Urush tugadimi – AQSh va Eron kelishdi

Surat manbasi, Kaveh Kazemi/Getty Images
Endi, bo‘ldi, hammasi tugadimi – so‘nggi tafsilotlar.
Yangi kelishuv
AQSh va Eron kelishdi.
Mintaqa va Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi.
Vositachi Pokiston xuddi ana shunday bayonot bilan chiqdi.
"Qizg‘in kechgan muzokaralardan so‘ng biz AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik bitimiga erishilganini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz. Ikkala tomon ham barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham jangovar harakatlarni zudlik bilan va butunlay to‘xtatilishini ma’lum qildi", - deb yozdi Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif X ijtimoiy tarmog‘ida.
Buning ortidan AQSh prezidenti ham yangi tafsilotlarga to‘xtaldi.
Prezident Trampning ma’lum qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qatnov tiklangan.
Unga ko‘ra, Eron portlari qamali ham bekor qilingan.
Rasmiy Tehron ham yangi bitim haqidagi bayonotlarni tasdiqlagan.
Ammo yangi kelishuv aynan nimalarni ko‘zda tutishi tafsilotlari hanuz noma’lumligicha qolmoqda.
Pokiston Bosh vazirining bildirishicha, bitim 19 iyun kuni Shveytsariyada rasman imzolanadi.
Pokiston kelishib olishgani uchun Vashington va Tehronga minnatdorchilik bildirgan.
Bu ishda ko‘maklashganliklari uchun Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiyaga ham rahmat aytgan.
"Endi, kelishuvga erishilganidan so‘ng, vositachilar shu haftada bir qator uchrashuvlar tashkil qiladi. Bu muhokamalar kelishuv amalga oshirilishidan oldin texnik muzokaralar va rasmiy imzolash marosimiga zamin yaratadi", - deya qo‘shimcha qildi Sharif.
Donald Tramp o‘zining Truth Social dagi akauntida "Eron bilan kelishuvga kelindi", deb yozgan.
"Hammani tabriklayman! Shu bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bojsiz ochilishi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari tomonidan dengiz qamalining zudlik bilan bekor qilinishiga izn beraman. Dunyo kemalari, dvigatellaringizni ishga tushiring. Neft oqsin!" - deya qo‘shimcha qilgan u.
AQSh vitse-prezidenti Shveytsariyadagi marosimga aniq borish rejasida ekanini aytgan.
U hatto bu jarayonda shaxsan Tramp o‘zining hozir bo‘lishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.
AQSh va Isroilning Eron bilan urush o‘zining to‘rtinchi oyiga kirib bormoqda.
Yangi kelishuvning kecha, yakshanba kuni, Trampning tug‘ilgan kunida e’lon qilinishi kutilgan.
Ammo tomonlarning bir to‘xtamga kelish-kelmasliklari noma’lumligicha qolayotgandi.
AQSh prezidenti keyinroq yanada ko‘proq tafsilotlarga to‘xtalgan.
Tramp jurnalistlar bilan muloqoti chog‘ida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining faqat bitim imzolanishi ortidan qayta ochilishini qayd etgan.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ham davlat televideniesi bilan telefon orqali suhbatida AQSh bilan kelishuv yakunlanganini va juma kuni Shveytsariyada rasman imzolanishini tasdiqlagan.
Ikkala tomon ham barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham jangovar harakatlarni zudlik bilan va butunlay to‘xtatilishini ma’lum qildi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi shunchalik muhimmi - videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Urushning qisqa tarixchasi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Urushayotgan tomonlar o‘rtasida 8 apreldan buyon muvaqqat sulh amalda.
Ammo tomonlar orada bir-birlariga bir necha bor zarba berishgan.
Muvaqqat sulhning taqdirini qayta-qayta savol ostiga qo‘yishgan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazorati ostida ushlab turibdi.
AQSh kuchlari esa Eronning portlarini to‘sib qo‘yishgan.
AQSh va Isroil Eronga keng ko‘lamli hujumlarini 28 fevral kuni boshlashgan.
Bu Yaqin Sharqda keng ko‘lamli mojaroga sabab bo‘lgan.
Eron faqat AQSh va Isroilgagina javob bermagan.
AQShning Fors Ko‘rfazidagi ittifoqchilarini ham hujumga tutishga o‘tgan.
Strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygan.
Tehronning bu qadami dunyoda neftni qimmatlatgan.
Buning ortidan jahonda boshqa mahsulotlarning ham bahosi oshgan.
Narx-navolar sezilarli darajada ko‘tarilgan.
Buning ta’siri butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyoda ham sezilgan.
Eron Markaziy Osiyoga ham bevosita chegaradosh.
Ular ham Yaqin Sharqdagi vaziyatga befarq emas.
Ammo so‘nggi yangilikka hozircha mintaqa davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati ko‘zga tashlanmaydi.
Bu kelishuv amalda nimani anglatadi?
Sebastyan Asher,
Xalqaro masalalar bo‘yicha muxbir, BBC
Masalaning AQSh nuqtai nazaridan har qanday kelishuv bilan bog‘liq eng muhim jihatiga kelsak, bitim Eronning yadro qurolini yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kafolatlar va mexanizmlarni ta’minlashda qanchalik uzoqqa borishi hali aniq emas.
AQSh va Isroil urushga kirish bilan aynan mana shu xavfni bartaraf etishga harakat qilayotganliklarini aytishgan.
Eron ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, kelishuvga nimalar kirgani nazarda tutilganida, bunday mexanizm yaratilgan bo‘lishi mumkinligiga ishoralar bor, biroq bunga oydinlik kiritilishi kerak va kelishuv imzolangandan keyin bu qizg‘in muzokaralar mavzusi bo‘lishi mumkin.
Ushbu marosimga ham sanoqli kunlar qoldi.
Jarayonning o‘zi esa so‘nggi haftalarda keskin o‘zgarishlar bilan kechdi. Xuddi shu narsa inobatga olinsa, bu kungacha bo‘lgan yo‘lning ham silliq yoki oson kechishiga qat’iy ishonch hosil qilish qiyin.
Ammo ayni damda hech bo‘lmaganda so‘nggi haftalarda o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy qarama-qarshilik o‘rtasida qolib ketgan mojaro bilan bog‘liq noaniqliklarning bir qismi qisman barham topdi.





























