"Bayram emas, siyosiy aktsiya". Markaziy Osiyoda 9 may bahslari

Surat manbasi, Rasmiy
Markaziy Osiyoda 9 may sanasi bilan bog‘liq tadbirlar turli bahs va ziddiyatlarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim faollar buni Rossiyaning siyosiy targ‘iboti bilan bog‘lashadi.
"Bu sananing salmog‘i kamaymoqda"
Toshkentda "O‘lmas polk" yurishi ishtirokchilari va O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan faollar o‘rtasida tortishuv ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, Birodarlik qabristonida SSSR va O‘zbekiston SSR bayroqlari hamda Georgiy lentasi bilan chiqqan fuqarolarga, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan boshqa shaxslar qo‘shilgan va janjal boshlangan. Tarqalgan videolarda aktsiya ishtirokchilari ularni provokatsiyada ayblagani ko‘rinadi.
Yevrosiyo tahlil guruhi rahbari, bloger Nikita Mendkovich Telegramda Georgiy lentasini ko‘targan faollarni militsiya xodimlari Birodarlik qabristonidagi xotira marosimiga kiritilmagani haqida video tarqatdi.
O‘zbekiston hukumati "O‘lmas polk" yoki 9 may bilan bog‘liq aktsiyalarga ruxsat berishi yoki taqiqlashi haqida rasmiy bayonot chiqarmagan. Videolarning qachon va qaerda suratga olingani haqida ham rasmiy organlar izoh bermadi.
Dokumentalist Umida Ahmedova bu sana urush qurbonlarini xotirlashdan ko‘ra siyosiy ziddiyatlar manbai bo‘lib qolganini ta’kidladi.
"Shu kabi voqealar o‘tgan yili ham bo‘lganini eshitgandim. Balki hozir muhokama bo‘layotgan video ham eskidir. Lekin muhimi uning eski yoki yangiligi emas. "O‘lmas polk"ning qachonlardir ma’nosi bor edi. Siyosiy o‘yinlar bo‘lmagan, faqat urush qurbonlarini xotirlash yoki urush ishtirokchilariga hurmat ko‘rsatish marosimi sifatida tashkil qilingan paytlari salmog‘i bor edi. Ammo uni Moskva go‘yoki xususiylashtirib oldi va siyosiy o‘yin sifatida qo‘llanila boshladi, natijada ushbu sananing salmog‘i kamayib bormoqda"- deydi Ahmedova.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida belgilanib, "G‘alaba kuni" atamasi rasmiy yilnomadan chiqarilgan. Kuzatuvchilar so‘nggi yillarda Georgiy lentasi va urush kiyimlari targ‘ib qilingan tadbirlar ko‘payganini aytishadi.
Urush ramzining sahnadagi targ‘iboti
Ilgari bu sananing bayram sifatida mazmuni bor edi, endi u Rossiya hukumatining targ‘ibot siyosatiga aylandi. Hozir u har yili o‘tkaziladigan siyosiy aksiya ko‘rinishiga kirdi.
Qirg‘izistonda faollar prezident Sadir Japarovning Moskvadagi G‘alaba bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga bormaganini qo‘llab-quvvatlayotgan ayni damda Bishkek va boshqa shaharlarda "O‘lmas polk" aktsiyasi hamda rus artistlari ishtirokida urushni ulug‘lagan belgilar bilan kontsert tashkil etildi.
Qoraqo‘l shahridagi kontsertda Rossiyaning "Lyube", "Blestyaщie" guruhlari va qo‘shiqchi Nikolay Baskov ishtirok etdi. Sahnada Ukrainadagi urushda qo‘llanilayotgan Z belgisi, Georgiy lentasi va harbiy texnika ko‘rsatildi.
Qirg‘izistonning Milliy teleradiokorporatsiyasining sobiq rahbari Ilim Qaripbekov bu holatni qoraladi:
"Urushni ulug‘lovchi ramzlarni Rossiyaning "yumshoq ekspansiyasi" sifatida baholasak bo‘ladi. 9 mayni avval ajdodlarimiz Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani yodga olish kuni sifatida nishonlashgan. Biroq ular urushga o‘z ixtiyori bilan emas, balki o‘sha davrdagi rejimning majburlovi bilan borganini ham unutmaslik kerak. Ilgari bu sananing bayram sifatida mazmuni bor edi, hozir esa u Rossiya hukumatining targ‘ibot siyosatiga aylandi. Bu sana hozir bayram emas, har yili o‘tkaziladigan siyosiy aktsiya ko‘rinishiga kirdi".
Qirg‘iziston hukumati Ukrainadagi urush bo‘yicha betaraf pozitsiyada ekanini ta’kidlab kelmoqda. 2022 yilda mamlakatda Z ramzini targ‘ib qilish taqiqlangan. Ammo Qoraqo‘ldagi kontsertda uning namoyish etilganiga rasmiy munosabat bildirilmadi. Shahar hokimi esa tadbir "Yevraziya" jamg‘armasi tomonidan tashkil etilganini va prezident Japarov qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Bu jamg‘arma oxirgi paytlari turli bahslar figurantiga aylangan rossiyalik oligar Ilon Shorga taaluqli ekani ma’lum.
Rossiya hukumatining siyosatini qo‘llovchilar "O‘lmas polk" atrofidagi muhokamalarda faol ishtirok etishmoqda. Bloger Nikita Mendkovich Markaziy Osiyoda ushbu aktsiya bilan bog‘liq holatni tanqid qilayotganlarni go‘yoki nosog‘lom fikrlaydigan shaxslar deya baholadi.
"Sog‘lom fikrlaydigan odamlar yo‘qolib ketgani yo‘q va biz ko‘pchilikmiz. Agar qo‘rqmasak, sukunat saqlamasak va o‘z kuchimizga ishonsak, yangi avlodlar haqiqiy tarixni unutmaydi. Ular ham biz kabi G‘alaba bayrog‘i bilan "O‘lmas polk" safiga chiqishadi. Millatchilar va bosmachilar tarafdorlaridan esa asar ham qolmaydi. Biz g‘oliblarning avlodimiz, shuning uchun albatta barchasini yengib o‘tamiz" - deb yozdi u kanaliga.
Georgiy lentasining ahamiyati

Surat manbasi, Rasmiy
Qora va norinj ranglardan iborat Georgiy lentasi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning ramzi sifatida talqin qilinsa-da, ayrim davlatlarda u rus imperiyasi davridagi bosqinchili va hozirgi Rossiyaning geosiyosiy siyosati bilan bog‘lanadi. Ukraina sharqidagi kremlparast guruhlar ham uni o‘z ramziga aylantirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Shu sababdan Ukraina va Moldova kabi mamlakatlarda u qonunan taqiqlangan, Baltika davlatlarida esa cheklovlar qo‘yilgan. O‘zbekiston va Qozog‘istonda 9 mayda uning o‘rniga davlat bayroqlari aks etgan G‘alaba tasmasi joriy etilgan. Qirg‘izistonda esa 2015 yilda hukumat komissiyasi qarori bilan qizil-sariq rangli "G‘alaba lentasi" qabul qilingan. Biroq Georgiy lentasiga to‘liq taqiq qo‘yilmagan.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida Markaziy Osiyodan taxminan 3,5 million kishi safarbar etilgan. Mintaqa aholisi til ortida oziq-ovqat va xomashyo yetkazib berish orqali urush iqtisodiyotiga hissa qo‘shgan. Keyingi yillarda siyosiy bahslar markaziga aylangan 9 may sanasi avval urush qurbonlarini xotirlash va G‘alaba kuni sifatida nishonlangan.





























