"64 nafar o‘zbekdan faqat uch kishi tirik qoldi" – Rossiya armiyasiga jalb qilingan migrantlar haqida xavotirli da’volar

Mashg'ulot
Surat tagso‘zi, Harbiy tayyorgarlikdan illyustrativ surat
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

"Urushga qatnashish uchun poligonga majburiy yuborilgan 64 nafar o‘zbek yigitidan faqat uch kishi qochib tirik qoldi, qolgan yigitlarning barchasi o‘lib ketdi".

Bu da’vo Qashqadaryo viloyatida ko‘rilgan sud ishida qatnashgan 38 yoshli o‘zbekistonlik A.N. tomonidan aytildi. BBC O‘zbek xizmati tanishgan sud hukmida unga 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

7 sentyabr kuni ko‘rib chiqilgan sud hukmida aytilishicha, 38 yashar A. N. ishlash maqsadida Sank-Peterburgga ketgan va 2023 yil psixotrop moddalarni tashish aybi bilan 7 yilga qamalgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan, harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, "maxsus harbiy operatsiya"da qatnashgan va keyinchalik qochib ketgan.

Bu haqda dastlab Gazeta.uz saytida batafsil maqola e’lon qilindi. Biroq maqola keyinchalik saytdan o‘chirib tashlandi.

Qamoqdan frontga

gazeta.uz saytidan olib tashlangan maqola
Surat tagso‘zi, gazeta.uz saytidan olib tashlangan maqola

Gazeta.uz ning sud materiallariga tayanib yozishicha, A.N. 2022 yilda ish izlab Rossiyaga ketgan. U yerda psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha ayblanib, yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Uning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan paytida u qamoqxona ma’muriyati tomonidan bosimga uchragan. A.N. kartserga qamalgani, ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilgani hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashishga undalganini aytgan.

Uning aytishicha, bosimlarga chiday olmaganidan keyin Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan. 30 kun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Ammo sudlanuvchi jangovar harakatlarda halok bo‘lishdan qo‘rqqanini va ikki nafar boshqa Markaziy Osiyolik muhojir bilan birga poligondan qochib ketganini aytgan.

U sudda poligonga urushda qatnashish uchun yuborilgan boshqa o‘zbeklar haqida ham gapirgan.

"Urushda qatnashish uchun poligonga majburiy yuborilgan 64 nafar o‘zbek yigitlaridan faqat uch kishi qochib tirik qolgan, qolgan yigitlarning barchasi o‘lib ketgan", degan A.N.

BBC bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi. 61 nafar o‘zbekning barchasi halok bo‘lgani haqida sud hujjatida ham alohida tasdiqlangan ma’lumot keltirilmagan.

Sud materiallarida A.N yana bir e’tiborli ma’lumotni aytgan.

O‘zbekistonga qaytish uchun aeroportga kelgan A.N hujjatlari to‘g‘ri bo‘lmagani uchun yana qamoqqa olingan.

Novosibirsk shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan 9 oy davomida uning "qamalgani va urushga yuborilgani haqidagi hujjatlar aniqlanmagan".

"Rossiya Federatsiyasi xodimlari uni birorta hujjat rasmiylashtirmasdan urushda o‘lib ketadi, deb o‘ylab jazoni ijro etish koloniyasidan poligonga yuborgani sababli o‘zini qamalgani va urushga yuborilgani bo‘yicha birorta hujjatni aniqlay olmagan", deya sud hukmida A.N dan xulosa keltiriladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi hukmidan tasvir
Surat tagso‘zi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi hukmidan tasvir

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi A.N.ni yollanishda aybdor deb topib, unga 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Sud jazoni yengillashtirishda uning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, oilada yagona boquvchi ekani, qaramog‘ida to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini hisobga olgan.

Markaziy osiyoliklardan kelayotgan o‘xshash shikoyatlar

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Rossiyada ishlayotgan Markaziy Osiyo fuqarolarining Ukraina urushiga jalb etilishi haqida boshqa davlatlarda ham xavotirlar bildirilmoqda.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi "jangovar hududlar"da bo‘lgan va Qozog‘istonga qaytishni istagan fuqarolar bilan bog‘liq masalada Moskva bilan muzokara olib borayotganini ma’lum qilgan.

Vazirlik maxsus ishonch telefoniga murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini aniqlash jarayoni ketayotganini bildirgan. Tekshiruv yakunlangach, ularning ro‘yxati Rossiya tomoniga taqdim etilishi aytilgan.

Bu bayonot Rossiyada bo‘lgan bir guruh qozog‘istonliklar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan videolardan keyin berilgan. Ular Rossiyaga mavsumiy ishlash uchun borganini, keyin esa aldanib shartnoma imzolaganini va Ukrainadagi frontga yuborilishi mumkinligini aytgan.

Qozog‘istonliklarning aytishicha, ular Rossiyadagi elchixonadan yordam so‘ragan, ammo bir necha kun davomida kutish haqidagi ko‘rsatmalardan boshqa yordam olmagan.

"Qo‘l qo‘ymasang, o‘lasan"

BBC Qirg‘iz xizmati ham yaqinda Ukrainada Rossiya armiyasi safida jang qilayotganini aytgan Qirg‘iziston fuqarosi bilan suhbat o‘tkazdi.

Uning aytishicha, Rossiyada giyohvand moddalar bilan bog‘liq ish bo‘yicha qo‘lga olinganidan keyin unga ikki yo‘l taklif qilingan: qamoq yoki harbiy shartnoma.

"Imzo qo‘ymasang, sudlanasan", deganini aytgan suhbatdosh keyinchalik frontga yuborilganini bildirdi.

U bir yillik shartnomasi tugagach ham armiyani tark etish imkoni berilmaganini, navbatdagi shartnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortganlarga tahdid qilinganini da’vo qildi. BBC bu da’volarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini alohida qayd etdi.

Qirg‘izistonlik suhbatdoshning aytishicha, u frontda bir necha marta og‘ir yo‘qotishlarga guvoh bo‘lgan. Shuningdek, u Rossiya armiyasi safida xizmat qilayotgan xorijliklar orasida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ko‘pligini ta’kidlagan.

Rossiya nima deydi?

Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan chet el fuqarolari o‘z xohishi bilan va qonun doirasida shartnoma imzolayotganini bildirib keladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham xorijliklar, jumladan Keniya fuqarolari "maxsus harbiy operatsiya"da o‘z ixtiyori bilan qatnashish haqida qaror qabul qilayotganini aytgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, chet davlatlar qurolli tuzilmalari safida ishtirok etish yoki yollanma jangchi bo‘lish jinoyat hisoblanadi.

Qancha o‘zbekistonlik halok bo‘lgan?

Ukraina rasmiy idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Rossiya tarafida turib Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan xorijliklarning yarmidan ko‘pini Markaziy Osiyoliklar tashkil etadi.

"Xochu jitь" loyihasiga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Ukraina urushiga yollangan chet elliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi.

2026 yil o‘rtasiga kelib Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan qariy b5000 O‘zbekiston fuqarosi shaxsiy ma’lumoti aniqlangan.

Haqiqiy raqamlar bundan ham ko‘p deb ko‘riladi.

Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagan 2022 yil fevralidan buyon nechta O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida aniq ma’lumotni O‘zbekiston rasmiylari e’lon qilganlari yo‘q.

Biroq mustaqil tadqiqotchilar va xalqaro loyihalar ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining tasdiqlangan soni 229 nafardan 480 nafargacha deb ko‘riladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Tahlilchilarning fikricha, qurbonlarning haqiqiy soni bundan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab halok bo‘lganlar haligacha shaxsi aniqlanmagan yoki bedarak yo‘qolganlar sifatida qayd etilgan.

2026 yil iyul holatiga ko‘ra, BBC Rus xizmati va «Mediazona» nashri qo‘shma surishtiruvi urushda halok bo‘lgan 229 nafar O‘zbekiston fuqarosini tasdiqlagan.

Ushbu ro‘yxatga faqat o‘limi ochiq manbalar orqali to‘liq tasdiqlangan shaxslar kiritilgan.

Bunda rasmiy ta’ziya xabarlari, qarindoshlarining ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlari hamda yangi harbiy qabrlar suratlari asos sifatida olingan.