Tashqi qarz ortmoqda: O‘zbekistonning asosiy kreditorlari kimlar?

Dollar

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonda tashqi qarz miqdori rekord darajaga yetgani haqida ma’lumotlar berilayotgan bir paytda, ayrim tahlilchilar uning jon boshiga taqsimi 2 100 dollardan oshganini hisoblamoqda.

Markaziy bank 29 aprelda chop etgan hisobotga ko‘ra, mamlakatning umumiy tashqi qarzi 82,2 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan 18 milliardga ko‘p bo‘lib, mahalliy matbuot uni maksimal o‘sish sifatida baholadi.

Summaning 40,5 milliard dollari davlat qarzi bo‘lsa, 41,7 milliardi korporativ qarzdir.

Hukumat tashqi qarzni iqtisodiy rivojlanishga imkoniyat deb baholaydi, tahlilchilar esa mablag‘ning sarlanishida shaffoflik yo‘qliginga havotir bildirishadi.

"Asosan davlat kompaniyalari va banklarning qarzlaridan iborat korporativ tashqi qarz 11,5 mlrd.dollarga ko‘payib, 41,7 mlrd.dollarga yetgan . Tasavvur qilish uchun: Korporativ tashqi qarzning o‘sishi 2024 yilda yalpi qarzning jami o‘sishini (+10,8 mlrd.dollar) ham ortda qoldirgan. Korporativ tashqi qarzning qancha qismi rosmana xususiy sektorga taalluqli ekani bo‘yicha ochiq ma’lumotlar yo‘q. Davlat tashqi qarzning o‘sishi ham 6,6 mlrd.dollargacha tezlashgan va 2026 yil 1 yanvarь holatiga 40,5 mlrd.dollarga yetgan. Jon boshiga tashqi qarz 2026 yil 1 yanvarь holatiga 2 150 dollarga yetgan, 2025 yil boshida 1 705 dollar edi" – deb yozdi iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Telegram kanalida.

Tashqi qarz davlat qarzi va korporativ qarzga bo‘linadi. Davlat qarzi - xorijiy hukumatlardan, xalqaro moliya institutlaridan va davlat kafolati bilan olingan kreditlardan iborat. Bu qarzlarni qaytarish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi.

Taqdim
Tashqi qarzning 80-90 foizi xususiy sektorda bo‘ladi, 15-20 foizi budjetda bo‘ladi. Lekin O‘zbekistondagi xususiy sektorning hammasining aksionerlari – davlat.
Saparboy Jubayev
Iqtisodchi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Korporativ qarz esa davlatga qarashli yoki xususiy kompaniyalar tomonidan olinadi. Masalan, "O‘zbekiston havo yo‘llari", "O‘zbekiston temir yo‘llari", "O‘zbekneftgaz" kabi yirik davlat kompaniyalari shular jumlasidandir. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, ular qarzni mustaqil ravishda oladi va uni o‘z daromadlari hisobidan qaytarishi kerak.

O‘zbekiston Moliya vazirligi sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubaev Bi-bi-ciga bu borada shunday fikr bildirdi:

"Tashqi qarzning 80-90 foizi xususiy sektorda bo‘ladi, 15-20 foizi byudjetda bo‘ladi. Lekin O‘zbekistondagi xususiy sektorning hammasining aktsionerlari – davlat. Shuning uchun qarzning hammasi davlatning qarzi deb hisoblanadi va kafolat ham davlat zimmasida".

Kun.uz nashri umumiy hozirda tashqi qarzining yalpi ichki mahsulotga 55 foiz atrofida deb hisoblagan. Markaziy bank bayonotida qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi barqaror darajada saqlanayotgani ta’kidlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qarzning 56 foizi xalqaro moliya institutlaridan, 29 foizi xorijiy hukumatlardan, 15 foizi esa investorlardan jalb qilingan.

Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki mamlakatning eng yirik kreditorlari bo‘lib, ular umumiy qarzning qariyb yarmini tashkil etadi. Xitoy taraqqiyot banki va Xitoy eksimbanki esa xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari orasida yetakchi hisoblanadi. Shu bilan birga, xalqaro investorlardan ham 4,1 milliard dollar jalb qilingan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Vazirlik ma’lumotlarida qarzning 45 foizi davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani, qolgan qismi esa yoqilg‘i-energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma va ijtimoiy sohalarga sarflanishi qayd etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 18 fevralida tashqi qarzsiz oylik ham bo‘lmasligini, o‘qituvchilarning maoshi oshmasligini ta’kidlagan. Davlat kanallari uning so‘zlarini tashqi qarzning zarurligini ko‘rsatishga qaratilgan deb baholagan. Ammo bu holat ayrim tahlilchilar orasida muhokamalarga sabab bo‘lib, davlat xodimlarining maoshlari tashqi qarz hisobidan qoplanayotgani haqida savollar qo‘yilgan.

Markaziy Osiyoda halqining soni eng ko‘p (38 milliondan oshiq) O‘zbekiston tashqi qarz miqdori bo‘yicha mintaqada ikkinchi o‘rinni egallaydi. Qozog‘istonniki 181 milliard dollardan oshgan, Qirg‘izistonniki 5,3 milliard dollar, Tojikistonniki esa 3,5 milliard dollar atrofida. Turkmaniston qarzlari haqida ochiq ma’lumotlar deyarli yo‘q.

O‘zbekiston hukumati birinchi prezident Islom Karimov vafotidan keyin tashqi qarz haqida ma’lumotlarni ochiq e’lon qila boshlagan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat tashqi qarzining 92 foizi uzoq muddatli shartlar bilan jalb qilingan.