Ukrainaga o‘zbek va turklar eng ko‘p kelgan bir paytda, migrantlarga munosabat qanday?

Surat manbasi, ВВС
- Author, Diana Kurishko, Margarita Malyukova
- Role, Bi-bi-sining Ukraina xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 13 daq
Bir necha oy oldin, Rossiya bilan urush avjida turgan bir paytda, Vladimir Zelenskiyning Oliy Radadagi fraktsiya rahbarlari bilan uchrashuvida asosiy mavzulardan biri Ukrainaga "induslarning yopirilib kelishi" bo‘ladi, deb hech kim o‘ylamagan ham edi.
Ammo 25-may kuni aynan shunday bo‘ldi. Bi-bi-si Ukraina xizmatining "Xalq xizmatkori" partiyasi rahbariyatidagi manbalariga ko‘ra, deputatlardan biri o‘rnidan turib, prezidentdan migrantlar, xususan, Hindistondan kelayotganlar muammosini qanday hal qilish kerakligini so‘ragan.
Vladimir Zelenskiy bu savoldan hayron qoldi va migrantlar "oqimi" haqidagi xabarlar ataylab keskinlikni keltirib chiqarishga qaratilgan feyk ekanini aytdi. Bu muammoga qarshi kurashish uchun esa, avvalo, muammoning o‘zi mavjud bo‘lishi kerak, dedi Zelenskiy.
Ekspertlar va amaldorlar bularning barchasi uydirma ekanini, hech qanday ommaviy oqim yo‘qligini uqtirayotgan bo‘lsa-da, Ukrainaga to‘da-to‘da bo‘lib kelayotgan migrantlar haqidagi hikoyalar allaqachon keng tarqalib ketdi. Bunga nafaqat oddiy ukrainaliklar, balki deputatlar ham ishonib ulgurdi.
Bu esa ukrainaliklarning kechagina o‘zlarining yaxshi qo‘shnilari deb bilgan odamlarga nisbatan munosabatiga allaqachon o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
"Hozir o‘zimga qaratilgan so‘kinishlarni eshitmaslik uchun ko‘chaga kamroq chiqishga harakat qilyapman", deya tan oladi hindistonlik Xari Om Bi-bi-si Ukraina xizmati bilan suhbatda.
U 25 yoshda, Dehlidan Lvovga tibbiyot universitetida o‘qish uchun kelgan. Ukrainada 6 yildan beri yashaydi va mahalliy tilni mukammal o‘rgangan. Ko‘chada unga nima deyayotganlarini juda yaxshi tushunadi.
Xari Omning aytishicha, u avvallari Lvov markazida sayr qilishni, tennis o‘ynashni yaxshi ko‘rgan, endi esa odam gavjum joylardan qochishga harakat qilmoqda.
Lvovdagi so‘nggi bir necha sayri vaqtida u yoqimsiz holatlarga duch keldi - ko‘chada odamlar unga o‘qrayib qarashgan, o‘tkinchilar esa uning sha’niga haqorat va uyatsiz so‘zlar yog‘dirishgan. Kimdir esa uni ochiqchasiga telefoniga tasvirga olgan.
May oyidagi dam olish kunlarining birida u Karpat tog‘laridagi Sinevir ko‘liga ekskursiyaga bordi.
"O‘sha go‘zal ko‘l bo‘yida bir guruh o‘smirlar barmoqlarini menga bigiz qilib: "Bu indus-ku, [uyatsiz so‘zlar]" deb baqirishdi. Va yana ko‘plab dilozar gaplar aytishdi. Bu juda yoqimsiz holat edi", deydi Xari Om.

Surat manbasi, ВВС
Oldinlari u o‘qishni bitirgach, Ukrainada qolib, shu yerda shifokor bo‘lib ishlashni rejalashtirgan edi. Unga Ukraina yoqardi. Olti yil davomida u o‘ziga nisbatan biror marta ham yomon munosabatga duch kelmagan. Ammo yaqindagina hammasi o‘zgardi.
2026-yil may oyidan boshlab Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida Osiyodan migrantlarning ommaviy ravishda kelayotgani va ukrainaliklar uchun «xavf-xatarlar» haqida soxta «yangiliklar» keng tarqala boshladi.
"Bu taxminan may oyida, migrantlar haqidagi shu xabarlarning paydo bo‘lishi bilan boshlandi. Ungacha hammasi ajoyib edi. Hatto men internatura o‘tayotgan kasalxonada ham bemorlar millatim bilan bog‘liq g‘alati luqmalar tashlay boshlashdi. Axir men shifokorman-ku, odamlarni davolayman. Terimning rangini nima aloqasi bor? Mening tashqi ko‘rinishimning bunga nima daxli bor?", deya kuyunadi Xari Om.
So‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarning Ukraina segmentida.migrantlar mavzusi atrofida haqiqiy vasvasa kuzatildi: go‘yoki migrantlar Ukraina shaharlarini bosib ketayotgani, ular frontda halok bo‘lgan ukrainaliklarning o‘rnini egallashi va Karpatdagi tog‘ daryolarida kir yuvishayotgani haqida ko‘plab soxta xabarlar hamda videolar paydo bo‘ldi.
Bir nechta shaharlarda migratsiyaga qarshi uncha katta bo‘lmagan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu mavzuga ba’zi siyosatchilar ham kirishib, "migrantlarni ommaviy ravishda olib kelish"ga qarshi chiqishdi.
Aslida esa na bu yil, na o‘tgan yili migrantlarning ommaviy oqimi kuzatilmagan. Aksincha, hozir Ukrainaga urushdan oldingiga qaraganda bir necha barobar kam xorijlik kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Ukrainaga millionlab emas, bor-yo‘g‘i bir necha ming mehnat migranti kelgan. Eng ko‘p migrantlar Hindistondan emas, balki Turkiya va O‘zbekistondan kelgan. 2026-yilning dastlabki oylarida esa atigi mingga yaqin migrant kelgan, xolos.
Ekspertlar Ukraina jamiyati ichida keskinlik yaratishga qaratilgan ushbu axborot kampaniyasida Rossiya izi borligini ta’kidlamoqda.
Bi-bi-si Ukraina xizmati mamlakatda migrantlar bilan aslida nimalar sodir bo‘layotganini o‘rganib chiqdi.
"Indus" so‘zi qatnashgan minglab postlar
Bi-bi-si Monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaga migrantlarning yopirilib kelayotgani haqida aynan 2026-yilning may oyidan boshlab ommaviy ravishda yoza boshlashgan.
Telegram tarmog‘ida "indus" so‘zi qatnashgan postlar soni may oyining dastlabki uch haftasida o‘tgan oylarga nisbatan 15 barobarga oshgan. Bu postlarning ko‘rishlar soni 33 millionga yetdi.
Ushbu postlarda "induslar allaqachon kirib kelgani", Ukraina Hindistonga aylanib borayotgani, Lvov ko‘chalarida pokistonliklar to‘dalari ko‘rilgani haqida gap boradi. Shu bilan birga, aksariyat hollarda bu xabarlarda ma’lumot qayerdan olingani va buni kim aytganiga hech qanday manba ko‘rsatilmagan.
"2030-yilga borib 4,5 million indus, afrikalik va kolumbiyalik Ukrainaga joylashadi", deya yozgan edi may oyi boshida "Ukraina Online" telegram-kanali (1,47 mln obunachisi bor). Aftidan, post mualliflari Iqtisodiyot vazirligining "YaIMning 7 foizlik o‘sishini ta’minlash uchun" 2030-yilgacha Ukrainaga qo‘shimcha 4,5 million ishchi kuchi kerak bo‘lishi haqidagi tahminini shunday talqin qilishgan.
4-may kuni o‘zini Ukraina Qurolli Kuchlarining 79-alohida desant-hujum brigadasiga tegishlidek ko‘rsatgan TikTok profilida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan video e’lon qilindi. Unda "pokistonlik migrant" o‘z vatandoshlarini Ukrainaga ko‘chib o‘tishga chaqiradi.
"Bu yerda ular haqiqatan ham bizga muhtoj, chunki ularning barcha erkaklari urushga ketgan. Bu yer juda go‘zal va bu yerda yaxshi pul to‘lashadi. Bu menga juda yoqadi. Bu yerda juda chiroyli qizlar va yigitlar ham bor", — deydi videodagi erkak ingliz tilida.
Sun’iy intellekt bo‘yicha ikki mustaqil ekspert — Get Real Labs'dan Xani Farid va Piter J. Bentlining Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, bu video pokistonlik bloger Zohayb Attaning urdu tilida yozib olingan haqiqiy videosi asosida yaratilgan dipfeykdir.
Blogerning o‘zi Bi-bi-siga ingliz tilida hech qanday video joylamaganini aytdi. Asl videoda Ukraina hamda "qizlar va yigitlar" haqida bir og‘iz ham gap yo‘q.
Bu TikTok akkaunti kimga tegishli ekani noma’lum, ammo Ukrainaning dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi avvalroq Rossiya ukrainalik harbiylar ishtirokidagi dipfeyklarni tarqatayotganini ma’lum qilgan edi.
Ivano-frankovsklik bloger Blacklist may oyida hindistonlik migrantlar Karpatdagi Bistritsa daryosida go‘yoki kir yuvayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Bu video virusga aylanib, ko‘plab telegram-kanallar orqali tarqatildi. Foydalanuvchilar izohlarda "bunday an’analar"dan g‘azablanib, tez orada "induslar ukrain daryolarida murdalarni yoqa boshlaydi" degan xavotirlarini yozib qoldirishdi.

Surat manbasi, Stopfake
Bu ham feyk. Stopfake tashkiloti aniqlaganidek, daryoda kir yuvish tasvirlangan video Karpatda emas, Hindiston janubidagi Kerala shtatida suratga olingan.
Bi-bi-siga bergan izohida Blacklist blogeri videoni internetdan topganini aytdi. U bu feyk ekanini bilmaganini, bilgach esa bu haqda storis qilganini ta’kidladi. Biroq videoning o‘zi o‘chirilmagan. U hamon ko‘rishlar yig‘moqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Migrantlar va siyosat
Migrantlar haqidagi feyklarni Rossiya tarqatmoqda, deydi Ukraina Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi. Markaz ekspertlariga ko‘ra, Rossiya hukumati ukrainaliklar mahalliy aholi o‘rnini migrantlar egallab olishidan qo‘rqishini istaydi. Bu qo‘rquvlar ukrainaliklarni Rossiya bilan qarama-qarshilika behuda urinish sifatida qarashga majbur qilishi kerak.
Bi-bi-si jurnalistlarining kuzatuvlariga ko‘ra, migrantlar oqimi haqidagi hikoyalarni avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishda ayblangan telegram-kanallar keng tarqatgan. SBU fikricha, bu telegram-kanallar Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador. Xususan, ular tinchlik muzokaralarini ilgari surish uchun migrantlar mavzusidan foydalanmoqda.
"Uzoq davom etadigan urush millatni vayron qiladi va mamlakatni migrantlar uchun chiqindixonaga aylantiradi", deb yozgan edi, masalan, SBU ro‘yxatidagi 840 ming obunachiga ega anonim "Rezident" telegram-kanali. Xuddi shu kanal migrantlar oqimidan Zelenskiy yutadi, chunki ularga kamroq haq to‘lash mumkin va ular saylovlarda unga ovoz berishadi, deb da’vo qilgan. Bu, albatta, yolg‘on, chunki chet elliklar Ukrainadagi saylovlarda ovoz berish huquqiga ega emas.

Surat manbasi, Andriy Zhyhaylo/Obozrevatel/Global Images Ukraine via Getty Images
Biroq, rossiyaparast telegram-kanallar, botlar va buni ehtimol faqat xayp uchun qilayotgan blogerlardan tashqari, migrantlar mavzusini ukrainalik siyosatchilar va minglab oddiy odamlar ham ko‘tarib chiqishdi.
15-may kuni Xarkov meri Igor Terexov mehnat migrantlarining Ukrainaga kirishiga qat’iy qarshi chiqdi. Mashhur aktrisa Olga Sumskaya Terexovning migrantlarga qarshi bayonotini qo‘llab-quvvatlab storis tarqatdi.
Ivano-Frankovsk meri Ruslan Martsinkiv o‘zini migratsiyaga qarshi deb e’lon qilib, kommunal sohaga Hindistondan ishchilarni yollamaslikka chaqirdi.
Oliy Radaning moliya qo‘mitasi raisi Daniil Getmantsev ham intervyularidan birida Ukrainadagi demografik muammoni migrantlar yordamida hal qilib bo‘lmasligini va ularni bu yerga olib kelish kerakmasligini aytib, "olovga moy sepdi".
Migrantlar yo‘q, ammo norozilik namoyishlari bor
23–24 may dam olish kunlari Kievdagi Maydanda va Lvov markazidagi Shevchenko haykali oldida migratsiyaga qarshi kichik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bir necha o‘nlab odamlar "Ukraina ukrainaliklar uchun!", "Ukrainadan yo‘qol, xunuk migrant!", "Yaqinlarimiz bunday mamlakat uchun jang qilayotgani yo‘q" degan shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishdi.
Lvovda 23-may kungi "Karpati" - "Zarya" uchrashuvi vaqtida muxlislar stadionga "Migratsiyaga yo‘q. Millatni asra" deb yozilgan ulkan banner osib qo‘yishdi.
"Migrantlar yo‘q, ammo noroziliklar bor. Agar noroziliklar bo‘lsa, odamlar "demak, qaerdadir migrantlar ham bor ekan-da" degan xulosaga kelishadi", deya sharhlaydi bu voqealarni Bi-bi-si bilan suhbatda Ukrainaning Frontir institutidagi "Demografiya va migratsiya" yo‘nalishi rahbari Olga Duxnich.
U ijtimoiy tarmoqlardagi migrantlar haqidagi feyklar bilan bog‘liq holatni ongli ravishda olib borilgan va qo‘rqitishga qaratilgan manipulyativ axborot kampaniyasi deb hisoblaydi.

Surat manbasi, Суспільне Львів
"Odamlardan xorijliklar yoqadimi yoki yo‘qmi, deb so‘rashmaydi. Axborot kampaniyasi darhol shunday fikrni shakllantiradiki, go‘yoki xavfli, iflos, kasal, jinoyatchi migrantlar bor va ular kelib sizga yomonlik qiladi. Ukrainaliklar esa tabiiyki, ularga yomonlik qilishlariga qarshi bo‘lishadi", deydi Duxnich.
Uning fikricha, ba’zi siyosiy kuchlar ham ushbu mavzudan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga urinmoqda.
"Kimdir ko‘chaga chiqdimi, demak ular nimanidir ko‘rgan, nimanidir biladi, deb o‘ylaydi odamlar. Asta-sekin jamiyatda migrantlarga nisbatan hech qanday real asosga ega bo‘lmagan salbiy munosabat shakllanib boradi. Bu jamoatchilik ongini manipulyatsiya qilishning tipik usulidir. Bu esa bizga migratsiya masalalariga bo‘lgan haqiqiy munosabat haqida hech narsa aytmaydi", deydi ekspert.
Migrantlar qaerda?
Davlat migratsiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Ukrainada 189 ming xorijlik vaqtincha yashagan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 48 mingni tashkil qilmoqda.
Xorijliklarga ishlash uchun ruxsatnomalar beruvchm Davlat bandlik xizmati migrantlar soni keskin oshgani haqidagi da’volarni mif deb ataydi.
"Keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan oldin ish beruvchilar har yili xorijliklarni ishga joylashtirish uchun 20 mingga yaqin ruxsatnoma olishardi. 2022 yildan keyin bu ko‘rsatkich pasaydi va hanuzgacha urushdan oldingi darajaga yetgani yo‘q", — deya ta’kidladi idora.
Masalan, 2024 yilda xorijliklarga Ukrainada ishlash uchun 4720 ta, 2025 yilda esa 7483 ta ruxsatnoma berilgan. 2026 yilning yanvarь oyidan may oyiga qadar bunday ruxsatnomalar soni atigi 2,8 mingtani tashkil qilgan, deya ma’lum qildi Davlat bandlik markazi Bi-bi-si Ukraina xizmatiga.
Ijtimoiy tarmoqlarda Hindiston va Bangladeshdan millionlab migrantlar kelishi bilan qo‘rqitishlarga qaramay, 2025 yilda Ukrainada ishlash uchun eng ko‘p ruxsatnoma Turkiya (1070 ta) va O‘zbekiston (852 ta) fuqarolariga berilgan. Hindistonliklarga 851 ta, pokistonliklarga esa 600 ta ruxsatnoma berilgan.
Migrantlar yo‘q, ammo norozilik namoyishlari bor. Agar noroziliklar bo‘lsa, odamlar "demak, qayerdadir migrantlar ham bor ekan-da" degan xulosaga kelishadi
Shu bilan birga, berilgan ruxsatnomalarning soni shuncha migrant mamlakatga kirib keldi, degani emas. Ruxsatnoma olgandan so‘ng xorijlik viza yoki yashash guvohnomasini olishi kerak.
Davlat migratsiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ishlash uchun ruxsatnoma olgan 9 mingga yaqin xorijlikning faqatgina teng yarmi yashash huquqini qo‘lga kiritgan.
Shunday qilib, 2025 yilda Ukrainaga 4,9 ming atrofida mehnat muhojiri kirib kelgan. Ularning aksariyati Turkiya fuqarolari bo‘lgan. Ukraina Davlat bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston, Hindiston, Ozarbayjon, Bangladesh va Xitoy turadi.
O‘tgan yili Ukrainaga kirish uchun vizani Bangladeshdan atigi 32 kishi, Hindistondan esa 344 kishi olgan. Urushgacha, 2021 yilda, 13 ming nafar mehnat muhojiri kelgan edi.
Chet ellikni olib kelish va ishga joylashtirish — murakkab, uzoq va qimmat jarayon, deydi OLX Jobs Ukraine rahbari Mariya Abdullina. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bitta migrantni Ukrainaga ishga ko‘chirib kelishni rasmiylashtirish uchun ish beruvchi o‘rtacha 1,5 ming dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun ko‘plab hujjatlarni tayyorlash, ishchilarni tashish va yashash joyini tashkil qilish kerak.
"Hatto shunday katta sarmoya kiritib ham, ish beruvchilar migrantlarning ma’lum vaqt ishlab, keyin g‘oyib bo‘lib qolishidek muammoga duch kelishmoqda. Migrantlar Ukrainani Yevropaga o‘tish uchun oraliq nuqta sifatida ko‘rishadi. Ish haqi bo‘yicha biz Yevropa bilan raqobatlasha olmaymiz", — deydi Mariya Abdullina.
Pokiston va Bangladeshdagi Bi-bi-si jurnalistlari ham xuddi shu holatni tasdiqlamoqda. Ular Ukraina ushbu mamlakatlar fuqarolari uchun migratsiya yo‘nalishida hech qachon ustuvor bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.
Pokiston hukumati ham pokistonliklarning Ukrainaga ulkan oqimi haqidagi feyklarni inkopr qildi. Bi-bi-si muxbirlari bilan suhbatlashgan Pokiston immigratsiya organlari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Pokistondan Ukrainaga migrantlarning sezilarli oqimi mavjud emas.
Garchi urushgacha ma’lum miqdordagi pokistonlik talabalar tibbiyot va muhandislik ta’limi olish uchun Ukrainaga borgan bo‘lsa-da, urush boshlanishi bilan u yerda o‘qishni xohlovchilar deyarli qolmadi.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-sining Hindiston xizmati ham shunga o‘xshash tendentsiya haqida xabar berdi. Urushdan oldin Ukraina hindistonliklar orasida arzon tibbiy ta’lim olish yo‘nalishi sifatida mashhur edi. O‘n minglab hindistonlik talabalar Hindistondagi xususiy tibbiyot kollejlarida o‘qishdan ko‘ra arzonroqqa tushadigan oliy ta’lim olish uchun Ukrainaga kelardi.
Biroq, urush tufayli vaziyat o‘zgardi. Hozircha hindistonliklar orasida Ukrainaga uzoq muddatli ko‘chib o‘tish yoki migratsiya qilishga katta qiziqish yo‘q, deya ta’kidlaydi Bi-bi-si muxbiri Vandana Vijay.
Xari Om Ukrainaga Dehlidan kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga ta’lim olish uchun kelgan tanishlarining deyarli barchasi tibbiyot oliygohlarida o‘qigan yoki o‘qimoqda. Ukraina tibbiyot oliygohida bir yillik o‘qish taxminan 5 ming dollar turadi.
Hozirda Ukrainada 7 mingga yaqin xorijlik talaba tahsil olmoqda. Rossiya bosqiniga qadar boshqa davlatlardan kelgan talabalar o‘n barobar ko‘p edi, deya ta’kidlaydi Ukraina Davlat migratsiya xizmati.
Urush sababli Ukrainaga noqonuniy migratsiya yo‘llari deyarli qolmadi. Ilgari migrantlar Yevropa Ittifoqiga o‘tish uchun foydalangan Rossiya bilan chegara hozirda front chizig‘iga aylangan. Shimoldagi Belarus bilan chegara — Ukrainaga yana bir yo‘l - minalashtirilgan hududga aylangan. Yevropa Ittifoqi va Moldova bilan chegara esa qattiq nazorat ostida.
"Bugungi kunda Ukrainaga kirishning yagona yo‘li - bu Moldova orqali tranzit. Qolaversa, Moldova tranzit vizalarini berishga juda sinchkovlik bilan yondashadi, chunki ular o‘zlari uchun ham xavf-xatarlarni hisobga olishadi", deydi Davlat migratsiya xizmati rahbari Natalya Naumenko.
Mehnat migrantlariga ehtiyoj katta
"Ukrainada urush va pandemiyadan oldin ham mavjud bo‘lgan ulkan kadrlar inqirozi hukm surmoqda, shuning uchun xorijdan ishchi kuchi jalb qilishdan qochib qutulib bo‘lmaydi", deydi Mariya Abdullina.
"Agar biz infratuzilma tiklanishini, iqtisodiyot ishlashini xohlasak, bizga odamlar kerak. Hattoki barcha ukrainaliklarni xorijdan qaytargan taqdirimizda ham, baribir odam yetishmaydi", deb hisoblaydi ekspert.
Unga ko‘ra, haydovchilar, kassirlar, qadoqlovchilar, yuk tashuvchilar, quruvchilar - bular hech qachon to‘lmaydigan bo‘sh ish o‘rinlari. Ular doimiy ravishda ishga olinadi. Ehtiyoj esa faqat ortib bormoqda.

Surat manbasi, LEV Development
Biroq, mehnat migrantlariga bo‘lgan katta ehtiyojga qaramay, xorijliklarning Ukrainaga katta oqimi kutilmayapti, deya prognoz qilmoqda Jooble xalqaro ish qidirish servisi top-menejeri Irina Palienko.
"Ukrainaga xorijliklarni jalb qilish uchun rag‘bat va tegishli qonunchilik o‘zgarishlari kerak. Ukrainada Yevropa agentliklari ishlamaydi. Bu yerda mehnat resurslarini import qilish hajmi kichik bo‘lgan mahalliy agentliklar bor, xolos", deydi Palienko Forbes nashriga bergan intervyusida.
OLX Jobs kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, Ukrainadagi ish beruvchilarning bor-yo‘g‘i 13 foizigina xorijliklarni ishga jalb qilishni ko‘rib chiqmoqda. Ish beruvchilar chet elliklarni ishga qabul qilishdagi asosiy to‘siqlar sifatida til, tegishli tajribaning yo‘qligi va bu sohaning o‘ta byurokratlashganini ko‘rsatmoqda.
Qonunchilikning tartibga solinmagani va barcha protseduralarning murakkabligi sababli Ukrainada xorijliklarni ishga joylashtirish bo‘yicha birorta ham xalqaro agentlik ishlamaydi, dedi Bi-bi-siga LEV Development kompaniyasi hammuassisi Vasiliy Levitskiy.
Lvovdagi eng yirik qurilish kompaniyasi bo‘lgan ushbu firmada hali xorijliklar ishga olinmagan, biroq kelajakda bu variant ko‘rib chiqilmoqda.
LEV Development kompaniyasida ta’kidlashlaricha, ular qonunchilik bazasining xorijliklarni yollash tartibini soddalashtirish tomon o‘zgarishini intiqlik bilan kutishmoqda.
"Agar davlat haqiqatan ham xorijlik ishchilar iqtisodiyotni rivojlantirishga va kadrlar tanqisligini qoplashga yordam berishiga umid qilsa, u adekvat, shaffof va raqobatbardosh migratsiya siyosatini shakllantirishi shart", deya qayd etdi LEV Development hammuassisi Aleksandr Ostrovskiy.

Surat manbasi, LEV Development
Aprel oyida Prezident ofisi rahbari Kirill Budanov Tashqi ishlar vazirligi va SBUga asosan Afrika va Osiyo davlatlarini o‘z ichiga oluvchi «migratsiya xavfi» tug‘diruvchi mamlakatlar ro‘yxatini tuzish qoidalarini o‘zgartirishni ishlab chiqishni topshirganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap ishchi vizalarini olish shartlarini biroz yumshatish va xorijdan ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish haqida borgan.
Bu bayonotlarga qaramay, xorijliklarning Ukrainaga kirish qoidalarida hozircha hech narsa o‘zgarmagan. Mehnat migrantlarini yollash hanuzgacha uzoq va qimmat jarayon bo‘lib qolmoqda. Chet elliklarni ishga jalb qilishga kamdan-kam ish beruvchilar jazm qiladi, bu haqda ochiq gapirishga tayyor bo‘lgan kompaniya rahbarlari esa undan ham kamroq.
Migrantlarni yollashga urinib ko‘rgan Ukraina kompaniyalaridan biri - 38 mingdan ortiq odam ishlaydigan MXP («Mironovskiy xleboprodukt») xoldingidir. 2025-yilda kompaniya 7 nafar xorijlik ishchini Ukrainaga olib keldi.
Biroq, birinchi tungi raketa hujumlaridan keyinyoq bir nechta migrant g‘oyib bo‘ldi. Ular hech qanday ogohlantirishsiz ishni, yashash joyini tashlab ketib, aloqaga chiqmay qo‘yishdi, deydi MXPning ishlab chiqarish, logistika va xaridlar yo‘nalishi bo‘yicha direktori Dina Konogray.
Keyinroq yo‘qolib qolgan ishchilar topildi, ammo bu vaqtga kelib ularning ishlash uchun ruxsatnomalari bekor qilingan edi, deyishdi kompaniyada. Xorijliklar uchun urush holatidagi mamlakatga kelish va doimiy havo hujumi xavfi hamda elektr uzilishlari kuzatiladigan uzluksiz stress sharoitida ishlash - bu juda katta sinov.

Surat manbasi, facebook.com/mhpUKR
MXP kompaniyasida xorijliklar bilan ishlashdagi yana bir qiyinchilik sifatida madaniy me’yorlarning turlicha tushunilishini ta’kidlashdi: ya’ni mahalliy jamoa uchun oddiy tuyulgan narsalar boshqa madaniy muhitdan kelgan odamlar uchun tushunarsiz bo‘lishi mumkin.
"Gap subordinatsiya, jamoadagi o‘zaro munosabatlar, jamoat joylaridagi o‘zini tutish va shaxsiy chegaralar haqida bormoqda. Shuning uchun bu yerda "odamlarning o‘zlari kelishib ketadi" degan yondashuv ish bermaydi. Kompaniya ongli ravishda yo‘l ko‘rsatuvchilik rolini o‘z zimmasiga oladi", degan edi Konogray.
Hozirda kompaniyada ikkinchi sinov loyiha davom etmoqda — ishga yana yetti nafar chet ellik jalb qilingan.
Inqiroz yo‘qmi?
May oyida Prezident ofisi rahbari Kirill Budanov xorijliklar mavzusiga yana bir bor qaytib, hozircha migrantlar bilan bog‘liq inqiroz haqida gapirishga asos yo‘qligini aytdi. U Ukrainani mehmondo‘st mamlakat deb atadi va axborot maydonida shunchaki «reallik o‘rnini bosuvchi» soxta voqelik yaratilganini ta’kidladi.
Ukrainaliklarning aksariyati xorijlik hamkasblariga ijobiy munosabatda bo‘ladi, deyiladi OLX Jobs va European Business Association tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada. Unda 25 ming respondent ishtirok etgan.
Faqat 8 foiz xodimlargina chet ellik hamkasblariga nisbatan salbiy munosabat bildirgan. Ishtirokchilarning 40 foizi ijobiy, 26 foizi esa neytral munosabatda ekanini aytgan.
"Aholining ko‘pchiligi boshqa etnik guruh vakillarini qo‘shni, hamkasb yoki Ukraina aholisi sifatida qabul qilishga tayyor, ammo oila a’zosi yoki yaqin do‘st sifatida emas", deyiladi Kiev xalqaro sotsiologiya institutining ksenofobiyaga bag‘ishlangan 2025-yilgi so‘rovnomasida.
Biroq, agar migrantlarga nisbatan salbiy munosabatni bunday sun’iy kuchaytirish davom etsa va ular haqida feyk xabarlar, shuningdek mitinglar ko‘paysa, Olga Duxnich ogohlantirganidek, bu real ksenofobiya ko‘rinishiga aylanib ketishi mumkin.
"Urush sharoitida yashayotganimiz uchun odamlar hozir ruhan beqaror. Tashqi ko‘rinishi bilan farq qiladigan odamlarni ta’qib qilishni boshlashlari mumkin. Migrantlarga qarshi bunday norozilik aktsiyalari Ukraina jamiyatining ichki birdamligini buzishiga va "jodugarlar ovi" boshlanishiga olib kelishi mumkin", deydi Frontir institutidagi "Demografiya va migratsiya" yo‘nalishi vakili.
Xari Om esa hozircha Ukrainada qolmoqda. U internaturasini tugatib, keyin Germaniyaga ko‘chib o‘tmoqchi. Bahorda Lьvovda u havo hujumining guvohi bo‘ldi. O‘shanda dron unga juda yaqin joyda portlagan edi.
"Shu yillar ichida men hujumlarga o‘rganib qoldim. Ulardan deyarli qo‘rqmasdim. Hozir esa bu yerda dronlardan ko‘ra odamlardan ko‘proq qo‘rqyapman", deydi Xari Om.
Migrantlarga qarshi butun kampaniya faqat ijtimoiy tarmoqlarda uyushtirilganini va Ukraina qonunchiligida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini bilgach, u vaqt o‘tib o‘ziga bo‘lgan munosabat shu yilning may oyigacha bo‘lganidek yana yaxshilanishiga umid bildirmoqda.





























