Pekinda tantanali qabul, lekin muzokaralar oson kechmaydi

Shi qo‘llarini oldinga cho‘zgan holda turibdi, Tramp esa zinada turib jilmaymoqda. Ularning ortida esa bir askar turganini ko‘rish mumkin.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Donald Tramp oxirgi marta Xitoyga to‘qqiz yil oldin, birinchi prezidentlik muddati davrida tashrif buyurgan edi.
    • Author, Laura Biker
    • Role, Xitoy bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Xitoy yetakchisi Si Szinpin raqib ikki superkuchlar o‘rtasidagi munosabatlarni qayta belgilashi mumkin bo‘lgan tashrifning ilk kunida Donald Tramp uchun dabdabali qabul marosimi uyushtirdi.

Buyuk Xalq Saroyi oldida harbiy faxriy qorovul saf tortib, Trampni kutib oldi. Qurol otib salom berish marosimi va AQSh milliy madhiyasini ijro etgan orkestr ham bo‘ldi. Prezident ikki marta to‘xtab, Xitoy va AQSh bayroqlarini hilpiratib, qarsak chalgan maktab o‘quvchilari bilan salomlashdi.

Si bilan qo‘l berib ko‘rishar ekan, u iliqlik ifodasi sifatida uning qo‘liga yengil tegdi. Shuningdek, u mezboniga ko‘p bor maqtovlar yog‘dirdi.

"Siz buyuk yetakchisiz. Men hammaga buni aytaman", dedi u. Trampning bu so‘zlari oldindan tayyorlanmagan fikrlarga o‘xshar edi. Keyinchalik 15-asrga oid Osmon ibodatxonasiga tashrifi chog‘ida u jurnalistlarga Xitoyni go‘zal mamlakat deb atadi. Kechqurungi banketda esa muzokaralarni "bebaho" imkoniyat deb baholadi.

Bu kun aynisa diqqatga sazovor, chunki Tramp o‘z siyosiy imijini Xitoyga nisbatan keskin bayonotlar bilan shakllantirgan edi.

"Biz Xitoyga mamlakatimizni talon-taroj qilishga yo‘l qo‘ya olmaymiz - ular aynan shuni qilmoqda", degan edi u 2016-yildagi saylovoldi mitingda.

2020-yili u Xitoyni "AQShni tarixda misli ko‘rilmagan tarzda aldadi" deb ayblagan va COVID‑19 pandemiyasini "Xitoy virusi" deb atagan. Hokimiyatga qaytishidan oldin esa "Xitoyni javob berishga majbur qilaman" deb va’da bergan.

O‘tgan yili savdo urushi avjiga chiqqan paytda, ikki tomon bir-biriga 100 foizdan ortiq boj tariflarini joriy etgan edi. Keyinchalik nozik sulhga erishildi, ammo bu tashrif oldida turgan asosiy savollardan biri - bu kelishuv saqlanib qoladimi yoki uning o‘rnini qanday kelishuv egallaydi?

Qolgan muhim masalalar esa Eron atrofida, ya’ni Pekin kelishuvga vositachilik qila oladimi? Hamda, Tayvan masalasi bo‘lib, u AQSh ittifoqchisi va o‘zini-o‘zi boshqaradigan orol bo‘lsa-da, Xitoy uni o‘z hududi deb hisoblaydi.

Bolalar bayroq va gullarni hilpiratib, qo‘llarini yuqoriga ko‘tarmoqda; ular qizil gilam ustida turgan Si va Tramp oldida turishibdi, Tramp esa bolalar tomonga imo-ishoralar qilmoqda.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Tramp Pekinda unga ko‘rsatilgan xushomad va tantanali kutib olishdan mamnun bo‘lib ko‘ringan

Pekin Trampni har qanday kelishuv oldidan xushomad qilish va Xitoy eshiklari mehmonlar uchun ochiq ekanini ko‘rsatish maqsadida katta shou uyushtirdi. Ammo muzokaralar boshlanishi bilanoq, davlat OAVlari Si tomonidan bildirilgan fikrlarni e’lon qildi. Ularda Tayvan borasidagi keskinliklar jiddiy muammo bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.

Biroq bu puxta rejalashtirilgan sahnalashtirish nafaqat Tramp va u bilan birga kelgan 30 nafar kompaniya rahbarlari uchun edi. Bu, shuningdek, AQSh va butun dunyo bo‘ylab jonli efirda namoyish etilishini Pekin yaxshi bilgan kuch namoyishi ham edi.

"Biz tarixiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqdamiz", deydi Osiyo jamiyatining AQSh–Xitoy munosabatlari markazi katta ilmiy xodimi Jon Deluri.

"Men aynan shu sammit haqida haddan tashqari katta gapirishga ikkilanaman, biroq Xitoyning AQSh bilan haqiqiy raqobatlashadigan darajaga chiqishi hozir bizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda. Pekin endi dunyoning ikkinchi poytaxtiga aylandi".

Butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilingan shou

Prezident Si Szinpin o‘zini o‘zgaruvchan kayfiyatga ega AQSh prezidentiga nisbatan barqaror global yetakchi sifatida ko‘rsatishga intilib kelmoqda. Xitoy iqtisodining ko‘lami hisobga olinsa, Kanada, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi AQSh ittifoqchilari ham bo‘lgan bir qator davlat rahbarlari Pekin bilan kelishuvga erishish umidida tashrif buyurishdi.

Trampning birinchi prezidentlik muddati davridan beri, u ogohlantirganidek, boj tariflari oshishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, Xitoyning boshqa davlatlar bilan savdosi kengaydi.

O‘tgan yili Xitoy o‘zining iqtisodiy va diplomatik qudratini namoyish etdi. Mamalakat Tramp choralariga javoban o‘zaro bojlar joriy etdi hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan nodir yer metallari eksportini chekladi. Natijada Vashington muzokaralar stoliga qaytdi va bojlar pasaytirildi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Si AQSh va butun dunyoga ularning Xitoy ishlab chiqarishi va texnologiyasiga qanchalik qaram ekanini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi. Hozir Xitoy dunyodagi barcha mahsulotlarning uchdan bir qismini ishlab chiqaradi, nodir yer metallarning 90 foizdan ortig‘ini qayta ishlaydi va quyosh panellari, shamol turbinalari hamda elektr transport vositalarining taxminan 60–80 foizini ishlab chiqaradi.

Inson huquqlari borasidagi tashvishlar, shuningdek Moskva va Pxenyan kabi rejimlar bilan aloqalar haqidagi savollar saqlanib qolayotganiga qaramay, Tramp global tartibni o‘zgartirayotgan bir paytda bu masalalar biroz soyada qolmoqda.

Ba’zilar buni kuchlar muvozanati Xitoy tomon og‘ayotganining belgisi sifatida ko‘rmoqda.

Eron - geosiyosiy savdolashuv vositasimi?

Xitoy bu muzokaralarda ustunlik o‘zida ekanini his qilishi aniq. Ayniqsa Si Eron bilan urush sabab zaiflashgan Tramp bilan yuzma-yuz kelyapti. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi global iqtisodiyotni larzaga soldi va Tramp dengiz yo‘llarini qayta ochish uchun Pekinning yordamiga murojaat qilishi kutilmoqda.

Pekin va Tehron o‘rtasidagi aloqalar o‘nlab yillarga borib taqaladi. Xitoy Eronning eng yirik savdo hamkoridir. Agar Si Tehronni muzokaralar stoliga qaytishga undashda yordam bersa, bu uning kuch ustunligini ta’minlashi mumkin.

2026 yil 14 may kuni Pekindagi Buyuk Xalq Saroyida o‘tkazilgan davlat banketida Xitoy Prezidenti Si Szinpin (chapda) AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Si Buyuk Xalq Saroyida o‘tkazilgan davlat banketida Trampni qarshi oldi.

"Bu masalani hal qilish ular manfaatida", dedi AQSh Davlat kotibi Marko Rubio safar oldidan Fox News ga bergan intervyusida. "Biz ularni yanada faolroq rol o‘ynashga ko‘ndirishga umid qilamiz".

Biroq Xitoy buning evaziga nimadir olishni istaydi.

Xitoy davlat OAVlariga ko‘ra, Si muzokaralar chog‘ida Trampni Tayvan masalasi ikki mamlakatni to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligi haqida allaqachon ogohlantirgan.

U AQShga Tayvanga qurol savdosini kechiktirish yoki to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishi mumkin, Vashington qonuniy jihatdan orolning o‘zini himoya qilish imkoniyatlarini ta’minlash majburiyatiga ega bo‘lsa ham. Shunga qaramay, Taypey rasmiylari bu sammitni xavotir bilan kuzatmoqda.

Jurnalistlar Osmon ibodatxonasida ikki yetakchidan Tayvan muhokama qilingan-qilinmaganini so‘rashganda, ularning hech biri bu savolga javob bermadi.

EPA
Siz buyuk yetakchisiz. Men hammaga buni aytaman
Donald Tramp
AQSh prezidenti (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Oldingi safar Melaniya Tramp turmush o‘rtog‘iga hamroh bo‘lgan edi. Bu gal esa vaziyat ancha boshqacha. E’tibor asosan biznes delegatsiyasiga qaratilgan ko‘rinadi. Uning tarkibida Ilon Mask, Tim Kuk va chip ishlab chiqaruvchi Nvidia rahbari Jensen Huang bor edi. Ularning barchasi banketda ham ishtirok etdi.

Tramp Xitoydan ko‘proq AQSh kompaniyalari uchun eshiklarni ochishni talab qilayotgan bir paytda, aynan shu delegatsiyani markazga olib chiqmoqchi.

Bularning barchasi aniq qanday kelishuvga olib kelishi hozircha noaniq, chunki tafsilotlar e’lon qilinmagan. Oq uy bayonotida faqatgina ikki tomon "iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qilgani", jumladan AQSh kompaniyalari uchun Xitoy bozoriga kirishni kengaytirish va Xitoy investitsiyalarini AQSh sanoatiga jalb etish masalalari ko‘rib chiqilgani aytilgan.

Eron masalasida esa bayonotda "har ikki mamlakat Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligi" va "Ho‘rmuz bo‘g‘ozi energiya oqimining erkinligini ta’minlash uchun ochiq bo‘lishi lozimligi" borasida kelishib olgani qayd etilgan.

Endi nima bo‘ladi?

Juma kuni, ikki yetakchi yana uchrashadi, bu kun yanada ko‘proq tafsilotlarni ochib berishi mumkin.

Tramp esa reytinglari pasayishda davom etar ekan, ichki auditoriya uchun g‘alaba sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan natijaga erishishni istaydi.

Xitoy Prezidenti Si Szinpin 2026yil, 14-may kuni Pekinda Osmon ibodatxonasiga tashrif buyurdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Si AQShga sentabr oyida tashrif buyurishga taklif etilgan

Si ikki tomon savdo va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda aloqalar va hamkorlikni kengaytirishi kerakligini ta’kidladi. Bu o‘z navbatida Xitoy AQShdan ko‘proq so‘ya, mol go‘shti va Boeing samolyotlarini sotib olishga tayyor ekaniga ishora bo‘lishi mumkin.

Ikki yetakchi, shuningdek, munosabatlarni keyingi uch yil davomida yo‘naltirib turadigan yangi yondashuv doirasida "konstruktiv, strategik va barqaror" sifatida belgilashga kelishib oldi.

Xitoy hozirda ishsizlikning oshishi, notekis iqtisodiy o‘sish, ko‘chmas mulk inqirozi va mahalliy hukumat qarzlarining keskin ortishi kabi jiddiy iqtisodiy muammolar bilan kurashmoqda.

Shu bois Pekin global kuch markazida Vashington bo‘lgan dunyoni istamasligi mumkin, biroq AQSh bilan murosa yo‘lini topishga majbur.

Ko‘rinishidan, bugun kechqurun banketda har ikki yetakchi aynan shu xabarni yetkazishga harakat qildi.

O‘ziga ko‘rsatilgan "misli ko‘rilmagan darajadagi ulkan qabul"dan zavqlanib, Tramp Sini sentabr oyida Oq uyga taklif qildi.

Si esa bu fikrni yanada rivojlantirib, "Xitoy millatining buyuk tiklanishi" va "Amerikani yana buyuk qilish" bir yo‘lda amalga oshishi mumkinligini aytdi.

U nutqini AQSh va Xitoy kelajagi uchun qadah ko‘targan holda - "Sog‘ bo‘ling", deya yakunladi.