O‘zbekiston va mintaqa: Kreml bosimi kuchaydimi yoki Rossiya ta’siri kuchsizlandi?.. Video

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Markaziy Osiyo xaritasi, Rossiya bayrog‘i va O‘zbekiston harbiylari fonida aks etgan.

Surat manbasi, BBC/GETTYIMAGES

Surat tagso‘zi, Londondagi "Markaziy Osiyo Due Deligence" tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov fikricha, Kremlning oxirgi vaqtlardagi bayonotlarini Yevroosiyo hududida o‘z ta’sirini yo‘qotayotganiga munosabat deb qarash lozim.
Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov qurollangan islomiy jangarilarning Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar hududiga bostirib kirish xavfi bor degan bayonoti yangragan bir vaqtda Pokiston O‘zbekistonni Afg‘onistonda 2500 O‘zbek jangarisi borligidan ogohlantirdi degan xabarlar tarqaldi.

Ushbu bayonotlarni naqadar jiddiy qabul qilmoq lozim?

Bu borada ekspertlar tahlili qanday?

Navbatdagi "Diqqat, BBC" dasturimiz ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bishkekda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari yig‘ilishi bo‘ldi.

Ushbu yig‘ilishda Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Rossiya asli bu mintaqadan bo‘lmagan davlatlarning Markaziy Osiyoda harbiy hozirlikka intilayotganlarini qoralaydi, deb bayonot berdi.

"Suriya, Livan va G‘azodagi insonparvarlik falokati jiddiy xavotirni uyg‘otadi. Inqirozdagi hududlardan jangarilarning qo‘shni mamlakatlarga, shu jumladan, ShHT makoniga suqilib kirish tahdidi mavjud", dedi Rossiya mudofaa vaziri.

Rossiya nega yana ogohlantirishga o‘tdi?

Londondagi "Markaziy Osiyo Due Deligence" tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov fikricha, Kremlning oxirgi vaqtlardagi bayonotlarini Yevroosiyo hududida o‘z ta’sirini yo‘qotayotganiga munosabat deb qarash lozim.

"Yerevan sammiti jasorat berdi"

Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashi rahbarlari Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan

Surat manbasi, BBC/Rayhan Demytrie

Surat tagso‘zi, Yerevandagi Yevropa sammiti Kreml g‘ashiga tekkani blogerlar tilidan aytildi

"Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq so‘nggi voqealar – Eronga qarshi AQSh va Isroilning harbiy amallari va bunga Eronning javob harakatlari nafaqat Rossiyani, balki dunyoning boshqa mamlakatlarini ham o‘ylantirib qo‘ydi. Va bu Amerikaning Yaqin Sharq ichki ishlariga aralashish deb talqin etilayapti. Shuning uchun ham Rossiya mudofaa vazirining bayonotida "siz o‘zingizning mintaqangizga kirmaydigan hudud ishlariga aralashayapsiz", "muayyan mintaqada bo‘lmagan mamlakat boshqa mintaqa ishlariga kirishmasin" degan mantiq yangraydi", deydi Alisher Ilhomov.

"So‘nggi hodisalardan, albatta, Rossiya iqtisodiy manfaat ko‘rayapti, chunki neft narxining oshishi Rossiyaga foyda. Lekin u geosiyosiy sahnada yutqizayapti. Chunki bu urush Rossiyaning muhim ittifoqchilaridan biri hamda uning Ukrainaga qarshi urushida muhim harbiy ittifoqchisi sanalmish Eronning mavqeini kuchsizlantirdi".

Alisher Ilhomovdan iqtibos

Siyosiy sharhlovchi Alisher Ilhomov Eron kuchsizlanishi bilan birga Rossiya o‘zining ta’sir doirasi ostidagi mamlakat deb ko‘rib kelgan Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishini og‘riqli qabul qilganini aytadi.

"(Rossiyaning) kuchsizlanayotgani ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda yaqqol sezilayapti. Geosiyosiy ma’noda Ukrainaga qarshi urushda duch kelayotgan qator talofatlarida - mag‘lubiyatga uchrayotganida ko‘rinadi. Bu narsa esa Rossiya Federatsiyasining ta’sir doirasida deb ko‘rib kelingan mamlakatlarga jasorat berayapti. Buning birinchi alomatlaridan biri Yerevandagi sammit bo‘ldi. Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy-siyosiy vaziyatda yuz bergan o‘zgarish Yerevan sammitiga zamin yaratdi. Boshqa mamlakatlar ham Markaziy Osiyo, Yevroosiyo mintaqasidagi tashqi o‘yinchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishda ko‘proq jasurlik namoyish eta boshladilar. Bu narsa, albatta, Moskvani qattiq xavotirlantiradi. Chunki u nafaqat xalqaro sahnada, global miqyosda, balki shu yaqin vaqtgacha ham o‘z gapini o‘tkazib kelgan Yevroosiyo mintaqasida ham mavqe’sini yo‘qotib borayapti", deydi Alisher Ilhomov.

"Jangarilik tahdididan Rossiya manfaatdor"

BBC siyosiy sharhlovchisi Dovud A'zamiydan iqtibos

Ko‘plab tahlilchilar Rossiyani Afg‘oniston tahdidini bo‘rttirib ko‘rsatayotganlikda ayblab keladilar.

Rossiyaning rostmana xavotirlari bo‘lishi bilan birga bu kabi bayonotlardan qator maqsadlar ko‘zlanishi mumkin, deb hisoblaydi Bi-bi-si siyosiy sharhlovchisi Dovud A’zamiy.

"Birinchidan, Rossiya Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olgan yagona davlat. Rossiya rasmiylarining bunday bayonotlari yon berdirish uchun Tolibon hukumatiga qarshi bosim taktikasi sifatida ham ko‘riladi.

Ikkinchidan, rost bo‘ladimi yoki xayoliy, Afg‘onistondan jangarilik tahdidi Rossiyaga Markaziy Osiyo davlatlarini o‘zining xavfsizlik soyaboni ostida ushlab turishga yordam beradi. Ularni doimiy ravishda Moskva himoyasi va hamkorligiga muhtoj bo‘lishga majbur qiladi", deydi Dovud A’zamiy.

Suriyadan qurolli jangarilar tahdidi qanchalar jiddiy?

Suriya Afg‘onistondan keyin eng ko‘p O‘zbek jangari guruhlari jang qilgan davlat.

Suriyada ularning ikkita katibasi bo‘lgan, yana taktik guruhlari borligi ham aytilgan.

Bu ikki katiba Rossiyaning yaqin ittifoqchisi Assad tuzumini ag‘darishida Suriyaning bugungi muvaqqat rahbari Ahmad ash-Shar’ani qo‘llagan.

"Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi isyonchilar ittifoqiga kirgan.

O‘zbeklar o‘z vaqtida IShID saflarida ham rossiyaliklardan keyin eng katta ko‘pchilikni tashkil etishgan.

IShID orada xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan mavh etilgan.

Ammo shu kunlarda Suriyaning amaldagi hukumati va u yerdagi O‘zbek jangarilarining orasi qochayotganiga oid xabarlar ham chiqqan.

Shunday ekan, Rossiyaning Suriya bilan bog‘liq bugungi xavotirlari qanchalik asosli?

Biz ushbu savolni Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha kengash eksperti Murod Batal Ash-Shishaniy berdik.

Murod Batal Ash-Shishaniydan iqtibos

Murod Batal Ash-Shishaniy: Bu savolga bitta so‘z bilan javob berib bo‘lmaydi. Chunki javobi ko‘p qirrali. Ha, Suriyada Markaziy Osiyodan kelgan va o‘rnashayotgan xorijiy jangarilar bor. Ammo masalaning yana bir jihatini nazarda tutishimiz lozim. Hozir Suriyaning yangi rahbariyati va Rossiya o‘rtasida turli masalalar yuzasidan kelishmovchiliklar bor. Bu Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalarini ham o‘z ichiga oladi. Menimcha, Rossiya bu gapi bilan ash-Shar’a hukumatiga bosim o‘tkazmoqchi.

Markaziy Osiyodan kelgan jangarilarga kelsak, ular hozir Suriyada o‘rnashmoqdalar. Amaldagi Suriya hukumati bilan kelishuvga borishgan. O‘z davlatlariga qarshi biror bir jangari harakatga qo‘shilmaslik, Suriyaning boshqalar bilan munosabatlarini xavf ostiga qo‘ymaslikka ko‘nganlar. Bu kelishuv buzilmasa, hammasi joyida bo‘ladi.

Ammo kelajakda bo‘y ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa bir muammo bor. Ya’ni, suriyaliklarning o‘zlari tomonidan ularga qarshi qandaydir qarshilik yoki norozilik kuchayadigan bo‘lsa, hammasi o‘zgaradi. Ular ko‘chib o‘tishlari uchun boshqa joy izlab qolishlari mumkin bo‘ladi.

Rossiya tomoni o‘zining e’tiborini asosan uch davlat - Suriya, Liviya va Afg‘onistonga qaratgan. Bu yerda juda qiziq nuqta bor. Biz bu jangarilarning Suriya va Afg‘onistonda borliklarini bilamiz. Rossiya esa hozir ularning o‘zaro chegaralar yopiq ekani bois, Suriya va Livan o‘rtasida harakatlanishayotganiga sha’ma qilayapti. Bu voqealarning sharhlovchilar nazardan qochirmasliklari lozim bo‘lgan qiziq jihati. Lekin, savolingizga qaytsak, hozir mazkur jangarilarning Markaziy Osiyoga qaytishlari ehtimoli yo‘q, chunki bu ular uchun juda qiyin bo‘ladi.

Pokistonning bayonoti o‘zining Afg‘onistonga havo zarbalariga oqlovmi?

Afg‘oniston Toliboni harbiylari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Afg‘oniston Toliboni Pokistonga talofatlar yetkazganini xabar qiladi

Ma’lumki, o‘tgan yil oktyabrida Pokiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar ro‘y berdi.

Orada bir necha oylik tin olish ortidan shu yil fevralida Pokiston yana Afg‘oniston hududiga havo zarbalarini berdi, maqsadi Afg‘onistondan boshpana topgan, chegaradan sizib o‘tib Pokistonda xudkushlik hujumlari uyushtirayotgan Pokiston Toliboni jangarilarining jamloqlarini yo‘q qilish ekanini aytadi.

Ammo ko‘p holatlarda Afg‘oniston Toliboni hujumlar qurbonlari tinch afg‘onlar bo‘lganini aytdi.

Ikki mamlakat chegaralari yopilgan, Tolibon o‘zining savdo-sotig‘ini janubiy qo‘shnisisiz yo‘lga qo‘yish harakatlarini boshlagan.

Shunday manzarada Pokiston tomoni O‘zbekistonni Afg‘oniston hududida 2500 O‘zbek jangarisi borligi haqida ogohlantirdi degan xabarlar tarqaldi.

Aytilishicha, Pokistonning maxsus vakili hozir O‘zbeklarning hatto Pokiston Tolibon harakatidan keyin Afg‘onistondagi ikkinchi yirik jangari guruh ekanliklarini taxmin etgan.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, maxsus vakil o‘zining manbasini ham, aynan qay bir guruhni nazarda tutayotganligini ham ochiqlamagan.

Ularning iddaosiga rasmiy Toshkentning munosabati ham noayon qolgan.

Pokiston o‘z vaqtida O‘zbekiston Islomiy harakati boshpana topgan, Yaqin Sharqdagi IShID o‘zining Xuroson qanotiga asos solgan davlat.

Shunday ekan, bu nima degani?

Bi-bi-si siyosiy sharhlovchisi Dovud A’zamiy fikricha, ushbu bayonotlar Pokistonning Afg‘oniston Tolibon hukumatiga siyosiy bosimni kuchaytirish, uni mintaqaviy va xalqaro miqyosda yakkalab qo‘yish intilishlari bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Chegara osha qo‘shni mamlakat hududiga qarayotgan Pokiston armiyasining chegarachilari

Surat manbasi, EPA

Bugun O‘zbek jangarilarining qanday qurolli guruhlari mavjud?

O‘zbekiston Islomiy harakati

O‘zbekiston Islomiy harakati O‘zbek jangari guruhlari ichida eng yirigi. Harakat saflari orada parchalangan. Turli guruhlarga bo‘lingan. Ammo so‘nggi yillarda yana birlashish harakatida. Jim yurish va qo‘shni davlatlardan uzoqroq turish masalasida Tolibon bilan qandaydir kelishuvga borgan. Va hozircha unga amal qilayotgan ko‘rinadi. Ammo saflarida jiddiy yo‘qotishlarga uchragan. Ya’ni, ko‘p jangarilari chiqisha olmay, guruhni tark etish harakatiga tushgan. Ular boshqa guruhlar, xususan, IShID saflariga o‘tishgan. So‘nggi paytlarda harakat a’zolarining "Al-Qoida" tomonidan pokistonlik jihodchilarni tayyorlash uchun safarbar etilishayotgani tendentsiyasi ham kuzatilmoqda. Turli joylarda, xususan, Afg‘oniston sharqida tayyorgarlik jamloqlari bor. Ular asosan Pokistonga borib, jang qiladigan pokistonliklarni tayyorlash ishlari bilan mashg‘ul.

Islomiy Jihod Ittifoqi

Islomiy Jihod Ittifoqi juda kichik guruh. Guruh a’zolarining soni bor-yo‘g‘i bir necha o‘n nafar bo‘lishi mumkin. Ulardan ba’zilari ham xuddi shu maqsadda, ya’ni pokistonlik jihodchilarni tayyorlash uchun "Al-Qoida" tomonidan yollangan yoki safarbar qilingan bo‘lishi mumkin. Ammo guruh shunchalik kichikligidan hech kim ular haqida gapirmaydi.

"Imom Buxoriy katibasi"

Imom Buxoriy katibasi Afg‘onistonda ham bor. Ammo Suriyadagi salmog‘i ancha sezilarli. Ayniqsa, o‘tgan yili guruh a’zolaridan ayrimlarining Suriyadan Afg‘onistonga ko‘chib o‘tishi tendentsiyasi kuzatildi. Xabarlarda ularning orasida nomi chiqqan yuqori martabali a’zolari ham borligi aytildi. Bu ko‘p jihatdan Suriyadagi vaziyatning xorijlik jihodchilar, ayniqsa, O‘zbeklar uchun taranglashgani bilan bog‘liq. Ular va Suriya hukumati o‘rtasida tanglik bor. Misol uchun, shu kunlarda Suriya shimolida to‘qnashuvlar ham yuz berdi. O‘zaro tanglik bundan avval ham mavjud edi. Shu bois, ulardan ba’zilari ketgan ma’qul, degan o‘yda bo‘lishi mumkin. Ular vaziyatni o‘rganish uchun Afg‘onistonga hay’at ham yuborishgani aytiladi. Ammo, aftidan, u yerdagi guruhdoshlari Afg‘onistonga kelmaslikni maslahat berishgan. Bu hatto Afg‘onistonda ham ular uchun vaziyat unchalik yaxshi emasligini anglatadi. Chunki Tolibondan kuchli qo‘llov bo‘lmagan va ulardan hech narsa qilmaslik so‘ralgan. Ammo, shunga qaramay, ba’zilar Afg‘onistonda qolish, Suriyani tark etishga qaror qilishgan. Suriya hukumati, idealda, xorijiy jihodchilarni Tolibon kabi boshqarishni istaydi. Mohiyatan ularga jim yurish, jihodni eksport qilishdan voz kechish va hatto qurolsizlanishlarini aytishni istaydi. Ammo Suriyadagi xorijiy jihodchilar, asosan, Idlib atrofida to‘planishgan. Shu bois ham, buni qilish ancha qiyin bo‘ldi va hatto yaqinda qurolli to‘qnashuvlar ham yuz berdi. Demak, Suriyadagi keskinlik Afg‘onistondagiga qaraganda kuchli.

IShIDning Xuroson qanoti

So‘nggi uch yil ichida guruh juda faol emas. Ammo bor. Pokiston bilan chegarada ham harakatlanadi. Tolibon Afg‘oniston sharqida aksilisyonchilik amaliyotlarini anchalik faollik bilan olib bordi. IShIDning Xuroson qanotiga bosimlarini kuchaytirdi. Guruh Afg‘oniston sharqidagi vodiylarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Bo‘y ko‘rsatmay qo‘ydi. Hozir Afg‘onistonda hech qanday hududni nazorat qilmaydi. Mablag‘i taqchillashdi. Guruhga pul asosan chetdan kelgan. Rahbariyati esa hozir mablag‘ni istiqbolliroq bo‘lgan joylardagi bo‘limlariga xarjlashni afzal bilayotgan ko‘rinadi. Birinchi navbatda, deylik, Suriya, Iroq va hatto Afrikadagi ayrim tarmoqlariga. Demak, bu ham hozir Tolibonga qo‘l keladi. O‘zbeklar ilova Markaziy osiyolik jangarilari asosan Badaxshonda to‘plangan. U yerdagi ayrim vodiylardan boshpana topgan. Biror bir muammo yuzaga kelsa, u yerlarni osonlik bilan tark eta oladi. Vaziyatga qarab, Badaxshon va sharqiy Afg‘oniston o‘rtasida harakatlanib yuradi. Badaxshonning ayrim chekka va olis vodiylari nisbatan xavfsiz. Tolibonning Badaxshondagi tojik millatiga mansub o‘z a’zolari bilan munosabatlari ham yaxshi emas. Shu bois, Tolibon, xususan, u yerdagi olis va chekka hududlarda bu guruhlarga ochiqcha qarshi borish mavqeida emas. Albatta, vaziyat va baholar istalgan paytda o‘zgarishi mumkin. Hozir Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi urush IShID foydasiga o‘ynashi mumkin, degan gap-so‘zlar ham bor.

O‘zbek jangarilarining mintaqaga sizib kirish xavfi qanchalar real?

Antonio Justotsidan iqtibos

Londonlik xalqaro ekspert Antonio Justotstsi fikricha, "Al-Qoida" tarmog‘i bilan ozmi-ko‘pmi aloqasi bo‘lgan uch guruh – O‘zbekiston Islomiy harakati, Islomiy Jihod Ittifoqi va Imom Buxoriy katibasi Markaziy Osiyo hukumatlarini bezovta qilmaslik masalasida Tolibon bilan qandaydir kelishuvga borganlar.

"Ammo bu kelishuv IShIDni ko‘zda tutmaydi, mas’ullamaydi. Guruh Tolibon bilan ochiqcha to‘qnashuvda. Shunday ekan, IShID, printsipial jihatdan, Markaziy Osiyoda faollashish ahdidan voz kechmagan", deydi Antonio Justotstsi.

"Ammo shu paytgacha Afg‘onistondan turib, deyarli hech narsa qila olmagan. Chunki ular chegaraning hech bir qismini nazorat qilmaydi. Chegara aslida juda murakkab. Darhaqiqat, chegaradan o‘tishning yagona yo‘li Tojikiston bilan chegara bo‘lishi mumkindir. Ammo, shunda ham, ularning qandaydir yo‘l bilan O‘zbekistonga yetib borishlari kerak bo‘ladi. Bu esa juda qiyin ish. Shunday ekan, ular hozircha aniq hech narsa qila olishmaydi. Albatta, internetda tashviqot olib borilmoqda. Ammo biror bir Markaziy Osiyo davlatini qandaydir tarzda beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan biror bir faoliyatning aniq belgisi deyarli ko‘zga tashlanmaydi", deydi xalqaro ekspert.

Mintaqaviy birlashish - har qanday tashqi tahdidga yaxshi javob

Chori Ko‘charovdan iqtibos

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga keldilar.

Poytaxt Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini imzolandi.

O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham o‘zlarining harbiy salohiyatini kuchaytirish, harbiy hamkorlarini turfalashtirish harakatidalar.

O‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Chori Ko‘charov fikricha, bugungi AQSh va Eron o‘rtasidagi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushlar manzarasida islomiy jangarilar qaysidir mamlakatga tahdid solishga jazm qilmaydilar.

"Har qanday islomiy harakatning jonlanishi ularning o‘zlarining zarariga bo‘ladi", deydi siyosiy sharhlovchi.

"Biz guvoh bo‘ldikki, Amerika bilan Eron o‘rtasidagi urush mintaqa nima ekanligini hammaga yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. O‘sha Arab davlatlari, AQShga ittifoqchilik qilgan hamma mamlakatlar jabr ko‘rdi. Ular shu vaqtgacha mintaqaviy siyosat degan tushunchaning nima ekanligini tushunmadilar. Bugungi mana bu urushlar, talofatlar ularga yaqqol tushuntirib qo‘ydi. Bundan biz ham to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak. Ertaga islomiy harakat bo‘ladimi, Rossiya tarafdan tahdid bo‘ladimi, Xitoydanmi yoki Amerikadanmi, qat’i nazar, buning uchun biz birlashishimiz kerak. Va mintaqaviy davlatga aylanishimiz kerak. Men o‘zimning maqolalarimda ham, ilmiy ishlarimda, kitoblarimda ham aytib kelaman: O‘zbekiston va Qozog‘iston lokomotiv rolini bajarishi kerak. Va ular regiondagi qolgan uchta davlatni o‘ziga ergashtirib, har qanday holatga munosib raqibga aylanishi kerak. Yaxshi ma’noda. Ular o‘zining harbiy kuchini yoki iqtisodiy kuchini, salohiyatini shu maqsadga qaratishi kerak.