Advokat: "Dauletmurat Tajimuratov qamoqda kaltaklangani va tibbiy yordamdan mahrum qilinganini aytdi"

Surat manbasi, gazeta.uz
2022 yilda Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar yetakchilaridan biri sifatida tanilgan Dauletmurat Tajimuratov O‘zbekistonning Buxoro viloyatidagi maxsus tartibli qamoqxonaga ko‘chirilganidan keyin ham kaltaklangani, tibbiy yordamdan mahrum qilingani va yozishmalari cheklanayotgani haqida aytmoqda.
Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov Tajimuratovning gaplarini BBC O‘zbek xizmatiga tasdiqladi.
Advokat: "U urishganini va tibbiy yordam olmaganini aytdi"
Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov BBC O‘zbek xizmatiga Tajimuratov unga kaltakdan shikoyat qilganini aytdi.
"Ha, men tasdiqlayman. Uchrashganimizda Tajimuradov menga uni urishganini, tibbiy yordam olmaganini va Prezident, OMBUDSMAN hamda boshqa tashkilotlarga yubormoqchi bo‘lgan murojaatlarini qabul qilishni rad qilishganini aytdi. Bu xatlarni berib yuborishiga ruxsat berishmayapti. U(xat)lar u jazoni o‘tayotgan kamerada qolmoqda", dedi Sergey Mayorov BBC O‘zbek xizmatiga.
BBC holat yuzasidan IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga bog‘lanishga harakat qildi. Ammo Telegram orqali yuborgan so‘rovimiz hozircha yetib bormadi.
"Sen prezident siyosatiga qarshisan"
Asiaterra.info sayti 24 sentyabr kuni Tajimuratovga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik va huquqlarini cheklash davom etayotgani haqida xabar berdi.
Sayt manbalariga ko‘ra, Tajimuratov bu yil Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi KIN-17 maxsus tartibli qamoqxonasiga o‘tkazilgan.
Asiaterra.info ma’lumotiga ko‘ra, 11 iyunь kuni qamoqxona xodimlari Tajimuratovga yuborilgan jo‘natmadan diniy kitob, tasbeh va kungaboqar urug‘larini olib qo‘ygan.
Buning sababini so‘raganida esa unga: "Sen prezident siyosatiga qarshisan", deb aytilgani xabar qilingan.
Saytning yozishicha, 8 iyul kuni Tajimuratov videokuzatuv kameralari yo‘q joyda qattiq kaltaklangan.
Tajimuratov avval ham qamoqda kaltaklangani va yomon muomalaga uchragani haqida shikoyat qilgan. Xalqaro huquq himoya tashkilotlari ham uning qamoqdagi sharoiti va unga nisbatan munosabat yuzasidan xavotir bildirgan.
Kamerada yetti mahbus
Asiaterra.info xabarlariga ko‘ra, Tajimuratov yetti nafar boshqa mahbus bilan kichik kamerada saqlanmoqda.
"Kameraning poli beton, ustida hech qanday qoplama yo‘q. Tajimuratov soat 06:00 dan 21:00 gacha ko‘p vaqt stulda o‘tirishga majbur", deyiladi xabarda.
Uning ruchkasi va daftari ham olib qo‘yilgani, keyin esa ular unga faqat haftada ikki marta berila boshlagani aytilgan.
Saytga ko‘ra, iyul oyida kamera Tajimuratov yo‘q paytda ikki marta tintuv qilingan. Uning ichki kiyimlari, ayrim hujjatlari, idishlari, diniy buyumlari va choy paketlari olib qo‘yilgan.
"Loxmach"lar orqali bosim
Asiaterra.info manbasiga ko‘ra, 25 iyul kuni soat taxminan 15:00 da Tajimuratovga "loxmach" deb ataluvchi — qamoqxona ma’muriyati bilan hamkorlik qiladigan mahbuslar orqali bosim o‘tkazilgan.
11 va 12 avgust kunlari ham shunga o‘xshash provokatsiyalar bo‘lgani aytilmoqda.
Xabarda Tajimuratov bu holatlar haqida 7 va 11 avgust kunlari mas’ullarga ma’lum qilgani, ammo hech qanday tekshiruv o‘tkazilmagani ta’kidlanadi.
Xatlari manziliga yetkazilmayotgani aytilmoqda
Sayt ma’lumotiga ko‘ra, Qorovulbozordagi qamoqxona ma’muriyati Tajimuratovning yozishmalarini avvalgi qamoqxonasida bo‘lgani kabi cheklamoqda.
"Uning xatlari va murojaatlari belgilangan manzillarga yetib bormaydi. Yaqinlari unga bir necha marta telegramma va xat yuborishgan, ammo hech qachon javob olmagan", deyiladi xabarda.
Bu Tajimuratov duch kelayotgan yangi holat emas. Uning advokati Sergey Mayorov 2023 va 2024 yillarda ham mijozining xat yuborishi va qabul qilishi cheklanayotganini aytgan. Huquq himoya tashkilotlari ham Tajimuratovning tashqi dunyo bilan aloqasi cheklangani haqida xabar bergan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
O‘zbekistondagi mutasaddi idoralar ushbu yangi ma’lumotlar va advokatning bayonoti yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Tajimuratovning advokati tomonidan bildirilgan bu ayblovlarning mustaqil tasdig‘i hozircha mavjud emas.
Tajimuratov ishi bo‘yicha avval ham qiynoq va yomon muomala haqidagi xabarlar tarqalgan, O‘zbekiston rasmiylari esa ularning ayrimlarini rad etgan yoki xabarlarni "feyk" deb atagan.





























