashishdan ma’no yo‘q", - deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
8 apreldan beri AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. Dastlab u ikki hafta davom etishi kerak edi, ammo 21 aprelda Tramp uni noma’lum muddatga uzaytirdi. 11 aprel kuni Islomobodda Eron va AQSh o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi (Vashington nomidan vitse-prezident Jey Di Vens qatnashdi), biroq ular sezilarli natija bermadi.
Neft narxi ko‘tarilmoqda
AQSh va Eron vakillarining Islomoboddagi uchrashuvi bekor qilingani fonida neft narxi yana oshdi. Masalan, Brent markali neft qariyb 2 foizga qimmatlab, bir barreli 107,26 dollarni tashkil etdi.
Eron bilan urushda sulh uzaytirilganidan beri Brent nefti jami 10 foizdan ko‘proqqa qimmatladi.
Neft treyderlari yangiliklarga unchalik munosabat bildirmayapti va mojaro tugayotganiga oid "ishonchli" dalillarni kutmoqda, deb tahlil qiladi Singapur Menejment universiteti iqtisodchisi Go Szin Ron. "Menimcha, treyderlarga osongina bekor qilinishi mumkin bo‘lgan zaif kelishuv emas, balki aniq dalillar kerak", - deydi u.
Tinchlik davrida dunyo xom nefti va suyultirilgan tabiiy gazining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozining blokada qilinishi turli mahsulotlar - "chiqindi paketlaridan tortib dori-darmonlargacha" narxi oshishiga olib kelishi mumkin, deb tushuntiradi BNP Paribas strategi Sofi Xoyn.
Uning aytishicha, agar Hormuz bo‘g‘ozi bir necha haftadan ko‘proq yopiq qolsa, ta’minot zanjiri uchun oqibatlar "haqiqatan ham juda uzoqqa boruvchi" bo‘ladi.





























