Indoneziya: 7,7 magnitudali kuchli zilzilada kamida 38 kishi halok bo‘ldi
- Author, Farida Susanti
- Role, BBC Indoneziya
- Author, Xelen Sallivan
- Published
- O'qilish vaqti: 2 daq
Indoneziya tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi (BNPB) ma’lum qilishicha, shanba kuni erta tongda mamlakatda yuz bergan 7,7 magnitudali kuchli zilzila kamida 38 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Qutqaruv-qidiruv ishlari boshlanishi bilan rasmiy qurbonlar soni ortib bormoqda. BNPB agentligi bir necha kishi turli darajada jarohat olganini bildirdi.
Zilzila va undan keyin kuzatilgan o‘nlab takroriy yer silkinishlari oqibatida ko‘plab binolar shikastlangan.
Zilzila shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:00 ga yaqin (juma kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da) Flores orolida sodir bo‘ldi. Indoneziya meteorologiya va geofizika agentligi ma’lum qilishicha, uning chuqurligi 15 kilometrni tashkil etgan.

Zilzila qancha sayoz bo‘lsa, uning yer yuzidagi vayronkor ta’siri shunchalik kuchli bo‘ladi.
Aynan shu hududda kuchli takroriy yer silkinishlari kuzatildi, ulardan biri 6,1 magnitudali bo‘lgan.
Maumeredagi bandargohda olingan videoda terminal binosining katta beton bo‘laklari orollar o‘rtasida qatnaydigan paromga chiqishni kutib turgan yo‘lovchilar ustiga qulab tushganini ko‘rish mumkin. Kemaga chiqish yo‘lagi shikastlanganida ayrimlar dengizga yiqilib ketgan.
Sharqiy Nusa-Tenggara viloyati gubernatori Emanuel Melkiades Laka Lena matbuot anjumanida halok bo‘lganlar uxlab yotgan paytda ustiga qulagan vayronalar ostida qolganini aytdi.
Indoneziyaning BNPB nomi bilan ma’lum bo‘lgan Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi ikki kishi og‘ir, 11 kishi esa yengil tan jarohati olganini ma’lum qildi. Biroq idora bu raqamlar dastlabki ekanidan ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, Sikka tumanida uch nafar, Manggaray tumanida olti nafar va Sharqiy Manggaray tumanida besh nafar insonning halok bo‘lgani qayd etilgan.
Tabiiy ofatlar agentligi qo‘shimcha qilishicha, yana kamida ikki kishi og‘ir, 11 kishi esa yengil tan jarohati olgan.

Surat manbasi, Getty Images
Zilzila markazidan g‘arbda joylashgan Ruteng shahridagi universitet o‘qituvchisi Yulian Juita Ekaliya keyingi silkinishlardan qo‘rqqani uchun gaz plitasini tashqariga olib chiqib, ovqatni ham o‘sha yerda pishirayotganini aytdi.
"Men hech qachon bunchalik kuchli zilzilani his qilmaganman", dedi u AFP agentligiga. "Go‘yo batut ustida turganday bo‘ldik. Rostdan ham juda qo‘rqinchli edi."
Uzoq va tog‘li hudud hisoblangan mazkur mintaqadagi vayrongarchilik ko‘lamini to‘liq baholash uchun vaqt talab etiladi.
Men hech qachon bunchalik kuchli zilzilani his qilmaganman. Go‘yo batut ustida turganday bo‘ldik. Rostdan ham juda qo‘rqinchli edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 54 ta uy jiddiy shikastlangan. Shuningdek, beshta tibbiyot muassasasi, uchta ibodat maskani, oltita davlat binosi, bir ta’lim muassasasi va bir omborxona ham zarar ko‘rgan.
BNPB ma’lum qilishicha, Manggaray tumani eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri hisoblanadi.
Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi aholini xotirjam bo‘lishga va sohil hududlaridan uzoq turishga chaqirdi.
Indoneziya tez-tez zilzilalar va vulqon faolligi kuzatiladigan mamlakatlardan biri bo‘lib, u uchta yirik tektonik plitalar tutashgan hududda joylashgan.

































