Sukut devori: O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan ayollarning adolat yo‘lidagi to‘siqlari

Derazan qarab turgan qiz

Surat manbasi, "Ko'rinmaslar" hujjatli filmidan (Qirg'iziston)

Surat tagso‘zi, "Ko‘rinmaslar" hujjatli filmidan (Qirg‘iziston). Rejissyorlar: Asel Juraeva va Lira Asыlbek.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

2025-yilning so‘nggi kunlarida "Equality Now" xalqaro inson huquqlari tashkiloti Markaziy Osiyo mamlakatlarida nogironligi bo‘lgan ayollarning huquqlari va ularga nisbatan sodir etiladigan jinsiy zo‘ravonlik masalalariga bag‘ishlangan muhim tadqiqotini e’lon qildi.

1992-yilda tashkil etilgan "Equality Now" dunyo bo‘ylab ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish, xususan, jinsiy zo‘ravonlikka chek qo‘yish, zararli an’analarga qarshi kurashish va qonunchilikdagi kamsitishlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot nafaqat muammolarni o‘rganadi, balki hukumatlarga xalqaro standartlarga mos keladigan qonuniy islohotlar bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqadi.

Mazkur hisobot yuzasidan Bi-Bi-Si O‘zbek xizmatiga intervyu bergan tashkilot vakili Janet Axilgova O‘zbekistonda ma’lumot yig‘ish jarayonida duch kelingan murakkabliklar va tizimli muammolar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Janet Akhilgova Zoom platformasi orqali online intervyu bermoqda

Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati: Sizning hisobotingizda O‘zbekistondagi jinsiy zo‘rlashning amaldagi huquqiy ta’rifi kuch ishlatish va jabrlanuvchining ojiz holatiga tayanilgani sababli nogironligi bo‘lgan ayollarga zarar yetkazishi aytilgan. Xo‘sh, qonunchilikni "rozilikka asoslangan" (consent-based) ta’rifga o‘tkazish uchun aynan qanday o‘zgarishni taklif qilyapsiz va bu jismoniy qarshilik ko‘rsata olmaydigan jabrlanuvchi uchun sud jarayonini amalda qanday o‘zgartiradi?

Janet Axilgova: Hisobotning asosiy xulosalaridan biri shuki, jinsiy zo‘ravonlikning huquqiy ta’riflari eskirgan va bu adolatga erishishga to‘sqinlik qilmoqda. Jinoyat kodekslari zo‘ravonlikni ixtiyoriy rozilikning yo‘qligiga qarab emas, balki jismoniy kuch ishlatish, tahdid yoki jabrlanuvchining ojiz holatiga qarab belgilaydi. Bu esa xalqaro standartlarga zid bo‘lib, ko‘plab zo‘rlash holatlarini, ayniqsa nogironligi bor ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni hisobga olinmasligiga sabab bo‘ladi.

Biz qonun hujjatlariga "ixtiyoriy rozilik" tushunchasini kiritishni tavsiya qilamiz. Bu sud organlari jabrlanuvchining aqliy salohiyatini tekshirishdan to‘xtab, asosiy e’tiborni aybdorning harakatlariga va u yaratgan sharoitlarga qaratishini anglatadi. Masalan, ayolning kimgadir qaramligi, muloqot to‘siqlari yoki muassasada nazorat ostida ekanligi inobatga olinishi shart. Agar zo‘ravonlik ayolning o‘ziga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxs, oila a’zosi yoki rasmiy vakil tomonidan sodir etilsa, bu qonuniy ravishda "roziliksiz amalga oshirilgan" deb tan olinishi lozim. Qonunda aniq belgilanishi kerakki, agar ayol qo‘rquv, manipulyatsiya yoki bosim ostida bo‘lsa, uning jismoniy qarshilik ko‘rsatmagani yoki sukut saqlagani aslo "rozilik" deb hisoblanmaydi.

Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati: Vasiylar ko‘pincha ayollarning shikoyat qilishiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha huquqiy vakolatga ega bo‘ladilar. Vasiylik ostidagi ayollar mustaqil ravishda advokatga murojaat qilishlari yoki shikoyat topshirishlari uchun hukumat qanday amaliy mexanizmlarni yaratishi kerak?

Janet Axilgova: Afsuski, O‘zbekiston nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning (CRPD) Fakultativ protokolini hali ratifikatsiya qilmagan. Ushbu protokol shaxslarga qo‘mita oldida mustaqil shikoyat qilish imkonini beradi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan ayollarning huquqiy layoqatini tan olish va vasiylik to‘g‘risidagi qonunlarni isloh qilish zarur. Hozirgi vasiylik rejimlari ayollarning adolatga erishishiga to‘sqinlik qiladi, chunki vasiy ayol kishi shikoyat qila oladimi yoki yo‘qmi — buni o‘zi hal qiladi. Buning o‘rniga "qo‘llab-quvvatlanadigan qaror qabul qilish" mexanizmini joriy etish kerak.

Barcha bu to‘siqlar, jumladan, huquq-tartibot xodimlarining ongidagi stereotiplar jinoyatchilarga o‘ziga xos signal beradi: ular jazo olmasliklarini bilishadi. Politsiya xodimi shikoyat bilan kelgan ayolga: "Senga kim ham qarardi?!" deb aytishi mumkin. Bunday gaplar ayollarni to‘xtatib qoladi. Ko‘plab ayollar hatto shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklarini ham bilishmaydi, chunki ularda ta’lim olish yoki transport imkoniyati bo‘lmagan.

"Ko'rinmaslar" hujjatli filmidan (Qirg'iziston)
"Senga kim ham qarardi?!" — huquq-tartibot xodimlarining ushbu stereotipi jinsiy tajovuzga uchragan nogironligi bor ayollarni adolatga erishishdan qaytaruvchi eng katta devordir.
Janet Akhilgova
"Equality Now" so'zchisi

Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati: Jamiyatdagi oddiy odamlar nogironligi bo‘lgan ayollar jinsiy zo‘ravonlikka duch kelganida ularga yordam berish borasida nima qila oladilar?

Janet Axilgova: Ijtimoiy-madaniy to‘siqlar huquqiy muammolardan kam emas. Biz — jamiyat sifatida quyidagilarni qila olamiz: ayollarni sodir bo‘lgan voqea haqida xabar berishga ruhlantirishimiz, do‘stlarimiz yoki yaqinlarimiz oilasida biror shubhali holatni ko‘rsak, bunga ko‘z yummasligimiz kerak. Jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini aslo ayblamasligimiz shart. "Nega vaqtida aytmadi?" qabilidagi hukmlardan tiyilishimiz lozim. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu muammolarni yoritishimiz, befarq o‘tib ketmasligimiz zarur. Biz tashkilot sifatida qonun ustuvorligiga ishonamiz, biroq jamiyat ham ko‘proq qo‘llab-quvvatlovchi bo‘la olishi kerak. Chunki har bir inson, har bir ayol va qiz xavfsiz hayot kechirishga loyiqdir.